Uchinchi tо‘lqin Ikkinchi jahon urushidan sо‘ng boshlandi. Bu bosqichda qoloq mamlakatlardan rivojlangan mamlakatlarga о‘zaro qarama-qarshi ikkita migratsion guruhlarning kо‘chib о‘tishi xarakterlidir. Bir tomondan kam о‘rganilgan va malakasiz ishchilar oqimining ustunlik qilishi kuzatilsa, boshqa tomondan, ilmiy kadr va mutaxassislarning kо‘chib ketishlari kuzatiladi.
Migratsion oqimlarning asosini ishchilar, past darajada - xizmatchilar tashkil etadi. Lekin, xalqaro ishchi kuchi migratsiyasida yangi kо‘rinish bо‘lib ilmiy texnik kadrlarning kо‘chishi hisoblanadi. Insonlar yaxshiroq sharoitni izlab, о‘z kuchini qо‘llash va hayot darajasi yuqori bо‘lgan joylarni qidirib, AQSH va G‘arbiy Yevropaga kо‘chib о‘tishmoqda.
Oxirgi paytlarda noqonuniy immigratsiya kuchaydi. Xitoyliklar AQSH va Rossiya chegaralarini о‘tib borishmoqda, jazoirliklar Fransiyaga kо‘chib о‘tishmoqda va hokazo. Noqonuniy immigratsiya tadbirkorlarga eng arzon va huquqsiz ishchi kuchidan foydalanish va buning natijasida katta daromadga egalik qilish imkoniyatini yaratmoqda. Shuning uchun ham Amerika politsiyasi noqonuniy meksikalik immigrantlar oqimiga bas kela olmayapti.
Institusional, meyoriy-huquqiy va boshqarishning moliyaviy mexanizmlari global, mintaqaviy va milliy darajalarda yaratilgan bо‘lib, aholining xalqaro migratsiyasi va migratsion oqimlarni meyorga keltirish sohasidagi keskinlikni asta-sekin kamaytirishga yordam berdi. XX asrning oxirgi о‘n yilligi - XXI asrning boshlari shu bilan xarakterlidirki, mehnat resurslarini import va eksport qiluvchi mamlakatlar о‘z migratsion siyosatiga qator о‘zgarishlar kiritdi.
Bir qator mamlakatlarning bozor iqtisodiyotiga о‘tishi jamiyatimiz hayotidagi turli о‘zgarishlarga olib keldi. Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni tadqiq qilish yoshlar uchun ish joylarini yaratish, ayollarning ishsizlik darajasi, qonunbuzarlikning kо‘payishi, oila va qarindoshchilik aloqalarining susayishi kabi muammolarni kо‘rsatmoqda.
Mehnat migratsiyasi jahon kapitalistik xо‘jaligining rivojlanishi bilan bog‘liq holda vujudga keldi. Jahon mamlakatlarining о‘zaro bog‘liqligi va ularning notekis iqtisodiy rivojlanishi migratsiyaning iqtisodiy sabablarini keltirib chiqaradi, ularga quyidagilar kiradi:
• mamlakatlar iqtisodiy rivojlanish darajalaridagi farqlar va uning natijasida ish haqi, hayot, ijtimoiy ta’minlanganlik darajalaridagi farqlar;
• mehnat resurslari bilan alohida mamlakatlarning ta’minlanganlik darajalaridagi farqlar;
• milliy ishlab chiqarishning moddiy о‘zaro bog‘liqligini о‘sishi;
• TMKlarning rivojlanishi;
• iqtisodiy sikl davrlari: о‘sish davrida ishchi kuchiga talab kо‘payadi, inqiroz davrida pasayadi;
• jahon xо‘jaligida iqtisodiy integratsiya jarayonlari, tajriba shuni kо‘rsatadiki, bu jarayonlar uchinchi mamlakatlar uchun ishchi kuchini jalb qiluvchi yalpi markazlarga aylanmoqda;
• insonlar tomonidan boshqa mamlakatlar keng iqtisodiy imkoniyatlarga ega ekanligini tan olinishi, transport vositalarining rivojlanishi va arzonlashishi, xalqaro axborot tizimining kengayishi.
Jahon tajribasida ishchi kuchi migratsiyasining shakllari quyidagicha guruhlanadi:
1) yо‘nalishlar bо‘yicha:
• rivojlanayotgan va sobiq sotsialistik mamlakatlardan sanoati rivojlangan davlatlarga migratsiya;
• rivojlanayotgan mamlakatlardan sobiq sotsialistik mamlakatlarga migratsiY.
• sanoati rivojlangan mamlakatlar doirasida;
• rivojlanayotgan mamlakatlar doirasida;
• yuqori malakali ishchi kuchining sanoati rivojlangan mamlakatlardan rivojlanayotgan mamlakatlarga migratsiyasi;
2) geografik yо‘nalishiga kо‘ra: tashqi va ichki.
3) davomiyligiga kо‘ra:
• doimiy - qaytmas (odatda bunday xarakterga mintaqalararo migratsiya, shuningdek qishloqdan shaharga bо‘lgan migratsiyalar ega),
• vaqtinchalik, qoida bо‘yicha, mintaqa ichkarisida;
• mavsumiy, pul topish niyatidagi har yili borib kelishlar;
• mayatnikli, yashab turgan manzildan yiroqda joylashgan har kunlik borib kelishlarni nazarda tutadi.
4) qonuniyligi darajasiga kо‘ra:
• qonuniy va noqonuniy. Noqonuniy migrantlar - bu mamlakatga ish qidirib kirib kelgan shaxslar yoki qonuniy ravishda mamlakatga kirib, noqonuniy ravishda ishga joylashadigan shaxslar hisoblanadi.
5) ijtimoiy tarkibiga kо‘ra:
• malakasiz ishchilar;
• о‘rta texnik va servis xodimlari;
• talabalar (ta’til paytida);
• mutaxassislar;
• fan, madaniyat va sport arboblari, tadbirkorlar;
6) tabiatiga kо‘ra: bevosita va bilvosita (TMK doirasida firma ichida).
7) mehnat shartnomasi kо‘rinishiga kо‘ra: shaxsiy va jamoaviy;
8) qabul qiluvchi mamlakatdagi huquqiy holatga kо‘ra:
• assimilyatsion (keyinchalik fuqarolik berilishi) va noassimilyatsion.
Butun aholi migratsiyasi bilan birgalikda alohida uning guruhlari - ijtimoiy, etnik va boshqa guruhlarning migratsiyasi ham farqlanadi. Masalan, ishchi kuchi migratsiyasini joylashtirishdagi farqlar natijasida ishga layoqatli aholining kо‘chishi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) klassifikatsiyasi bо‘yicha doimiy ishlab turuvchi migrantlar deb, bir yildan ortiq bо‘lmagan muddatga ish topish niyatida mamlakatga kirib kelgan shaxslar hisoblanadi.
BMT klassifikatsiyasiga asoslanib zamonaviy xalqaro migratsiyasining beshta asosiy turini farqlash mumkin:
1. Bir joydan ikkinchi joyga kо‘chib kelganlar, doimiy tarzda yashashga kо‘chib kelganlar.
2. Kontrakt (shartnoma) bо‘yicha ishlaydiganlar, ushbu shartnomada qabul qiluvchi mamlakatda yashash muddati aniq belgilangan bо‘ladi.
3. Professional yuqori darajadagi tayyorgarlik, tegishli ta’lim, amaliy ish tajribasiga ega bо‘lganlar, shuningdek, jahon tizimidagi oliy ta’limga asoslanib kо‘chib kelgan о‘qituvchi va talabalar.
4. Noqonuniy migrantlar, ish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, turistik yoki muddati о‘tib ketgan vizaga ega bо‘lmagan xorijliklar.
5. Qochoqlar - qandaydir xavf tug‘ilganda о‘z Vatanini tark etishga majbur bо‘lganlar.
Ushbu beshta zamonaviy xalqaro migratsiyasining asosiy turlari davrlar mobaynida tashkil etilib, hozirgi kunda dunyo miqyosida keng tarqalgan.
8.2. Xalqaro ishchi kuchi migratsiyasining asosiy yо‘nalishlari va migrantlarni о‘ziga jalb qiluvchi markazlar Geografik yо‘nalishga kо‘ra mintaqalararo va mintaqa ichidagi tashqi aholi migratsiyasi farqlanadi. Mehnat migratsiyasining oqimlarining aniq qayerga harakat qilganligini kо‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
Ishchi kuchining birinchi ommaviy mintaqalararo kо‘chishi majburiy tarzda bо‘lgan. Bu XVII-XIX asrlardagi qullar savdosining rivojlanishi bilan bog‘liq edi. Shunday oqim natijasida Afrika aholisi 1650-1850 yillarda 22 foizga qisqardi.
Ishga yollangan mustaqil shaxslar kо‘chishi tо‘g‘risida sо‘z yuritilganda XIX-XX asrlarda Yevropaliklarning okean ortiga chiqib ketishi eng yirik migratsion oqim deb hisoblanadi. XIX asrda qariyb 30 mln. kishi emigratsiya qilgan. XX asr boshidan Birinchi jahon urushigacha Yevropadan 19 mln. ga yaqin kishilar chiqib ketgan, 1914-1918 yillarda migratsiya tо‘xtalgan, keyinchalik esa qaytadan tiklandi va 1918-1939 yillarda 9 mln. kishi emigratsiya qildi. Ikkinchi jahon urushi Yevropadan okean ortiga aholi migratsiyasining tо‘xtalib turishiga sabab bо‘ldi, urush tugagandan sо‘ng u tiklanib, sо‘ngra susaya boshladi.
Emigrantlar asosan AQShga yо‘l olib, u yerda kapitalizm jadal rivojlanar edi. Shu bilan birga Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Argentina va boshqa davlatlarga ham kо‘chish mavjud bо‘lgan. Ushbu mamlakatlar aholisini о‘sishining asosiy omili immigratsiya bо‘ldi. Irlandiya, Angliya, Fransiya, Germaniya kabi Yevropa mamlakatlaridan immigrantlar kirib kelgan.
Oxirgi о‘n yilliklarda nafaqat mintaqalararo, balki mintaqa ichkarisida yangi jahon ishchi kuchi bozorlari paydo bо‘ldi.
Mehnat migratsiyasi deyarli barcha milliy iqtisodiyotlarga xos jarayondir. Biroq uning jadallik darajasi jahonning u yoki bu hududlarida sezilarli farq qiladi. Mehnatkash-migrantlarning eng jadal oqimi ishchi kuchini eksport/import qiluvchi mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi darajasida va tabiiy demografik о‘sish sur’atida jiddiy farq bо‘lganda kuzatiladi. Migratsiyaning asosiy tо‘rt yо‘nalishlari ichida jami migratsiya oqimining hajmi bо‘yicha rivojlanayotgan mamlakatlardan rivojlangan mamlakatlar tomon ishchi kuchlarining kо‘chishi birinchi о‘rinda turadi. Mutaxassislar quyidagi migratsiya oqimlarini alohida kо‘rsatib о‘tishadi: G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlari о‘rtasida, sobiq sotsialistik mamlakatlardan bozor iqtisodiyotili mamlakatlarga, rivojlanayotgan yoki о‘tish davri iqtisodiyotili davlatlar о‘rtasida (masalan, Janubiy Amerika chegarasida, Ukrainadan Rossiyaga).
Ishchi kuchi migratsiyasining yana bir yо‘nalishi, ya’ni rivojlangan mamlakatlardan rivojlanayotgan yoki о‘tish davri iqtisodiyotili davlatlarga migratsiya uchrasada, bu yо‘nalishni tanlovchi migrantlar soni unchalik kо‘pchilikni tashkil etmaydi va ular TMKlarning shoxobchalari va shо‘ba korxonalarida band bо‘lgan kadrlar, turli xayriya tashkilotlari va fondlarining a’zolari, shuningdek, sarguzasht izlovchilar hamda tavakkalchilardan iborat.
Migrantlarni о‘ziga tortuvchi boshqa bir «ohangrabo» Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridir. Ularga xorijiy ishchi kuchi jami aylanmasining 1/4 qismidan kо‘prog‘i tо‘g‘ri keladi. Yevropa Hamjamiyati mamlakatlarining о‘zida migrantlar va ularning oila a’zolarining о‘zi 13 mln. kishini tashkil etadi. Bu hududda Fransiya (mamlakat aholisining 8 foizi - 4 mln.ga Yaqin Shimoliy Afrikadan kelgan immigrantlar), Germaniya (7,5 foiz - 4630 ming) yetakchilik qilmoqda. Belgiyada - 1 mln.ga yaqin ispaniyaliklar va italiyaliklar, Shvetsiyada - 1 mln. finnlar hisobga olingan. Bulardan tashqari Buyuk Britaniya, Belgiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Avstriya ham ishchi kuchi qabul qilishda oldingi о‘rinlarda turadi.
Yevropa ekspertlarining bashorati bо‘yicha, umumiy bozor yaratilishidan sо‘ng migratsion oqimlarda bir necha о‘zgarishlar rо‘y beradi. Past malakali ishchilarni ommaviy immigratsiyasining yomon tashkil etilishining о‘rniga maqsadga yо‘naltirilgan jamoaviy kelishuvlar paydo bо‘ladi. Migratsiyaning kо‘p qismini past va о‘rta malakali ishchilar tashkil etayotganiga qaramay, yuqori malakali ishchilar ustun turuvchi huquqqa ega bо‘ladilar.