1-mavzu. Krish. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy- metodologik tamoyillari Reja



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə17/72
tarix07.01.2024
ölçüsü1,35 Mb.
#202287
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   72
O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. T. «O‘zbekiston». 1998-y.

  2. Abdulg‘oziy. Shajarai Turk. T. «Cho‘lpon». 1992.

  3. Axmedov B. O‘zbek ulusi. T. «Nur». 1992-y.

  4. Jabborov I. O‘zbek xalqining etnografiyasi. T. «O‘zbekiston». 1994.

  5. Zaki Validiy. O‘zbek urug‘lari. T.1992.

  6. Ziyo Ukukaldi. Turkchilik asoslari. T.1994.

  7. Usmon. Turon. Turkiy xalqlar mafkurasi. T.Cho‘lpon. 1995.

  8. Xasan Ato Abdushiy. Turkiy qavmlar tarixi. T.Cho‘lpon. 1994.

  9. O‘zbekiston tarixi. T.Universtitet. 1996.

4-mavzu. Mustaqillikka erishish arafasida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar
Reja: 1. XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotidagi inqirozli holat.
2. Markazning O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘on siyosati. “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” nomli soxta ishlar.
3. Aholi turmush tarzining og‘irlashuvi. Orol fojiasi.
4. O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning keskinlashishi. Farg‘ona voqealari. 5. Islom Karimov - O‘zbekiston rahbari. Mustaqillik Deklaratsiyasining qabul qilinishi.
1. XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotidagi inqirozli holat. 70 yildan ziyod davom etgan sovet tuzumi va Kommunistik partiya yakka hukmronligi davrida O‘zbekistondagi milliy urf-odatlar va an’analarga qattiq zarba berildi. KPSS mafkuraviy siyosatining SSSR xalqlari ma’naviyatiga jiddiy salbiy ta’siri natijasida jamiyatda madaniy-axloqiy muhit zaiflashdi, ma’naviy qashshoqlik sovet jamiyatini inqirozga yetaklovchi kuchga aylandi. Bu holat oxir-oqibatda milliy tillarning jamiyat hayotidagi mavqeyining pasayishiga, uzoq yillar davomida shakllanib kelgan qadriyatlar, urf-odatlar, an’analarni “o‘tmishning zararli sarqiti” sifatida ta’riflashga, ma’naviyatning uzviy qismi bo‘lgan dinni “xurofot va bid’at” deb talqin qilinishiga va shu asosda millatlarni qaramlik holatida saqlab turishga asos bo‘ldi. Bu yo‘l, o‘z navbatida, “yagona madaniyat” barpo etishga qaratalgan davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan edi.
Tabiiyki, SSSRda istiqomat qilgan turli xalq va elatlarning madaniyati shakli jihatidan har xil edi. Shubhasiz, har bir xalqning zabardast madaniyat arboblari -atoqli olimlari, yozuvchilari, rassomlari, bastakorlari kabi o‘ziga xos jihatlari ko‘pdir. Ular, o‘z navbatida, jahon fani va madaniyatiga munosib hissa qo‘shib kelganlar. Garchi bu yutuqlarning aksariyati sotsialistik ruh berib turuvchi baynalminal madaniyat bo‘lsa-da, uning ko‘p jihatlari yuqori saviyaga mutlaq javob bermas edi.
Ta’kidlash joizki, sovet turmush tarzining ajralmas qismi bo‘lgan sovet qonunlari o‘z andozasiga mos an’ana va urf-odatlarni faol targ‘ib etishi oqibatida umumsovet marosimlari va bayramlari an’ana tusiga aylana boshlagan edi.
O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ko‘pi, asosan, qishloq joylarida istiqomat qilganligi bois qishloq aholisi uchun o‘ylab topilgan mafkuraviy xarakterga ega bayramlar tashkil etildi. O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 1956-yilgi qaroriga binoan paxta terimini boshlashdan avval, ya’ni avgust oyining oxirgi yakshanba kunlari “Qurultoy”, “Urug‘ qadash marosimi”, “Yoshlarni paxtakorlar safiga tantanali qabul qilish”, “Birinchi gul bayrami”, “Ilk maosh”, “Qizil karvon” (“Birinchi oq oltin karvoni”), “Paxta bayrami” (“Hosil bayrami”) nishonlandi.
Bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan, uzoq yillar davomida nishonlab kelingan “Navro‘z” bayrami ham aynan mana shu yillarda ta’qibga uchradi.
Tarixdan ma’lumki, “Navro‘z” bayrami dehqonlar uchun yangi mehnat yili boshlanganini bildirar, bu bayram an’anaga muvofiq bahorda kun va tun tenglashganida nishonlanar edi. “Navro‘z” bayrami asrlar davomida kishilarda ona yerga, tabiatga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otgan, kishilarni bir-biriga nisbatan mehr-muruvvatli va oqibatli bo‘lishiga chorlagan. Biroq XX asr 80-yillarining o‘rtalarida “Navro‘z” bayramini O‘zbekistonda umumxalq bayrami sifatida nishonlash masalasida paydo bo‘lgan to‘siqlar qattiq tortishuvlarga ham sabab bo‘ldi. “Navro‘z” bayramiga qarshi harakatlar ham milliy madaniyatlarni qoralash va cheklashga qaratilgan tadbirlarning biri edi. O‘zbekiston SSR Kompartiya plenumi (1984)dan so‘ng yuzaga kelgan vaziyat I.O‘smonxo‘jayev va R.Abdullayevaning “mafkuraviy bo‘shliqni” yuzaga keltirmaslik borasidagi sa’yi-harakatlari natijasida 1986-yilga kelib, “Navruz” bayrami bekor etildi. Islom diniga aloqasi bo‘lmagan bayramga “diniy” degan tamg‘a bosildi. 1985-1986-yillarda respublika ommaviy axborot vositalari ham bu bayramni o‘z sahifalarida yoritmadi. Garchi “Navro‘z” bayrami sovet hukumati tomonidan e’tiborga loyiq deya hech qachon rag‘batlantirilmagan bo‘lsa-da, lekin sovet hokimiyatining barcha davrlarida bu bayram xalq orasida yashab, an’anaviy tarzda ham nishonlanib kelingan.
Dastlab bu bayram, aprel oyining o‘rtalaridan sun’iy o‘ylab topilgan “Navbahor” nomli bayram bilan almashtirildi. Biroq bunday bayramlarning ta’qiqlab qo‘yilishi xalq noroziligiga sabab bo‘la boshlagani uchun milliy an’analar, marosimlar va bayramlarni qayta tiklash jiddiy masalaga aylandi. “Navbahor” deb atalgan yangi bayram moddiy zaminga ega bo‘lmagani sababli uzoq yashay olmadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, “Navro‘z” bayramini ta’qiqlash haqida respublikada aniq bir qaror qabul qilinmasada, lekin respublika rahbariyati turli yig‘inlarda bu bayram va uning “zararli” tomonlari haqida ma’ruza qilib, yangi madaniyatni shakllantirishda asosiy to‘siq deb ta’riflab keldilar.
XX asrning 80-yillari O‘zbekistonda dinga va diniy qadriyatlarga qarshi yangi harakatlar bo‘lgani bilan ham xarakterlanadi. Bu yillarda mamlakatda diniy idoralarni qattiq nazorat ostiga olish, ularning sonini kamaytirish va faoliyatini doimo nazorat ostida olib turish kuchaydi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov dinning ma’naviy, ijtimoiy, tarixiy ildizlari, inson kamolotidagi o‘rni va ahamiyati ustida to‘xtalib, mustaqil taraqqiyotimizning ilk bosqichlaridayoq quyidagi teran fikrlarni aytgan edi: “Islom inson poklanishi, ruhiy qudrat olishi, qalban uyg‘onishi manbaidir. Shu paytgacha bizga din af’yundir, deb kelishdi. Dindorlar quvg‘in qilindilar. Ota-onasiga janoza o‘qiganlar jazoga tortildilar. Xullas, ne hunarlar ko‘rsatmasinlar islom yashashdan to‘xtamadi. Nega? Chunki u bizning ongimiz, shuurimiz, hayotimiz, borligimizdir.
Bugun ana shu din orqali vujudimizga musaffolik, dilimizga inshoolloh poklik kirib kelmoqda. Axloq-odob, ma’rifat yana xonadonlarimiz fayziga, odamlar hislatiga aylanishida islomning o‘rni benihoya bo‘lmoqda”.
O‘tmish va ma’naviyatga bo‘lgan salbiy munosabat mustabid sovet tuzumining dinga bo‘lgan munosabatida yaqqol o‘z aksini topdi. Bu holni, jumladan, ikkinchi jahon urushidan keyin O‘zbekiston misolida ham ko‘rish mumkin. Ikkinchi jahon urushi davrida strategik maqsadlarga ko‘ra, dinga vaqtinchalik “yon berish” siyosati, urush tugagandan keyin tez orada kommunistik mafkura asosidagi davlatning u bilan “hamjihat” bo‘lishi maqsadga muvofiq emasligi yana bir karra namoyon bo‘ldi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, bu davrda ta’lim infratuzilmasining ancha kengayishi mutaxassis kadrlarning tez ko‘payishiga yordam berdi. Respublikada mavjud bo‘lgan bir necha oliy o‘quv yurtlari O‘zbekiston SSR xalq xo‘jaligi uchun xizmat qiladigan mutaxassislarni ham yetishtirib berdi.
Masalan, 1988-yilda faqat Toshkent shahrining o‘zida 19 ta oliy o‘quv yurti bo‘lib, unda 162,9 ming nafar talaba tahsil oldi. Lekin “kommunizmga intilish”da sinfiylik, partiyaviylik ruhidagi tarbiya maktablarda milliylikni siqib chiqardi.
Mavjud oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida har yili o‘rta hisobda yuz mingdan ortiq mutaxassis tayyorlangan. 1984-yilga kelib, O‘zbekistonda 1 million 300 ming nafar oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar bo‘lgani holda, 5-6 yil o‘qib oliy ma’lumot olgan kadrlarning anchagina qismi o‘zlari mutaxassis bo‘lgan sohalarda ishlamadi. Sirtqi o‘quv tizimida chuqur bilimga intilishdan ko‘ra diplom olish uchun harakatlar kuchayib ketdi. Masalan, 1982-yil O‘zbekiston SSR Xalq Nazorat Qo‘mitasi va O‘zbekiston SSR Prokuraturasi o‘tkazgan tekshiruvlardan ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyatidagi 251 hunar-texnika bilim yurtini bitirib chiqqan 117 mutaxassis viloyatning Chiroqchi tumanidagi Moskva sovxozi va Ohunboboyev nomli kolxozlariga yuborilgan. Lekin ularning atigi 6 nafari o‘z sohasi bo‘yicha ishlagan, 73 nafari bo‘lsa tayinlangan joyiga kelmagan.
Bunday ahvol sanoat shaharlarida ham mavjud bo‘lgan. O‘zbekiston SSR yengil sanoatining o‘zida dastgohlar va mashinalarga xizmat ko‘rsatishning tarmoqdagi normalarini o‘zlashtirish shaharlardagi yirik kombinatlarnikiga nisbatan ko‘p kuch talab qilgani holda, bu sohada ham master yordamchilari, elektriklar, santexniklar yetishmagan. Kommunistik mafkura o‘z hukmronligini ta’minlab borishida madaniyat ham, ayniqsa, muhim edi. Hukmron mafkura mahalliy ma’naviy-madaniy merosning tarbiyaviy ahamiyatini e’tiborga olmas edi.
Davlat tomonidan qabul qilingan qator qaror va rejalar ham real imkoniyatlarni hisobga olmagan holda qabul qilinganligi uchun o‘zbek ma’naviy madaniyatida amalga oshirilgan ishlar ham o‘ziga xos yo‘nalishdan bordi va madaniyat sohalari siyosiylashgan madaniy yo‘lga moslashdi.
Ayni paytda ta’limda, madaniyatda kommunistik g‘oyalar ustunlik qilib, umumsovet madaniyatining me’yor va mezonlari keng targ‘ib etilgani bilan bu davrda o‘zbek madaniyati rivoji faqat tanazzullar va tushkunliklardan iborat bo‘ldi deb e’tirof etish ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Madaniyat va san’at arboblari ijodidagi o‘zgarishlar jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan birgalikda davom etdi. Teatr, rassomchilik, qo‘shiqchilik, xususan, milliy qo‘shiqchilik, ayniqsa, maqom yo‘llarida ijod qilishda ko‘plab iste’dodli xonandalar yetishib chiqdi. O‘sha yillarda adabiyot maydoniga kirib kelgan iqtidorli ijodkorlar asarlarida nisbatan erkin, yutuq va kamchiliklarni ko‘rsatib beruvchi ijodiy fikrlar paydo bo‘ldi. Xususan, A.Muxtorning “Ildizlar”, P.Qodirovning “Olmos kamar”, O‘.Umarbekovning “Bo‘ribosar”, Sh.Xolmirzayevning “Tabassum”, “Kimsasiz hovli”, M.Muhammad Do‘stning “Iste’fo”, T.Murodning “Oydinda yurgan odamlar” kabi asarlarida qisman bo‘lsada, davr mafkurasidan holi bo‘lishga, jamiyatdagi ba’zi kamchiliklarni ochib tashlashga, qadriyatlar qirralarini ko‘rsatishta harakat qilindi.
H.G‘ulomning “Qoradaryo” romanida XX asr 80-yillarining o‘rtalariga kelib jamiyatdagi yuzaga qalqib chiqqan turli salbiy holatlarni Kampirravot darasidagi ulkan suv inshooti qurilishi misolida ko‘rsatib berildi. Mazkur asar o‘sha yillarda sovet mafkurasi bilan bog‘langan, O‘zbekiston Komnartiyasining XVI plenumidan so‘ng yuzaga kelgan vaziyat bilan bog‘liq deb tahlil etilgan bo‘lsada, lekin kishilar asta-sekin sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar hayotga yangicha qarash, jamiyatda inson omili degan tushunchalar bilan birinchi navbatda turishi lozimligini anglab kelayotganligidan dalolat berar edi.
Tahlil etilayotgan yillarda E.Eshmuhamedov va kinodramaturg O.Agishevning “Dahoning yoshligi” filmi SSSR Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. K.Kamalovaning “Achchiq danak” filmi xalqaro kino festivalda sovrin bilan taqdirlandi. D.Sadimovning “Leningradliklar jigarbandlarim mening", A.Qobulovning “Bo‘ysunmas” R.Botirovning “Leytenant Nekrasovning xatosi”, M.Abzalovning “Suyunchi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, A.Hamroyevning “Vodillik kelin”, L.Fayziyevning hind kinochilari bilan hamkorlikda “Ali bobo va qirq qaroqchi” va “Sevgi afsonasi” kabi filmlari suratga olindi. Biroq oshkoralik yillari (1985) ham madaniyatni rivojlantirishdagi bu erkin harakatlarni yanada kengroq olib borish o‘rniga studiyaning rejasini bajarish orqasidan quvish holatlari yuqori edi. Masalan, SSSR Kinematografiya Davlat Komitetining O‘rta Osiyo bo‘yicha muharriri I.Razdorskiy va A.Medvedevlar o‘zbek xalqining boy madaniy turmushini, qolaversa, ichki dunyosini tushunmagan holda markaziy studiyalar qabul qilmagan o‘rtamiyona va bo‘sh ssenariylarni “O‘zbekfilm”ga muntazam jo‘natib turdilar. Natijada N.Rojkov, L.Makarov, B.Saakov, L.Galiyev, Ya.Filippov kabi bir qator kinodramaturglarning mahalliy xalq ma’naviyati va qadriyatlariga yot bo‘lgan oddiy ssenariylariga keng o‘rin berildi.
Garchi “O‘zbekfil'm” jamoasi hozirgi kunga qadar xalq qalbidan muhim o‘rin olib kelayotgan “Alisher Navoiy”, “Maftuningman”, “Mahallada duv-duv gap”, “Nasriddin sarguzashtlari” kabi filmlarni yaratgan bo‘lsa-da, biroq bu jamoadagi kadrlar, asosan, markazda ta’lim olib kelganligi sababli, ular orasida o‘zbek tilini bilib, tushunadiganlar soni juda ozchilikni tashkil etar edi. 1980-yillarning ikkinchi yarmiga kelib O‘zbekistonning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi tahlikali vaziyatda ziyolilar ham partiya ko ‘rsatmalariga to‘la amal qilmaganlikda ayblana boshlandi. Ulardan sovet turmush tarzini ulug‘lovchi asarlar talab etilib, ijodiy uyushmalar faoliyati esa qattiq mafkuraviy nazorat ostiga olindi. Bunday yondashuv O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining 1986-yil oktyabrda bo‘lib o‘tgan uchinchi plenumida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Unda adabiyot, san’at va tarixni soxtalashtirish, milliy tarix va madaniyatni ilohiylashtirish avj olib ketganligi, tarixiy shahslarga baho berishda sinfiy yondashuv, ilmiylik, ob’yektivlik tamoyillariga e’tibor berilmayotganligi keskin tanqid ostiga olindi. Ayniqsa, voqea-hodisalarga baho berishda mafkuraviy manfaatlarning inkor etilayotganligiga urg‘u berildi. 1986-yil 10-noyabrda O‘zbekiston SSR Fanlar Akademiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Kompartiyasi mafkuraviy ishlar bo‘yicha kotibi R.H.Abdullayevaning ma’ruzasi tinglandi. R.H.Abdullayeva respublikada yuzaga kelgan salbiy illatlar, jumladan, qo‘shib yozish, davlatni aldash, poraxo‘rlik, kadrlarni tanlashdagi mahalliychilik va oshna-og‘aynigarchilik respublikaning avvalgi rahbariyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ekanligini ko‘rsatib, bunda mafkuraviy ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, ziyolilarning faoliyati partiya talablari asosida olib borilmaganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Yig‘ilishda paxta sanoati, qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish, respublikada yuzaga kelgan demografik jarayonlar, milliy munosabatlardagi muammolarni hal etishda, rivojlanishning o‘ziga xos bo‘lgan yo‘nalishlarida O‘zbekiston SSR FA olimlarining aniq taklif va mulohazalari yo‘qligiga ham urg‘u berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti kotibi tomonidan yoshlar ta’lim-tarbiyasida mafkuraviy jarayonlarning yetarli emasligi ko‘rsatilgani holda, Amir Temur, Bobur Mirzo shaxsiga berilgan ijobiy ta’riflarga o‘zgartirishlar kiritilmagani va bu o‘tmishni ulug‘lash holatlariga olib kelayotgani, respublika olimlari bu holatlarning oldini olish uchun hech qanday choralar ko‘rmagani alohida qayd etildi.
Umuman olganda, kishilar ongini shakllantirish, milliy, diniy an’analar va qadriyatlarga munosabat masalasi jamiyat taraqqiyotidagi inson omili rolini belgilab beruvchi asosiy shartlardan biri bo‘lib kelganligi uchun sovet davlatining so‘nggi o‘n yilligida e’tiqodlarga munosabat masalasi juda chuqurlashib ketdi.
Aynan mana shu yillardagi chora-tadbirlarni kishilarning ongi va turmush tarzidagi o‘tmish “sarqitlariga” qarshi kurashish, “reaksion” deb atalmish urf-odatlar, marosimlarga amal qilishga barham berish, baynalminal tarbiyani keng ko‘lamda amalga oshirish xalqimizning mustahkamlanib kelayotgan milliy ongiga zarba berish uchun harakat sifatida izohlasa bo‘ladi. Chunki xalqning ongi, e’tiqodi, turmush tarziga chuqur singib borayotgan diniy meros va qadriyatlarga qarshi kurash ham o‘sha yillarda olib borilayotgan mafkuraviy-tarbiyaviy ishlarning asosiy yo‘nalishi bo‘lib qoldi.
SSSRdagi “qayta qurish” jarayoni avval boshdanoq siyosiy sohani qamrab oldi. Iqtisodiy islohotlar esa unga bo‘ysunuvchan ahamiyat kasb etdi. Oradan ko‘p o‘tmay, jadallashib borayotgan siyosiy jarayonlar (oshkoralik, demokratiya) bilan sust rivojlanayotgan iqtisodiyot o‘rtasida katta farq ko‘zga tashlana boshladi. Bu paytda SSSRning tarkibiy qismi bo‘lgan O‘zbekiston SSR ham qayta qurish girdobiga tortildi, uning qonuniyatlariga amal qildi.
Qayta qurishning birinchi bosqichi (1985-1986-yillar), asosan, ma’muriy-tashkiliy tadbirlarning an’anaviy usullarda olib borilishi bilan xarakterlanadi.
Mazkur bosqichda kun tartibiga qo‘yilgan vazifalardan biri ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini ishlab chiqarishga jalb etish asosida jamiyatda tub iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va uning asnosida inson omilini faollashtirishdan iborat bo‘ldi.
Shuning uchun ham 1986-yil 1-mart kuni KPSS XXVII s’yezdining KPSS Markaziy Komitetining siyosiy ma’ruzasi yuzasidan qabul qilingan rezolyutsiyasida fan-texnika taraqqiyotini ta’minlash masalasiga katta e’tibor qaratilgan edi.
Xullas, qayta qurishning dastlabki davrlarida asosiy e’tibor mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratildi. Ammo bunday jarayonni ijtimoiy munosabatlarni takomillashtirmasdan amalga oshirish mumkin emasligi tezda ayon bo‘ldi. Shuning uchun 1986-yilda qayta qurish va ijtimoiy munosabatlar masalasiga alohida e’tibor qaratishga majbur bo‘lindi. Bunday siyosatning markazida esa jamiyatni demokratlashtirish, ma’muriy-buyruqbozlik va byurokratizmga, qonunsizlikka qarshi qurash turar edi.
Bu davrda butun Sovet Ittifoqida bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham dastlab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotda ma’lum o‘zgarishlar yuz bera boshladi, kishilarning ijtimoiy faolligi oshdi, demokratiya sari ayrim qadamlar tashlandi, milliy o‘zlikni anglash jarayoni boshlandi. Ammo tub o‘zgarishlar va barcha sohalarda haqiqiy islohotlarni amalga oshirish yo‘lidagi urinishlar muvaffaqiyat qozonmadi. Statistik ko‘rsatkichlarda qayd etilishicha, 1986-yildan boshlab mamlakatning iqtisodiy ahvoli battar yomonlasha boshladi, 1987-yil yanvardan ishlab chiqarish sur’atlari keskin pasaya bordi, iqtisodiyotda inqirozli holat yuzaga keldi. Qayta qurishning birinchi bosqichi shu tarzda mag‘lubiyatga uchradi.
Mamlakatda tub demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish, boshlangan islohotlarni oxiriga yetkazishning imkoni bo‘lmadi. Bu quyidagi uch sabab bilan izohlanadi: birinchidan, qayta qurishning aniq, izchil, ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan strategiya va taktikasi hamda yagona dasturi yo‘q edi. Ikkinchidan, kommunistik partiya rahbarlari (partokratiya) qayta qurish g‘alabasidan manfaatdor emas edi. Ular har qanday demokratiya va oshkoralik mavjud tuzumning kushandasi ekanligini yaxshi bilishardi. Uchinchidan, M.S.Gorbachyov g‘oyasi asosida qayta qurishni amalga oshirish mumkin emas edi. Sotsializmga xos sinfiy munosabatlar, davlat mulkchiligi, milliy va ijtimoiy sohadagi siyosat yakka partiyaviy rahbarlik, kommunistik mafkura, mustabid boshqaruv usuli hech qachon demokratiya bilan kelisha olmas edi.
Ma’lumki, qayta qurish markazdan boshlandi. Mazkur jarayonning boshlanish paytida jamiyat a’zolari unga juda katta umid bog‘ladilar. Ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, ayrim siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar kishilarda ertangi kun va porloq kelajakka ishonch ruhini yana uyg‘otdi. Dastlabki davrda qayta qurish rahnamolari, ya’ni yuqorining quyi bilan munosabatlarida ma’lum kelishuvchilik, xayrixohlik sezildi.
Lekin keyinchalik vaziyat butkul o‘zgardi. 1986-1987-yillarga kelib, iqtisodiy inqirozning kuchayishi, ijtimoiy muammolarni hal etishdagi uquvsizlik demokratik jarayonlar va oshkoralikning yarim yo‘lda qolib ketishi – bularning barchasi jamiyat a’zolarida qayta qurishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirdi. Qayta qurishning uchinchi yilida uning to‘liq mag‘lub bo‘lishi aniq ko‘zga tashlanib qoldi. Amaliy ishlar, foydali tadbirlar o‘rniga siyosiy jabhadagi turli tadbirlar: siyosiy safsatabozlik, quruq va’dalar, so‘z bilan ish birligining yo‘qligi jamiyatdagi loqaydlik holatini yanada kuchaytirdi. Ijtimoiy faollik o‘rnini sustkashlik, davlat va firqa siyosatiga ishonmaslik, befarqlik va sovuqqonlik egalladi.
Qayta qurish siyosati ma’lum ma’noda oshkoralik, demokratiya va fikrlar xilma-xilligining kuchayishiga imkon yaratgan bo‘lsada, lekin bunday jarayonlarni madaniy shaklda, xalqaro andozalar asosida olib borishga yo‘l qo‘yilmadi. Buning ustiga respublika rahbariyati O‘zbekistonda demokratiya va oshkoralikning kuchayishiga turli to‘siqlar qo‘ydi. Bunga ko‘proq kommunistik mafkuraning yakkahokimligi, ma’muriy-buyruqbozlik tizimi asoratlari ta’sir qilar edi. Natijada tom ma’nodagi oshkoralikka erishib bo‘lmadi, demokratiya esa amalda navbatdagi siyosiy o‘yinlar ko‘rinishini oldi. Fikrlar xilma-xilligining turli ko‘rinishlari esa yuqorining siyosiy va g‘oyaviy masalalarda hurfikrlilik va demokratiyani ta’qib etishi asnosida yuz berdi.
Ana shunday sharoitda O‘zbekistonning o‘sha paytdagi siyosiy rahbariyati Markaz oldida o‘zining no‘noq va noshudligini ko‘rsatdi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti rahbariyati Markazdan qochish, uni inkor etish siyosati o‘rniga ko‘proq unga yaqinlashish va mustahkam birlashish yo‘lini tanladi.
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotiblari I.Usmonxo‘jayev va R.Nishonovda qat’iy jur’at, Ittifoq doirasida respublikaning tutgan o‘rnini ochiq-oydin aytish uchun mardlik va iroda yetishmadi. Aksincha, bu rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari Markaz vazifalarini tezroq uddalash, respublikaning Ittifoqqa boqimanda ekanligi to‘g‘risidagi soxta fikrlarni tasdiqlash va takrorlashdan nariga o‘tmadilar. Ijtimoiy va ma’naviy sohada milliylikning har bir ko‘rinishi internatsionalizm mohiyatiga yot ekanligini isbotlashga harakat qilindi. Bu narsa o‘zbek tiliga munosabat, islom dini, milliy urf-odatlar, an’analar va diniy marosimlar, xususan, Navro‘z bayramiga munosabatda yaqqol ko‘rindi.
Qayta qurishning ikkinchi bosqichi (1987-1990-yillar) jamiyatning barcha jabhalarini kompleks tarzda isloh qilishni kun tartibiga qo‘ydi. Bunday vazifa kommunistik mafkura tomonidan 1987-yil yanvarda yanada aniqlashtirildi. 1987-yil 27-28-yanvarda bo‘lib o‘tgan KPSS MK Plenumida KPSS Markaziy Komitetining Bosh sekretari M.S.Gorbachyov “Qayta qurish va partiyaning kadrlar siyosati to‘g‘risida” ma’ruza qildi. Unda siyosiy islohotlarning asosiy maqsadi oshkoralik va kadrlar siyosatini to‘g‘ri yuritish asosida sovet jamiyatini to‘liq demokratlashtirishga e’tibor qaratildi. Keyinchalik M.S.Gorbachyov o‘zining qayta qurish haqidagi mashhur kitobida bu g‘oyalarini davom ettirdi. Biroq siyosiy tuzumni isloh qilish va demokratlashtirish, keng xalq ommasining siyosiy va tarixiy jarayonlarda ishtirok etishi Markaz uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi natijasida Moskva tomonidan siyosiy va iqtisodiy islohotlar boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yildi. Oqibatda 1990-yil qayta qurishning ikkinchi bosqichi nafaqat SSSR aholisi, balki butun dunyo umid ko‘zi bilan qarayotgan bu siyosat butunlay mag‘lubiyatga uchradi. Bu holat ham SSSR inqirozini tezlashtirdi va uning parchalanishiga olib keldi.

Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   72




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin