O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil
1. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining fan sifatida tutgan o‘rni. Uning o‘rganish ob’yekti va predmeti. Tarix fani ijtimoiy taraqqiyot va o‘tmishga oid turli xil voqelik hamda hodisalarning izchil rivojlanishi, ularning qachon, qayerda, qanday holatda yuz bergani, insoniyatning paydo bo‘lishi va uning tadrijiy-evolyutsion rivojlanishi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlar hamda madaniy-ma’naviy hayot jabhasi va boshqalarni o‘rganadi. Shuningdek, O‘zbekiston tarixi umumjahon-insoniyat tarixining ajralmas qismi hisoblanib, o‘z navbatida, ahamiyatga molik voqeliklarga juda boydir. O‘zbekiston tarixi fani mana shu voqeliklarni boshidan kechirgan qadim va yaqin ajdodlarimizning hayoti qanday bo‘lganini, jahon tarixi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissalarini xolisona va haqqoniy tarzda o‘rganadi.
Ta’kidlash lozimki, tarixiy, milliy-madaniy, axloqiy va diniy qadriyatlarni o‘rganish, tiklash va yangi asoslarda rivojlantirish - yoshlar, ta’lim va tarbiya tizimidagi talabalarning dunyoqarashida milliy g‘urur hamda o‘zlikni anglash, ular ongi-shuurida vatanparvarlik, insonparvarlik g‘oyalarini yanada mustahkamlash bugungi davrning muhim talabi bo‘lib hisoblanadi. Aynan shuning uchun ham oliy ta’lim tizimida “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanini har tomonlama chuqur o‘qitish maqsadida yangi avlod o‘quv dasturlari, o‘quv qo‘llanmalar va darsliklar yaratilib, bu boradagi ilmiy tadqiqotlar natijalari o‘quv jarayoniga joriy etilmoqda. 1991 yildan O‘zbekiston tarixida boshlangan yangi mustaqillik davrini o‘rganish, shu davrda ro‘y bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, iqtisodiy hayot, madaniy-ma’rifiy yangilanishlar masalasini o‘rganish - o‘sib kelayotgan avlod, yuksak ma’naviyatli shaxsni tarbiyalashda, shubhasiz, katta ahamiyat kasb etadi.
Masala mohiyatining dolzarbligini hisobga olib, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab respublika Oliy o‘quv yurtlarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanini o‘qitish jarayoni boshlandi. Shubhasiz yaqin o‘tmish tarixini xolisona va ilmiy jihatdan o‘rganish tarixchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Tarixiy haqiqatning to‘la ro‘yobga chiqishi, haqqoniy tarix yozilishida tarix fanining predmeti va ob’yektining to‘g‘ri belgilanishi muhim ahamiyatga egadir. Chunki O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani uchun ham boshqa barcha fanlar qatori predmet va ob’yekt masalasi asosiy masala bo‘lib hisoblanadi. Zero, fanning o‘rganish predmeti va ob’yekti aniq bo‘lmasa, uning oldidagi vazifa noaniq bo‘lib, maqsadga erishish mushkul bo‘ladi. Bunday holat o‘quv jarayoni samaradorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani boshqa ijtimoiy va tabiat fanlaridan farqli o‘laroq mustaqil fan hisoblanadi. Shuningdek, u barcha fanlar orasida alohida o‘z o‘rni va mavqeyiga ega. U barcha fanlar tarixini ham o‘z ichiga olgan holda ularning rivojiga katta ta’sir etadi. Bu uning o‘rganish predmeti va ob’yekti hamda vazifasida to‘la namoyon bo‘lmog‘i kerak. Tarix fani o‘z xususiyatiga ko‘ra, birinchidan, o‘zining butun diqqat e’tiborini faqat yaqin o‘tmishga qaratadi, undan saboq beradi, xulosa chiqaradi, o‘tgan davrning hayot tarzi, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, iqtisodiy jarayonlarini o‘rganadi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani boshqa ijtimoiy fanlarga nisbatan ancha aniq fandir. U matematika usulidan ham keng foydalanadi. Tarixiy voqea va hodisalar qat’iy aniqlikda, davriy ketma-ketlik - xronologik asosda o‘rganiladi. Shuningdek, tarixiy voqea va hodisalar, hujjat va dalillarning haqiqiy va haqiqiy emasligi, ular qachon, qayerda, qanday tarixiy muhit va sharoitlarda tarixan voqe’ bo‘lgani aniqlanadi. Va nihoyat, bo‘lib o‘tgan voqeliklarning aniq sabab va oqibatlari, shu bilan birga, ularning aniq shakl-shamoyillari va holati aniqlanadi.
Uchinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani mamlakatimiz yaqin o‘tmishidagi siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy hayotining ahvoli, holatini o‘rganadi, ulardan kelajak uchun saboq va xulosa chiqaradi. Mustaqillikka erishishidagi murakkab siyosiy ahvol tahlil etilgan holda istiqlolning qanchalik ulug‘ ne’mat ekanligi ko‘rsatib beriladi. Bu esa kelajak avlod uchun dasturilamal sifatida xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani ko‘p qirralik va xilma-xillik xususiyatiga ega. U jamiyat taraqqiyotining va inqirozlarining faqat bir tomoninigina emas, balki jamiyatning hamma tomonlarini uzviy, o‘zaro bog‘liqlikda, bir butunlikda o‘rganadi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani mamlakatning yaqin o‘tmishdagi voqeliklari, insoniyat hayoti, jamiyat taraqqiyotini tahlil qiladi. Uning o‘rganish predmetiga esa mana shu makondagi jamiki voqelik va jarayonlar, ulardagi umumiy aloqadorlik va yaxlit birlik hamda qonuniyatlar hodisasi va jarayonlar, umuman, xalq va insonning yaratuvchanlik faoliyati kiradi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, butun bir xalqlar, elatlar, millatlar va davlatlarga taalluqli bo‘lgan murakkab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar tarixda o‘z aksini topadi. Tadqiqotchilarning e’tirof etishlaricha, inson har qanday tarixning predmeti hisoblanadi. Har bir voqea, hodisa inson (yoki uning bir guruhi - xalq) xatti-harakati, uning ko‘zlagan ma’lum maqsadga intilishi jarayonida sodir bo‘ladi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining o‘rganish makoni - ob’yekti mamlakatning eng yangi tarixi davri hisoblanadi. Mazkur davr respublika mustaqillikka erishganidan to shu bugungi kunga qadar bo‘lgan hayot tarzini qamrab oladi. Tarixiy ob’yekt (makon)ga nisbatan O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining maqsadi, vazifasi, yo‘nalishi va harakat (faoliyat) doirasi yoki chegarasi belgilanadi. Ma’lum bir ma’noda ob’yekt bilan predmet bir-biriga juda yaqin tushuncha bo‘lsa-da, ular tarix fanida tutgan o‘rni va vazifasi bilan farqlanadi.
Ob’yekt aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik mintaqaviy chegaralar, ma’lum bir xalq, millat, mamlakat tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, ma’lum hudud doirasidagi voqea va hodisalarning bir butun va yaxlitlikda o‘z ichiga oladi.
Predmet esa mana shu bir butun ob’yekt ichidagi aniq siyosiy, tarixiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan iborat bo‘ladi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani fan sifatida ijtimoiy-siyosiy, umuminsoniy xarakterdagi fan bo‘lib, inson va millat o‘z o‘tmishini bilishi, o‘zligini anglashi hamda kelajagini belgilashida asosiy dasturilamal hisoblanadi.
Shu bilan birga, u ijtimoiy-siyosiy hayot sohasidagi yagona fan ham emas.
Jamiyat, umuman, insoniyat o‘tmishini o‘rganuvchi boshqa soha fanlari ham bor.
Masalan, arxeologiya, etnologiya, geologiya, antropologiya, demografiya, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa fanlar shular jumlasidandir. Ammo boshqa fanlarning hammasi tabiat, jamiyat ham, avvalo, katta tarixda aks etadi. Soha tarixi fanlari ham tarix fanining o‘rganish ob’yekti va predmeti hisoblanadi.
Tarix fani boshqa, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan mustahkam va uzviy aloqa birligida rivojlanadi. Shuning uchun ham tarixchilar falsafa, adabiyot, tilshunoslik, dinshunoslik va boshqa fanlarni bilmay turib, haqqoniy tarixni to‘la yoritib berolmaydilar.
Shuni ham aytish lozimki, tarix bilan boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning o‘rganish ob’yekti bitta, ya’ni jamiyat hisoblanadi. Predmeti esa inson va tabiatdir.
Shuning uchun ham boshqa fanlar tarix fani taraqqiyotiga, tarixiy haqiqatlarning ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. Shuningdek, tarix fani ham boshqa soha fanlari rivojiga katta ta’sir etadi. Bundan tashqari tarix boshqa fanlarni, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlarning ham tarixidir. Chunki boshqa fanlarning hammasi ham tarix mahsulidir.
Muxtasar qilib aytganda, tarix fani, ya’ni Vatan tarixi - millat va Vatan kelajagining ravnaq topishida muhim ahamiyatga ega. Masalaning mohiyati shundaki, birinchidan, ijtimoiy-gumanitar fanlarning rivojlanishi har jihatdan tarix fanining naqadar haqqoniy bo‘lishiga bog‘liqdir. Chunki ular tarix bilan bevosita bog‘liq. Ikkinchidan, tarix falsafasi qanchalik to‘la va ravon tarzda yuzaga chiqsa, boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning mazmun va mohiyati hamda ta’sirchanligi ham shuncha yuksak darajada bo‘ladi.
Tarix falsafasi deganda, tarix, ya’ni o‘tmish tajribasi va sabog‘idan to‘g‘ri xulosa chiqara olish tushuniladi. Boshqacha qilib aytganda, o‘tmish-tarixga qarab, kelajakni his etish, ko‘ra bilish va to‘g‘ri belgilay olish ham tarix falsafasini anglashni bildiradi.
Tadqiqotchilarning e’tirof etishlaricha, insonning shaxsiy manfaat va ehtiyojlari, qolaversa, uning qobiliyati, iste’dodi, voqelikni teran idrok etishi tarix falsafasini anglab yetishda muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, inson aql-idroki, uning tafakkur darajasi, hayotiy falsafasi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lidagi barcha sa’y-harakatlari hamda intilishlari ma’lum millat va jamiyat mentalitetini belgilab beradi. Mana shu mentalitet millat yoki xalqning umummadaniy-ma’naviy darajasi, aql-idroki va tafakkur maydonining salohiyatiga qarab o‘ziga xos mazmun-mohiyat kasb etadi. Tarix esa ana shu murakkab, ziddiyatli, shu bilan birga, qudratli ruhiyat va faoliyat orqali xotiraga aylanadi. Bu holat tarix falsafasini o‘zida ifoda etadi.