1-mavzu. Jahon iqtisodiyoti rivojlanishida xalqaro moliya munosabatlarining roli Reja


O’zbekistonning xalqaro valyuta-kredit tashkilotlari bilan o’zaro hamkorlik aloqalari



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə105/106
tarix15.09.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#143871
1   ...   98   99   100   101   102   103   104   105   106
маъруза матни ХММ

18.4. O’zbekistonning xalqaro valyuta-kredit tashkilotlari bilan o’zaro hamkorlik aloqalari

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach erkin ochiq bozor iqtisodiyotini shakllantirish, rivojlantirish va takomillashtirish uchun zarur bo’lgan siyosiy, huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarni barpo etish yillari sifatida munosib tarixiy voqelikka aylandi. Shuningdek, mamlakatimizda barqaror bank tizimi yaratilishi bilan xalqaro moliyaviy munosabatlar ko’lami yanada kengayib bordi, bu holat o’z navbatida xalqaro moliya institutlari va tijorat banklari o’rtasida o’zaro xamkorlik aloqalari rivojlanishiga qulay shart-sharoitlar yaratdi. Hozirgi kunda mamlakatimiz tijorat banklari hamda xalqaro moliya institutlari o’rtasida bir qator samarali loyihalar amalga oshirilmoqda, bu esa respublikamiz iqtisodiyotini taraqqiy etishida mustahkam rol o’ynamoqda.


Bugungi kunda xalqaro moliyaviy institutlarning amaliy aloqalariga qisqacha to’xtaladigan bo’lsak, ulardan Xalqaro Valyuta Fondi (XVF), Jahon banki, Evropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (ETTB), Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) kabi yirik moliyaviy tashkilotlar bilan juda izchil va faol ishlar olib borilmoqda. Mazkur tashkilotlar biz tanlagan yo’l va amalga oshirilayotgan islohotlarning to’g’ri ekanligiga qat’iy ishonch hosil qilganliklari uchun ham yaqin hamkorlik aloqalarini olib bormoqdalar.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 yil 2 iyulda O’zbekiston Respublikasining “Xalqaro valyuta fondi (XVF)ga a’zolik to’g’risida”gi qarori qabul qilindi. O’zbekiston Respublikasi 1992 yil 21 sentyabrda XVFga a’zo bo’lib kirdi hamda Vazirlar Mahkamasining 93-F raqamli 1993 yil 27 martdagi Farmoyishiga muvofiq respublikaning XVF imzo kvotasiga to’lov amalga oshirildi.
O’zbekiston Respublikasining Markaziy banki xalqaro moliya tashkilotlarining aloqa agentligi va avuarlar depozitariysi hisoblanadi va O’zbekiston Respublikasining mazkur muassasalarga a’zoligi bilan bog’liq operatsiyalarni amalga oshirish vakolatiga ega.
O’zbekiston Respublikasining hukumati bilan kelishgan xolda Moliya vazirligi va Markaziy bank yuqorida qayd etilgan xalqaro tashkilotlar oldidagi qarz mablag’lar olish, to’lov foizlarini berish va respublika nomidan qarz majburiyatlarini joylashtirish bilan bog’liq moliyaviy majburiyatlarning o’z vaqtida bajarishni ta’minlaydi.
O’zbekistonga XVFning missiyasi texnikaviy yordam ko’rsatish va xukumatda hamda O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankida konsultatsiyalar o’tkazish maqsadida muntazam kelib turadi. Missiyaning faoliyati iqtisod, moliya sho’’basi va statistika soxasidagi ishning axvolini o’rganishga, shuningdek, keyingi iqtisodiy islohatlar yo’nalishini aniqlashga qaratilgan.
XVF ekspertlarining o’rganishlari natijasi bo’yicha tavsiya va analitik materiallar ishlab chiqiladi, makroiqtisodiyot sohasidagi mavjud muammolarni xal qilish yo’llari haqida tavsiyalar tayyorlanadi, bular barchasi Markaziy bank tomonidan amaliyotda hisobga olinadi.
Bundan tashqari XVF bilan bitimning “Valyuta tartibiga
nisbatan majburiyatlar” moddasiga muvofiq Fond missiyasi bir yilda kamida bir marta O’zbekistondagi joriy makroiqtisodiy va valyuta siyosatining obzorini o’tkazadi. Missiya ishi natijalari bo’yicha tegishli hisobot tayyorlash bilan birga XVF ijrochi direktorlari kengashi muhokamasiga olib chiqiladi.
Xalqaro Valyuta Fondi ekspertlari bilan birgalikdagi xamkorlik va ishlash muayyan ijobiy natijalarni berdi.
XVF bank qonunchiligini, buxgalteriyaning hisobga olish hisob raqamlari yangi rejasini xalkaro standartlarga muvofiq ishlab chiqishga, shuningdek hisobga olish va hisobotning yangi tizimini joriy etishga ko’maklashdi, bu bank nazorati samarasi va uning me’yoriy negizi darajasini oshirish imkonini berdi. XVFning texnikaviy ko’magi to’lovlar elektron tizimini joriy etish va statistika ma’lumotlari yig’ish tizimini yaxshilashga olib keldi.
XVF kreditlari milliy valyutani qo’llab-quvvatlash, to’lov balansini mustaxkamlashga ajratildi va bevosita O’zbekiston hukumatiga beriladi.
XVF raxbariyati va ekspertlari texnik yordam berish va Xukumat hamda Markaziy bankda maslahatlar o’tkazish maqsadida bir necha bor O’zbekiston Respublikasiga tashrif bilan keldi.
O’zbekiston Respublikasi va XVF tomonidan iqtisodiy va moliyaviy masalalar bo’yicha imzolangan Memorandumda respublika iqtisodiyoti islohotini davom ettirish, valyuta bozorini erkinlashtirish, xalqaro joriy operatsiyalar bo’yicha milliy valyutani ayirboshlash qilinishi ta’minlash uchun zarur sharoitlarni yaratish bo’yicha aniq chora-tadbirlar ko’rsatilgan.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining “Xalqaro valyuta fondi bilan hamkorlikni mustahkamlash to’g’risida”gi 1998 yil 18 martdagi 118 qarori bilan iqtisodiy islohatlarni yanada rivojlantirish maqsadida valyuta va savdo tizimini yanada erkinlashtirish bo’yicha tadbirlarni amalga oshirishga atroflicha yondoshishni ishlab chiquvchi ishchi guruxi tuzildi. Uning zimmasiga tashqi savdosi tartibga keltirishni yanada yaxshilash, birjadan tashkari valyuta bozorini mustahkamlash, valyuta tizimini erkinlashtirish va joriy operatsiyalar bo’yicha milliy valyutaning almashtirishiga erishish hamda bir maromdagi almashinuv kursini belgilash, shuningdek XVF bilan bundan buyon xamkorlikka yondoshish va uning tamoyillari bo’yicha takliflar ishlab chiqish yuklatildi.
Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan analitik takliflarda hozirgi vaqtda amal qilayotgan valyuta va savdo tartiblarining o’ziga xos tomonlari ta’kidlanadi, shuningdek, erkinlashtirishning turli ko’rinishlari (jadallashtirilgan va tadrijiy erkinlashtirish) tahlili o’tkaziladi. Bundan tashqari, xujjatda xalqaro tashkilotlar tomonidan erkinlashtirish bo’yicha tadbirlarni moliyaviy qo’llab-quvvatlash imkoniyatlari muhokama etiladi.
Shu bilan birga erkinlashtirish bo’yicha tadbirlarni amalga
oshirish qisqa muddatlar ichida bir qator noxush vaziyatlarga, shu
jumladan, inflyatsiya o’sishiga, pul-kredit va byudjet tizimiga qisqa vaqtga bo’lsa ham tazyiq o’tishiga, shuningdek ba’zi korxonalarda vaqtinchalik moliyaviy qiyinchilpklar bo’lishiga olib kelishi mumkinligi ma’qullanadi. Ularni minimallashtirish maqsadida erkinlashtirish va rasmiylashtirish kursini to’g’rilash bilan bir vaqtda, kelishib olingan tartibda pul-kredit va byudjet siyosatini o’tkazish maqsadga muvofiqdir.
Yuqorida ko’rib o’tilganlardan respublikada yuritilayotgan makroiqtisodiy siyosatni hisobga olib, valyuta bozorlarini bosqima-bosqich erkinlashtirish siyosati ma’qul ko’rildi.
1992 yil sentyabr oyidan boshlab O’zbekiston Respublikasi Jahon bankining teng huquqli a’zosi hisoblanadi. 1992 yil 2 iyulda O’zbekiston Respublikasining “Xalqaro valyuta fondi, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro taraqqiyot assosiasiasi, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Investitsiyalarni kafolatlash bo’yicha ko’p tomonlama agentlikda O’zbekiston Respublikasining a’zoligi to’g’risida”gi qonuni kuchga kirdi. Hozir Toshkentda Jahon bankning vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
Jahon bankining mamlakatga ko’mak berish bo’yicha mo’ljallangan Strategiyasi doirasida Davlatning ustuvor yo’nalishlarini qo’llab-quvvatlash uchun amalga oshirilayotgan dasturlar to’plami asosiy 4 yo’nalishga qaratilgan:
1) iqtisodiy o’sish uchun sharoitni yaxshilash;
2) qishloqlarda iqtisodiy o’sish imkoniyatlarini oshirish;
3) aholiga xizmat ko’rsatish samaradorligini oshirish;
4) atrof-muhitni boshqarish hamda global ommaviy ehtiyojlarning taqdim etilishi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda Jahon banki bilan hamkorlikda quyidagi loyihalar amalga oshirilmoqda:

  • Qishloq xo’jaligi korxonalarini qo’llab-quvvatlash loyihasi;

  • Irrigatsiya infratuzilmalari va drenajlarni rekonstruktsiya qilish loyihasi;

  • Maktab ta’limini rivojlantirish loyihasi;

  • Farg’ona vodiysida suv resurslarini boshqarish loyihasi;

  • Samarqand va Buxoro shaharlarida quvurlar tizimi va tozalash inshoatlarini rekonstruktsiya qilish loyihasi;

  • Sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish loyihasi;

  • Sirdaryo viloyatida suv ta’minotini yaxshilash loyihasi;

  • Talimarjon issiqlik elektr stantsiyasi (IES) qurilishi loyihasi;

  • Sog’liqni saqlash tizimini modernizatsiyalash loyihasi (Salomatlik-3);

  • Elektr energiyasidan foydalanishni nazorat qilish va hisoblashning avtomatlashgan tizimini joriy etish loyihasi;

  • Olot va Qorako’l tumanlarida suv ta’minotini yaxshilash loyihasi va boshq.

Mamlakatimizning Osiyo Taraqqiyot Banki bilan o’zaro hamkorlik aloqalari etarli darajada faol rivojlanib bormoqda. O’zbekiston Respublikasi 1995 yilda Osiyo taraqqiyot bankiga (OTB) a’zo bo’lgan.
O’zbekistonda OTB bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan dastur va loyihalar 4 ta muhim sohalarga yo’naltirilgan. Bular:

  • qishloq xo’jaligi;

  • xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish;

  • transport va bojxona tranziti sohalarida mintaqaviy hamkorlik;

  • bolalikni himoya qilish va boshlang’ich ta’limni egallashga qaratilgan ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish.

OTB va O’zbekiston o’rtasida 2011-2015 yillarda infratuzilma, transport va aloqa tarmoqlarini rivojlantirishni jadallashtirish dasturi doirasida Maroqand – Qarshi uchastkasida temir yo’llarni elektr energiyasi bilan ta’minlash loyihasi, qishloq joylarda tasdiqlangan namunaviy loyihalar asosida uy-joy qurilishi loyihasi, Andijon shahrida suv ta’minoti va sanitariya xizmatlarini yaxshilash loyihasi, Jizzax viloyatining Zafarobod va Arnasoy tumanlarida, shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasi va Xorazm viloyatida qishloq aholi punktlarida suv ta’minotini yaxshilash loyihasi, elektr energiyasidan foydalanish samardorligini oshirish hamda elektr energiyasini nazorat qilish va hisoblashning avtomatlashgan tizimini joriy etish loyihasi bo’yicha bitimlar imzolangan.
Shu bilan bir qatorda OTB va mamlakatimiz hukumati o’rtasida Quyosh energiyasi bo’yicha qo’shma xalqaro ilmiy tadqiqot institutini tashkil etish to’g’risida Memorandum imzolangan. Mazkur Memorandumga asosan OTB tomonidan quyosh energetikasini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishga mablag’lar ajratilishi ko’zda tutilgan.
O’zbekistonda Osiyo Taraqqiyot Banki bilan amalga oshirilgan dasturlar va loyihalar xususan qishloq xo’jaligi, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, irrigatsiya, suv resurslarini boshqarish, transport va bojxona tranziti hamda bolalikni muxofaza qilishga yo’naltirilgan ijtimoiy xizmat ko’rsatish turlari va boshlang’ich ta’limni yaxshilash kabi sohalarni qamrab olgan.
O’zbekiston 1992 yildan Evropa Tiklanish va Taraqqiyot banki a’zosi hisoblanadi. ETTB O’zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirishni qo’llab-quvvatlashni amalga oshiruvchi eng yirik investorlardan biri hisoblanadi.
ETTB O’zbekistonda o’z faoliyati ettita yo’nalishini belgiladi. Bular quyidagi sohalarni rivojlantirishga qaratiladi:

  • moliya sektori va bank infratuzilmasi;

  • kichik va o’rta korxonalar;

  • bozor infratuzilmasi;

  • energetika majmuasi;

  • paxtani qayta ishlash va engil sanoatning boshqa tarmoqlari;

  • sayyohlik infratuzilmasi;

  • tabiiy resurslarni o’zlashtirish.

O’zbekiston Islom Taraqqiyot bankiga 2003 yil 3 sentyabrda a’zo bo’lib kirgan. Ushbu bank tomonidan mamlakatimizda qator loyihalarni moliyalashtirish amalga oshirildi, jumladan, mintaqaviy tez tibbiy yordam markazlarini zarur jihozlar bilan ta’minlash, elektr energiyasi uzatish tarmoqlarini qurish, kichik va xususiy biznes uchun moliyalashtirish liniyalari, kollejlar va umumta’lim maktablarini qurish va jihozlash, davlat moliyasini boshqarish islohotlarini o’tkazishga ko’maklashish va boshqalar.
2006 yilda Islom taraqqiyot banki missiyasining O’zbekistonga tashrifi doirasida Islom taraqqiyot banki va O’zbekiston Respublikasi hukumati o’rtasida 2007-2009 yillardagi uch yillik xamkorlik dasturini ishlab chiqish to’g’risida Memorandum imzolandi. Shu bilan birgalikda ITB boshqaruvchilar kengashining 29 yillik yig’ilishi doirasida O’zbekiston Xususiy sektorni rivojlantirish bo’yicha Islom korporatsiyasiga a’zo bo’lib kirdi. Ushbu korporatsiya xususiy sektorni moliyalashtirishda faol ishtirok etmoqda, shuningdek, korxonalarni qayta qurish va xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishda davlat va xususiy sektorga maslahat xizmatlarini ko’rsatib kelmoqda.
Hozirgi kunda Islom taraqqiyot banki tomonidan O’zbekiston Respublikasida kichik biznesni rivojlantirish, energetika, sog’liqni saqlash, ta’lim kabi sohalarga yo’naltirilgan 11 loyihani amalga oshirish uchun 140,22 mln.dollar ajratilgan.
Shunindek, Islom taraqqiyot banki va O’zbekiston Respublikasi hukumati o’rtasida 14 loyihani o’z ichiga olgan xamkorlik dasturi ishlab chiqilgan. Mazkur dastur doirasida ta’lim, sog’liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish (suv ta’minoti, uy-joy kommunal xo’jaligi va boshq.), energetika, kichik biznesni rivojlantirish, qishloq xo’jaligi kabi sohalarni moliyalashtirish ko’zda tutilgan bo’lib uning umumiy qiymati 418,15 mln.AQSh dollarini tashkil etadi.
Hozirda Islom taraqqiyot banki O’zbekiston hamkorlik qilayotgan xalqaro moliya institutlari orasida etakchi o’rinlardan birini egallab, mamlakat iqtisodiyotida tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O’zbekiston Respublikasining Islom taraqqiyot bankiga qisqa vaqt oralig’idagi a’zoligi mobaynida, Bank bilan moliyaviy va texnik hamkorlik barqaror rivojlanib, ijobiy istiqbollarga ega bo’ldi.
O’zbekistonga bank tomonidan sog’liqni saqlash, ta’lim, irrigatsiya va melioratsiya, energetika, suv ta’minoti, kommunal xo’jalik, yo’l infratuzilmasini rivojlantirish, kichik biznesni qo’llab quvvatlash kabi sohalarda 15 ta loyihani amalga oshirish uchun 463,8 million AQSh dollari ajratilgan.
Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining har yil o’tkaziladigan va Jidda shahrida bo’lib o’tgan 36 yig’ilishi davomida O’zbekiston Respublikasi bilan Islom taraqqiyot banki o’rtasida 2011-2013 yillarga mo’ljallangan uch yillik Dasturni amalga oshirishga doir hamkorlik to’g’risida Memorandum imzolandi. Unda infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish ko’lamini ko’paytirish va umumiy qiymati 655,5 million dollarni tashkil etgan 11ta loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan. 
Yuqoridagilarga asoslangan holda, shuni xulosa qilishimiz mumkinki, Xalqaro Valyuta Fondi, Jahon banki, Evropa Tiklanish va Taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Islom taraqqiyot banki mamlakatimizda qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda o’zining mablag’larini ajratish bilan faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, mamlakatimizdagi bir qator investitsion loyihalarni amalga oshirishda ham mazkur tashkilotlarning o’rni muhimdir.

Yüklə 0,58 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   98   99   100   101   102   103   104   105   106




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin