1-mavzu: “Global iqtisodiy rivojlanish” fanining predmeti va vazifalari Reja


Ishlovchi-migrantlarni jalb qiluvchi ikkinchi markaz



Yüklə 472,85 Kb.
səhifə65/73
tarix20.10.2023
ölçüsü472,85 Kb.
#158168
1   ...   61   62   63   64   65   66   67   68   ...   73
1-mavzu “Global iqtisodiy rivojlanish” fanining predmeti va vaz-hozir.org

Ishlovchi-migrantlarni jalb qiluvchi ikkinchi markaz 70-yillarda Yaqin Sharq mintaqasida paydo bо‘ldi. Neft qazib oluvchi mamlakatlar Hindiston, Bangladesh, Pokiston, Iordaniya, Yaman, shunindek, Gretsiya, Turkiya, Italiyadan ishlashga kо‘pchilikni jalb qilgan. 90-yillar boshiga kelib u yerda 4,5 mln. xorijliklar ishlagan (mahalliy ishchilar shu davrda 2 mln. kishini tashkil etgan). Alohida mamlakatlar ishchi kuchining umumiy miqdorida immigrantlar ulushi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu tarzda, Birlashgan Arab Amirliklarida u 97% ni, Quvaytda - 86,5% ni, Saudiya Arabistonida - 40% ni tashkil etgan, ya’ni butun ishchi kuchining kо‘p qismini tashkil etgan.
Yaxudiylar Yaqin Sharqda migrantlarning ahamiyatli guruhini tashkil etadi. 1989-1994 yillarda MDH mamlakatlaridan Isroilga 500 ming kishi kо‘chib kelgan. Sobiq kommunistik mintaqadan yevreylarni qochib ketishining asosiy sabablariga etnik Vatanga qaytish, siyosiy noaniqlik va iqtisodiy qiyinchiliklardan qochish, qarindoshlar bilan birlashuv va diniy sabablar kiradi. Isroil barcha yahudiylarni о‘zlarining tarixiy vatanlariga qaytarishga harakat qilmoqda. Yaxudiylarning «Jannatmakon yer»ga migratsiyasi umuman olganda siyosiy sabablar tufayli bо‘lsada, uning iqtisodiy jihatlari ham mavjud, turmush darajasi past bо‘lgan mamlakatlardan Isroilga kelayotgan migrantlar oqimining jadalligi ham bundan dalolat beradi.
Ishchi kuchini о‘ziga tortuvchi markazlar ichida eng yirik va 300 yildan beri mavjud bо‘lgan markaz Shimoliy Amerika (AQSH va Kanada) hisoblanadi. Amerikalik statistlarning ma’lumotlariga kо‘ra, 90-yillar davomida belgilangan kvota 675 ming kishi bо‘lishiga qaramay yiliga 1 mln.dan ortiq migrantlar AQShga kirib kelgan. Ushbu mamlakatning mehnat resurslari tarixdan ma’lumki immigrantlar hisobiga tashkil topgan. Hozirgi paytda ham mamlakat ishchi kuchining 5% ga yaqinini xorijliklar tashkil etadi. Urushdan keyingi immigratsiya ushbu mamlakatda bir necha bosqichlarga ega. Birinchisi kuchli Yevropa oqimini tashkil etib, G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridan AQShga 6,6 mln. kishi kirib kelgan. Ikkinchisi 1965 yilda boshlanib, bu paytda Osiyo va Lotin Amerikasidan kelganlarga qulay sharoit yaratuvchi qonun qabul qilingan. 1993 yildan uchinchi bosqich boshlanib, bu paytda Yevropa - Irlandiya, Polsha, shuningdek Argentinadan emigrantlarga talab kо‘p bо‘ldi.
Tо‘rtinchi xalqaro mintaqa Avstraliyada о‘z ifodasini topdi. Ushbu mamlakatda 200 mingta xorijiy ishchilar faoliyat kо‘rsatmoqda. Avstraliya о‘z siyosatini, AQSH singari immigrantlarni о‘zlashtirishga yо‘naltirdi. Bundan tashqari, 1982 yildan boshlab Avstraliya mamlakatda biznesni rivojlanishiga kо‘maklashuvchi migratsion siyosatni olib bormoqda. Unga asosan, mamlakatga birinchi navbatda iqtisodiyotga investitsiya qiluvchi immigrantlar qabul qilinadi. Avstraliya hukumati mamlakat hududining katta qismida aholi zichligi darajasining pastligi va uning tarkibida xitoy millati ulushining kо‘payib borayotganidan xavotirda. Shuning uchun ham Kanberra tomonidan Avstraliya mamlakatiga - qit’aga oq irqga mansub aholini, asosan fertil (turmush qurish va farzand kо‘rishga qodir) yoshdagi ayollarning kо‘chib о‘tishini rag‘batlantirish borasida chora-tadbirlar majmui e’lon qilingan.
Mehnat migratsiyasining beshinchi markazi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi - Bruney, Yaponiya, Gonkong, Malayziya, Singapur, Koreya, Tayvan, Pokiston bо‘lib hisoblanadi. Masalan, Yaponiya ishchi kuchini kirita boshlab, odatda, ular koreyslar edi, ammo oxirgi paytlarda qora ishni bajaruvchi eronliklar ham paydo bо‘la boshladi. Shu bilan bir paytda Yaponiya mazkur mintaqa mamlakatlariga uning tо‘g‘ri investitsiyalarini amalga oshiruvchi yuqori malakali ishchi kuchini chiqara boshladi. Ushbu migratsiya tranzit professional migratsiya degan nom olgan.
Lotin Amerikasida ishchi kuchini jalb qiluvchi oltinchi markaz tashkil bо‘lgan, u yerda immigrantlarni asosan Argentina va Venesuela qabul qiladi. Migrantlarning umumiy soni 3 mln. kishini tashkil qilib, kо‘pchilik qismi lotin amerikaliklardan tarkib topgan. Biroq Argentina, Boliviya, Braziliya, Venesuela, Chili va Paragvay Sharqdagi Yevropaliklarni jalb qilish bо‘yicha maxsus dastumi subsidiya qilishdi, shular qatorida sobiq SSSRdan chiqib kelganlar ham mavjud. Ular neftchilar, injenerlar, ximiklar, fermerlarga katta ehtiyoj sezmoqda.
Bulardan tashqari Afrika markazi ham mavjud. Taxminiy baholarga kо‘ra Afrikadagi mamlakatlararo migratsiya 2 mln. kishini tashkil etadi. Asosan boyroq Afrika davlatlari qо‘shni mamlakatlardan malakasiz ishchilarni qabul qilishadi. JAR sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlaridan mutaxassislarining oqimiga qiziqish bildiradi.

Asosiy migratsiya oqimining geografik yо‘nalishlari bо‘yicha jahon ishchi kuchi bozorining 4 ta yirik markazini asosiy deb aytish mumkin: Yaqin Sharq; G‘arbiy Yevropa; AQSH va Kanada; Avstraliya.
MDH doirasida Rossiya yirik markaz bо‘lsa-da, u ham eksportyor, ham importyor mamlakat sanaladi. Rossiyadan MDHdan tashqariga ishchi kuchi eksport qilinsa (yiliga 10 ming kishi), MDH mamlakatlaridan - asosan Ukraina, Belorusiya, Moldaviya, Qozog‘istondan (yiliga 300-500 ming kishi) import qilinadi.


8.3. Jahon iqtisodiyotida xalqaro ishchi kuchi migratsiyasining dinamikasi
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda dunyoda migrantlarning ulushi kо‘rsatkichining barqarorligi kuzatiladi. 4.1-jadval ma’lumotlariga kо‘ra, 1960-2010 yillarda ushbu kо‘rsatkich juda oz miqdorda, ya’ni 2,7% dan 2,8% gacha о‘sdi. Taqqoslashni osonlashtirish uchun bu ma’lumotlarga sobiq SSSR va Chexoslovakiya kiritilmagan. Buning sababi bu davlatlarning negizida barpo bо‘lgan yangi mustaqil davlatlar migrantlar sonining sun’iy о‘sishiga olib keladi. Masalan, 1991 yilda Sovet Ittifoqi tarqalib ketgandan sо‘ng, 28 mln. kishi bir zumda xalqaro migrantlarga aylandi, chunki statistika bо‘yicha migrant - bu о‘zi tug‘ilgan mamlakatdan tashqarida yashayotgan shaxsdir.
1991 yildan sо‘ng SSSRda kishilarning kо‘chib yurishi о‘ziga xos sabablarga va xususiyatlarga ega. Bir tomondan, rо‘yxatga qо‘yish tartibining susayishi kishilarning harakatchanligini oshirdi. Boshqa tomondan, milliy chegaralarning mustahkamlanishi kishilarning kо‘chishini kamaytirdi. Bundan tashqari 1991 yildan keyingi kо‘chish kishilarning о‘z kelib chiqish mamlakatiga qaytish xarakteriga ega. Haqiqiy ahvolni aniqlash uchun 1991 yilgacha va undan keyingi davrda aholini rо‘yxatdan о‘tkazish ma’lumotlari tahlil qilingan. Bunda, SSSR respublikalarida chet elda tug‘ilgan fuqarolar soni birozgina о‘sgani, ya’ni 1959 yildagi 10% dan 1989 yilda 10,6% gacha о‘sganini kо‘rish mumkin. 1990 yildan sо‘ng turli mamlakatlarda turli tendensiyalar kuzatiladi. Masalan, Rossiyada migrantlar soni aholining 7,8% dan 9,3% gacha о‘sdi. Boshqa mamlakatlarda ularning absolyut miqdori kamayib bordi. Masalan, SSSR hududida 1990 yilda 30,3 mln. kishi xorijda tug‘ilgan bо‘lsa, 2000 yilda ularning soni 27,4 mln. kishini, 2005 yilda esa - 26,5 mln. kishini tashkil qildi. Bu kо‘pchilik aholining о‘z vataniga qaytib ketishi bilan tushuntiriladi.
2005-2010 yillar mobaynida jahonda migrantlar soni 18,7 million kishiga о‘sdi. Joriy о‘n yillikda umuman dunyo bо‘yicha xalqaro migrantlar sonining qо‘shimcha о‘sish sur’atlari 1990-yillarga nisbatan о‘sdi. Agar 1990-1995 yillarda dunyo bо‘yicha xalqaro migrantlar sonining о‘rtacha yillik qо‘shimcha о‘sish sur’ati yiliga 1,3% ni tashkil qilgan bо‘lsa, 1995-2000 yillarda - 1,5%, 2000-2005 va 2005-2010 yillarda - 1,8% ni tashkil etdi (4.1-rasm).
Shu bilan birga, agar xalqaro migrantlar sonidan qochoqlar sonini ayirib tashlasa, ularning soni oldingi besh yilliklarda (1990-2005 yillar) yanada tez о‘sdi, lekin 2005-2010 yillarda xalqaro migrantlarning ushbu “tozalangan” guruhining о‘rtacha yillik qо‘shimcha о‘sish sur’ati qochoqlarni hisobga olgan holatdagidan birmuncha kamroq (yiliga 1,7%).
1900-2005 yillarda rivojlangan mamlakatlarda xalqaro migrantlar sonining qо‘shimcha о‘sish sur’atlari rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan sezilarli yuqori edi, biroq 2005-2010 yillarda о‘zaro nisbat о‘zgardi: rivojlanayotgan mamlakatlarda xalqaro migrantlar sonining qо‘shimcha о‘sish sur’atlari (qochoqlarni hisobga olgan holda) rivojlangan mamlakatlarda xalqaro migrantlar sonining qо‘shimcha о‘sish sur’atlaridan (qochoqlarni hisobga olgan va ayirgan holda) yuqori bо‘ldi va yiliga 2% gacha kо‘tarildi. Agar rivojlanayotgan mamlakatlarda xalqaro migrantlarning umumiy sonidan qochoqlarni ayirib tashlasa, qо‘shimcha о‘sish sur’ati birmuncha pasayadi (1,6%), holbuki ilgari aynan shu guruh tezroq о‘sgan edi. 2005-2010 yillarda dunyoning yirik mintaqalarida xalqaro migrantlar sonining о‘rtacha yillik qо‘shimcha о‘sish sur’ati ayniqsa Janubiy Afrikada (7,3%) va Janubiy Yevropada (5,2%) yuqori bо‘ldi. Sharqiy Afrika va О‘rta Osiyoda xalqaro migrantlar sonining qisqarishi kuzatiladi (4.2-rasm).
SSSRning 5 ta sobiq О‘rta Osiyo respublikalaridan 4 tasida (Qozog‘istondan tashqari) xalqaro migrantlar sonining qisqarishi rо‘y berdi. Eng kо‘p pasayish Qirg‘izistonda - yiliga 5% ni tashkil qilsa, qolganlarida taxminan yiliga 1,5 foizni tashkil etadi.
Har bir mamlakatda xalqaro migrantlar soni nafaqat immigratsiya va emigratsiyaning ma’lum balansi natijasida, balki ularning tabiiy kamayishi (о‘lishi) hisobiga shakllanadi. Mutaxassislar 2005-2010 yillarda xalqaro migrantlar sonining umumiy qо‘shimcha о‘sishi 24,4 mln. kishini, bu davrda о‘lganlar soni 5,7 mln. kishini tashkil qilishini hisoblab, natijada xalqaro migrantlar sonining 18,7 mln. kishiga kо‘payganligini e’tirof etadilar.
Kо‘rib chiqilayotgan davrda rivojlangan mamlakatlarda sof xalqaro migratsiya 14,7 million kishini, rivojlanayotgan mamlakatlarda – deyarli 9,7 million kishini tashkil qiladi.
Yevropada bu kо‘rsatkich - deyarli 8,1 million kishini, shu jumladan Janubiy Yevropada - 3,8 million kishini, Shimoliy va G‘arbiy Yevropada - 1,5 million kishidan iborat miqdomi tashkil qildi. Shimoliy Amerikada – 5,8 million kishiga teng.
Osiyoga sof migratsiya 2005-2010 yillarda deyarli 6,8 million kishini, shu jumladan G‘arbiy Osiyoga - 4,2 million kishi, Janubi-Sharqiy Osiyoga - 1,2 million va Janubiy Osiyoga - 0,8 million kishini tashkil qiladi.
Xalqaro migratsiya hisobiga 2005-2010 yillarda rivojlangan mamlakatlar aholisi о‘rtacha yiliga 2,2% о‘sdi, rivojlanayotgan mamlakatlar aholisi esa 0,5% ga pasaydi.
Xalqaro migratsiya kо‘p jihatdan jahon aholisi tizimida davom etayotgan demografik siljishlarga javob tariqasida rivojlanmoqda. Rivojlangan mamlakatlar aholining keksayishi natijasida vujudga kelishi mumkin bо‘lgan mehnat qiluvchilarning boqimandalarga nisbatan yetishmasligi muammosini hal qilishga majbur, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa ularning iqtisodiyoti uchun mehnatga layoqatli aholining ortiqchaligi bosimiga duch kelmoqda.
2005-2010 yillarda rivojlangan mamlakatlarning rivojlanayotgan mamlakatlar bilan migratsion ayirboshlashning о‘rtacha yillik saldosi yiliga 2,7 million kishini yoki 2,2% ni tashkil qiladi. Rivojlanayotgan mamlakatlar aholisini migratsion qisqarishining jadalligi birmuncha pastroq - 0,5%, 49 ta eng past rivojlangan mamlakatlar guruhida migratsion qisqarish 315 ming kishini yoki yiliga о‘rtacha 0,4% tashkil qilgan.
Migratsion ayirboshlash natijasida absolyut kо‘rsatkichlarning eng kо‘p kamayishi Osiyoda, о‘rtacha 1,1 million kishiga pasayish kuzatiladi. Shuningdek, migratsion ayirboshlash natijasida Lotin Amerikasi aholisi (804 ming kishiga) va Afrika aholisi (1,0 million kishiga) kamaydi. Shimoliy Amerika aholisi, aksincha, 2005-2010 yillarda migratsion qо‘shimcha о‘sish hisobiga yiliga о‘rtacha 1,2 million kishiga, Yevropa - 1,3 million kishiga kо‘paydi. Migratsion qо‘shimcha о‘sishning jadalligi Shimoliy Amerikada, migratsion kamayish esa - Lotin Amerikasida eng yuqori bо‘ldi (4.3-rasm).
Dunyoning yirik mintaqalari orasida aholining jadal migratsion о‘sishini Janubiy Yevropada (yiliga о‘rtacha 4,9%), undan keyingi о‘rinlarda Shimoliy Amerikada (3,6%) va AQShda (3,3%) mavjudligini ta’kidlash lozim. Umuman Sharqiy Yevropa bо‘yicha migratsion qо‘shimcha о‘sish (aniqrog‘i kamayish) nolga Yaqin bо‘ldi (4.4-rasm).
Ayni vaqtda, Afrika aholisining migratsion kamayishi sharoitida, umuman Shimoliy Afrika aholisining migratsion qо‘shimcha о‘sishi (yiliga о‘rtacha 2,4%, ya’ni G‘arbiy Yevropa kо‘rsatkichidan yuqori va Shimoliy Yevropa kо‘rsatkichidan biroz past darajada) kuzatiladi.
Avstraliya va Yangi Zelandiya aholisining jadal migratsion qо‘shimcha о‘sishi (yiliga +4,4%) holatida, Okeaniyaning orol qismida, ayniqsa Polineziyada (yiliga minus 8,5%) aholining migratsion kamayishini kо‘rish mumkin.
