Depozitar tilxatlar.Global aktsiya transmilliy kompaniyalarning oddiy aktsiyasi hisoblanib, bir vaqtning o’zida bir qancha mamlakatlar fond bozorlarida muomalada bo’ladi.
REPO–bir tomon o’z qimmatli qog’ozlarini shartnomadagi boshqa bir tomonga ma’lum muddatdan so’ng joriy narxdan qimmatroqqa qaytarib sotib olish sharti bilan sotish operatsiyasidir. Natijada, birinchi tomon qimmatli qog’ozlar ta’minoti asosida kredit olgan bo’ladi. Bunda, kredit foiz stavkasi bitimdagi qimmatli qog’ozlarni sotish va qaytarib sotib olish narxlari o’rtasidagi farqdan iborat bo’ladi. Bu esa, inkkinchi tomon foydasi hisoblanadi.
Kredit derivativlari (credit derivatives). Kredit derivativlari kredit risklarini boshqarish strategiyasida foydalaniladi. Ular risklarni an’anaviy boshqarishning portfelni divertsifikatsiyalash va kredit limitlari kabi usullarini nafaqat to’ldiradi, balki ularni o’rnini bosishi mumkin. Kredit derivativlari faqatgina birjadan tashqari bozorda muomalada bo’lishi mumkin. Kredit derivativlarining asosiy shakllariga defolt bo’ladigan aktivlarga svoplar (kredit defolt svopi), kredit optsionlari va yalpi daromadga svoplarni olish mumkin. Ularning asosiy ishtirokchilari xalqaro banklar hisoblanadi.Kredit derivativlar segmentining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatayotgan asosiy omillardan biri xalqaro kreditlash sohasida yagona qonunchilikning mavjud emasligi hisobiga kredit derivativlarning standart hujjatlarining mavjud emasligi hisoblanadi.
Kredit notalari(inglizcha credit-linked note (CLN) so’z birikmasidan olingan) – obligatsiyalarga o’xshash moliyaviy vosita bo’lib, bunday obligatsiyalar kredit shartnomasiga bog’langan bo’ladi. Uning yordamida bank berilgan kreditni qayta moliyalashtiish va unga bog’liq riskni uchinchi shaxs-investorga o’tkazish orqali kredit riskini boshqarish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Bank va investor o’rtasida tuziladigan “Kredit riskiga qatnashish to’g’risida”gi shartnomada namoyon bo’ladi. Ushbu shartnomani tuzish orqali kredit beruvchi bank ushbu qarz mablag’larida uchinchi shaxs (investor)ga ulush huquqini, shuningdek qarzdorning bank tomonidan berilgan kreditlari bo’yicha o’z majburiyatlarini qisman yoki to’liq bajarolmaganligidan yuzaga keluvchi risklarning bir qismini berish imkoniga ega bo’ladi. Bunday shartnomani rasmiylashtirish keyinchalik fond bozorida savdo qilinishi mumkin bo’lgan kredit notasi qimmatli qog’ozlarini berish orqali amalga oshiriladi. Shunday qilib, bankka yirik va riskli kreditlarni kichik bo’laklarga bo’lib, ularni alohida-alohida turli investorlarga sotish imkoniyati paydo bo’ladi. “Kredit riskiga qatnashish to’g’risida”gi shartnomada bankning pul majburiyatlari hajmi kredit shartnomasi bo’yicha qarzdor tomonidan amalga oshiriladigan to’lovlar hajmidan oshmasligi lozim. Shartnoma ishtirokchilari oldida bank majburiyatlarining bajarilishi kredit sharnomasi bo’yicha garovni talab qilish huquqi orqali ta’minlanishi mumkin. Garov shartnomasi kredit notalariga bo’lgan huquqning dastlabki egasini paydo bo’lishi bilan tuzilgan hisoblanadi.
Kredit defolt svoplarining spekulyativ xususiyati ham mavjud bo’lib, ularning iqtisodiy inqirozlar davrida beqarorligi ortadi. Defolt svoplarini asosiy sotuvchilari xedjirlash fondlari hisoblanadi. Inqiroz davrida xaridorlar kredit defolt svoplari bo’yicha qoplamalarni olishga asosiy e’tiborni qaratadi, xedjirlash fondlarining aktivlari esa fond bozorining salbiy ko’rsatkichlari hisobiga kamayib boradi, oqibatda bunday fondlarning aktivlari majburiyatlarini ta’minlay olmasligi mumkin.