3. Suv toshqinlari, yer ko’chkilari, qor ko’chkilari.
Arabcha sel, sil, seylyun – shiddatli tog‘ oqimi, inglizcha mudflow, mudavalanche, rocmudflow – loy oqimi, tosh-loy oqimi, fransuzcha torrents, mure – tog‘ oqimi, nemischa – wildbach, mure – yovvoyi oqim, loy oqimi, yaponcha yamatsunami – tog‘ to‘lqini ma’nosini anglatuvchi tabiiy ofatning ushbu turi respublikamiz uchun ham yot emas.
Sel doimo tog‘li va tog‘ oldi hududlarda yashovchi aholi o‘rtasida vahima uyg‘otib kelgan. O‘tmishda odamlar uni sehrgarlarning ishi, arvohlarning yovuz qilmishlari, xudolarning qahrli g‘azabidan, deb tushuntirib kelishgan. Ular zilzila, vulqon otilishi, tog‘lardagi jala yoki yoz oylarida qorlarning keskin erishi tog‘lardan keladigan loyli oqimlarning boshlanishidan darak berishini ham bilganlar. Sel xuddi quturgan yovvoyi otlar podasi tezligida o‘tib, yo‘lida uchragan barcha narsani – ekinzorlar, yaylovlar, qishloqlar va butun boshli shaharlarni yakson qilib tashlaydi. Sel o‘tgan joyda faqatgina cho‘l qoladi.
Sel – tog‘ daryolari o‘zanlarida to‘satdan yuzaga keluvchi, katta hajmdagi qum, tosh va tog‘ jinslari bo‘laklari aralashmasidan iborat loyqa yoki loy-toshli oqimdir. Yer yuzida bu kabi hodisalar har yili takrorlanib, ko‘pgina vayronagarchiliklar va insonlarning nobud bo‘lishiga olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasining deyarli barcha tog‘li va tog‘ oldi hududlari sel xavfi mavjud zonalarga kiradi. Sel Toshkent, Surxondaryo, Jizzax, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida boshqa joylarga nisbatan ko‘p ro‘y beradi. Sel oqimlari ko‘proq aprel-iyun oylarida yuz beradi.
Favqulodda vaziyatlar monitoringi va bashoratlash markazi axborotlarida keltirilishicha, aprel oyiga sel faoliyatining 27% to‘g‘ri kelgani holda, may oyida bu ko‘rsatkich 33% ni va iyunda 17% ni tashkil etadi. Farg‘ona vadiysida hatto avgust oyida ham sel xavfi saqlanib turadi.
Respublikamizning tog‘li va tog‘ oldi hududlarida 1852 ta sel xavfi mavjud havza aniqlangan.
1998 yilning 7 iyulidan 8 iyuliga o‘tar kechasi SHohimardonda yuz bergan sel hodisasi hali hamyurtlarimiz xotirasidan ko‘tarilganicha yo‘q. O‘shanda haroratning keskin ko‘tarilib ketishi qorlarning tez erishiga, so‘ngra har soniyada 200 m3 hajmga ega sel oqimiga sabab bo‘lgandi. Sel oqibatida 104 nafar kishi hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. 15 km uzunlikdagi gaz magistrali, 14 km avtomobil yo‘li, 4 ta ko‘prik, 3 km uzunlikdagi ichimlik suv, 3 km elektr uzatish, 34741 m uzunlikdagi telefon tarmog‘i ishdan chiqdi. 14200 kishini xavfsiz erlarga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi.
Sel vujudga keladigan yoki ro‘y berish ehtimoli yuqori bo‘lgan joylar sel o‘chog‘i deb yuritiladi. Sel o‘chog‘i paydo bo‘lishining asosiy ko‘rsatkichi gidrometeorologik sharoit hisoblanadi. Uzoq muddatli jala yog‘ishi va muzliklarning qisqa muddatda jadal erishi oqibatida daryo o‘zanlaridagi suv miqdori keskin ko‘payib ketadi. Katta kuchga ega bo‘lgan oqim paydo bo‘lishi natijasida maydonning quyi qismlarida ko‘pgina vayronagarchiliklar yuz beradi. SHu sababga ko‘ra sellar ikki guruhga bo‘linadi: glyasial – muzlik va qorlarning tez erishi va jalali – ko‘p miqdorda yomg‘ir yog‘ishi natijasida paydo bo‘ladigan sellar.
Odatdagi oqimlardan farqli o‘laroq sel uzluksiz oqim sifatida emas, balki alohida to‘lqinlar tarzida harakat qiladi. SHuningdek, o‘zi bilan yuzlab tonna, ayrim hollarda millionlab kubometr yopishqoq massani olib keladi. Ayrim tosh bo‘laklarining o‘lchami ko‘ndalangiga 3-4 metrga etadi. Sel to‘siqqa uchraganidan so‘ng ularni oshib o‘tadi va yanada kuchli bo‘la boradi.
Sel 2-10 m/soniya va undan katta tezlikda harakat qiladi. 1 kub metr sel oqimining og‘irligi 2 tonnagacha etadi. Bitta joyning o‘zida kuchli sel oqimlarining paydo bo‘lish ehtimoli katta emas. Chunki sel hosil bo‘lishi uchun faqatgina yog‘ingarchilikning ko‘p bo‘lishi etarli emas. Buning uchunsuv oqimi olib ketishi mumkin bo‘lgan tog‘ massasi ham mavjud bo‘lishi zarur. Tog‘ massasi esa o‘z navbatida tog‘ jinslarining emirilishidan hosil bo‘ladi. Uning paydo bo‘lishi uchun 5-6 yildan 20-25 yilgacha vaqt ketadi.
Sel hosil bo‘lishi uchun bir vaqtning o‘zida uchta zaruriy sharoit bo‘lishi talab etiladi:
- tog‘ yonbag‘irlarida emirilgan tog‘ jinslari massasini (qum, tosh, harsang va h.k.) osonlik bilan olib ketishi mumkin bo‘lgan sel o‘zani;
- tog‘ yonbag‘irlaridan tosh va qattiq jinslarni o‘zi bilan olib keta oladigan hajmdagi suv;
- kamida 10-150 kattalikdagi nishablik.
Sel kengligi u kelayotgan o‘zan kengligiga bog‘liq bo‘lib, 3-100 m. ga teng bo‘ladi. Oqimning chuqurligi 1,5-2 m (sezilarli chuqurlikdagi sellar), 10-15 metr (halokatli sellar)ni tashkil etishi mumkin. Sel o‘zanlarning uzunligi bir necha o‘nlab kilometrga etadi.
Sel suv-toshli, loyli va loy-toshli oqim tarzida bo‘lishi mumkin. Oqim tarkibidagi tosh bo‘laklari ayniqsa katta vayronagarchilik keltiradi.