Jahon valyuta tizimining samarali hamda barqaror faoliyat ko’rsatishi uning jahon xo’jaligi tuzilmasi va holatiga muvofiqlik darajasiga bevosita bog’liq bo’ladi. Xalqaro moliyaviy muhitda yuzaga kelgan bir qator o’zgarishlar hamda mamlakatlar o’rtasidagi iqtisodiy munosabatlar rivojlanishining ta’siri natijasida jahon valyuta tizimining amal qilish tamoyillari ham o’zgardi.
Jahon valyuta tizimi rivojlanish jarayonida quyidagi bosqichlarini bosib o’tdi:
Parij valyuta tizimi (1867-1914 y.y.);
Genuya valyuta tizimi (1922-1929 y.y);
Bretton-vuds valyuta tizimi (1945-1976 y.y.);
Yamayka valyuta tizimi (1976 yildan hozirgi davrgacha).
Birinchi jahon urushidan keyin mamlakatlar o’rtasidagi tashqi iqtisodiy aloqalarning qayta tiklanishi natijasida jahon valyuta tizimining yangi tamoyillarini ishlab chiqishga zarurat tug’ildi. Ushbu davrdan jahon valyuta tizimi rivojlanishining yangi bosqichi amal qila boshladi. Mazkur bosqich oltin quyilma andozasi yoki Genuya valyuta tizimi sifatida nom oldi.
1922 yilda Genuyada o’tkazilgan moliyaviy va iqtisodiy masalalar bo’yicha xalqaro konferentsiyada rivojlangan mamlakatlardagi oltin zahiralari tashqi savdo va boshqa operatsiyalar bo’yicha xisob-kitoblarni tartibga solish uchun etarli emas deb ta’kidlandi. Xalqaro aylanmada oltin va funt sterlingdan tashqari AQSh dollaridan ham keng foydalanish tavsiya etildi. Xalqaro to’lov vositasi rolini bajarishga yo’naltirilgan ikkala valyuta ham deviz nomini oldi. Germaniya, Avstraliya, Daniya, Norvegiya kabi ko’pgina mamlakatlar oltin deviz standartiga qo’shilishdi.
Genuya valyuta tizimining asosiy tamoyillari ham oldingi Parij valyuta tizimi tamoyillariga o’xshish edi. Mazkur tizimda ham oltin oxirgi jahon puli sifatidagi rolini saqlab qoldi, shu bilan birgalikda oltin paritetlari ham qoldirildi.
Genuya valyuta tizimi quyidagi tamoyillarga asoslanib faoliyat ko’rsatgan:
Tizim asosini oltin va deviz valyutalar tashkil etdi. Ushbu davrda 30 ta mamlakatning pul tizimi oltin-deviz standartiga asoslandi. Biroq, zahira valyuta mavqei rasmiy jihatdan hech bir valyutaga berilmadi, funt sterling va AQSh dollari ushbu sohada etakchilik uchun raqobatlashdi.
Oltin paritetlari saqlab qolindi. Valyutalarning oltinga almashinuvi nafaqat bevosita yo’l bilan (AQSh, Frantsiya, B.Britaniya) balki bilvosita, xorijiy valyutalar orqali ham amalga oshirildi.
Erkin suzuvchi valyuta kurslari rejimi qayta tiklandi.
Valyutani tartibga solish faol valyuta siyosati shaklida xalqaro konferentsiyalarda amalga oshirildi.
Oltin deviz andozasi oltin andozasining muayyan shaklini ifodalab, bunda alohida milliy banknotalar oltinga emas balki boshqa mamlakatlarning valyutalariga (oltin quyilmalarga almashinuvchi devizlarga) almashtirilar edi.
Mazkur sharoitda, milliy valyutalarni oltinga almashtirishning ikkita asosiy usuli shakllandi:
bevosita – deviz rolini bajaruvchi (funt sterling, AQSh dollari) valyutalar uchun;
bilvosita – mazkur tizimning qolgan barcha valyutalari uchun.
Ushbu jahon valyuta tizimida erkin suzuvchi valyuta kurslari tamoyili qo’llanilgan. Genuya tizimining tamoyillariga muvofiq a’zo mamlakatlarning markaziy banklari milliy pul birliklari valyuta kurslarining mumkin bo’lgan tebranishlarini valyutani tartibga solish usullarini (asosan valyuta interventsiyasi) qo’llagan holda ushlab turishlari lozim edi.
barqarorlashtirish fondlari xizmat qildi, mazkur fondlardan eksportni rag’batlantirish maqsadlarida milliy valyuta kursini pasaytirishda foydalanilgan. Bunday fondlar Buyuk Britaniyada 1932 yilda, AQShda 1934 yilda, Belgiyada 1935 yilda, Kanadada 1935 yilda, Gollandiyada 1936 yilda tashkil etilgan.
Ikkinchi jahon urushi xalqaro valyuta va iqtisodiy munosabatlarning to’liq izdan chiqishiga sabab bo’ldi. Xalqaro savdo va xalqaro moliya munosabatlarining asosi butkul o’zgarib ketdi. Mazkur o’zgarishlar natijasida mamlakatlar tomonidan yangi jahon valyuta tizimini tashkil etishga tashabbus qilindi.