2005-2010 yillarda yillar bо‘yicha sof migratsiya jadalligi baholari mavjud bо‘lgan dunyoning 206 ta mamlakati va hududlaridan 10 tasida, shu jumladan Qatar, Singapur, G‘arbiy Sahroi Kabir, Makao (KNR), BAA, Liberiya, Islandiya, Quvaytda u 10% dan yuqori bо‘ldi. Sof migratsiya jadalligi Irlandiya, Lyuksemburg, Iordaniya, Burundi va Ispaniyada 8-9% atrofida namoyon bо‘ldi. BMT mutaxassislarining baholashicha, 2005-2010 yillarda 86 ta mamlakatning aholisi migratsion qо‘shimcha о‘sish hisobiga kо‘paydi.
Shunday qilib, dunyoning kо‘pchilik mamlakatlari va hududlarida aholi boshqa mamlakatlar va hududlar bilan migratsion almashuv hisobiga kо‘paydi. 10% dan yuqori jadallikka ega migratsion kamayish 11 ta mamlakatlar va hududlarda - Polineziya va Mikroneziya, Zimbabve, Gruziya va Gayananing ayrim mamlakatlarida kuzatiladi.
Rivojlangan mamlakatlarga kо‘chib kelayotgan xalqaro migrantlarning kо‘pchilik qismi rivojlanayotgan mamlakatlardan kelib chiquvchilardir. 2000-2007 yillarda AQSH va Kanadaga kelgan immigrantlar orasida 80% ni rivojlanayotgan mamlakatlardan kelib chiquvchilar tashkil qiladi. Avstraliya, Buyuk Britaniya va Ispaniyaga kо‘chib kelganlar orasida ularning ulushi 50-60% ga teng. Lekin Germaniyaga kelganlar orasida ularning ulushi 1/3 qismdan ham kamchilik.
Pul о‘tkazmalari. BMT ma’lumotlariga kо‘ra, hozirgi kunda jahonda 200 mln.dan ortiq kishi о‘z vatanini tark etib, chet elda yashaydi. Demak, migrantlarning umumiy soni ayrim mamlakatlarning, masalan, Braziliyaning aholisidan (2008 yilda 192 mln. kishi) kо‘pdir. Ularning pul о‘tkazmalari kо‘pincha nafaqat ularning oilalari uchun eng muhim qо‘shimcha doimiy daromadlarning manbaiga, balki umuman mamlakat uchun ham valyuta tushumlarining muhim manbaiga aylanadi.
Sо‘nggi yillarda ilmiy jamoatchilik, xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik tuzilmalarining mamlakatlararo pul о‘tkazmalarga bо‘lgan qiziqishi ortib bormoqda. Bu mablag‘lar kо‘pchilik mamlakatlar, birinchi galda kambag‘al mamlakatlar uchun tashqi moliyalashtirishning yirik barqaror manbai sifatida qaraladi.
Hozirgi moliyaviy inqiroz davrida jahon va mintaqaviy miqyosda bunday pul о‘tkazmalarning roli, kо‘larni va yо‘nalishlarining qanday о‘zgarayotganligi dolzarb masalaga aylangan. Bu ayniqsa rivojlanayotgan, shu jumladan Afrika mamlakatlari uchun muhim ahamiyatga ega.
Pul о‘tkazmalari xalqaro migratsiyaning bevosita va eng sezilarli samarasini namoyon etadi. Jahon banki ma’lumotlariga kо‘ra, keyingi yillarda ularning miqdori bir necha barobar о‘sdi: 2007 yilda pul о‘tkazmalarning umumiy hajmi butun jahon bо‘yicha 380 mlrd. dollarni tashkil qildi, bu 1990 yilga (102 mlrd.doll.) nisbatan uch barobardan ortiq, 2006 yilga (296 mlrd. doll.) nisbatan esa 7% kо‘pdir. Rivojlanayotgan mamlakatlarga rasmiy qayd etiladigan ma’lumotlarga kо‘ra 246 mlrd. dollar yuborilgan. Haqiqatda esa ular ancha kо‘pdir. Umuman olganda rivojlanayotgan mamlakatlarga migrantlarning rasmiy va norasmiy transfertlari Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlariga taqdim etiladigan Taraqqiyot rasmiy yordam miqdoridan taxminan uch barobar ortiq hamda ularga yо‘naltirilayotgan tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri sarmoyalarning deyarli 65% ini tashkil qiladi.
Rivojlanayotgan mamlakatlarga transfertlarning ulushi tez о‘smoqda. 1990 yilda u 55% ga, 2000 yilda - 60%, 2007 yilda esa - 75% ga yetdi. BMT ekspertlarining baholariga kо‘ra, 2007 yilda rivojlanayotgan mamlakatlarga migrantlarning pul о‘tkazmalari miqdori YAIMning 1,9% ni, rivojlangan mamlakatlarga pul о‘tkazmalarining ulushi esa - YAIMning 0,4% ni tashkil qiladi.
Migrantlarning pul о‘tkazmalari kо‘rinishidagi mablag‘larning eng kо‘p hajmi Osiyoga (145 milliard AQSH dollari) va Yevropaga (125) tо‘g‘ri keladi, ahamiyati bо‘yicha esa Afrika oldinda turadi - ularning miqdori YAIMning 3,1% ga tо‘g‘ri keladi (4,5-rasm).
Pul о‘tkazmalarining asosiy qismi kam sonli mamlakatlarda jamlangan. 2007 yilda 30 ta yirik qabul qiluvchi davlatlarga ularning umumjahon hajmining 75% tо‘g‘ri keladi, bunda ularning 12 tasi rivojlangan mamlakatlar hisoblanadi (4.6-rasm). Pul о‘tkazmalari global hajmining 1/3 qismi kamayib borish tartibida Hindistonga (39 milliard AQSH dollari), Xitoyga (33), Meksikaga (27), Filippinga (16) va Fransiyaga (14) tо‘g‘ri keladi.
Pul о‘tkazmalari faqat ikkita yirik qabul qiluvchi davlatlarda YAIMning yuqori foizini - Livanda (24%) va Iordaniyada (22%) tashkil qiladi. Shuningdek, 2007 yilda 1 milliard AQSH dollari va undan kо‘p miqdorda pul о‘tkazmalari qabul qilgan mamlakatlar orasida ularning YAIMdagi ulushi 20% dan ortiq bо‘lgan mamlakatlarga Gonduras (22%), Moldaviya (34%), Tojikiston (45%), Lesoto (28%) kiradi. Pul о‘tkazmalarining rivojlanayotgan mamlakatlarning turli mintaqalari bо‘yicha taqsimlanishi 4.2-jadvalda kо‘rsatilgan.
Olinadigan transfertlar hajmi bо‘yicha Lotin Amerikasi va Karib havzasi (2007 yilda jami о‘tkazmalarning 25%), sо‘ngra Sharqiy Osiyo va Osiyo-Tinch okean mintaqasi (24%), shuningdek Janubiy Osiyo (18%) davlatlari yetakchilik qiladi. Shu bilan birga ularning eng yuqori qо‘shimcha о‘sish sur’atlari Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida (sо‘ngggi 5 yil ichida 175%), shuningdek Sahroi Kabirning janubidagi Afrika (116%) va Lotin Amerikasi mamlakatlarida (115%) kuzatiladi.
Sahroi Kabirning janubidagi Afrika mamlakatlaridan migrantlarning rasmiy kanallar bо‘yicha о‘tkazilgan pul mablag‘larining ulushi boshqa mamlakatlarga nisbatan past bо‘lsada, о‘sish tendensiyasiga ega (2002 yilda 4,3% yoki 5 mlrd dollar, va 2007 yilda 4,6% yoki 11 mlrd dollar).
Zamonaviy Afrika - eng yuqori harakatchan aholiga ega mintaqalardan biri bо‘lib, bu an’anaviy xarakterga ega. Bu yerda mavjud migratsiya modellari Afrika mustamlakalarining ozod etilishidan ancha ilgari shakllangan.
Butun dunyoda migratsiya jarayonlari eng avvalo iqtisodiy sabablarga kо‘ra sodir bо‘lib, ishchi kuchining bir mamlakat doirasida qishloq va shahar о‘rtasida, bitta submintaqaning turli mamlakatlari о‘rtasida yoki nihoyat qit’adan tashqariga kо‘chishida namoyon bо‘ladi. Afrika qit’asidagi davlatlararo ishchi kuchi migratsiyasida odatda turli iqtisodiy rivojlanish darajasiga ega mamlakatlar qatnashadi. Har bir submintaqada bitta yoki bir nechta nisbatan kuchli iqtisodiyotga ega mamlakatlar mavjud bо‘lib, ular qо‘shni mamlakatlardan ishchi kuchini о‘ziga jalb qiladi. Asosiy migratsiya oqimlari qirg‘oqbо‘yi yoki mineral xom ashyoga boy mamlakatlarga yо‘nalgan.
Ishchi kuchini eksport va import qiluvchi mamlakatlar orasida birinchilari ustunlik qiladi. Afrikada yirik ishchi kuchi yetkazib beruvchi mamlakatlarga Jazoir, Angola, Benin, Gana, Misr, Kamerun, Marokko, Senegal, Tunis kiradi. Bunda arab mamlakatlari asosan qit’adan tashqariga eksport qiladi. Afrikaliklarni tortuvchi asosiy markazlar - bu Yevropa Ittifoqi va AQSH hisoblanadi. Bu jarayonda Fransiyaga asosan Senegal, Mali, Jazoir, va Marokash fuqarolari, Italiyaga - Marokash, Tunis, Jazoir, efiopiya, Somali va Senegal fuqarolari, Ispaniyaga - Marokash, Gana, Nigeriya, Germaniyaga - Marokash, Tunis va Misr, Niderlandiyaga - Marokash va Kongo Demokratik Respublikasi fuqarolari kо‘chib boradi. AQShda kо‘p miqdorda Nigeriya va Gana ishchilari rо‘yxatga olingan.
2007 yilda emigrantlarning umumiy soni 32,808 mln. kishini yoki jami Afrika qit’asi aholisining 3,7% ni tashkil qildi. Bunda 1 mln.dan kam aholiga ega mamlakatlarda migrantlarning о‘rtacha ulushi 20% ni, ya’ni mehnatga layoqatli aholining deyarli yarmisini tashkil qiladi.


8.4. Jahon moliyaviy inqirozining ishchi kuchi bozoriga ta’siri
Ma’lumki, hozirgi vaqtda jahonda rо‘y berayotgan moliyaviy inqiroz va uning oqibatlari jahon iqtisodiy tizimining turli sohalariga jiddiy salbiy ta’sir kо‘rsatmoqda. Odatda retsessiya uzoq muddatli iqtisodiy tendensiyalarga kuchli ta’sir о‘tkazmaydi. Biroq hozirgi inqiroz aholi daromadlari va bandligiga uzoq muddatli, balki hatto doimiy ta’sirga ega bо‘ladi va bu ta’sir rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda turlicha namoyon bо‘ladi.
Hozirda kо‘plab mutaxassis va ekspertlar tomonidan jahon moliyaviy inqirozining global tus olishi va iqtisodiy inqiroz jarayonlarining kuchayishi retsessiya va iqtisodiy pasayishni, investitsion faollik kо‘lamining cheklanib borishini, talab va xalqaro savdo hajmining kamayishi hamda jahonning kо‘plab mamlakatlariga ta’sir kо‘rsatadigan jiddiy ijtimoiy talofotlar sodir bо‘lishi mumkinligi e’tirof etilmoqda.
Xususan, 2008 yilda jahon miqyosida bevosita xorijiy investitsiyalar oqimi 20% gacha pasayganligi kuzatilgan. 2009 yilda jahon yalpi ichki mahsulotining pasayishi, bevosita xorijiy investitsiyalar kо‘lamining yanada pasayishini kuzatildi. Bu holat esa ishsizlik darajasining ortishi bilan bog‘liq jiddiy ijtimoiy muammolarni keltirib chiqdi. Bu о‘z-о‘zidan ijtimoiy transfertlarning kо‘payishi hisobiga davlat xarajatlarining о‘sishiga olib keladi.
