Moliyaviy hisobot tahlili printsiplariga quyidagilar kiradi:
Ishonchlilik–axborotda muhim xato yoki g‘arazlik bo‘lmasa, foydalanuvchilar ularga tayanishlari mumkin bo‘lsa ishonchli hisoblanadi.
Ko‘rsatkichlarning qiyosiyligi–moliyaviy axborot foydali va mazmunli bo‘lishi uchun u turli hisobot davrlaridagi axborotga qiyoslanadigan bo‘lishi lozim. Hisobotdan foydalanuvchilar xo‘jalik yurituvchi sub’ekt moliyaviy hisobotni tayyorlash chog‘ida foydalangan hisob siyosatidan, bu siyosatdagi barcha o‘zgarishlardan va bunday o‘zgarishlarning natijalaridan xabardor bo‘lishi zarur.
Tushunarlilik–moliyaviy hisobotda keltiriladigan axborotlar foydalanuvchilar uchun tushunarli va sodda bo‘lishi lozim.
Ahamiyatlilik–moliyaviy axborotning ahamiyatligi moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar qarorlar qabul qilish jarayonida ularning ehtiyojini qondirishi va operatsion, moliyaviy hamda xo‘jalik faoliyatiga doir voqealarga baho berishda ularga yordam berishi lozimligini bildiradi. Axborotning mohiyati va qiymati (muhimligi) uning ahamiyatliligiga ta’sir qilishi mumkin.
Moliyaviy hisobot tahlili printsiplariga quyidagilar kiradi:
Muhimlik–agar axborotning tushirib qoldirilishi yoki noto‘g‘ri ko‘rsatilishi axborotdan foydalanuvchilarning moliyaviy hisobot asosida qabul qiladigan iqtisodiy qarorlariga ta’sir qilsa, bunday axborot muhim hisoblanadi.
Tugallik–ishonchlilikni ta’minlash uchun moliyaviy hisobotlardagi axborot to‘la bo‘lishi kerak.
Davomiylik– moliyaviy hisobot tahlilining davomiylik qoidasi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt doimiy xarakat qilishini va uzoq muddat davomida o‘z faoliyatini davom ettirishini, ya’ni xo‘jalik yurituvchi sub’ektning o‘zini tugatishiga yoki o‘z faoliyati sohasini qisqartirishga ehtiyoji yo‘qligini bildiradi.
Ehtiyotkorlik–ehtiyotkorlik tamoyili moliyaviy hisobotda aktivlar va daromadlar narxining oshirilib yuborilishiga va majburiyatlar yoki xarajatlar bahosi kamaytirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozimligini bildiradi. Bu tamoyilning qo‘llanishi yashirin zaxiralarni barpo etishga yoki ta’minotni oshirib ko‘rsatishga, aktivlar yoki foydani, majburiyatlar va xarajatlarni ataylab kamaytirishga va oshirib ko‘rsatishga huquq bermaydi.
Izchillik–moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar xo‘jalik yurituvchi sub’ektning turli hisobot davrlaridagi moliyaviy hisobotlarini uning moliyaviy ahvolidagi o‘zgarishlar tamoyillarini aniqlash uchun qiyoslash imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak.
Zamonaviylik– axborot o‘z vaqtida berilgan taqdirdagina u foydali bo‘ladi. Agar moliyaviy hisobotlar undan foydalanuvchilar tasarrufiga tuzilgan vaqtdan keyin oqilona vaqt ichida taqdim etilmasa, uning foydasi qolmaydi.
Xolislik–moliyaviy hisobot sub’ektning moliyaviy ahvolini, uning faoliyati moliyaviy natijalarini va pul mablag‘larining xarakatini xolisona ko‘rsatishi lozim.