1-mavzu: “Global iqtisodiy rivojlanish” fanining predmeti va vazifalari Reja



Yüklə 472,85 Kb.
səhifə68/73
tarix20.10.2023
ölçüsü472,85 Kb.
#158168
1   ...   65   66   67   68   69   70   71   72   73
1-mavzu “Global iqtisodiy rivojlanish” fanining predmeti va vaz-hozir.org

Kо‘pmilliy korporatsiyalar (KMK) - ishlab chiqarish va ilmiy tadqiqotchilik asosida bir necha davlat milliy korporatsiyalarini birlashtiruvchi xalqaro korporatsiyadir. Bunga 1907 yildan buyon faoliyat kо‘rsatib kelayotgan Angliya-Gollandiya “Royal-Datch Shell” konsernini misol qilib kо‘rsatish mumkin. Bu korporatsiyaning hozirgi kundagi kapitali 60/40 nisbatda taqsimlangan. Kо‘p milliy korporatsiyalarga mashinasozlik, elektron injenerlikka ixtisoslashgan Yevropada mashhur bо‘lgan Shveysariya - Shvetsiya ABB (Asean Braun Boveyr) korporatsiyasini misol qilish mumkin.
Kо‘p millatli kompaniyalarda turli millatlar kapitallarining birlashuvi vujudga keladi. Birinchi kо‘p millatli kompaniya “Yunilever” kimyo-texnologiya konserni 1929 yili “Margarin Yuni” (Gollandiya) va “Lever Brazerz” (Buyuk Britaniya) firmalarining birlashishi natijasida vujudga keldi. Shu davrdan boshlab u deyarli 60 ta davlatda 500 dan ortiq xorijiy filiallari bо‘lgan eng yirik xalqaro kompaniyalardan biri darajasigacha о‘sib yetdi. “Yunilever” kompaniyasi ikkita shtab-kvartiraga ega - biri Londonda, ikkinchisi - Rotterdamda joylashgan.
Transmilliy va kо‘pmilliy korporatsiyalar qatoriga xalqaro korporatsiyalar ichida ajralib turuvchi global korporatsiyalarni (GK) ham qо‘shish kerak. Ular 80-yillarda vujudga kelgan bо‘lib, yildan-yilga kuchga kirib bormoqda. Global korporatsiyalar zamonaviy jahon moliya kapitalining butun qudratini namoyon etib, kо‘proq kimyo, elektrotexnika, elektron, neft, avtomobil, axborot, bank va boshqa bir necha sohalar bо‘yicha globallashib bormoqda.
Transmilliy korporatsiyalar, odatda, yirik investitsiyalar va yuqori malakali personal talab qiluvchi yuqori texnologiyali, ilmiy inqilobiy sohalarga kirib bordi. Ushbu sohalarda transmilliy korporatsiyalar tomonidan monopoliya qilish tendensiyasi sezilmoqda. Xalqaro korporatsiyalarni vujudga kelishi va rivojlanishiga misol qilib, о‘z qо‘lida jahonning kundalik elektr jihozlari va sanoat uskunalari bozorlarini 25% ni ushlab turgan “Elektrolyuks” TMKni kо‘rsatish mumkin. 1912 yilda ikki shved korporatsiyalarining birlashishi natijasida vujudga kelgan. 
“Elektrolyuks” korporatsiyasi 1920 yillardayoq Avstraliya va Yangi Zelandiya bozoriga chiqib, u yerlarda ham о‘z ishlab chiqarishini tashkil qilgan edi. Oxirgi о‘n yilliklarda “Elektrolyuks” transmilliy korporatsiyasi AQShda uchinchi о‘rinda turuvchi “Vestingauz”, “Gibson” va boshqa markalar ostida kundalik texnik asbob-uskunalar chiqaruvchi “Uayt Konsolideyted” korporatsiyasini, Italiya va butun Janubiy Yevropada eng yirik elektr tovarlari ishlab chiqaruvchi “Zanussi” firmasi va shuningdek, GFR asosiy elektr tovarlari mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “AYEG” firmasini sotib olgan edi. Bu uch firmani qо‘shib olgandan sо‘ng “Elektroluks” 75 mamlakatda kundalik elektrotexnika asbob-uskunalarini ishlab chiqarish, sotish va xizmat kо‘rsatish sohalari bо‘yicha rivojlangan tizimga ega bо‘lib, bu sohada jahonning yetakchi korporatsiyalaridan biriga aylandi.


9.2. Jahon iqtisodiyotida transmilliy korporatsiyalarning roli
Transmilliy korporatsiyalar zamonaviy jahon iqtisodiyotining eng dinamik subyektlaridan biri bо‘lib, paydo bо‘lish davridan beri jiddiy taraqqiy etdi. Ular “kolonial-xom ashyo” TMKlardan boshlab global kompaniyalargacha rivojlanib bordi. TMKlar 30-yillarda 300 ta bо‘lgan bо‘lsa, XXI asr boshida 82 mingtaga yetdi.
Iqtisodiyot globallashuvining muhim tashkiliy elementi bо‘lib TMKlarning turli shakllardagi qо‘shilishlari va qо‘shib olinishlari (M&A), ularning xalqaro kelishuvlari (ya’ni strategik alyanslari) namoyon bо‘lmoqda. Bu jarayon kompaniyalar о‘rtasidagi kuchlarning taqsimlanishini о‘zgartirib yubormoqda. Natijada ta’sir kо‘rsatish hududlarini birgalikda bо‘lib olish boshlanmoqda, birgalikda iqtisodiy nazorat sohasi kengaymoqda, kompaniyalar salohiyati birlashtirilmoqda.
TMKlar ishtirokida qо‘shilishlar va qо‘shib olinishlar shaklida kapitalning xalqaro birlashish (konsolidatsiyasi) jarayoni XX - XXI asrlar bо‘sag‘asida jahon iqtisodiyotining transmilliylashuvi va globallashuviga ta’sir kо‘rsatuvchi muhim omilga aylandi. XX asr boshidan beri rо‘y bergan qо‘shilishlar va qо‘shib olishlarning besh “tо‘lqini”ga globallashib borayotgan iqtisodiyotning mazmun-mohiyatini aks ettiruvchi ularning oltinchi “tо‘lqini” qо‘shildi. Amalda korxonalarni sotish-sotib olishga ixtisoslashgan global bozor shakllandi va faol rivojlanmoqda (bunda korxonalarni sotib olish istagini bildirganlar uni sotuvchilarga qaraganda kо‘proq). Hozirgi faollik asosan global bozor tendensiyalariga, arzon zayom vositalariga, xom ashyo tovarlariga yuqori talabga va BRIK (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy) mamlakatlarida yirik korporatsiyalarning paydo bо‘lishiga asoslanadi. Uning yana bir xususiyati bо‘lib, tо‘g‘ri investitsiyalar fondlarining jadal faoliyati hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda TMKlarning jahon iqtisodiyotiga ta’siri juda yuqori. XXI asrning boshiga kelib, 700 mingdan ortiq xorijiy filiallarini boshqarayotgan 80 mingdan ziyod kompaniyalar rо‘yxatdan о‘tgan. TMKning qо‘l ostida xususiy ishlab chiqarish fondlarining taxminan 30%, xalqaro savdoning 50% mujassamlangan. Transmilliy korporatsiyalar tomonidan jahon bozorlaridagi deyarli butun xom ashyo savdosi, shu jumladan bug‘doy, kofe, jо‘xori, о‘rmon materiallari, tamaki, temir rudasi jahon savdosining 90%, mis va boksitning 85% i, choy va qalayning 80% i, banan, tabiiy kauchuk va xom neftning 75% i nazorat qilinadi. Ular hissasiga ilm-fan va texnika sohalarida patentlangan va tatbiq etilgan barcha yangiliklarning 80% i tо‘g‘ri keladi.
TMKning umumiy valyuta zahirasi jahonning barcha markaziy banklarining birgalikdagi zahirasidan bir necha barobar kо‘p. Xususiy sektorda bо‘lgan pul miqdorining 1-2% ga siljishi istalgan ikkita milliy valyutaning о‘zaro paritetini о‘zgartirishga qodir. Xalqaro kompaniyalar butun dunyoni yagona bozor deb qaraydi, kо‘pgina mamlakatlarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradi, xorijiy sarmoyalar lokomotivi bо‘lib qatnashadi va milliy chegaralardan qat’iy nazar strategik qarorlar qabul qiladi.
Yirik TMKlar kо‘pincha о‘z faoliyatini ilmiy-texnik taraqqiyotini belgilovchi tez rivojlanayotgan sanoat tarmoqlariga qaratadi. Ular 90- yillarning oxirida kompaniyaning 100 ta yirik TMKlar rо‘yxatiga kirgan kompaniyalar xorijiy aktivlarining 15% dan yuqorirog‘i tо‘g‘ri keladigan elektronika sanoatiga juda faol qiziqmoqda. Bu rо‘yxatlarda kimyo, qazib olish va avtomobil sanoati korporatsiyalari yuqori о‘rinlarni egallaydi. Transmilliy korporatsiyalarning asosiy qismi jahondagi uch iqtisodiy markaz: AQSH, Yevropa Ittifoqi va Yaponiyaga tegishlidir. Milliy iqtisodiyotlarni transmilliylashib borishining kuchayishi kо‘p jihatdan transmilliy korporatsiyalarning faoliyatiga bog‘liq.
О‘z navbatida AQShning 500 ta eng yirik transmilliy korporatsiyalari о‘rta hisobda 11 sohada, eng kuchlilari esa 30-50 sohadagi ixtisoslashgan korxonalarga egadirlar. Angliya transmilliy korporatsiyalarining 96% i, Germaniyada 78% i, Fransiyada 84% i, Italiyada 90% i kо‘p sohali ixtisoslashgan kompaniyalardir.
2008 yilda dunyoning 500 ta eng yirik TMKlari reytingida Xitoy va Gonkong kompaniyalarining soni FT-500 reytingida ikkinchi о‘rinda turgan Buyuk Britaniya bilan tenglashdi. Faqat Xitoyga tegishli bо‘lgan korporatsiyalar soni 25 tani tashkil qiladi. 2008 yilda Xitoy FT-500 reytingining birinchi о‘nligidagi о‘z mavqeini yanada oshirib, 3 ta kompaniyaga yetkazdi (2006 yilda ushbu reytingga bitta ham xitoy kompaniyasi kiritilmagan edi). Xitoy va Gonkong kompaniyalarining umumiy kapitallashuv darajasi Buyuk Britaniyanikidan yuqori va birinchi о‘rinda mahkam о‘rnashib olgan AQShdan keyin ikkinchi о‘rinda turadi. AQSH bu rо‘yxatda ham kompaniyalar soni (169 ta), ham ularning umumiy kapitallashuv darajasi (9,6 trln. doll.) bо‘yicha sо‘zsiz yetakchilik qiladi.
XX asr oxiridan boshlab hind korporatsiyalarining transmilliylashuv jarayoni kuchaydi. Ular Osiyo va Afrika bozorlaridan sо‘ng 80-yillarda Yevropa bozorlariga ham о‘z yig‘uv ishlab chiqarishlarini joylashtira boshladi. XX asr boshida hind kapitali 93 ta mamlakatdagi 1000 dan ortiq qо‘shma korxonalarda ishtirok etar edi. Ularning asosiy qismi eng yirik savdo sheriklari bо‘lgan AQSH, Buyuk Britaniya, BAA, Malayziya, Singapur, Nepal, Tailand, Bangladeshga tо‘g‘ri keladi. Hind kapitali yuqori konsentratsiyalashuv bilan ajralib turadi.
Janubiy Koreya, Xitoy va Hindiston kompaniyalarining transmilliylashuv modellari tashqi jihatdan о‘xshashligiga qaramay ayrim farqlanishlarga ega. Masalan, hind kompaniyalarining transmilliylashuv jarayoni kо‘p yillardan beri rivojlanib keladi. Ular transmilliylashuvning savdo modelini amalga oshirib, global bozorlarga о‘tishdan oldin boshqa kamroq rivojlangan mamlakatlar bozorlarida uzoq muddatli faoliyat kо‘rsata boshlagan. Janubiy Koreya va ayniqsa Xitoy kompaniyalarining transmilliylashuv jarayoni esa xalqaro bozorlarga jadal kirib borish xususiyatlari bilan xarakterlanadi.
90-yillarda Rossiya kompaniyalarining transmilliylashuv jarayoni boshlanib, uning bosqichlari va xususiyatlari jihatidan biznesning baynalmillashuvi va transmilliylashuvining klassik modeliga tо‘liq mos kelmaydi. Ushbu jarayon Janubiy Koreya va Xitoy mamlakatlaridan farqli ravishda davlat kо‘magisiz amalga oshirildi. Rossiya kompaniyalarining transmilliylashuv jarayonining dastlabki bosqichlari yoqilg‘i-energetika majmuasining (YEM) eksport tarmoqlarining faoliyati ustunlik qilishi bilan tavsiflanadi. Xorijiy ekspansiya natijasida Rossiya kompaniyalarining katta hajmdagi moliyaviy mablag‘larining chet elga yо‘naltirilishi mamlakat xususiy tashqi qarzdorligini oshirmoqda.
Hozirgi vaqtda rivojlangan mamlakatlarda yuqori samaradorlikka erishishda tobora kо‘proq «yangi iqtisodiyot» omillari (brendlar, gudvillar, tarmoqli texnologiyalar, noan’anaviy marketing va hokazo) qо‘llanilayotganligini hisobga olgan holda milliy biznesning xorijdagi faoliyatini qо‘llab-quvvatlashning yangi zaruriy infratuzilmasini shakllantirish dolzarb hisoblanadi.
Transmilliy korporatsiyalarning jahon xо‘jaligi va xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimidagi faoliyatining yaxshi tomonlarini tahlil qilganda, ularning faoliyat kо‘rsatayotgan davlatlar iqtisodiyotidagi salbiy tomonlarni ham aytib о‘tish lozim bо‘lib, ular quyidagilardan iboratdir:
- TMK faoliyat kо‘rsatayotgan davlatlarning iqtisodiy siyosatini amalga oshirishga halaqit berish;
- davlat qonunlarini buzilishi;
- monopol narxlarni о‘rnatish, rivojlanayotgan davlatlarning huquqini cheklovchi shartlarga majburlash va hokazolar.
Xullas, transmilliy korporatsiyalar xо‘jaliklararo aloqalarning e’tiborli tomonlarini doimo о‘rganib borishni, xalqaro nazoratni talab qiluvchi va shuningdek, doimiy ravishda rivojlanib boruvchi fenomendir.

9.3. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida TMKlar faoliyati
2008 yilda boshlangan va jahon hamjamiyatini jiddiy tashvishga solgan global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz bugungi kunda ham dunyo iqtisodiyotiga о‘z salbiy ta’sirini о‘tkazib kelmoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganlaridek: “Bugun dunyo iqtisodiyotidagi ahvolini tahlil qilar ekanmiz, jahon moliyaviy va iqtisodiy inqirozi hali-beri nihoyasiga yetgani yо‘q, deb aytishga barcha asoslarimiz bor”.
Ma’lumki, TMKlar tо‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TXI) oqimida muhim rol о‘ynaydi. Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davrida tо‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimlari sezilarli kamaydi. Tadqiqotlar kо‘rsatishicha, TXIlarning global oqimlari 2003 yildan 2007 yilgacha uzluksiz о‘sib bordi va 2007 yilda rekord darajani - 1979 mlrd dollarni tashkil qildi, 2008 yilda 14% ga, ya’ni 1697 mlrd dollargacha, 2009 yilda esa 900-1200 mlrd dollargacha pasaydi.
Tovar va xizmatlarga talabning pasayishi TMKlarni о‘z investitsion dasturlarini qisqartirishga majbur qildi. Dastlab TXI rivojlangan mamlakatlarda 29% pasaygan bо‘lsa, ayni vaqtda rivojlanayotgan mamlakatlarda va Janubi-Sharqiy Yevropa hamda MDHning о‘tish iqtisodiyotili mamlakatlarida mos ravishda 17% va 26% kо‘payib bordi. 2008-2009 yillarda rivojlanayotgan mamlakatlarga TXI kirib kelishi rivojlangan mamlakatlarga qaraganda kamroq kamaydi, chunki ularning moliyaviy tizimlari AQSH va Yevropaning bank tizimlari bilan unchalik kuchli bog‘lanmagan edi.
YUNKTAD tomonidan о‘tkazilgan 2009-2011 yillar uchun Jahon Investitsion istiqbollar sharhi kо‘rsatishicha, eng katta hajmdagi jahon TXI va aksiyalar jamlangan Shimoliy Amerika va EIning rivojlangan mamlakatlarida TMKlarning investitsion rejalarining qisqarishi kuzatiladi. 2008 yilda AQShdan, Yevropa mamlakatlaridan TXIning chiqib ketishi kamaygan bо‘lsa, faqatgina yapon TMKlari 2009 yil boshida о‘zlarining TXI chiqib ketishini kо‘paytirishga erishdi. Ular global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz natijasida firmalar narxining pasayishidan о‘z manfaatlari yо‘lida foydalanib, xorijiy xaridlari hajmini kо‘paytirdi.
9.4. Hududiy integratsiyalashgan muammolar

Jahon iqtisodiyoti globallashuvi zamonaviy jarayonlarining asosiy jihatlaridan biri xalqaro iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlarning (JST, XVF, Xalqaro bank va boshqalar) global boshqaruvchilik rolini oshirish ularning rahbarligi ostida umumiy universal muammolarni, standart va qoidalarni jahon xо‘jaligi muomalasi uchun ishlab chiqish hisoblanadi. Xalqaro iqtisodiy tashkilotlar ikkinchi jahon urushidan keyin yaratilgan, modomiki, u bundan ancha avval ham zarur edi. Iqtisodiy siyosat koordinatsiyasining davlatlararo mexanizmini о‘zida mujasamlashtiradi.


Xalqaro xо‘jalik muammolarini kо‘p tomonlama tartibga solishga urinish jahon kapitalistik xо‘jaligi о‘rnatilishining ilk davrilardanoq, qachonki, xalqaro savdoning umumiy qoidalariga, kemasozlik, valyuta-kredit operatsiyalari va boshqalarga ehtiyoj yuzaga kelgan davrlardanoq bо‘lgan. Boshqarish kо‘p tomonlama kelishuv orqali amalga oshirilgan, bu kelishuvlar vaqt о‘tishi bilan tashkiliy va huquqiy shaklga ega bо‘ldilar va yanada kо‘proq mamlakatlarni qamrab ola boshladilar. XIX asr о‘rtalarida kо‘p tomonlama kelishuvlar bilan bir qatorda ilk xalqaro iqtisodiy tashkilotlar paydo bо‘ldi, ularning vujudga kelishi xalqaro savdoni kengaytirish va xalqaro bozorning tiklanishi bilan shartlashadi.
XX asrning 30-yillaridagi Buyuk inqirozdan va ikkinchi jahon urushi oqibatida yuzaga kelgan chuqur transformatsiyadan keyin jahon xо‘jaligi butunlay turlicha balanslashgan bо‘lib qoldi. Urushlar oralig‘idagi yana bir muammo iqtisodiy oshkoralik va barqarorlikni ta’minlashga qodir bо‘lgan xalqaro tashkilotlarning yо‘qligi bо‘ladi. Shuning uchun ham XX asrda barcha mamlakatlar uchun umumiy bо‘lgan koordinatsiya va boshqaruv mexanizmlari, butun jahon hamjamiyati doirasidagi eng zarur iqtisodiy va siyosiy muammolarni muhokama qilish, mamlakatlarning iqtisodiy va siyosiy intiqomini muvofiqlashtirish zaruratini tushunish lozim bо‘lib qoldi.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlarning hamkorlik, iqtisodiyotning oshkoraligi va savdoning erkinligi kabi qabul qilingan asos tamoyillar, shubhasiz farxiy о‘zaklarga ega edi. Bir tomondan, buyuk inqiroz davridagi xotiralar hali о‘chmagan edi. U paytda mamlakatlarning separativ harakati jahon iqtisodiyotiga ham alohida olingan mamlakatlar xо‘jaligiga ham katta zarar yetkazdi va oxir-oqibatda ikkinchi jahon urushiga olib keldi. Misli kо‘rilmagan iqtisodiy inqirozga duch kelgan turli mamlakatlar faqat milliy darajadagi muammolarni hal qilishga harakat qildilar va xalqaro almashinuv yо‘liga qarama-qarshi turuvchi qurilmalar siyosatini olib bordilar, bu millatchilikni zо‘raytirdi va antagonizm(keskin raqobat)ni kuchaytirdi, mamlakat ichida esa ishsizlar va qashshoqlar soni ortdi. Savdo urushlari, import tariflarini mislsiz balandlikka oshishini aks ettirgan protektsionizm, valyuta cheklovlari - bularning barchasi 1929 yildan 1933 yilgacha bо‘lgan qisqa vaqt ichida xalqaro savdo hajmini 35 mlrd dan 12 mlrd. dollargacha qisqartirdi. Bu vaqtga kelib, Buyuk Britaniya ajraldi, AQSH esa erkin savdo va barqaror hamda ochiq iqtisodiy tizimning kafolati bо‘la oladigan iqtisodiy va siyosiy kuchga ega emas edi. Ikkinchi tomondan esa, ikkinchi jahon urushi davrida kolossal (juda yirik) qiyinchilik masalasi hal qilingan – Fashizm tugatilgan edi.
Hamkorlik va liberalizm. Butun xalqaro iqtisodiyot hamda alohida mamlakatlar manfaatlari bо‘yicha qabul qilingan birgalikdagi odimlar asosida yangi xalqaro iqtisodiy tartib yaratish zarurati yuzaga kelgan edi. Bu tartib bir qator xalqaro tashkilotlar faoliyatiga asoslangan bо‘lishi. lozim. Ularning yaratilishi jarayoni ikkinchi jahon urushidan keyin keng rivojlanishga ega bо‘ldi. Ularning miqdorini oshirishning iqtisodiy asosi tovar, xizmat va texnologiyalar xalqaro savdosining shiddat bilan о‘sishi, turli shakldagi kapitalning olib chiqib ketilishi, ishchi kuchi migratsiyasi, xalqaro ishlab chiqarish va ilmiy-texnik kooperativlashtirish mamlakatlar о‘zaro faoliyatning boshqa shakllari bо‘ldi.
Texnikadagi, shuningdek, transport va aloqa sohalaridagi taraqqiyot ham о‘zaro bog‘liqlikning turli shakllari о‘sishiga turtki bо‘ldi va savdo rivojlanishida va aholi harakatchanligining oshishida haddan ziyod muhim rol о‘ynadi.
9.5. Shimoliy Amerika integratsiyasining shart-sharoitlari va о‘ziga xos xususiyatlari

1994 yil yanvaridan AQSH, Kanada va Meksika hududida Shimoliy Amerika erkin savdo zonasi(NAFTA)ni yaratish tо‘g‘risidagi Bitim kuchga kirdi. Tarixiy tajriba shuni kо‘rsatdiki, uchala mamlakat о‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar Shimoliy Amerika xо‘jalik majmuasi rivojlanishining asosiy omili edi va bо‘lib kelmoqda.


Shimoliy Amerikada integratsion jarayonlarni jadallashtirishga bо‘lgan ilk rasmiy harakat sifatida «Ebbot rejasi» e’tirof etiladi. Uning maqsadi Kanada iqtisodiyotining yetakchi sohalariga AQSH investitsiyalarini jalb etish edi. Bu reja 1947 yili qabul qilingan edi. Keyinchalik, 1959 yili AQSH va Kanada о‘zaro harbiy sanoat sohasida hamkorlik tо‘g‘risida bitim imzoladilar. Bu AQSH standartlarining Kanada harbiy sanoatiga AQSH standartlarini kirib kelishiga olib keldi.
AQSH va Kanada о‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning keyingi bosqichi sifatida 1965 yili imzolangan avtomobilsozlik sohasi mahsulotlari bilan erkin savdoni joriy etish tо‘g‘risidagi bitim xizmat qildi. Ushbu bitim keyinchalik boshqa sohalarning integratsiyalashuvini yuzaga chiqardi.
AQSH, Kanada va Meksika о‘rtasida savdo-siyosiy birlashishga jiddiy harakatlar Vashington tomonidan XX asrning 70-yillaridan avj olib ketdi. Avvaliga sо‘z, uchala mamlakat о‘rtasida faqatgina energetika sohasida hamkorlikni rasmiylashtirish haqida borgan edi. AQSH Kongressi 1979 yildagi savdo kelishuvlari tо‘g‘risidagi qonun asosida AQSH prezidentiga Shimoliy Amerika erkin savdo zonasini tashkil etish istiqbollarini о‘rganish loyihasini topshirdi. 80-yillarda R.Reygan va Dj.Bush о‘zlarining Shimoliy Amerikada istiqbolli erkin savdoni taraqqiy etishini qо‘llashlarini takror va takror qayd etishgan.
1988 yilning sentabr oyida, uch yillik murakkab muzokaralardan sо‘ng, oxiri, erkin savdo tо‘g‘risidagi AQSH-Kanada Bitimi imzolandi. Unga asosan 10 yil ichida AQSH va Kanada о‘rtasida erkin savdo zonasi shakllanishi kerak edi.
80-yillarning oxirida dunyoda siyosiy va iqtisodiy vaziyatning о‘zgarishi, Yevropa va Osiyo-Tinch okeani havzasi mintaqasida integratsion jarayonlarning avj olishi, Yaponiya tomonidan raqobatning kuchayishi, Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi siyosiy-iqtisodiy islohotlar AQSH, Kanada va Meksikaning о‘zaro iqtisodiy qaramligi haqidagi masalaga qaytishga majbur etdi. Gap Amerika biznesini g‘arbiy yarim sharga qaytarish, shu asnoda, Shimoliy Amerika erkin savdo zonasini yaratish masalalari ustida borar edi. Bu sohada sobiq AQSH prezidenti B.Klinton katta ishlarni olib borgan.
Shuni ta’kidlab о‘tish lozimki, NAFTA shartnomasini tayyorlash jarayonida AQSH, Meksika va Kanada NAFTAning ahamiyati, uning isiqboliga turlicha nuqtai-nazardan qarashgan.
AQSH uchun bu kelishuv nafaqat iqtisodiy quvvatlarini, balki geosiyosiy qudratining oshishini anglatar edi. U AQShning keng kо‘lamli strategik maqsadlariga erishish yо‘lidagi siyosatining bir qismi edi. Ushbu maqsadlar quyidagicha edi: Amerika xizmat va tovarlarining erkin harakati, Amerika investitsiyalari uchun erkin kira olish huquqi, intellektual mulk huquqining himoyalanishi, raqobatbardoshlilikning oshishi, hamkorlik evaziga yangi vujudga kelayotgan mintaqaviy ustunliklardan (AQShning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyalari, Meksikaning arzon ishchi kuchi, Meksika va Kanadaning katta xom ashyo resurslari) unumli foydalanish va 1992 yilning о‘zidayoq gap «Yagona qit’a va yagona iqtisodiyot» ustida borar edi.
Meksika uchun esa NAFTA о‘zining iqtisodiy islohotlarini samarali olib borish va iqtisodiyotni modernizatsiyalash uchun zarur edi. Avvallari Meksika faqatgina neft eksporti hisobidan kun kechiradigan mamlakat edi. Hozirda esa, u sanoat mahsulotlarining sof eksportyoridir. Bu esa muayyan iqtisodiy о‘sish demakdir. Muzokaralar davomida Meksika dunyoning eng yirik bozoriga ishonchli, doimiy kirish imkoniyati («Osiyo yо‘lbarslari»ni u yerdan siqib chiqarib tashlash istiqboliga ishongan holda), investitsiyalar oqimining kuchayishi (shu jumladan, Meksika kapital qо‘yilmalarining qaytib kelishi), AQSH bozorining berkligini pasaytirish talablari bilan chiqqan. Muzokaralarda Kanadaning ishtiroki Meksika uchun yana bir eksport bozorini ochish imkoniyatini yaratar edi. Bundan tashqari, ESZning yaratilishi Meksikada qulay investitsion muhitni yaratadi va uchinchi mamlakatlar kapitallarini jalb etish imkoniyatini yaratadi.
Kanada uchun esa bu kelishuv nafaqat imtiyozlarni saqlab qolishlik, balki uning ba’zi shartlarini takomillashishi va shuningdek, о‘z mahsulotlarini Meksika, sо‘ngra esa tez о‘sib borayotgan Lotin Amerikasi bozorlariga yetkazib berishning kafolatlangan imkoniyatlari bilan istiqbolli edi.
NAFTAga imzo chekilishi arafasida (о‘ziga xos, «sivilizatsiya evolyusiyasining» yangi bosqichida) AQSH, Kanada va Meksika о‘zaro dо‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, jahon savdosini uyg‘un taraqqiyotiga kо‘maklashish, о‘z mahsulotlari, xizmat va kapitallari uchun ishonchli va kо‘lamli bozorni tashkil etish, savdodagi tо‘siqlarga barham berish, savdo yuritishning aniq va о‘zaro manfaatli qoidalarini ishlab chiqish zaruriyatini tan oldilar.
NAFTA - rivojlanayotgan va ikki yuqori rivojlanayotgan mamlakat о‘rtasida imzolangan ilk bitim. О‘zining iqtisodiy salohiyati bо‘yicha AQSH dunyoda birinchi о‘rinni egallaydi. NAFTA mamlakatlar YAIM va sanoat ishlab chiqarishining 85% aynan AQShga tо‘g‘ri keladi. Kanada о‘z iqtisodiyot salohiyati bо‘yicha dunyoda 6-7-о‘rinda tursa, Meksika ikkinchi о‘ntalikdan ham о‘rin olmagan.
Lekin, shu bilan birgalikda, ushbu «notekis» hamkorlik NAFTAni boshqa integratsion guruhlardan farqlab turadi.


9.6. Uch tomonlama bitimning (NAFTA) asosiy shartlari
Bitimning 102-moddasida keltirilgan NAFTA maqsadlari:
savdodagi tо‘siqlarni bartaraf etish va mamlakatlar о‘rtasida tovarlar va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash;
ESZ chegaralarida adolatli raqobat qoidalarini о‘rnatish;
A’zo mamlakatlarning investitsiya imkoniyatlarini oshirish;
har bir mamlakatda intellektual mulkka bо‘lgan huquqni himoyalash uchun zaruriy va samarali tizimni joriy etish;
ushbu bitimga tо‘liq rioya etish va ziddiyatlar chiqib qolgan taqdirda bitimga asoslanib ish tutish;
ushbu bitim ustunlikiarini kuchaytirish va kengaytirish maqsadida istiqboldagi mintaqaviy kо‘p tomonlama hamkorlik chegaralarini belgilash.
NAFTA tarif tо‘siqlarini bartaraf etuvchi tо‘rt bosqichli dasturni nazarda tutadi. Birinchi bosqichda, tariflarning bir qismi bitim imzolangan zahotidanoq bekor qilinadi. Ikkinchisida – 5 yil, uchinchisida – 10 yil va sо‘nggisida – 15 yil ichida.



Yüklə 472,85 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   65   66   67   68   69   70   71   72   73




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin