Mashg’ulotning asosiy qismi vazifalari va mazmuni. Mashg’ulotning bu qismida bir holatda dastlab bolalarni umumrivojlantiruvchi mashqlarga, so`ngra asosiy harakatlarga o`rgatish va jismoniy sifatlarni tarbiyalash vazifalari belgilanadi; ikkinchi bir holatda asosiy harakat mashqlariga o`rgatish belgilanadi. Bu mashqlar yangi harakat materiali bilan tanishtirishni, avvaldan tanish mashqlarni turli variantlardan foydalanib takrorlashni, mustahkamlanish bosqichidagi harakat ko`nikmalarini takomillashtirishni ko`zda tutadi. Shundan so`ng barcha bolalarni intensiv harakatga tortadigan qoidali harakatli o`yinlar o`tkaziladi.
Bolalarning psixik ish qobiliyatining davomsizligini hisobga olib, murakkab vazifalar asosiy qismning boshida belgilanadi (bolalarni yangi material bilan tanishtirish yoki juda murakkab koordinatsiyali mashqlarni bajarish).
Umumrivojlantiruvchi mashqlarni bolalar kichik buyumlar, bayroqchalar, tayoqchalar, chambaraklar, lentalar, shnurlar bilan bajaradilar. Chunki ular organizmning funksional holatini yaxshilashga ta’sir etadi.
Dastlab to`g’ri qad-qomatni shakllantirish va nafas olishni tartibga solish maqsadida qo`l mushaklari va yelka kamari mushaklarini rivojlantirish hamda mustahkamlash mashqlari beriladi. Ikkinchi navbatda gavda uchun, orqa mushaklarni mustahkamlash va umurtqa egiluvchanligini rivojlantiruvchi (oldinga, orqaga va yon tomonlarga egilish, gavdani aylantirish) mashqlari beriladi. Uchinchi navbatda qorin va oyoq mushaklarini mustahkamlovchi (cho`qqayish, tizzadan bukilgan oyoqlarni ko`tarish…) mashqlari beriladi.
Shundan so`ng asosiy harakatlarni o’rgatishga o`tiladi. Bunda ulardan biri bolalar uchun yangi, boshqalari esa o`rganish va takomillashtirish bosqichida bo’ladi.
Mashg’ulotning umumrivojlantiruvchi mashqlarni o`rgatish bilan olib boriladigan asosiy qismi davomiyligi: kichik guruhlarda 15 dan 18 daqiqagacha; o`rta guruhda 20 dan 22 daqiqagacha; katta guruhda 25 dan 28 daqiqagacha bo`ladi.
Umumrivojlantiruvchi mashqlarsiz o`tkazilganda esa uning davomiyligi kichik guruhlarda 8-12 daqiqa, o`rta guruhda 12-15 daqiqa, katta guruhda 15-20 daqiqani tashkil etadi.