16.6. Xalqaro lizing operatsiyalari Lizing. Lizing (inglizcha leasing, lease-ijaraga berish so’zidan olingan) lizing beruvchi tomonidan lizing oluvchiga moddiy qimmatliklarni turli muddatlarga ijaraga taqdim etilishidir. Lizing operatsiyalari qadimdan mavjud bo’lib, eramizdan avvalgi 2 ming yil avval Vavilonda bunday operatsiyalar amalga oshirilgan. Xo’jalik aloqalarining baynalminallashuvi sharoitida ular yangi xususiyatlarini kasb etdi, ularning hajmi, foydalanish sohasi ortdi, operatsiyalarning amalga oshirish texnologiyalari takomillashib bordi. 1950 yillardan boshlab ular xalqaro amaliyotda qo’llanildi.
Xalqaro amaliyotda, muddti bo’yicha asbob-uskunalarni ijaraga berish quyidagi turlarga bo’linadi:
Qisqa (renting) va o’rta (xayring) muddatli - 3 yilgacha. Bunda, standart asbob-uskunalar, ya’ni avtomobillar, traktorlar, temir yo’l vagonlari va shu kabilar lizingga beriladi;
O’rta va uzoq muddatli (lizing)da sanoat texnologiyasi bilan bog’liq asbob - uskunalar ijaraga beriladi.
Lizingning yuqoridagi ikki turi o’rtasidagi farq quyidagilarda namoyon bo’ladi:
rentingda shartnomadagi ob’ekt davomli kelishuvlar bo’yicha ishlatilishi;
uzoq muddatli ijarada esa, ijaraga berilayotgan asbob - uskuna shartnomada belgilangan me’yoriy muddatgacha uzluksiz ishlatilishi mumkin.
Hozir zamonaviy lizing xizmatlari bozorida tuzilayotgan shartnomalarni keng tarqalishi - lizing shakllarining ko’pligi, uning ko’rsatkichlari tez sur’atlarda o’sishi bilan izohlanadi. Jahon bozorida lizing xizmatlarini asosiy qismi uch markazda joylashgandir. Bular:
AQSh;
G’arbiy Evropa;
Yaponiya.
Xorijiy investitsiyalarni tovar shaklda jalb etishning bir ko’rinishi sifatida mamlakatda lizing xizmatlarini ko’payishi iqtisodiyotdagi ishlab chiqarish sektorini rivojlantiradi. Bundan tashqari, xalqaro lizing xalqaro kreditni bir shakli sifatida banklar va lizing kompaniyalari o’rtasida raqobat kuchayishiga turtki bo’ladi. Bu o’z navbatida, ssuda foizlari tushishiga, va natijada, kapitallarni ishlab chiqarish sohalariga oqib kirishi uchun qulay zamin yaratadi.
To’lov balansi taqchilligi sharoitida mamlakat tashqi qarzdorligiga xalqaro lizing operatsiyalarni qo’shilmasligi, uning tashqi iqtisodiy faoliyatdagi afzalligini ko’rsatadi.