Muddatli bitimlar bilan bog’liq operatsiyalar. Tijorat banklarining muddatli bitimlari deb, belgilangan muddatda, ammo ikki ish kunidan keyin amalga oshiriladigan operatsiyalarga aytiladi.
Amaliyotda muddatli bitimlarning keng tarqalgan quyidagi turlari mavjud:
Forvard valyuta bitimi - bu, valyuta bo’yicha bitim imzolangan sanadan boshlab, ikki ish kunidan keyin amalga oshiriladigan to’lovni nazarda tutuvchi bitimdir. Bu bitim aniq bir sanada, yoki ikki sana orasida amalga oshirishni nazarda tutishi mumkin.
Quyidagilar ushbu bitimning ayrim o’ziga xos bo’lgan jihatlari mavjud:
a) bu voz kechib bo’lmaydigan va majburiy shartnomadir. Bitim tuzilgandan keyin mijoz bitimdan voz kechishga xaqqi yo’q. Mijoz shartnomada ko’rsatilgan chet el valyutasini sotib olishi yoki sotishi shart.
b) bu bitim chet el valyutasidagi aniq bir summani tashkil etadi. Mijoz bitimda ko’rsatilgan summadan ko’proq valyutani sotib olishga ham, sotishga ham haqqi yo’q.
v) bitim kelajakdagi aniq bir sanada bajarilishi shart (ikkita aniq sananing orasida). Mijozda forvard bitimi bajarilish sanasini uzoqlashtirishga ham, yaqinlashtirishga ham vakolat yo’q.
Forvard valyuta bitimining shartlari qattiq hisoblanadi, va agar mijoz uning shartlarini bajara olmasa, bank mijozning forvard valyuta bitimidagi majburiyatlarni bajarmasdan ketib qolishiga yo’l qo’ymaydi, balki bitimning muddatini “uzaytiradi” yoki bank o’z hisobidan majburiy ravishda “so’ndiradi”.
Valyuta optsioni. Valyuta optsioni uning xaridoriga ma’lum bir huquqni beradi, ayni paytda, uning zimmasiga kelajakdagi ma’lum muddatda belgilangan narx bo’yicha xorijiy valyutaning muayyan miqdorini xarid qilish yoki sotish majburiyatini yuklamaydi. Optsionni sotuvchi xaridor oldida kelajakdagi muayyan muddatda qat’iy belgilangan narx bo’yicha muayyan miqdordagi xorijiy valyutalarini xarid qilish va sotish majburiyatlarini o’z zimmasiga oladi. Optsion xaridori (shuningdek, optsion egasi deb nomlanadi) ushbu operatsiyani amalga oshirish huquqini olish evaziga belgilangan miqdordagi pulni - vositachilik haqini to’laydi. Optsion oldindan belgilangan muddatgacha kuchga ega bo’ladi. Ushbu muddat ekspiratsiya sanasi deb ataladi.