Shunga kо‘ra, hukumatlar darajasida inqirozdan chiqish bо‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqishda bandlik masalalarini, talabni rag‘batlantirish orqali ishlab chiqarish kо‘lamini kengaytirishga qaratilgan keskin choralarni kо‘rish masalasini kо‘ndalang qilib qо‘ydi.
Moliyaviy inqiroz tezda mehnat bozoridagi inqirozga aylandi. Ishsizlik darajasi 2009 yilda 8,4% ga yetadi deb taxmin qilingan holda AQShda ishsizlik allaqachon bu darajadan oshib ketgan edi. Birgina 2009 yil may oyida 2007 yil dekabriga nisbatan 6 mln. ish joyi yо‘qotilgan, ishsizlarning umumiy soni esa 14,5 mln. dan ortib ketgan edi. Ispaniyada 2009 yil aprelda ishsizlik darajasi 15% ga migrantlar orasida esa 28% ga yetdi. Inqirozdan eng kо‘p jabr kо‘rgan hududlarga migrantlarning kо‘pchilik qismi yashaydigan mamlakatlar, ya’ni rivojlangan mamlakatlar kiradi. Inqirozning migrantlarga salbiy ta’siri Fors kо‘rfazi, Sharqiy Osiyo va G‘arbiy Afrikada ham kuzatildi.
Mehnat bozoridagi inqiroz eng avvalo migrantlar uchun yomon ta’sir kо‘rsatdi, chunki mamlakatlar inqirozli holatlarda birinchi navbatda xorijiy ishchilarni bо‘shatadi. О‘rtacha olganda migrantlar yoshroq bо‘lib, pastroq malakaga va ish stajiga ega, odatda vaqtinchalik lavozimlarda ishlaydi va siklli rivojlanuvchi tarmoqlarga jamlangan. Bu esa pasayish paytida eng zaif hisoblangan guruhga xos tavsiflardir. О‘tkazilgan tahlillardan ma’lum bо‘ldiki, iqtisodiy pasayish davrida migrantlar nomigrantlarga nisbatan kо‘proq ish yо‘qotadi. 1998-2008 yillarda 14 ta Yevropa mamlakatining YAIM va ishsizlik bо‘yicha choraklik kо‘rsatkichlari asosida aniqlanishicha, retsessiyani boshdan kechirgan mamlakatlarda migrantlar orasida ishsizlik darajasi boshqa guruhlarga nisbatan tezroq о‘sadi. Yuqori darajada sikli rivojlanuvchi tarmoqlarga - qayta ishlash sanoati, qurilish, moliya, kо‘chmas mulk, mexmonxona va restoran xо‘jaligi kabi tarmoqlarda jamlangan. Barcha yuqori daromadga ega mamlakatlarda migrantlarning 40% shu tarmoqlarda mehnat qiladi va bu sohalarda ish joylarining eng kо‘p qisqarishi kuzatiladi.
Ishchilarning kо‘chishiga inqirozning naqadar kuchli ta’sir etishini aniqlashda bir qancha omillarni hisobga olish kerak. Ushbu omillarga vatanida va chet elda bevosita rivojlanish istiqbollari, migratsiya, chet elda yashash va qaytish tavakkalchiligini anglash va kuchayib boruvchi tо‘siqlar kiradi. Ishchilarni jalb qiluvchi ayrim asosiy mamlakatlar qaytish uchun qulay imkoniyatlar (bonuslar, chiptalar, ijtimoiy tо‘lovlar bо‘yicha yirik mablag‘lar) yaratib berdi va mamlakatga kirish va yashash bо‘yicha tо‘siqlarni kо‘paytirdi.
2008 yil mobaynida inqirozning kuchayishi natijasida rivojlangan mamlakatlarga migrantlar oqimining qisqarganini kо‘rish mumkin. Birlashgan Qirollikda mamlakatda yashayotgan xorijliklardan milliy sug‘urta kartochkalariga talabnomalar soni 25% kamaydi. AQSH Aholini rо‘yxatdan о‘tkazish byurosi tomonidan о‘tkazilgan tadqiqotlar 2007 yil sentabrdan 2008 yil avgustigacha meksikalik migrantlar oqimining 25% kamayganini kо‘rsatdi. Bu tendensiyalarning 2009 va 2010 yillarda ham davom etishi kutiladi. Biroq bunday teskari oqimlar paydo bо‘lmasligi ham mumkin. 1970 yillarda Yevropa mamlakatlarining gastarbayterlar uchun dasturlar tajribasi kо‘rsatishicha, teskari oqimlarning hajmi qabul qiluvchi mamlakatga qaytish istiqbollariga, mamlakatning ijtimoiy ta’minot tizimiga, oila a’zolarining ehtiyojlari va о‘z vatanidagi shart-sharoitlarga bog‘liq.
Hozircha inqirozning migratsiya modellariga ta’siri noaniq. Avvalgi retsessiyalarning kо‘rsatkichlari inqiroz turli oqibatlarni keltirib chiqarishini kо‘rsatadi. Avstraliya, Argentina, Braziliya, Kanada, Birlashgan Qirollik va AQSH kabi ayrim mamlakatlar о‘rganilganda, 1850-1920 yillarda mamlakatda ish xaqining pasayishi immigratsiyaga cheklovlarning zaiflashishiga olib kelgan. Ayrim olimlarning ta’kidlashicha, Yevropada uzoq muddatli iqtisodiy stagnatsiya, tarkibiy ishsizlik va malakasiz ishchi kuchiga pasaygan talab davrini boshlab bergan 1973 yildagi neft inqirozi migratsiya modellariga shunday ta’sir kо‘rsatdiki, natijada nisbatan boyroq Yaqin Sharq Yangi ishchi kuchini jalb qiluvchi markazga aylandi.
Ayrim olimlarning fikricha, rivojlangan mamlakatlarning muayyan tarmoqlarida inqirozning boshlanishi va faol rivojlanishi rivojlanayotgan mamlakatlar, ayniqsa, Osiyo mamlakatlarining о‘rnini kuchaytirishi va hatto jahon iqtisodiyotining tubdan boshqacha tus olishiga olib kelishi mumkin.
Jahon moliyaviy inqirozining pul о‘tkazmalar hajmiga ta’sirini tahlil qiladigan bо‘lsak, dastlabki ma’lumotlarga kо‘ra, inqiroz boshlanganda Yevropa mamlakatlaridan Afrikaga pul о‘tkazmalar miqdori oshdi. Bunga sabab, kо‘pchilik migrantlar mehnat qilayotgan mamlakatlardagi bank hisoblarini yopib, pul mablag‘larini о‘z yurtiga о‘tkaza boshladilar va 2008 yilda bu kо‘rsatkich rekord darajaga yetdi. Biroq keyingi davrda ularning miqdori ancha qisqarganligi tabiiydir. Jumladan Bangladesh, Misr, Salvador va Filippinda pul oqimi jiddiy qisqardi.


8.5. Globallashuv sharoitida О‘zbekistonning tashqi migratsiya jarayonlaridagi ishtiroki
Jahon iqtisodiyotining XXI asrdagi integratsiyalashuvi va liberallashuvi jarayonida mehnat migratsiyasining ahamiyati muntazam oshib bormoqda. Globallashuv jarayonlari, mamlakatni modernizatsiyalash, ishlab chiqarishni diversifikatsiyalashga qaratilgan, sobitqadamlik bilan bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyotda yangi sohalar va kasb-hunarlar paydo bо‘lishiga, mehnat resurslari oqimlarining о‘zgarishiga olib keladi.
О‘zbekistonda ham tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlari kuchaymoqda. О‘zbekiston Respublikasi Davlat Statistika qо‘mitasi ma’lumotlariga kо‘ra, О‘zbekistonda 2009 yilda kо‘chib kelganlar soni 136821 kishini tashkil qilib, kо‘chib ketganlar soni 188500 kishini tashkil qilgan, ya’ni kо‘chib ketganlar soni 51679 kishiga kо‘pdir. 2010 yilda respublika bо‘yicha kelganlar soni 140,0 ming kishini, ketganlar soni 179,6 ming kishini tashkil qildi. Migratsiya qoldig‘i minus 39,6 ming kishini tashkil qildi. 
Demeskop Weekly ma’lumotlariga kо‘ra, О‘zbekistondan chet ellarga mehnat qilishga yо‘l olayotganlarning 80,0% Rossiyada ish topishni afzal kо‘radilar. Shu bilan birga, Qozog‘istonga MDH mamlakatlaridan kelgan mehnatkash-migrantlarning 57,6% ni ham О‘zbekiston fuqarolari tashkil etadilar.
Rasmiy ma’lumotlarga muvofiq О‘zbekistondan ketgan mehnat resurslarining 85% MDH mamlakatlariga tо‘g‘ri keladi. Shu jumladan, ularning 58,3% Rossiya, 25,6% - Qozog‘iston, 4,7% - Janubiy Koreya, 1,3% -Turkiyaga tо‘g‘ri keladi. Mamlakat tashqi migrantlarining 0,6% - Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, 0,4% - Birlashgan Arab Amirliklari, 0,2% - boshqa mamlakatlar, shu jumladan, AQShga yо‘l olgan.
Tashqi mehnatkash-migrantlarning yarmidan kо‘prog‘i mavsumiy ishchilardir. Tashqi migrantlarning atigi 2-3 foiziga yaqini malakali va yuqori malakali mehnat faoliyati bilan banddir.
Tadqiqotchilar XX asr oxirlarigacha Markaziy Osiyo mamlakatlari tub aholisi uchun mehnat migratsiyasi xos bо‘lmagan deb kо‘rsatishadi. Biroq, О‘zbekistonda mehnat migratsiyasi doim, ham ichki (mamlakatning boshqa viloyatlariga chiqadigan ishchilar), ham tashqi (SSSRning boshqa respublikalariga borib ishlaydigan kishilar) migratsiya kо‘rinishida mavjud bо‘lib kelgan. Bunda oxirgisi ham tashkillashtirilgan shakllarda (Sovet Ittifoqidagi yangi qurilishlar, yer о‘zlashtirishlar davrida mehnat "vaxtalari" va b.), ham tashkillashtirilmagan (asosan, meva-sabzavotchilik mahsulotlari bilan savdo) shakllarida amalga oshgan. Shuningdek cheklangan hajmda bо‘lsa ham xorijiy mehnat migratsiyasi mavjud bо‘lgan. Chet elga borib ishlash jarayonining tashabbuskori bо‘lib ishchi emas, balki davlat nomidan ish kо‘ruvchi boshqaruv organlari yoki ishlab chiqarish tuzilmalari hisoblanadi. О‘zbekistonda shunday migratsiyada malakali geologlar, suv xо‘jaligi mutaxassislari, shifokorlar, quruvchilar ishtirok etgan.
Mehnat migratsiyasining zamonaviy davri oldingilaridan о‘z kо‘lami, tavsifi va ishtirokchilar tarkibi bilan farq qiladi. Ayniqsa, migratsion oqimlarning yо‘nalishi jiddiy о‘zgargan. Hozirgi vaqtda О‘zbekistondan emigratsiyaning uchta yо‘nalishini ajratib kо‘rsatish mumkin:
1. Markaziy Osiyoga (chegara oldi hududlardan Qozog‘iston va Qirg‘izistonga). Umumiy migrantlar sonining 50-65% - bu hosil terimiga yoki uy-joy qurilishiga kelgan mavsumiy ishchilardir, atigi 2-3% qonuniy ravishda hamda mehnatning malakali va yuqori malakali sohalarida ishlaydi.
2. MDHning Yevropa qismiga. Mehnatkashlar-migrantlarning asosiy oqimi Rossiyaga, nisbatan kam qismi Ukrainaga (bu asosan qrim tatarlari), Belorussiyaga jо‘naydi.
3. Uzoq xorij mamlakatlariga. Bu yerda AQSH, Yevropa, Arab mamlakatlarini, asosan BAA, Misr, Baxrayn, Quvayt, Saudiya Arabistoni; Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, asosan Janubiy Koreya, Tailand, Indoneziya, Malayziyani keltirish mumkin.
О‘zbekistonga ishga kelganlar tо‘g‘risida gapirganda, noqonuniy mehnat migratsiyasining bir nechta yо‘nalishlari mavjud :
• Migrantlarning 60% Tojikistondan, 20% - Turkmaniston va Qirg‘izistondan, О‘zbekistonda ushbu mamlakatlar bilan viza rejimi amal qilishi ushbu yо‘nalishlarni qiyinlashtirishiga qaramay keladi;
• О‘zbekistonga Afg‘onistondan Tojikiston orqali keluvchilar soni umumiy oqimning 2-4% ni tashkil qiladi;
• Xitoydan - Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston orqali;
• Eron, Pokiston, Hindistondan - Turkmaniston orqali.
О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan respublikamiz fuqarolarining chet ellarda mehnat faoliyatini tashkil etishni tartibga solishga doir bir qator qarorlar qabul qilingan bо‘lib, mazkur qarorlarda tashqi mehnat migratsiyasini davlat tomonidan boshqarish, respublikamiz fuqarolarining chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqib ketishini tashkil etish tizimi va uning mexanizmlari belgilab berilgan.


Respublikamiz fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyati О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 noyabrdagi “О‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi 505-sonli qarori bilan tartibga solinadi.
Hukumatning ushbu qarori bilan respublikamiz fuqarolarini chet ellarda ishga joylashishini ta’minlaydigan mehnat organlari infratuzilmasini tashkil etish kо‘zda tutilgan. Shuningdek, ushbu qaror bilan О‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyati tartibi tо‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan. Mazkur Nizomga kо‘ra О‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun О‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq hukumatlararo, idoralararo shartnomalar va bitimlar asosida faqat Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi hamda Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish bо‘yicha xо‘jalik hisobidagi mintaqaviy byurolarning kо‘magida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshirish huquqiga egaliklari belgilab qо‘yilgan. Shunga asosan, О‘zbekiston Respublikasi bilan xorijiy mamlakatlar о‘rtasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida hukumatlararo, idoralararo shartnomalar, bitimlar tuzilgan taqdirda ularning ijrosini ta’minlash Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tasarrufiy tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
О‘zbekiston va Rossiya о‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida Hukumatlararo bitim tuzilgan bо‘lib, uning tuzilishi ikki mamlakat Hukumatlari о‘rtasida mehnat migratsiyasini tashkil etishning huquqiy poydevorini yaratish, mehnat migratsiyasi borasida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yо‘lga qо‘yish, qolaversa, mazkur davlatlar hududida qonuniy mehnat qilish istagida bо‘lgan fuqarolar uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashni о‘z ichiga oladi.
Ushbu Hukumatlararo bitim О‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi о‘rtasida mehnat migratsiyasi jarayonini huquqiy tartibga solish, mehnat kuchlarining erkin harakati uchun qulay sharoitlar yaratish hamda mehnatkash-migrantlarning ijtimoiy huquqlarini himoyalashni nazarda tutadi.
Shuningdek, Koreya Respublikasi О‘zbekistonning mehnat migratsiya sohasidagi asosiy sheriklaridan biri. 1995 yildan 2006 yilgacha О‘zbekistondan Koreyaga 18 ming fuqaroni stajirovka tizimi bо‘yicha ishlashga jо‘natish tashkil etildi. Koreya hukumatining qarorlariga kо‘ra 2007 yil 1 yanvardan boshlab stajirovka tizimi bekor qilindi va Koreyaga xorijiy ishchilarni qabul qilishning yagona tizimi sifatida bandlikni hal etish tizimi bо‘lib qoldi.
2006 yil 28-30 mart kunlari О‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida О‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi bilan Koreya Respublikasi Mehnat vazirligi о‘rtasida ishchilarni Koreyaga bandlikni hal etish tizimi jо‘natish yuzasidan Memorandum imzolandi. Mazkur tizimga muvofiq о‘tkazilgan testlarni muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolarimiz Koreyada ishlash sharafiga muyassar bо‘lmoqdalar. 2007-2008 yillarda 10 mingga yaqin fuqaro Koreyada ishlash xuquqini qо‘lga kiritdi.
Mehnat migratsiyasining oqilona holatini ta’minlash uchun jahon tajribasini kо‘rib chiqib bizning mamlakatga har tomonlama mos keladiganlarini joriy qilish foydadan holi bо‘lmaydi. Jahon tajribasidan shular ma’lumki, ishchi kuchini eksport qiluvchi davlat о‘z ishchi kuchlarining malakasi oshishiga, ishlab chiqarishning yangi texnika va texnologiyalar bilan ta’minlanishiga va asosiysi mamlakatga valyuta oqimi kirib kelishiga erishadi.
О‘zbekiston Respublikasida mehnat migratsiyasining oqilona holatini ta’minlash borasida ancha ishlar amalga oshirilgan. Kelgusida ham xuddi shunday ishlarni davom ettirish lozimligini kо‘zda tutgan holda quyidagi takliflarni berish mumkin:
- chet mamlakatda ishlamoqchi bо‘lgan О‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini chet el ishchilari bilan bemalol raqobatlasha oladigan qilib tayyorlaydigan kurslarni tashkil qilish (til о‘rgatish, maxsuslashtirilgan kurslar);
- mamlakat ishchilari ishlayotgan mamlakatdagi elchixonalarning xodimlarni doimiy ravishda nazorat qilib turishini kuchaytirish;
- chet elga chiqib ishlamoqchi bо‘lganlarga turli imtiyozlar berish (masalan, ma’lum davr davomida chet elda ishlab valyuta kirib kelishiga hissa qо‘shgan bо‘lsa, ayrim turdagi moddiy boyliklarni olib kirishga tо‘sqinlik qilmaslik) kerak;
- jahon standartlariga mos keladigan malakali kadrlarni tayyorlashdir.

Yüklə 472,85 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   61   62   63   64   65   66   67   68   ...   73




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin