1-mavzu. Krish. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy- metodologik tamoyillari Reja


O‘zbekistonning eng yangi tarixini davrlashtirish



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə4/72
tarix07.01.2024
ölçüsü1,35 Mb.
#202287
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   72
O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil

3. O‘zbekistonning eng yangi tarixini davrlashtirish.
Markaziy Osiyo mintaqasi jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo‘lib, insoniyat qadimgi tarixi va madaniyati o‘choqlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Uzoq yillar mobaynida olib borilgan tadqiqotlar natijasida mintaqaning turli viloyatlarida umumiy, bir-biriga o‘xshash, ko‘p hollarda bir-birini takrorlaydigan madaniyatga oid yodgorliklar topib o‘rganilgan va ilmiy doiraga tatbiq etilgan. Chunonchi, O‘rta Osiyo hududlarida qadimgi davrlarda yuz bergan tarixiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlar bir-biriga yaqin bo‘lib, turli migratsion jarayonlarga qaramasdan bu hududda yashagan qadimgi qabilalar hamda elatlarni umumiy va etnik ildizlar birlashtirib turgan. Shuning uchun ham O‘rta Osiyo xalqlarining tarixiy taqdiri qadimgi davrlardan boshlab bir-biriga uzviy bog‘langan bo‘lib, qadimgi davrlar haqida so‘zlaganimizda “Markaziy Osiyo tarixi” va “O‘zbekiston tarixi” atamalarini yonma-yon ishlatishimizning boisi ham ana shundadir.
Ma’lumki, nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyat tarixi uzoq va murakkab jarayon bo‘lib, tarixiy-madaniy voqealarga nihoyatda boy hisoblanadi. So‘nggi yillarda O‘rta Osiyoning turli hududlarida arxeologiya, antropologiya, etnografiya va numizmatikaga oid ko‘plab tadqiqotlar olib borildi hamda tariximizni xolisona yoritish uchun xizmat qiladigan muhim ma’lumotlar to‘plandi. Ushbu ma’lumotlar va ashyolar o‘lka tarixining turli bosqichlaridagi iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy- siyosiy jarayonlari haqida yanada to‘laroq tasavvurlar hosil qilish imkonini berib, ular eng qadimgi xo‘jaliklar va mehnat qurollari, zamonaviy qiyofadagi odamning paydo bo‘lishi, xo‘jalikning ishlab chiqaruvchi shakllariga o‘tilishi, ishlab chiqarishda metalning ishlatila boshlanishi, ayirboshlash va savdo-sotiq, ilk shaharlar va davlatlarning tashkil topishi kabi ko‘plab tarixiy-madaniy jarayonlariga bog‘liq ravishda bo‘ladi. Tarixni davrlashtirishda ushbu jarayonlarga asosiy e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston tarixini zamon talablariga asoslanib davrlashtirish masalasida turlicha nuqtayi nazarlar mavjud. Bu masala yuzasidan, xususan, eng qadimgi davrlardan bugungi kunga qadar bo‘lgan tariximizni davrlashtirishda e’tibor berilishi lozim bo‘lgan tarixiy-madaniy jarayonlar, masalaga sivilizatsion yondashuv, davrlashtirishning metodologik asoslari kabi masalalarga A.Asqarov, E.Rtveladze, A. Sagdullayev va boshqa olimlar e’tibor qaratganlar. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan tadqiqotlardan kelib chiqib, O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalalariga qisqacha to‘xtalib o‘tish lozim.
Chunki o‘rganilayotgan tarixni, avvalo, xronologik izchillikda davrlarga bo‘lib, har bir davrning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib darslik nuqtayi nazaridan ma’ruzalar belgilash hamda dars soatlarini taqsimlash maqsadga muvofiqdir.
Qanchalik sodda ko‘rinmasin, bu jihat ham murakkab masala hisoblangan tarixni to‘g‘ri davrlashtirishni talab etadi. Masalaning eng muhim tomoni esa yoshlarimizga ilmiy asoslangan davrlashtirish yuzasidan tarix fanidan ta’lim berishdir.
Yuqorida ta’kidlanganidek, mustaqillik davriga kelib, haqqoniy tariximizni yaratish borasida olib borilgan tadqiqotlar tufayli sovet davri mafkurasiga asoslangan besh bosqichli formatsion davrlashtirish inkor etildi. Qadimgi tarixni davrlashtirish masalasida tarixiy-madaniy taraqqiyotining ijtimoiy-iqtisodiy omillariga asosiy e’tiborni qaratish g‘oyalari paydo bo‘ldi. Xususan, A.Sagdullaevning fikricha, Markaziy Osiyo tarixining eng qadimgi davri bir necha yuz ming yillarni o‘z ichiga oladi. Yevropa va Osiyo hududlarida tarixiy va madaniy jarayonlar rivojlanishining notekisligi, ayniqsa, turli davrlarda moddiy madaniyatdagi o‘zgarishlarning bir-biriga mos kelmasligi tufayli, ayrim hududlarga tegishli tarixiy sana va davrlashtirish bir-biridan farqlanadi.
A.Asqarovning fikricha, O‘zbekiston tarixi jahon tarixining tarkibiy qismidir. Bu zaminda yuz bergan tarixiy jarayonlarni jahon tarixidan ajratib o‘rganish mumkin emas. Ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik jamiyat taraqqiyoti qonuniyatlarining mahsulidir. Har bir xalq yer kurrasining qaysi mintaqasida yashamasin, taraqqiyotning barcha bosqichlarini u yoki bu darajada bosib o‘tishi shart. Ammo jamiyat rivojlanishi hamma yerda birday kechmagan. Jamiyatning notekis rivojlanish qonuniyati esa qadimgi zamonlarda ko‘proq mintaqaning tabiiy-geografik va ekologik imkoniyatlariga bog‘liq bo‘lgan. Jamiyat hayotida yuz beradigan tub ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, Markaziy Osiyo tarixining rivojlanish darajasi va ana shu mintaqa tarixi taqozo etgan holatdan kelib chiqib, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston tarixini davrlashtirish mumkin. Tarixni davrlashtirish masalasi A.Asqarovning “O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi” monografiyasida ham keng yoritilgan va unda tarixni davrlashtirishda nimalarga e’tibor berish lozimligi ta’kidlanib, O‘zbekiston tarixini 7 ta davrga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiqligi ilgari surilgan. Unda jamiyatda yuz bergan tub o‘zgarishlar hisobga olingan holda, birinchidan, har bir ulkan tarixiy davrda jamiyatning iqtisodiy asosini harakatlantiruvchi kuchlari kimlar edi? Ikkinchidan, jamiyatda mulkka egalik qilishning xarakteri qanday bo‘lgan? Uchinchidan, jamiyat ijtimoiy hayotining ma’naviy asosini qanday mafkura tashkil etgan? - degan savollar qo‘yilib, kishilik jamiyati tarixi davrlashtirilishi kerak, degan fikrni ilgari surgan.
Shu bilan quyidagi davrlashtirish taklif etilgan: O‘zbekistonda “Ibtidoiy to‘da davri”. O‘zbekistonda “Ibtidoiy urug‘chilik jamoasi va mulk egaligining shakllanish davri”. Bu davrni uch bosqichga bo‘ladi: 1-bosqich - matriarxat urug‘ jamoasi bosqichi. 2-bosqich - XX asrning ikkinchi yarmi davomida jahon fanida Shimoliy-Sharqiy Afrikaning Olduvay darasida olib borilgan arxeologik va antropologik izlanishlarga ko‘ra, odamzodning ilk ajdodlari bundan 2,5-3 million yil avval Afrika qit’asida yashay boshlagan. “Homo sapiyens, sapiyens” (aqlli odam) esa, yer kurrasida mil. avv. II million yildan boshlab yashay boshlagan, degan tasavvur paydo bo‘ldi. 3-bosqich urug‘ jamoalarining harbiy demokratiya bosqichi. O‘zbekistonda “Ilk o‘rta asrlar davri”. “O‘rta asrlar davri. Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston tarixining beshinchi davrini “Mustamlakachilik” deb atash mumkin. Uning davriy chegarasi - Rossiya imperiyasi bosqinidan to 1917-yil oktabr to‘ntarishiga qadar davom etgan davrni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston tarixining oltinchi davri “Sovetlar hukmronligi davri” bo‘lib, bu davr 1917-yildan 1991-yilgacha davom etgan. O‘zbekiston tarixining yettinchi davri eng yangi deb nomlanib, bu davr 1991-yil 31-avgustdan to bugungi kungacha bo‘lgan davrlarni qamrab oladi. Yuqorida akademik A.Asqarovning mulohazasi bo‘yicha guruhlar ma’lum juz’iy o‘zgarishlar asosida qabul qilindi.
Mazkur davrlashtirish uslubida ham O‘zbekiston hududining o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li aks etgan. Shuningdek, biz o‘rganayotgan davr, ya’ni O‘zbekiston tarixining yettinchi davri “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” deb atalib, ushbu davr ham o‘z ichida bir necha bosqichlardan iboratdir. Xususan, mustaqillik davrida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar, respublika aholisining fidokorona mehnati tufayli qo‘lga kiritilgan katta yutuq va natijalarni, ularning mohiyati va ahamiyatini hisobga olib mustaqil taraqqiyot davrining 3 bosqichga bo‘linishini ko‘rish mumkin. Birinchi bosqich 1991-2000-yillarni o‘z ichiga olib, bu davrda mustaqillikning poydevori bunyod etilib, “o‘zbek modeli” asosida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sari yo‘l tutildi, O‘zbekiston jahon hamjamiyati tomonidan tan olindi, milliy istiqlol mafkurasi jamiyat hayotiga keng kirib bordi. 2001-2010-yillarni o‘z ichiga olgan ikkinchi bosqich, demokratik o‘zgarishlar, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy hayot sohalarini izchil isloh qilishni ta’minlash davri bo‘ldi.
Uchinchi bosqich esa 2010-yildan 2017-yilgacha bo‘lgan davr hisoblanib, bunda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, fuqarolik institutlarini rivoj lantirish, bozor islohotlarini va iqtisodiyotni liberallashtirish -chuqurlashtirish davri bo‘lib qoldi. Ushbu davrning boshlanishi mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish konsepsiyasining ishlab chiqarilishi bilan bog‘liqdir.
Shuningdek, O‘zbekistonning eng yangi tarixida yuqoridagi bosqichlarga qo‘shimcha ravishda 2017-yildan keyingi davrni ham alohida jarayon sifatida qabul qilish lozim. Mazkur davr tarixi 2016-yil dekabr oyida saylangan O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning strategik taraqqiyotga asoslangan keng ko‘lamli jadal islohotlar davri boshlangani bilan izohlash mumkin. Bu davr hozirgi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot davri deb ham nomlanmoqda.
Mustaqillikka erishganimizdan keyingi davrda O‘zbekistonning eng yangi tarixini yozish soha xodimlari oldidagi dolzarb masalalardan biri bo‘lib, bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshida “O‘zbekistonning yangi tarixi markazini tashkil etish” to‘g‘risidagi Farmoyishiga muvofiq hamda xalqimizning yangi tarixini o‘rganish va yozish, mamlakatimiz hayotida sodir bo‘layotgan katta o‘zgarishlar va uning jahonshumul tarixiy ahamiyatini ko‘rsatishni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 16-dekabrdagi “O‘zbekistonning yangi tarixi”ni tayyorlash va nashr etish to‘g‘risidagi qarorining o‘rni ahamiyatli hisoblanadi. Ushbu qarorga ko‘ra, O‘zbekistonning yangi tarixi”ni yozishda quyidagi asosiy yo‘nalishlar e’tiborga olinishi belgilab berildi: - xalqimiz o‘tmishidagi millat taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy jarayonlarni chuqur ilmiy tadqiq etish va xolisona yoritish; “O‘zbekistonning yangi tarixi”ni yozishda tarix bosqichlari va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot uzluksiz jarayon ekanligini nazarda tutish, tarixiylik va vorisiylik tamoyillariga amal qilish; - O‘zbekiston xalqining buyuk tarixiy merosga ega ekanligi va umumbashariyat qadriyatlariga munosib hissa qo‘shganligini e’tirof etgan holda o‘ziga xos davlat qurilishi an’analari va ularga nisbatan fikrlar, qarashlar xilma-xilligi mavjudligini hisobga olish; - “O‘zbekistonning yangi tarixi”ning har bir qism va bo‘limlarini yozishda biryoqlama, sub’yektiv yondashuvlarga yo‘l qo‘ymasdan yagona tadqiqot uslubiga amal qilish; - O‘zbekiston tarixiga oid voqea-hodisalarni yoritishda uning ko‘hna Turonzamin, Movaraunnahr, Turkiston tarixining tarkibiy qismi bo‘lganligini yodda tutish; - O‘zbekiston tarixi dunyoning turli mintaqalarida sodir bo‘lgan ijtimoiy-tarixiy voqea-hodisalar hamda jahon taraqqiyoti jarayonlari bilan uzviy bog‘liq ekanligini va ularning bir-biriga o‘zaro ta’sirini hisobga olish; - tadqiqot yaratishda eski kommunistik-bolshevistik mafkura aqidalariga va o‘tmishni soxtalashtirishga yo‘l qo‘ymaslik, tarixiy jarayonlarni xolisona baholash; - yoshlarni milliy istiqlol g‘oyalari, vatanparvarlik va umuminsoniylik ruhida tarbiyalashda tarixiy voqea-hodisalarning ahamiyatini e’tiborga olish. “O‘zbekiston milliy davlatchiligining vujudga kelishi va taraqqiy topishining eng yangi tarixini tadqiq etish va o‘qitish, ilmiy, ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik, ma’rifiy adabiyotlarni tayyorlash va chop etish, ilm-fanning ta’lim hamda boshqa ijtimoiy sohalar bilan integratsiyasi mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish borasida ilmiy, madaniy, ta’lim, jamoat muassasalari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarining samaradorligini oshirish, yoshlarda, avvalambor, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar o‘quvchilarida, oliy o‘quv muassasalari talabalarida mamlakat tarixi haqidagi chuqur bilimlarni shakllantirish maqsadida” O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ham O‘zbekistonning eng yangi tarixini yaratishda muhim burilish bo‘lib xizmat qildi. Mazkur qaror bilan O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashining quyidagi asosiy vazifalari belgilandi: - demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning “o‘zbek modeli” mohiyati va mazmunini, jamiyatda barqarorlikni, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borish, hozirgi dunyoda O‘zbekistonning roli va o‘rnini chuqur o‘rganish hamda yaqqol ochib berish; - O‘zbekistonning eng yangi tarixini zamonaviy nazariy-metodologik, fanlararo yondashuvlarga, tarixiylik va xolislik tamoyillariga asoslangan holda tizimli o‘rganishni tashkil etish, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha dolzarb muammolarni ishlab chiqish, shuningdek, buyuk tarixiy-madaniy merosga ega bo‘lgan va jahon sivilizatsiyasining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kuniga baho berishda bir yoqlama yondashuvlarga, aqidaparastlikka yo‘l qo‘ymaslik ishlarini amalga oshirish; - ilmiy, o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini tayyorlash va chop etish ishlarini muvofiqlashtirish, ularda O‘zbekistonning eng yangi tarixini umumjahon va mintaqaviy jarayonlar bilan, shuningdek, hozirgi O‘zbekiston hududida shakllangan xalqlar va davlatlar sivilizatsiyasining tarixiy-madaniy merosi bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rib chiqishni ta’minlash; - O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha ilmiy, o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlar, o‘quv dasturlari monitoringini shakllantirish; - sohada ilmiy-tadqiqot, o‘quv-metodik ishlarning sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va joriy etish; - fuqarolarda tarixiy xotira, milliy o‘zlikni anglash, yuksak ma’naviyat, xalqning tarixiy an’analari, madaniy merosiga hurmat, O‘zbekiston mustaqillikka erishganligining buyuk tarixiy ahamiyatini anglash kabi fazilatlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali oshirib borishga ko‘maklashish; - O‘zbekiston tarixi bo‘yicha zamonaviy chet el ilmiy va o‘quv adabiyotlarini o‘rganishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, hozirgi O‘zbekistonning tarixiy o‘tmishi, sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi, mamlakatda olib borilayotgan demokratik islohotlar to‘g‘risidagi xolis axborotni keng xalqaro jamoatchilikka ilmiy asosda yetkazish.
Qarorda, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlarni ta’lim bilan integratsiyalashuvini mustahkamlash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Jamoatchilik kengashining ishchi organi sifatida O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi metodik markaz belgilangan bo‘lib, uning asosiy vazifalari sifatida Jamoatchilik kengashi faoliyatini ilmiy-metodik ta’minlash, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish bo‘yicha dolzarb masalalarni ishlab chiqish, O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish yuzasidan tanlovlar o‘tkazishda ishtirok etish, davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida O‘zbekistonning eng yangi tarixi tadqiqotlari bo‘yicha ilmiy-texnika loyihalari tanlovlarini vazifalari ro‘yxatiga kiritish uchun takliflar ishlab chiqish, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishning nazariy-metodologik asoslarini takomillashtirish yuzasidan tadqiqotlar olib borish, har yili O‘zbekiston eng yangi tarixining dolzarb masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro va respublika konferensiya hamda seminarlari ro‘yxatini amaldagi tartibda ishlab chiqish belgilangan.
Dunyoda, xususan, O‘zbekistonda yuz berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar davrida tarix fani ham bir qator masalalarni qayta ko‘rib chiqish va chuqur o‘rganish muammosiga duch kelmoqda. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018-yil 18-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “...milliy o‘zligimizni anglash, Vatanimizning qadimiy va boy tarixini o‘rganish, bu borada ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, gumanitar soha olimlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozim”, degan fikrlari bayon qilingan va yuqorida ta'kidlangan masalalr sohaning oldiga ko‘plab ilmiy masalalarni ko‘ndalang qo‘yadi.

Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   72




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin