Iqtisodiy adabiyotlarning chuqur tahlili moliya-sanoat guruhlari ta’rifining quyidagi muhim elementlarini aniqlash imkonini berdi: – iqtisodiyotdagi turli xil xo‘jalik sub’ektlarining birlashishi (yuridik shaxslar majmuasi); – moddiy va nomoddiy aktivlarning birlashishi; – investitsion loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun moliya-sanoat guruhlarini tashkil etishning aniq maqsadli xarakterga ega ekanligi. Fikrimizcha, yuqoridagi uchta elementni o‘ziga qamrab olgan ta’rifgina moliya-sanoat guruhlari mohiyatini to‘laroq ochib beradi. SHunday qilib, moliya-sanoat guruhlari deganda, ishlab chiqarish, xo‘jalik, moliyaviy va boshqa faoliyatlar samaradorligini ta’minlash maqsadida markazlashgan boshqaruvga ega bo‘lgan va o‘zlarining resurslarini (ishlab chiqarish, moliyaviy, mehnat, nomoddiy va boshqalar) birlashtirgan ishlab chiqarish, savdo korxonalari va moliyakredit institutlarini o‘z ichiga olgan mustaqil yuridik shaxslarning integratsiyasi shakli tushuniladi. Moliya-sanoat guruhlari tushunchasini ta’riflash bilan birgalikda uning asosiy funksiyalarini va iqtisodiyotdagi rolini aniqlash zarurdir. Ma’lumki, ob’ektning funksiyasi uni mohiyati namoyon bo‘lishining ko‘rinishi yoki tushunchasi bo‘lib hisoblanadi. Moliya-sanoat guruhlarining funksiyalari yuqoridagi qayd etilgan uchta jihatda uning mohiyatini ochib beradi. Metodologik jihatdan moliya-sanoat guruhlarining funksiyalarini uchta guruhga ajratish mumkin. Funksiyalarning birinchi guruhi moliya-sanoat guruhlarini iqtisodiy tuzilmalarning birlashishi sifatidagi xususiyati bilan bog‘liq bo‘lib, bunga korxonalar o‘rtasidagi aloqadorlikni mustahkamlash, moliya-sanoat guruhlari ichida hamkorlik shakllarini kengaytirish, mahsulot ishlab chiqarish hamda sotishni kengaytirishning yangi imkoniyatlarini izlash, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish hamda ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini kamaytirish kabilar kiradi. Funksiyalarning ikkinchi guruhi moliya-sanoat guruhlari mohiyatini kapitalning integratsiyasi shakli (moddiy va nomoddiy aktivlarning birlashishi) sifatida ochib beradi. Bularga, yangi korxonalarni qo‘shish va birlashtirish, korporativ tuzilmalarni doimiy takomillashtirish, transmilliy tuzilmalarga o‘tish, savdo firmalari va firma do‘konlarini yaratish yo‘li bilan mahsulot sotishni tashkil qilish, savdo belgilarini ishlab chiqish, bank bilan o‘zaro ichki aloqalarni mustahkamlash, yagona moliyaviy menejment tizimini tuzish hamda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va kengaytirish uchun xorijiy va ichki investitsiyalarni jalb etish kabilarni kiritish mumkin. Funksiyalarning uchinchi guruhi esa quyidagilardan iborat: – moliya-sanoat guruhlari faoliyatini barqarorlashtirish; 9 – ishlab chiqarishga innovatsiyalarni joriy etish, yuqori ilmiy sig‘imli mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va bozorni kengaytirish ishlarini amalga oshirish, chuqur marketing tadqiqotlarini o‘tkazish; – mahsulotlar sifatini va raqobatbardoshligini doimiy oshirib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchillik bilan amalga oshirish; – moliyaviy risklarni samarali boshqarish. Moliya-sanoat guruhlarini shakllantirish jarayoni mamlakatda sanoatni taraqqiy ettirishga, bozor munosabatlarini rivojlantirishga hamda jahon xo‘jaligiga integratsiyalashuv jarayonining kuchayishiga, shuningdek, quyidagi muhim makro va mikroiqtisodiy masalalalarni hal etishga yordam beradi: 1. Ichki raqobatlashuv muhitini shakllantirish va xo‘jalik aloqalarining yangi tizimini o‘rnatish asosida mamlakat iqtisodiyotida barqarorlashish jarayonlarini kuchaytirish hamda ishlab chiqarishni barqarorlashtirishga ta’sir ko‘rsatish. 2. Mamlakatning jahon bozorida mustahkam o‘rin egallashiga va yuqori raqobatbardoshlik darajasiga erishishini ta’minlash. 3. Narxlar barqarorligini kuchaytirish, shu jumladan, moliyasanoat guruhlariga tegishli bank asosida ularni umumiy moliyaviy bazasini tuzish, texnologik aloqador korxonalarning o‘zaro hisobkitoblari yordami bilan noto‘lovlar darajasini kamaytirish, xarajatlar qiymati oshishi jarayonini barqarorlashtirish. 4. Korxonalar o‘rtasida o‘zaro aksiyadorlik munosabatlarining rivojlanishi. 5. Zamonaviy korporativ boshqaruv tizimining shakllanishi va rivojlanishi va boshqalar. Moliya-sanoat guruhlarini ma’lum belgilarga ko‘ra tasniflash zamonaviy tashkiliy tuzilmalar moliya-sanoat guruhlari funksiyalarini ta’minlash zaruratiga javob berishini, iqtisodiy rivojlanishni kuchaytiruvchi rolini o‘ynashini tahlil qilishga imkon beradi. Fikrimizcha, faoliyatning turli xil tomonlari va jihatlaridan kelib chiqib moliya-sanoat guruhlarini bir nechta yo‘nalish bo‘yicha tasniflash mumkin. Bunda tasnifiy belgilar sifatida kapitalning shakllanishi, ishlab chiqarish aloqalarining xususiyati, guruh tashabbuskorining roli, faoliyatning asosiy yo‘nalishi va ko‘lami kabilar e’tiborga olinadi. (1-ilovaga qarang). Tasnifiy belgilarga ajratib tahlil qilish asosida moliyasanoat guruhlarining iqtisodiy strategiyasini amalga oshirishning ko‘p uchraydigan yo‘llarini ko‘rib chiqamiz. Hududiy belgisiga ko‘ra: 1. Hududiy guruhlar ma’lum bir hudud doirasida faoliyat yuritadi. Hududiy guruhlar asosan, hududiy belgisiga ko‘ra qo‘shni korxonalarning kelishuvi natijasida tuziladi. Bunday moliya-sanoat guruhlari iqtisodiy va texnologik munosabatlari o‘zaro aloqador bo‘lmagan korxonalarni hamda texnologik zanjiri o‘zaro bog‘langan korxonalarni o‘z ichiga olishi mumkin.