1-mavzu. Krish. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy- metodologik tamoyillari Reja: 1. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining fan sifatida tutgan o‘rni. Uning o‘rganish ob’yekti va predmeti.
2. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik, ilmiy-nazariy asoslari, usullari va tamoyillari.
3. O‘zbekistonning eng yangi tarixini davrlashtirish.
4. O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishning ahamiyati.
“Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Bizyoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.MirziyoyevKo‘p ming yillik davlatchilik tarixi, boy madaniyat va ma’naviyatiga ega, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbek xalqi hayotida mustaqillik davri tom ma’noda ma’naviy yangilanish jabhasini boshlab berdi.
O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ma’naviy yangilanishlar bois mamlakatimiz XXI asrda milliy tiklanishdan milliy yuksalish tomon yo‘l oldi.
Globallashuv asri bo‘lmish - XXI asr, bir tomondan, umuminsoniy qadriyatlarni oldingi o‘ringa chiqishi, intellektual salohiyat ijtimoiy hayot mezonini belgilovchi darajaga aylanishi, informatsion texnologiyalar taraqqiy etishi bilan izohlansa, ikkinchi tomondan, umumjahon miqyosidagi ma’naviy tahdidlar, “ommaviy madaniyat”ni keng xalq ommasi, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirish, ta’lim-tarbiya sohasida salbiy illatlarning ildiz otishiga sabab bo‘layotgan asr hisoblanadi. Shu bois ham Prezident Sh.M.Mirziyoyev bu masalaga global tarzda yondashib, o‘zining BMT Bosh Assambleyasining 2017-yil sentabrda bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasidagi nutqida alohida to‘xtalib, o‘sib kelayotgan avlodni, avvalo, ma’rifiy savodxonlik ruhida tarbiyalash masalasiga alohida urg‘u berdi.
Shuning uchun ham hozirgi kunda o‘sib kelayotgan avlodning ongi va tafakkurini salbiy illatlardan himoya qilish ma’nosida ularda ma’naviy immunitetni hosil qilish, yoshlarning ongiga ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan azaliy qadriyatlar - ezgulik, odamiylik, bag‘rikenglik, mehr-muhabbat, vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhini singdirishda tarix fanining o‘rni beqiyosdir. Aynan Vatan tarixini anglash orqali o‘sib kelayotgan avlod nafaqat shonli o‘tmish tarixini, balki istiqlolning tom mazmunini, uning mamlakatimiz istiqboliga qaratilgan siyosati mohiyatini yanada teran tushunib yetadilar.
Mustaqillikning o‘tgan yillarida respublika tarixchi olimlari tomonidan katta ahamiyatga molik, dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirildi, qator o‘quv adabiyotlari, darslik, qo‘llanma, monografiyalar chop etildi.
Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda ham xalqimiz tarixini xolis va ilmiy asosda o‘rganish jarayoni davom etmoqda. Xususan, mustaqillikning o‘tgan o‘ttiz yillik davri tarixining turli qirralari ko‘plab olimlar, izlanuvchilar uchun tadqiqot ob’yekti bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston o‘z rivojlanishining yangi, zamonaviy jabhasida Harakatlar strategiyasida - Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amaliy hayotga tadbiq etishni maqsad qilib olgan holda yosh avlodni tarixiy o‘tmishga ulkan muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash masalasini ustuvor vazifa sifatida belgilab oldi.
Shubhasiz, yangi avlod adabiyotlari ham yuqorida ta’kidlangan mulohazalarga hamohang ravishda zamonaviy talablarga javob berishi, ta’lim tizimining sifat jihatidan takomillashuvi uchun unga, avvalo, ilm-fan yangiliklari, innovatsiyalarni jo etish lozim.
Oliy o‘quv yurtlari bakalavriat bosqichida ta’lim olayotgan talabalar uchun havola etilayotgan mazkur darslik yuqorida qayd etilgan fikr-mulohazalarni o‘zida jam etgan. Darslikni tayyorlash jarayonida qator materiallar, xususan, tarixiy adabiyotlar va arxiv hujjatlari, mustaqillik davriga oid amalga oshirilgan tadqiqot natijalari: dissertatsiyalar, monografiyalar, risolalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, hujjat va materiallardan keng foydalanilgan. 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab respublika Oliy o‘quv yurtlarining barcha ta’lim yo‘nalishlarida “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani asosiy fanlardan biri sifatida o‘quv rejaga kiritildi. Shu munosabat bilan bu fanni o‘qitish yuzasidan o‘quv dasturlari ishlab chiqilib, yangi avlod o‘quv adabiyotlari nashr etila boshladi.
Ushbu darslikda “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsad va vazifalari, mustaqillikka erishish arafasida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, mustaqil O‘zbekiston Respublikasining tashkil topishi va uning tarixiy ahamiyati, O‘zbekistonning o‘ziga xos istiqlol va taraqqiyot yo‘li, respublikada demokratik, fuqarolik jamiyati asoslarining shakllanishi, amalga oshirilgan siyosiy islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, bozor munosabatlarining rivojlanishi, ma’naviy va madaniy hamda ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar, mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi o‘zgarishlar, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi hamda xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni va nufuzining ortib borishi kabi masalalar yoritib berilgan.
Darslik O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun o‘quv adabiyotlarning yangi avlodini yaratish konsepsiyasi”da ilgari surilgan talablarga mos ravishda tayyorlangan. Mavzular Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan nomutaxassis fakultetlar bakalavriat bosqichi talabalari uchun mo‘ljallangan hamda shu yo‘nalishda tasdiqlangan “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” namunaviy dasturi asosida yoritilgan.
Har bir mavzu so‘nggida foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati, tayanch tushunchalar, savol va topshiriqlar berilgan. Darslik yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakultetining “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” kafedrasi mualliflari jamoasi tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinadi.