5-6-mavzu. Mustaqil O‘zbekiston respublikasining tashkil topishi va uning tarixiy ahamiyati. O‘zbekistonning o‘ziga xos istiqlol va tarqqiyot yo‘li
Reja: 1. Mustaqillik arafasida respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvol.
O‘zlikni anglashga intilishning kuchayishi.
Siyosiy tizimdagi o‘zgarishlar. Mustaqillikning e’lon qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasining tashkil etilishi.
I.Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi.
O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini tanlashi. Taraqqiyotning “o‘zbek modeli” va uning o‘ziga xos xususiyatlari.
Mustaqil O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasining yaratilishi.
Davlat ramzlarining qabul qilinishi.
1. Mustaqillik arafasida respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvol. O‘zlikni anglashga intilishning kuchayishi. XX asrning 80-yillari sobiq sovet davlatida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy jihatdan yaqqol tunazzul holati yuzaga kelib qolgan davr edi. “Qayta qurish” siyosati barbod bo‘lishi, ma’muriy-buyrukbozlikka asoslangan, mulkchilikning turli shakllari raqobat asosida saqlanishni inkor etgan mavhum siyosiy, sinfiy, umumiy manfaatlarni milliy manfaatlardan ustun qo‘ygan, yagona partiya ish hukmronligiga tayangan mustabid tuzum butunlay istiqbolsiz ekanini amalda yana bir bor ko‘rsatgan edi. Bu vaqtda O‘zbekiston iqtisodiy hayoti juda og‘ir ahvolda, xususan, sanoatning bir yoqlama rivojlanib, “paxta” sanoat kompleksiga moslashishi, ekologik ahvolning og‘irlashib, onalar va bolalar o‘limining oshib ketishi, millatlararo munosabatlarda ziddiyatli holatlar yuzaga kelib, milliy mojarolar yanada kuchayib, milliy urf-odatlar, qadriyatlar ta’qib ostida qolishi respublikani tang ahvolga solib qo‘ygan edi. 1989-yil sentabrda KPSS MQning navbatdagi plenumida ham I.A.Karimov respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol tang vaziyatga tushib qolganligini alohida ta’kidlab o‘tadi. Biroq markaz respublikalar milliy manfaatlarini o‘ylashdan yiroq edi. Respublikada sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar avvallari markazning qanchalik e’tiboridan chetda qolgan bo‘lsa endilikda ham uni mamlakatda iqtisodiy inqirozlar kuchayib turgan vaqtda bu hol umuman qiziqtirmas edi. Shuningdek, O‘zbekistonda ham ishlab chiqarish asta-sekin so‘na bordi. Masalan, 1987-yilda O‘zbekistonda milliy daromad kishi boshiga 1985-yildagiga nisbatan 94,5 %ni tashkil qildi. Ijtimoiy mehnat unumdorligi 1986-1990-yillarda biron marta ham 1985-yildagi darajaga yetib bormadi. Bu davrlarda sanoat va qishloq xo‘jaligining bir qancha sohalari nafaqat kishi boshiga, balki mutlaq miqdori ham kamayib ketdi. Po‘lat, traktor, paxta terish mashinalari, ekskavator, ko‘prikli kran, qog‘oz, paxta tolasi, shohi gazlama, go‘sht ishlab chiqarish miqdori ancha kamaydi. Qishloq xo‘jaligida ham paxta va sabzavot turlarining hosildorligi pasaydi. Aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, o‘rtacha ish haqi to‘lash va boshqa ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston Rossiyadan deyarli ikki barobar orqada qola boshladi. Buning asosiy sababi - bu yillarda har bir viloyat bo‘yicha aniq dasturlar, ichki rezervlar hisobidan ishni to‘g‘ri tashkil etish, ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish, qancha miqdorda, kimga va qachon qo‘shimcha xom ashyo ajratish evaziga ahvolni yaxshilash imkoniyatlari to‘g‘risida amaliy tadbirlar bo‘lmagan. Bu davrda yildan-yilga tobora keskinlashib kelayotgan asosiy ijtimoiy muammo - bu aholi o‘rtasida ishsizlar sonining jadal ravishda o‘sib borishi edi. Mamlakatimiz rahbari o‘sha davrda vujudga kelgan ahvoldan chiqish yo‘li sifatida quyidagilarni belgilab berdi: a) ishlarning ahvoliga xolis baho berish, respublikadagi vaziyatni sog‘lomlashtirishning konkret va aniq-puxta dasturini ishlab chiqish; b) hayotning barcha sohalarida qat’iy tartib va intizom o‘rnatish, rahbar kadrlarni joy-joyiga to‘g‘ri qo‘yish, ularga nisbatan talabchanlikni oshirish.
Demak, yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda harbiy xizmatchilar bilan olib boriladigan ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida mustaqillikkacha bo‘lgan davr bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy jarayonlarni falsafiy-mantiqiy tushunish, istiqlol tarixini anglash, tarixiy-siyosiy voqelik va hodisalarga tahliliy yondashish, ularning bosqichma-bosqich kurashlar evaziga qo‘lga kiritilganini idrok etish masalalarga chuqur yondashish zarur edi.
Respublikadagi vaziyatni yaxshi tushungan O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan 1989-yil 17-avgustda “Qishloqda yashovchi har bir oilani tomorqa bilan ta’minlash, ularga yakka tartibda uy-joy qurish uchun barcha sharoitlarni yaratib berish haqida” qaror qabul qilindi. Mazkur qaror qabul qilinganidan so‘ng o‘tgan bir yil mobaynida 60 mingdan ziyod oilaga yer uchastkalari ajratib berildi.
Respublikada mavjud bo‘lgan tomorqalar butun ekin maydonlarining 5 foizini tashkil etgan, jami 200 ming gektar yerni tashkil etdi. Ayni paytda bu yerlarning har gektaridan ko‘plab daromad olindi.
Yer uchastkalari yiriklashtirilgan holda dehqon shaxsiy yordamchi xo‘jalikda yetishtirilgan mahsulotning oilasidan ortgan qismini bozorga chiqarish imkoniga ham ega bo‘ldi. Natijada mayda tovar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yila boshladi. Bunday yordamchi xo‘jaliklar bozor munosabatlarini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga muayyan hissa qo‘sha boshladilar.
Bu harakatlar zamirida mustaqil tiklanish, milliy davlatchilikni tuzish uchun harakatlarni sezish mumkin edi. 1989-yilning oxirlariga kelib o‘zbek tiliga ham Davlat tili maqomini berish uchun olib borilgan harakatlar milliy davlatchilikni rivoj lantirishning bir yo‘li edi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish harakatlari 1988-yildan boshlangan bo‘lsada, hali-hanuz bir qarorga kelishning imkoni yo‘q, matbuotda esa bu haqida turli qarashlar va fikrlar bildirilar, aniq bir natija belgilashning imkoni bo‘lmas, markazniig ta’siri ham kuchli edi. Respublikada rahbarlikni boshlagan I.A.Karimov alohida komissiya tuzish haqida ko‘rsatma beradi. Ushbu komissiya xalq fikrini o‘rganib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini beruvchi qonun loyihasini tayyorlashi kerak edi. Yangi tuzilgan komissiya tarkibiga norasmiy tashkilotlarning vakillari ham kiritilgan edi. Loyiha muhokama qilinayotgan to‘rt oy davomida komissiyaga jami to‘rt mingga yaqin maktub kelib tushdi, bu xatlarga jami 150 mingdan ortiq kishi imzo chekkan edi.
Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda bu takliflar o‘rganib chiqildi va tezda qonun loyihasining yangi uch varianti yuzaga keldi. Bular komissiya loyihasi, yozuvchilar uyushmasi tuzgan loyiha, norasmiy tashkilotlar vakillari tuzgan loyihalardan iborat edi. Barcha loyihalar ochiq, xolis muhokama etildi va ularni o‘rganish, umumlashtirish asosida yangi loyiha tayyorlanib, u 1989-yil 11-oktabr kuni matbuotda e’lon qilindi. Loyiha umumxalq muhokamasidan so‘ng O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining 1989-yil 21-oktabrda bo‘lgan 11-sessiyasida “O‘zbekiston SSRning Davlat tili haqida” Qonuni qabul qilindi. Shundan so‘ng davlat tilini izchil takomillashtirish maqsadida keng harakatlar boshlandi. Qonunda belgilanganidek, Respublikada qonun loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirlar aniq belgilangan holda faqat rahbar xodimlargina emas, balki turli millat vakillari bilan muntazam aloqada bo‘luvchi kishilar, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar, ijtimoiy ta’minot, xalq maorifi, madaniyat va sog‘liqni saqlash, savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish, aloqa, transport, kommunal xo‘jalik, ommaviy axborot vositalari xodimlari, o‘z vazifalarini bajarishi uchun yetarli darajada davlat tilini bilishlari kerakligi ta’kidlangandi.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston rahbariyati o‘zbek tilini davlat tili darajasiga ko‘tarishda respublikada istiqomat qiladigan boshqa xalqlarning milliy manfaatlarini ham hisobga oldi. Davlat tili haqidagi qonunda o‘zbek tilining davlat tili sifatida rivojlanishi boshqa milliy tillarning manfaatlariga zid kelmasligi belgilangan edi. Qonunga respublikada yashovchi barcha xalq va millat vakillari teng huquqli ekanini ko‘rsatuvchi modda ham kiritildi.
Bunday yondashuv asosida 1995-yil 24-avgustda “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori e’lon qilindi.
Bu qaror Davlat tili haqidagi Qonunni to‘ldirdi. Shundan so‘ng respublikadagi rusiyzabon aholining davlat tilini egallashlari uchun yanada ko‘proq imkoniyat yaratish, shu munosabat bilan maktablar, maktabgacha ta’lim, maktabdan tashqari muassasalardagi o‘zbek ta’limini yanada yaxshilash, takomillashtirish, ular uchun yangi dastur, darslik hamda boshqa o‘quv qo‘llanmalarini yaratish, davlat tilini jadallashtirib o‘rgatishning zarur uslubiyotini tezkorlik bilan ishlab chiqish, bu muhim tadbirda ana shu soha mutaxassislarining keng va faol ishtirokini ta’minlash maqsadida bir qator vazifalar ham amalga oshirildi. Shuningdek, harbiy, diniy va boshqa sohalarda kerakli til belgilanishiga urg‘u berildi.
O‘zbek tilining ijtimoiy-siyosiy va ilmiy-texnikaviy atamalarini tartibga keltirish va takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Ministrlar Soveti huzurida maxsus Atamalar qo‘mitasi tashkil etildi. Bu qo‘mita oldiga tegishli vazifalar qo‘yildi. Qo‘mita dastlabki vaqtdan boshlab matbuotda berilgan, radio va teleko‘rsatuvlarda qo‘llangan atamalarni, 15 ta vazirlik, qo‘mita va idoralardan kelgan, shu idoralarga taalluqli atama va nomlanishlarni to‘plab, muhokama etdi.
Umuman, 1989-yilda qabul qilingan davlat tili haqidagi qonun ayrim kamchiliklardan holi bo‘lmasa-da, biroq bu qonunning murakkab ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda qabul qilinganini hisobga olsak, bunday kamchiliklarning sabablarini tushunib olish qiyin emas edi. Mazkur qonun xalq madaniy merosi, milliy qadriyatlarini o‘rganish, tarixiy xotirani tiklash, shu asosda milliy ong, ruhiyat mustahkamligi, ijtimoiy faollik kuchayishiga ham yo‘l ochib berdi. Shu ma’noda milliy tillarga davlat maqomi berilishi sotsialistik tuzumga qarshi olib borilayotgan mustaqillik yo‘lidagi harakatlarning kuchayishiga ham ijobiy ta’sir etdi. Davlat tili haqidagi qonun milliy o‘zlikni anglash, milliy davlatchilikni tiklash yo‘lida respublikadagi yana bir tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim siyosiy qadam bo‘ldi va milliy mustaqillikning ma’naviy poydevoriga asos bo‘ldi. O‘z-o‘zidan, ushbu Qonun o‘zbek xalqining mavqeyini tiklashga, uning ijtimoiy hayotning barcha sohalarida to‘la amal qilishiga katta imkon yaratdi. 1y9il90- 31-oktabrga kelib Oliy Sovetning 12-chaqiriq uchinchi sessiyasida O‘zbekiston Birinchi Prezidenti tavsiyasi bilan respublika prokurorining ittifoq prokuroriga qaramligiga barham berish va bu tizimning mustaqilligini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Prokurori Respublika oliy organi tomonidan tayinlandi. Umuman, 1990-yilga kelib sovet davlatining hukmronligi inqirozga uchrayotgan, ittifoqdosh respublikalar o‘z milliy mustaqilligi uchun keng harakatlarni olib borayotgan davrlar bo‘ldi. O‘zbekistonning yangi rahbariyati ham mustabid tuzum uchun butkul yot bo‘lgan yangi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar bilan maydonga chiqdi. Aynan mana shu davr respublikaning mustaqillik sari yo‘l olishi bilan ifodalandi. O‘zbekistonning Birinchi rahbari I.A.Karimov boshchiligida boshlangan bu yo‘l tarixiy-ma’naviy tiklanish, markaz tomonidan olib borilgan qatag‘onlik siyosatiga chek qo‘yish, o‘zbek xalqi sha’nini himoya qilish, iqtisodiy tanazzul holatini cheklash, ichki bozorni himoyalash, butkul yangi ijtimoiy himoya siyosatini olib borish, markaz ta’sirini kamaytirish va boshqa keng qamrovli tadbirlardan iborat bo‘ldi. 1990-yil bahorida Islom Karimov “Gorbachyovcha qayta qurish” boshi berk ko‘chaga kirib qolganini anglab yetdi. O‘sha vaqtda SSSR siyosatchilari orasida bunday odamlar kamdan-kam edi. Rossiyada va boshqa ittifoqdosh respublikalarda tobora kuchayib borayotgan tartibsizliklar O‘zbekistonda ham yuz bermasligi uchun qat’iy choralar ko‘rish kerak edi. O‘zbekistonda hokimiyatning ozgina zaiflashuvi ham respublikada millatlararo nizolar yangidan boshlanishiga, ijtimoiy portlashlarga olib kelishi mumkin edi.
Lekin baribir vujudga kelgan inqiroziy holatni to‘xtatib bo‘lmas edi. Shu sababdan ham davlat yemirilishidan jiddiy xavotirga tushgan sobiq ittifoq rahbariyati 1990-yilning kuzida markaz va respublikalar o‘rtasidagi munosabatlarni yangi holatga o‘tkazish maqsadida muzokara jarayonini boshlashga majbur bo‘ldi. 1990-yil oxirlariga kelib Boltiqbo‘yi mamlakatlari mustaqillik to‘g‘risidagi talablarni SSSR Oliy Kengashi majlisi va xalq deputatlari quriltoyiga ko‘ndalang qilib qo‘yganlaridan so‘ng Prezident M.Gorbachev bir guruhni deputatlar va rahbarlar bilan vaziyatni o‘rganish, aniqrog‘i, tazyiq qilish, ta’sirini o‘tkazish maqsadida Boltiqbo‘yiga bordi. Guruh tarkibida O‘zbekiston Prezidenti I.Karimov ham bor edi. U yerda I.Karimov haqiqat bilan yuzma-yuz keldi va shunda juda katta qat’iyat va favqulodda jur’at bilan munosabatini bildirdi. Komissiya ishini yakunlamasdanoq Gorbachevni ham, uning manfaatlarini qo‘llab-quvvatlovchi guruhni ham tashlab, tezda orqaga qaytdi. Bu bilan u Boltiqbo‘yi xalqlarinining talablari qonuniy ekanligi, mustaqillik SSSR tarkibidan chiqish-tarixiy haqiqat, inson haq-huquqlarinining tantanasi ekanligini oshkora namoyon qildi. Haqiqatdan ham ittifoq tarkibida turib hech qanday milliy ravnaq, ma’naviy taraqqiyot to‘g‘risida gap bo‘lishi ham mumkin emas edi. 1991-yil avgust oyiga kelib butun mamlakatda voqealar shu darajada chuvalashib ketdiki, uning yechimini topish o‘ta mushkul bo‘lib qoldi. Shu vaziyatdan foydalanib 19-21-avgust kunlari Moskvada davlat to‘ntarishi qilishga urinib ko‘rildi. Favqullodda holat davlat qo‘mitasi tuzilib, SSSR Prezidenti M.Gorbachev zo‘ravonlik bilan vazifasidan chetlashtirildi. Shu sababli Gorbachev va uning atrofidagilar norozi bo‘lishiga va qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, O‘zbekiston Respublikasi respublika Prezidentligini joriy etdi.