Xalqaro moliya munosabatlari va xalqaro qayta ishlab chiqarish jarayonlarining o’zaro bog’liqligi Xalqaro moliya yaxlit tizim sifatida faoliyat ko’rsatadi va uning elementlariga quyidagilar kiradi:
Jahon valyuta tizimi – milliy va zahira valyutalar, xalqaro jamoaviy valyutalar, o’zaro konvertirlash shartlari, valyuta pariteti, valyuta kursi, valyuta kurslarini tartibga solishning milliy va xalqaro mexanizmlaridan tashkil topgan.
Xalqaro hisob-kitoblar – moliyaviy instrumentlar, ishlab chiqarish omillari, tovarlar xarakati, shuningdek, xalqaro hisob-kitoblar bilan bog’liq barcha operatsiyalarni aks ettiruvchi to’lov balansiga xizmat qiladi.
Xalqaro moliya bozorlari va muayyan moliyaviy instrumentlar savdosi mexenizmlari – valyuta, kredit, qimmatli qog’ozlar.
Xalqaro soliqqa tortish – pul mablag’lari fondlarini shakllantirish metodi sifatida.
TMKlarning xalqaro moliyaviy menejmenti, bunda transmilliy moliyalashtirish, risklarni boshqarish, xalqaro investitsiyalash jarayoni asosiy o’ringa chiqadi.
Jahon moliyaviy muhiti va unda xalqaro moliya munosabatlarining tutgan o’rni
Jahon iqtisodiyotining tizim sifatidagi faoliyati tovarlar, xizmatlar va ishlab chiqarish omillarining harakati bilan bog’liq. Ushbu bog’liqlik asosida xalqaro moliya munosabatlari yuzaga keladi.
Xalqaro moliya munosabatlari bu xalqaro moliya bozori ishtirokchisi bo’lgan shaxsning qaroriga muvofiq tarzda o’ziga tegishli bo’lgan xorijiy valyutalarning harakat jarayonini tavsiflovchi fundamental iqtisodiy kategoriyadir.
1970 yillarda xalqaro moliya tizimida sezilarli o’zgarishlar sodir bo’ldi va mazkur o’zgarishlar ta’sirida zamonaviy jahon valyuta-moliya tizimi shakllana boshladi. Jahon moliya tizimidagi o’zgarishlar va xalqaro moliya munosabatlarining rivojlanishi ko’p jihatdan trasmilliy korporatsiyalar faoliyati bilan bog’liq bo’lib, ular tomonidan butun dunyo bo’ylab ishlab chiqarish tarmoqlarini vujudga keltirish hamda barcha resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan global strategiya amalga oshirildi. Shuningdek, xalqaro moliya munosabatlari rivojlanishida moliyaviy jihatdan barqaror hamda ko’p sonli xorijiy filiallarga ega bo’lgan transmilliy banklar muhim rol o’ynadi.
Xalqaro kreditlashdan foydalanish xususiyatining o’zgarishi bilan bog’liq ravishda xalqaro kredit bozori hajmi keskin ortib bordi. Uning oxirgi yo’nalishi nafaqat xalqaro ayriboshlash sohasi (mahsulotlar, xizmatlar va boshq.) balki, ishlab chiqarish sohasi ham bo’ldi. Bu holat, birmuncha yirik kreditlarni uzoq muddatlarga jalb etishni, shuningdek, moliya-kredit xizmatlari majmuasini rivojlantirishni talab etardi. 1970 yillarda xalqaro kreditni to’lov balansining taqchilligini bevosita yoki bilvosita moliyalashtirish uchun foydalana boshladilar. Xususiy firmalar bilan bir qatorda yirik qarzdorlar sifatida hukumatlar, davlat tashkilotlari va korxonalar, xalqaro kredit tashkilotlari yuzaga keldi.
Ushbu davrda neft import qiluvchi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar to’lov balanslari jami taqchilligining qariyb 60% xalqaro kapital bozorlari hisobiga moliyalashtirildi. Xalqaro kredit hajmining oshishi nafaqat evrokreditlarning o’sishi hisobiga balki, xorijiy kreditlash bozorlari kengayishi hisobiga sodir bo’ldi. Yaponiya milliy valyutasi “iena” hisobiga xorijiy kreditlar bozori hajmining oshishi natijasida Tokioda ienadagi xorijiy obligatsiyalar emissiyasi hajmi keskin ortdi. Mazkur holat natijasida Yaponiya ienasi evrovalyuta bozorida keng qo’llanila boshlandi.
1970 yillarda xalqaro kapital bozori kengayishiga bir qator omillar ta’sir ko’rsatdi va natijada xalqaro resurslar aylanishi va likvidligi oshib bordi. Ushbu davrda jahon iqtisodiyoti ikkita neft inqirozini boshdan kechirdi va neft narxining birdaniga keskin o’zgarishiga sabab bo’ldi. Mazkur holat natijasida neft eksport qiluvchi mamlakatlarda yirik valyuta ortiqchaligi, neft import qiluvchilarda esa, jumladan ko’plab rivojlangan mamlakatlarda joriy hisoblar bo’yicha taqchillik yuzaga keldi. Bu taqchillik asosan retsipient-mamlakatlarga xalqaro banklar, evroobligatsiyalar bozori orqali tushgan neftedollarlar hisobiga qoplandi.
Jahon iqtisodiyotida ro’y bergan boshqa muhim o’zgarishlar ham xaqaro moliya munosabatlari rivojlanishiga ijobiy va salbiy jihatdan sezilarli darajada ta’sir ko’rsatdi. Ushbu o’zgarishlar jumlasiga, jahon va hududiy valyuta tizimlaridagi o’zgarishlar, valyuta tizimi tamoyillarining o’zgarishi, qarzdorlik inqirozlari, mamlakatlar tomonidan iqtisodiy integratsion birlashmalarning tuzilishi, xalqaro va mintaqaviy moliya tashkilotlarining vujudga kelishi, transmilliy korporatsiya va banklar faoliyatining kengayishi, jahonda ro’y bergan moliyaviy-iqtisodiy inqirozlarni kiritish mumkin.
Xalqaro moliyaning barcha tashkiliy elementlari jahon moliyaviy muhitida birlashadi.
Jahon moliyaviy muhiti – investorlar va korporatsiyalar moliyasi, banklar boshqaruvchilari qabul qiluvchi qarorlarga ta’sir ko’rsatadi hamda jahon moliya bozori o’sishi sharoitini aniqlaydi.
Xalqaro moliya tizimining asosiy funktsiyalari sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin:
valyutalar ayriboshlash va hisob-kitob tizimi shartlarining birxillashuvi;
valyuta kurslari rejimlarini tartiblashtirish va valyuta cheklovlarini tartibga solish;
xalqaro valyuta likvidligini tartibga solish;
kredit, sug’urta, investitsiya va fond operatsiyalari xalqaro qoidalarini birxillashtirish;
mazkur funktsiyalarni amalga oshiruvchi va nazorat qiluvchi xalqaro moliya institutlarini tashkil etish.