1-mavzu: Muloqot madaniyatining fan sifatida rivojlanishi


-mavzu: О‘zbekistonda muloqot madaniyatining rivojlanishi



Yüklə 236,5 Kb.
səhifə2/10
tarix24.12.2023
ölçüsü236,5 Kb.
#191663
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
MULOQOT MADANIYATI

2-mavzu: О‘zbekistonda muloqot madaniyatining rivojlanishi
Reja:

  1. Shaxsning shakllanishidagi psixologik-pedagogik masalalar

  2. Muloqotning muvaffaqiyatli bo'lishida shaxs sifatlarining o'rni

  3. Shaxsni muloqot usullariga o'rgatish

Shaxsning har tomonlama shakllanishida muloqotning ahamiyati katta. Oddiy narsalarni o'rganish uchun ham taqlid orqali o'zaro muloqotda bo'lish zarur. Jamiyat qonun-qoidalariga asoslangan holda munosabatlar rivojlanadi. Individ bilan shaxs muloqoti o'rtasida juda katta farqni ko'rish mumkin. Masalan, go'dak, ruhiy kasal, ongi past rivojlangan kishilarning muloqoti bilan yetuk rivojlangan, ongi yuksak kishining muloqoti o'rtasida katta farq bor. Ongli shaxs muloqotni boshlashdan avval miyasida o'ylaydi, so'zlarini rejalashtiradi. Shaxsning jismoniy, aqliy, axloqiy va estetik rivojlanishida muloqotning o'rni katta. Masalan, axloqiy rivojlanish uchun oilada, maktabda, bog'chada bolaga kattalar muloqot orqali ta'sir qiladilar. Shuningdek, estetik, aqliy, jismoniy rivojlantirish uchun o'quvchiga o'qituvchi muloqot orqali ta'sir etishga harakat qiladi. Demak, muloqot ta'sir qilish vositasi bo'lib ham xizmat qiladi.


Shaxs muloqotini shakllantirishda uning yoshi, jinsi, kasbi, dunyoqarashini hisobga olgan holda ish olib borish lozim. Masalan, biz kichik yoshdagi bolalarga kattalarga nisbatan qo'llaydigan so'zlarni ishlatmaymiz. Har bir yosh davriga kiradigan kishilarga o'ziga xos so'zlar qo'llaniladi. Bunda so'zning ta'sir kuchi hisobga olinadi. Shaxsning temperament (mijoz) xususiyatlariga qarab muloqot usullarini qo'llash katta ahamiyatga ega. Shaxsda ko'nikma, bilim, malakalarning hosil bo'lishida muloqotning o'rni beqiyos. Oddiy ko'nikmalar («to'g'ri o'tir, qo'lingni yuv, joyingga bor, salom ber») ham muloqot orqali singdiriladi.
Shaxs muloqotining shakJlanishida uning tarbiyalanganlik darajasi muhim o'rin egallaydi. Masalan, shaxsga kuchli ta'sir etadigan so'zlarni qo'llasangiz ham u qabul qilmasligi, sizning bergan ko'rsatmalaringizga amal qilmasligi mumkin. Chunki u yoshligidan muomala madaniyatini egallashi kerak. Muloqotning shakllanishida maqsad to'g'ri qo'yilishi lozim. Muloqot ta'lim-tarbiya jarayonida, turli vaziyatlarda rivojlanadi. Masalan, oilada, mahallada, jamoada, guruhda. Agar oilada kattalar bir-birlariga qo'pol munosabatda bo'lsalar, bola ham ularga taqlid qilib atrofdagilar bilan nizolarga borishi mumkin.
Har tomonlama rivojlangan, yetuk, komil inson (shaxs)ni tarbiyalash uchun yoshlarni erkin fikrlaydigan qilib voyaga yetkazish zarur. Demak, muloqot fikrlash bilan uzviy bog'liq holda shakllanadi.
Shaxsning shakllanishida muloqotning ahamiyati haqida psixolog olimlar o'z fikrlarini bayon qilganlar. Jumladan, psixolog B.G. Ananev «Odam bilishning predmeti sifatida» asarida bu masalani chuqur tahlil qilgan. U bilimning turli elementlarini egallash muvaffaqiyatli o'zlashtirishning garovi ekanligini ta'kidlaydi. Bilimlarni egallash muloqot orqali amalga oshirilishini ham uqtirib o'tadi. Agar kishilar o'zaro bir-birlariga axborot uzatmasalar, tajribalarini muloqot orqali almashmasalar rivojlanmay qolishlari to'g'risida B.G. Ananev asosli fikrlarni keltiradi.
B.G. Ananev fikricha muloqot ijtimoiy va individual holatdir. Shuning uchun nutq bilan uzviy bog'liq, kommunikativ vazifani bajarishda pantomimika, imo-ishoralar muloqot shakllari sifatida yuzaga chiqadi.
Demak, olim muloqot tushunchasini umumiy, yosh va pedagogik psixologiya kabi fanlar uchun chuqur tahlil qilib bergan.
Hozirgi paytda mamlakatimizda va xorijda muloqot muammosiga qiziqish ortib bormoqda. Bozor iqtisodiyoti sharoitida kishilarning bir-birlari bilan qiladigan muloqoti katta ahamiyatga ega. Psixolog olim V.N. Myasishev muloqot masalasiga chuqur yondashgan, uni o'rgangan. Boshqa olimlar muloqotni nutq kommunikatsiyasi bilan bog'lab o'rgangan bo'lsalar, V.N. Myasishev muloqotni jarayon sifatida o'rgangan. Ya'ni shaxslarning bir-biriga muloqot orqali ta'sir ko'rsatishlarini, bir-birlarini idrok qilish obyekti sifatida tahlil qiladi. Uning fikricha: «Shaxs turlicha munosabatlarda qarama-qarshi sifatlarni namoyon qilishi mumkin.»
Tajribali psixolog A.A. Bodalyev esa shaxs o'yinda, o'qishda, muloqotda, ya'ni faoliyatning turli sohalarida o'zining o'rnini bilishi zarurligini uqtiradi. U o'zining «Shaxs va jamiyat» kitobida bu masalaga katta e'tibor berib, bu muammolar kam o'rganilganligini ta'kidlaydi. A. A. Bodalyevning fikricha, «insonni muloqot orqali tarbiyalashda bu unga qanday ta'sir qilishini avvaldan o'ylash zarur».
Muloqotning muvaffaqiyatli bo'lishida shaxsning shakllangan sifatlari, fazilatlarining ahamiyati juda katta. Jumladan, shaxsda ijobiy fazilatlar yaxshi shakllangan bo'lsa (xushmuomalalik, kamtarlik, insonparvarlik, to'g'ri so'zlilik, vijdonlilik kabilar) muloqot jarayoni yaxshi o'tadi. Chunki shaxslar bir-birini to'g'ri tushunishlari uchun, muloqot muvaffaqiyatli bo'lishi uchun ular samimiy bo'lishlari lozim. Samimiylik insonning eng ajoyib fazilatlaridan biri bo'lib, voqea-hodisalarga oqilona munosabatda bo'lish, turli ta'sirlarga berilmaslikdir.
Bolalar yoshlikdan avvalo oilada, so'ngra ta'lim maskanlarida muloqotga o'rgatib boriladi. Muloqotga o'rgatishning usullaridan biri muloqot ko'nikmasini mashg'ulotlar tarzida shakllantirishdir. Bolani bog'cha sharoitida tarbiyachi turli mashg'ulotlar o'tkazib muloqotga o'rgatadi. Avval elementar o'zini tutish, kattalarga qanday gapirish, salom berish, minnatdorchilik bildirish kabi usullar tarkib topadi. Maktab yoshi davrida va keyinchalik shaxs ijtimoiy-psixologik treninglar orqali muloqotga o'rgatiladi. Shaxsning o'zi bu usullarga ijobiy munosabat bildirishi, faol harakat qilishi zarur. Chunki shaxs muloqotda bo'lmasdan faoliyat subyekti sifatida ham, individual inson sifatida ham to'laqonli rivojlana olmaydi. A.A. Bodalyev fikricha, hatto o'yin faoliyatida bola muloqotda bo'ladi. Ta'lim jarayonining asosida muloqotga o'rgatish masalasi turadi. Mehnat taiimi jarayonida kishilar doimo muloqotga ehtiyoj sezadilar. Muloqotning tarbiyaviy ahamiyati shundaki, u insonning dunyoqarashini kengaytiradi va psixikasini rivojlantiradi. Ya'ni barcha ruhiy jarayonlar muloqot orqali shakllanadi.
Jamoa muhitini shakllantirishda ikkinchi yo'nalish jamoa a'zolarining ruhiy madaniyatini shakllantirishdir. Shu maqsadda o'quvchilarga ularning insoniy muloqot, inson shaxsi, bir-birini baholash xususiyatlari («men va boshqalar», «men boshqalarning ko'zi bilan») to'g'risidagi mulohazalarini rag'batlantiruvchi axborotni berish zarur. Uni insholar, suhbatlar, treninglar orqali uyushtirish mumkin. Maxsus mashqlar orqali muloqot usullariga o'rgatish-shular jumlasidan. Ruhiy madaniyatga o'rgatishni o'smirlik yoshidan boshlash muhim, chunki o'z shaxsi haqidagi axborotga qat'iy ehtiyoj xuddi shu davrda vujudga keladi. O'smirlikda o'zining «Men»i xususida ziddiyatli kechinmalar boshlanadi. O'z ruhiy holati haqida xayol surish kuchaygan, muloqot juda ahamiyatli va g'oyat tanlab o'tkaziladigan yoshda inson shaxsi, shaxslararo muloqot to'g'risidagi axborot zarurdir.
N.P. Anikeyeva fikricha, boshqa odamlar bilan muloqotda har bir shaxs muayyan ijtimoiy rolni egallaydi. Rollar shaxsning tabiatini toiaroq ochib berishi yoki uni niqoblashi mumkin. Lekin pozitsiya — rollarni tanlash albatta insonning o'z mohiyatiga, uning kuchiga, zaifligiga, salohiyat darajasiga, o'z-o'zini tanqid qila olishiga, xulq-atvorining puxtaligiga, o'zini chetdan ko'ra bilish qobiliyatiga bog'liq bo'ladi. (Jamoada ruhiy muhit.)
Ba'zan muloqotdagi muvaffaqiyatsizliklar yoshlarni benuqsonroq, himoyalanganroq bo'lish uchun o'zidagi eng yaxshi xislatni yashirishga, buzishga majbur etadi. Erta o'smirlik paytida yigit va qizlar yakkalik holatini boshdan kechiradi. Ular his-tuyg'ularini hech kimga aytishmaydi. O'zi haqidagi va atrofdagi kishilar haqidagi axborot — muloqot usullarini va mazmunli muloqotni tashkil etishga intilishni belgilab beradi. Buning uchun ruhiy tusdagi muayyan ma'lumotlarga ega bo'lish kerak. Har bir kishiga xos bo'lgan ruhiy xususiyatlar asab tizimi turi bilan belgilanadi va avvalo temperamentda: ta'sir ko'rsatish sur'atida, tabiiy signallarda (ovoz, yorug'lik, rang, hid, haroratning o'zgarishi), ijtimoiy signallarda (so'z, voqea, o'ta sezgirlikda, emotsional ko'zg'aluvchanlik, tashvishlilik darajasi, ekstraversiya, introversiya) namoyon bo'ladi. Ekstroversiya bilan introversiya kishining ruhiy tavsifi sifatida muloqot sohasida yorqin namoyon bo'ladi. Ekstroversiya — individning tashqi dunyoga, introversiya — ichki dunyoga nisbatan qarashidir. Asab faoliyatining kuchli tipi bilan bog'liq ekstroversiya xususiyatlari ustun bo'lgan kishilar ancha kirishimli, aloqalar, tanishishlar borasida erkin muomalaga moyil bo'ladilar. Ular ishtiyoq bilan yangi tanishlar orttiradilar, shovqin-suronli davralarni yoqtiradilar. Introvertlar — bu asab faoliyatining zaif tipiga mansub kishilardir. Ular o'z ichki dunyolariga berilishga, kechinmalarga moyil. Atrofdagilardan ko'p tashvishlanadilar, ular yaqinlarning tor doirasini ma'qul ko'radilar. «Ekstroversiya-introversiya» o'qining o'rtalarida joylashgan kishilar psixologiyada sentrovertlar degan nomni olgan. Ular me'yorida kirishimli, me'yorida yolg'izlikka moyildirlar.
Nutq bilan ishlash orqali ham muloqotga o'rgatish mumkin. Masalan, ovozni baland chiqarib she'r o'qish, hikoyani so'zlab berish kabi treninglar ham muloqotning shakllanishiga yordam beradi. Maktabgacha yoshdagi bolalarni o'yin faoliyati davomida muloqotga o'rgatish oson kechadi.
Muloqotga o'rgatishda o'yin va noo'yin shakllarini qo'shib olib borishning ahamiyati katta:

  1. Darsga norasmiy muloqot elementlarini kiritish. Ayni paylda didaktik o'yinlardan foydalanish. Ularda muloqot tashkilotchisi rolini muallim emas, o'quvchilardan biri bajarishi.

  2. E'tiborni javobning ijobiy jihatlariga qaratish. O'quvchilar o'rtoqlarining javoblarini xolisona baholashga maxsus o'rgatiladi, ayni paytda eng kichik tafsilot, detallargacha e'tiborni qaratib, o'rtoqlarining javoblaridagi eng muvaffaqiyatli jihatlarini ajratib ko'rsatishni o'rganish. Kamchiliklarni qanday qilib yo'qotish haqida bahslashish, kamchilikni bitta o'quvchining o'ziga aytish orqali ta'sir qilish.

  3. Insonlar o'rtasidagi ijtimoiy munosabatlar Sharqda o'ziga xos xususiyatga ega. Ushbu o'quv qo'llanma jamiyatning yangilanish davrida inson ma'naviyati va ruhiyatida ro'y berayotgan o'zgarishlarning psixologik tabiatini anglashga yordam beradi.

Yaratiladigan yangi qo'llanmalar oldiga o'quvchi yoshlarning ma'naviy dunyosini boyitish, ularning ongiga milliy g'oya asoslarini singdirish, vatanparvarlik hissini tarbiyalash, o'tmish va buyuk kelajak haqida fikrlash, u bilan faxrlanish hissi, yangicha tafakkur shakllanishi jarayonidagi ziddiyatlar va ularni bartaraf etish muammolarini teran yoritish talab etiladi.


3-mavzu: Inson yoshi davrlanishida muloqot madaniyati.

Reja:

  1. Go'daklarning kattalar bilan bo'ladigan muloqoti

  2. Ilk bolalik davrida muloqotning o'ziga xosligi

  3. Kichik maktab yoshidagi bolalar muloqoti

  4. O'smirlarning kattalar bilan bo'ladigan muloqoti

Oilada bola tug'ilishi bilan oila a'zolari u bilan muloqotga kirishishga harakat qiladilar. Lekin chaqaloq muloqotga darhol tayyor bo'lmaydi: uxlaydi, yig'laydi va emadi. Chaqaloq o'zining hayotini shartsiz refleks, ya'ni qichqiriq bilan boshlaydi. Birinchi qichqiriq nutqning birinchi belgisidir. Ayrim olimlar birinchi qichqiriqni salbiy emotsiya deb ataydilar. Haqiqatdan ham chaqaloq o'zining qichqirig'i bilan uyquga, ovqatga, issiqlikka bo'lgan ehtiyojini bildiradi.


Insonning tabiati shundayki, u atrofdagilar bilan muloqotda bo'lmasdan yashay olmaydi. Bola tug'ilganda uning onasi o'zining mehrini muloqot orqali beradi. Shuningdek, oilaning boshqa kattalari ham chaqaloq bilan muloqotda bo'lmasdan turolmaydi. Kattalar tomonidan bo'ladigan to'g'ri muloqot chaqaloqda muloqotga bo'lgan ehtiyojni shakllantiradi. Chaqaloq bir oylik bo'lganda «ga», «da», «ua» kabi nutq belgilari paydo bo'ladi. Bolaning muloqoti reaktly (passiv) yoki aktiv (faol) shaklda bo'ladi. Bolaning kattalar bilan qiladigan muloqoti dastlab kattalarning labi va ko'zlariga qarashdan boshlanadi. Ijobiy muloqotda bo'lish uchun kattalar bolaga ko'proq kulgulari bilan ta'sir etishlari maqsadga muvofiq. Bolani qo'lga olib ko'targanda u juda xursand bo'ladi. Bir yarim — ikki oylikda bola kattalarning jilmayishiga o'zining kulgusi bilan javob qaytaradi. Ona bola uchun ehtiyojlarini qondiruvchi eng asosiy kishi . Ona uchun ham bola barchadan aziz.
Kattalar go'daklar bilan doimo ijobiy emotsional munosabatda boTishlari zarur. 4—5 oylik go'dakning munosabati o'ziga xos xarakterga ega. U o'z oila a'zolarini begona kishilardan ajratadi. Kattalar doimo go'dak atrofida parvona bo'laversalar, u o'yinchoq o'ynamaydi, onasidan ajrasa injiq bo'lib qoladi. 7—9 oylik bola kattalarning nutqini va harakatini diqqat bilan kuzatadi. So'ngra u kattalarning og'zidan chiqqan so'zlarni takrorlashga harakat qiladi. Bu davrdagi bolalar kattalarning harakatlarini taqlid qilish orqali egallaydi. Masalan, stol ustini artishga, idish-tovoqlarni ko'tarishga harakat qiladi. Kattalar bolaning ehtiyojlarini qondiribgina qolmasdan, turli buyumlar bilan harakat qilishga ham o'rgatadilar, ya'ni hatti-harakatlarini boshqaradilar. Bir yoshgacha bola kattalarning nutqini tinglaydi.
O'yinchoq — ko'ngilochar predmet bo'lib qolmasdan, balki bolaning ruhiy rivojlanishi vositasidir. 2—3 yoshli bola o'yinchoqlar bilan o'ynay boshlaydi. O'yinchoqlar yorqin rangli, qo'ng'iroqli, ovozli bo'lishi bolada ijobiy emotsiyani keltirib chiqaradi. Onasi bolaga o'yinchoq o'ynashni o'rgatadi. O'yinchoqlar bolaning idrokini rivojlantiradi. Bolalarning yetakchi faoliyati maktabgacha davrda o'yin bo'lib hisoblanadi. Kattalar o'yinchoqlar tilidan bola bilan muloqotda bo'lishlari muhim ahamiyatga ega. O'yinchoq o'ynaganda bolalar uni qimirlatishga va og'ziga solishga, ichini ochib ko'rishga harakat qiladilar. 9 oylik bolalarga endi o'yinchoqdan tashqari qog'oz, qalam ham berish kerak. Shunda bolada yozma nutqni, rasmlar chizish elementlarini shakllantirish mumkin bo'ladi.
O'yin orqali bolalarda sezgi, idrok, xotira, fikrlash, fantaziya, hayolot kabi ruhiy jarayonlar, ruhiy xususiyatlar shuningdek, xarakter xislatlari, qobiliyat turlari, temperament (mijoz) tiplari rivojlanadi. Bolalarning nutqini, muloqotini rivojlantirishda kattalar muhim rol o'ynaydilar. Bolaning ongini o'stirish uchun o'yinchoqlar va o'yin turlaridan ko'proq foydalanish yaxshi natija beradi.
Ilk bolalik davrida ham o'yinning ahamiyati katta. Bu davrda bolalar predmetli o'yinchoqlarni ko'proq o'ynaydilar. Ayniqsa didaktik o'yinchoqlar bola hayotida muhim o'rin egallaydi. Bola endi bitta emas, balki bir necha o'yinchoqlar bilan o'ynaydi. Bu davrda bolalar kattalar bilan muloqotda bo'lishga nisbatan ko'proq o'yinchoqlar bilan muloqotda bo'ladilar.
Maktabgacha yoshdagi bolalar o'yinda taqlid qilish orqali kattalarning hatti-harakatlari, o'zaro munosabatlarini ifodalaydilar. Bu ularda muloqot rivojlanishiga yordam beradi.
Kichik maktab yoshidagi o'quvchilarda o'yin faoliyati o'ziga xos xususiyatga ega. Ular ko'proq harakatli, sport xarakteridagi o'yinlarni o'ynaydilar.
O'smirlarda, ayniqsa, 5—6-sinf o'quvchilarida o'yinga bo'lgan ehtiyoj saqlanib qoladi. Tanaffus paytlarida, darsdan bo'sh vaqtlarida o'smirlar o'yin faoliyati bilan ham shug'ullanadilar. Ularda o'yin orqali muloqot shakllari rivojlanadi. Umuman o'yin faoliyati bolalar hayotida muhim o'rin egallaydi.
Ilk bolalik davrida bolalar kattalarga qaram bo'ladilar, chunki ularning mustaqil harakat qilishlari qiyin. Hatti-harakat xulq me'yorlarini bolalar kattalardan o'rganadilar. Bu davrda bola xulqining motivi anglanilmagan bo'ladi. Bolaning ichki dunyosi shakllanishi kattalarga bog'liq. Chunki bola kattalar kutgan muloqotni darhol bera olmaydi. Bola predmetlarga bo'lgan qiziqishini avvalo kattalarga murojaati orqali bildiradi. Kerakli yordamni nutqni qo'llash orqali oladi. Kattalar agar bola bilan kam muloqotda bo'lsalar, uning nutqi rivojlanishdan orqada qolishi mumkin. Muloqotga bo'lgan ehtiyoj bolada kattalarning muloqoti orqali o'sadi.
Ilk bolalik davrida nutqning rivojlanishi ikki xil yo'l orqali amalga oshiriladi: kattalar nutqini tushunishi hamda bolaning shaxsiy faol nutqi shakllanishi orqali. Bola bilan onaning muloqoti faqatgina so'zlar bilan emas, balki mimika, imo-ishora, pantomimika, ohang va vaziyat kabilar orqali amalga oshiriladi. Bular harakatga signal bo'lib xizmat qiladi. 2 yoshli bolalar oldida o'yinchoqlar turgan bo'lsa onasi unga «ber menga» deb o'yinchoqni ko'rsatsa darhol bola uni olib beradi. «Mumkinmas», degan so'z bolaning harakatlari to'xtashiga signal bo'lib xizmat qiladi. Mas'alan, rozetkaga qo'li tegayotganida, qizib turgan dazmolga qo'li yaqinlashayotganida, oyoq kiyimlarga qo'lini tekkazayotganida bu so'zning aytilishi bola harakatlarini to'xtashiga olib keladi.
3 yoshga to'lganda bola kattalar bilan nutq orqali munosabatlarga bemalol kirisha oladi. Bu yoshdagi bolalar hamma kiyimini o'zi kiyishga harakat qiladi. O'z ehtiyojlarini so'zlar orqali bayon qila oladi. Nutqni to'la egallaydi. Bola kattalarning ko'rsatmasiga binoan hatti-harakatlarini to'g'ri yo'naltirishga o'rganadi. U kattalarning o'zaro muloqotini diqqat bilan tinglaydi, tushunishga harakat qiladi. Bu davrda bolalar ertak, hikoya, she'rlarni eshitishni juda yaxshi ko'radi. Bu — bolaning tashqi olamni bilishiga katta ta'sir ko'rsatadi. 1,5 yoshli bolalar 30—40 so'zdan 100 gacha bo'lgan so'zlarni egallaydi, xalos. 2 yoshdan so'ng bolalar kattalarga juda ko'p savollar bilan murojaat qiladilar. «Bu nima?», «Nimaga bunaqa?» kabi savollar bolaning nutqi o'sayotganidan dalolat beradi. 2 yoshning oxirigacha bola 300 ta so'zni o'rganadi. 3 yoshning oxiriga borib, 500 dan —1500 gacha so'zni bilib oladi. Lekin bu yoshdagi ayrim bolalar nutqi avtonom bo'ladi, ular nonni «nanna», suvni «umma» kabi iboralar bilan ataydi. Asta-sekin kattalar bolalar bilan to'g'ri muloqotda bo'lsalar, bu avtonom nutq yo'qolib boradi, ya'ni bola har bir narsani o'z nomi bilan ayta boshlaydi. Bolaning bitta aytgan so'zi uning aytmoqchi bo'lgan gapini ifodalab beradi. Masalan, «oyi» desa oyisi bolaga non berishi yoki suv olib berishi mumkin. Shu bilan bolaning ehtiyoji qondiriladi. Bolani muloqotga o'rgatish uning ruhiy jarayonlari rivojlanishiga ham ijobiy ta'sir etadi. Bu davrda bolalar nimani xohlasa o'sha zahoti muhayyo bo'lishi kerak. Lekin buni asta-sekin tarbiyalash orqali yo'qotish mumkin, ya'ni sabrli bo'lishni bolaga yoshlikdan o'rgatish lozim.
3 yoshli bolalarda birinchi «inqiroz» davri boshlanadi. Bu davrda bolalarda «hamma ishni o'zim qilaman», «men o'zim» degan tushunchalar shakllanadi. Ular qaysar, injiq bo'lib qoladilar. Ota-onalar bu yoshdagi bolalarga tarbiya berishda e'tiborliroq bo'lishlari lozim.
3 yoshdan so'ng bolalardagi krizis (inqiroz) davri sekinlashib qoladi.
Bolaning kattalar bilan bo'ladigan muloqotlari normallashadi. Bola bu
yoshda ota-onaning diqqat markazida bo'lmaydi, chunki uning kichik
ukasi bo'lishi mumkin. Hozirgacha u kattalarning diqqat-e'tiborida
bo'lgani uchun endi uning fikricha ota-onasi faqat bir-biri bilan
munosabatda bo'lib, unga e'tibor bermay qo'yishyapti. Unga tushunarli
bo'lmagan narsalar haqida gaplashadilar. Bu unga yoqmaydi, natijada
injiq bo'lib qoladi. Haqiqatda esa bola ancha mustaqil bo'lib qolgani
uchun onasi undan ko'ngli to'lib, kamroq e'tibor beradi, bu esa bolaga
yoqmaydi. Shuning uchun pta-ona bu davrdagi bolalarga e'tiborliroq
bo'lishlari lozim. Ko'pincha bola balog'atga yetmaganligi uchun onasi bilan yashaydi. Bunday oila noto'liq oila deyiladi. Bunday oilada o'sayotgan bola avval otasi yo'qligini his qilmaydi, lekin birdaniga his qilib, u qo'zg'aluvchan, hissiyotga beriluvchan bo'lib qoladi. Ota-onalar farzandi uchun mas'uliyatni his qilishlari lozim. Chunki bola ota-onasining munosabatlarida aybdor emas. Agar bola sog'lom o'ssa, bolalar bog'chasiga beriladi. U yerda bola yangi kishilar bilan, yangi tengdoshlari bilan yangicha munosabatlarga kirishadi.
Bu davrdagi bolalar o'yini ham o'ziga xos bo'ladi. Bolalar o'yinda turli rollarni o'ynaydilar. O'yin qoidalariga rioya qila boshlaydilar. Muloqot shakllari bola hali guruh bo'lib o'ynamasidan avval, ya'ni o'z-o'zi bilan o'ynaganidayoq shakllanadi. Bu davrda bola o'yin o'ynaganida ko'proq o'zining hatti-harakatlariga e'tibor beradi. O'zaro munosabatlar orqali bola boshqa bola bilan muloqotga kirisha boshlaydi. 4 yoshli bolalar ko'proq boshqa bolalar bilan muloqotda bo'lishga harakat qiladilar. Bu bosqichda bolalar bir-birlari bilan o'yinchoqlarini almashtiradilar, bir-birlariga yordam bera boshlaydilar. Hamkorlikda o'ynaladigan o'yinda bolalar bir-birlarini tushunishga, bir-birlariga yordam berishga o'rganadilar. Endi bola o'zi o'ynamasdan boshqa bolalar bilan o'ynashga harakat qiladi. O'yin o'ynaganda bolalar ko'pincha boshliq bo'lishga harakat qiladilar. Kim o'yinni tashkil qilsa u doimo boshliq bo'lgisi keladi. Shunda konflikt (nizolar) kelib chiqadi. O'yindan qoniqmagan bola «men o'ynamayman sen bilan,» deb noroziligini bildiradi. O'yin vaziyati bolalarda nutq munosabatlarini rivojlantiradi. Kichik va o'rta maktabgacha yoshdagi bolalarda so'z boyliklari o'yin faoliyati orqali ortib boradi. Mashg'ulotlar orqali bolalarda nutq rivojlanib boradi. Chunki mashg'ulotlarda bolalar she'r yodlaydilar, ertaklar eshitadilar.
O'g'il va qiz bolalar o'rtasidagi munosabatlar bolalar bog'chasida o'ziga xos xususiyatga ega. Bolalar bog'chasi bola uchun faqatgina tashqi olamni bilish, dunyoni hissiy baholash emas, balki o'z tengdoshlari bilan muloqotda bo'lish imkoniyatini beradigan joydir. Bog'chada bolalar jamoasi shakllanadi. Ilk bolalik davrida bola o'g'il bola bilan qiz bolani ajrata olmaydi. O'rta maktabgacha yoshdagi bolalar esa ajrata boshlaydilar. Kattalar bolaga o'g'il bola qanday bo'lishi kerakligi, qiz bola qanday bo'lishi kerakligi haqida tushuntiradilar. Masalan, o'g'il bola yig'lasa «yig'lama, sen erkak bo'lishing kerak», «qiz bolamisan?» deb, qizlarga esa «daraxtga tirmashma, sen qiz bolasan«kabi iboralar bilan tushuntiriladi. Bundan tashqari bolalar katta erkak va ayollarning xulq-atvorlariga qarab ham o'zlarini qanday tutishni o'rganadilar. O'yin faoliyatiarida erkak va ayollarga xos xususiyatlarni namoyon qiladilar. Demak, bu davrdagi bolalarda muloqotning shakllanishi o'ziga xos xususiyatlarga ega. Ularda muloqotni rivojlantirish tarbiyachilarning mahoratiga bog'liq, ya'ni mashg'ulotlarning to'g'ri tashkil qilinishi muhimdir.
Katta maktabgacha yoshdagi bolalar endi o'zlari mustaqil harakat qila oladilar. O'zlari yuvinadilar, kiyinadilar. Lekin bari bir ular ota-onalarining erkalashlariga, diqqat-e'tiborida bo'lishga harakat qiladilar. Ota-onalar bola tarbiyasida quyidagi usullardan foydalanadilar:

  1. Avtoritar uslub — boshqarish qattiqqo'llik asosida olib boriladi. Boladagi tashabbus ota-onalar tomonidan taqiqlanadi. Har bir hatti -harakati albatta jazolanadi. Bu usul orqali tarbiyalangan bolalar qo'rqoq, jur'atsiz bo'lib qoladilar, o'z imkoniyatlarini yuzaga chiqara olmaydilar. Chunki ota-ona ularga sharoit yaratib bermaydi.

  2. Liberal uslub — bu usulda ota-ona farzandiga befarq bo'ladi, u nimaga qiziqadi, nimaga layoqati borligiga qiziqmaydi. Bola nima yomon, nima yaxshiligini bila olmaydi. Natijada bolalar mustaqil va faol harakat qila olmaydilar.

  3. Demokratik uslub — tarbiyaning mahsuldor usuli bo'lib, unda ota-ona farzandiga bor mehrini berib, uning qiziqishlari, imkoniyatlari bilan hisoblashadi. Bolaning erkin fikrlashini istaydi. Bu usul bolani to'g'ri tarbiyalash imkonini beradi.

Ayrim oilalarda bola yolg'iz farzand boigani uchun ota-ona unga barcha mehrlarini berib, uni erkalatib, xudbin qilib qo'yishlari mumkin. Yoki bola ukalari tug'ilganda ham o'zini yomon his qiladi. Chunki ota-ona endi kichik farzandiga ko'proq e'tibor beradi. Bunday holatlarda kattalar bolaga u endi mustaqil ish qila olishi, aqlliligini tushuntirsalar, shunda u kichik ukalariga mehrli bo'ladi.
Tarbiyachi guruhga uyda tarbiyalangan yangi bola kelib qo'shilganida boshqa bolalarga u bilan iliq munosabatda bo'lishlarini tushuntirishi lozim. Unga ko'proq e'tibor berish, yaxshi muomalada bo'lish kerak, shunda bola yangi muhitga tezroq ko'nikadi. Agar tarbiyachi yangi kelgan bolalarga mashg'ulotlar davomida yaxshi muloqotda bo'lsa, qolgan bolalar undan o'rganadilar. Tarbiyachi bolalar bilan do'st sifatida munosabatda bo'lsa, bunday guruh uyushgan bo'ladi, bir-birlari bilan iliq munosabatda bo'lishni o'rganadilar.
Katta maktabgacha yoshdagi bolalarda o'yin faoliyati orqali iroda sifatlari shakllanadi. O'yinda bolaning emotsional rag'batlantirilishi yaxshi natija beradi. O'yin faoliyati bolalarning bir-birlari bilan muloqotda bo'lishlarini ta'minlaydi. Ayniqsa, rolli o'yinlar orqali bolalarning bir-birlariga bo'lgan munosabatlarini aniqlash mumkin bo'ladi. Shuningdek, o'yin orqali bolalarda boshqalarga nisbatan g'amxo'rlik, to'g'ri munosabatda bo'lish, muomala ehtiyojlarini qondirish amalga oshiriladi. O'yin faoliyatida bolalar o'yin qoidasiga rioya qiladilar, «onasi unday qilmaydi», «doktor bunday ukol qilmaydi» kabi fikrlari bilan bir-birlarining harakatlarini to'g'rilab turadilar. O'yin bolaning kattalar hayotini to'g'ri tushunishiga yordam beradi. Muloqotga bo'lgan ehtiyoj o'yinda qondiriladi. O'yin qoidasini buzganda bola samimiylik bilan «endi bunday qilmayman», deydi. Demak, o'yin bolani samimiylikka, his-tuyg'ularini tarbiyalashga, boshqalarga yaxshilik qilishga, to'g'ri muloqotda bo'lishga o'rgatadi. O'yin qoidasini muntazam buzadigan bolalar oxiri yakkalanib qoladilar, qolgan bolalar uni yoqtirmaydilar, u bilan o'ynagilari kelmaydi, hatto u bilan muloqotda bo'lishni ham istashmaydi. O'yinni musobaqa tarzida tashkil qilishda tarbiyachi ehtiyotkor bo'lishi lozim. Chunki o'yinda yutqazgan bolalarda yutgan bolalarga nisbatan ado vat tug'ilishi o'yindan so'ng ular nizolarni, keltirib chiqarishi mumkin.
Bola maktab yoshiga yetganida ham o'yinga bo'lgan ehtiyojini qondirishga harakat qiladi. U yangi o'yinchoqqa nisbatan «eski» — o'zining doim o'ynaydigan o'yinchog'ini o'ynashni yaxshi ko'radi. Qo'g'irchoq— sadoqat va refleksning shakllanishida ajoyib vosita. Bolaning qo'girchog'i bilan bo'ladigan muloqoti uning kattalar bilan bo'ladigan muloqotiga taqlid qilishidir. Qiz bolalar ko'proq qo'g'irchoqlar, idish-tovoqlar (o'yinchoq) bilan muloqotda bo'lsalar, o'g'il bolalar esa turli o'yinchoqlar (samolyot, koptok, to'pponcha, mashina, velosiped) bilan muloqotda bo'ladilar.
Bolalar maktab yoshiga yetganda ularning bir-birlariga nisbatan munosabatlari yangicha mazmun kasb etadi. Bola ilgari ota-onasi, guruhdagi tengdoshlari, tarbiyachi bilan muloqotda bo'lgan boisa, endi maktab o'qituvchisi, sinf rahbari bilan muloqotda bo'ladi. Bolalarda bu davrda mas'uliyat hissi shakllanadi.
Bolalar nutqining o'sishida ularning maktabda o'qishi katta rol o'ynaydi. Bola maktabgacha yoshda o'ylamasdan gapiradi, maktabda esa u gaplashayotgan til o'qitiladigan va o'rganiladigan ilm bo'lib qoladi. Grammatikani o'qib o'rganish jarayonida bola nutqining fonetik jihati to'g'ri bo'lib boradi, nutqning sintaksis tuzilishi takomillashadi. Maktabda o'qitilayotgan hamma fanlarni o'rganish jarayonida o'quvchi nutqining lug'ati boyiydi, so'zlarning mazmuni uning uchun chuqurlashadi va kengayadi. Bolalarning yozma nutqni egallashlari ular nutqining o'sishida muhim bosqich bo'ladi. Bola o'z fikrlarini yozma nutqda bayon qilishga harakat qiladi. O'quvchi o'qituvchining topshirig'iga binoan yozma ishlar bajarayotganda o'zining shu ishiga o'z fikrining qanday til bilan bayon qilinganiga qarab baho berilishini oldindan bilib turadi. O'quvchi maktabda berilgan topshiriqni tayyorlash vaqtida shu topshiriqni o'ziga­o'zi gapirib berishni mashq qilib turishi nutqining o'sishiga katta ta'sir qiladi. Bolalar nutqining o'sishida o'qituvchining nutqi katta rol o'ynaydi, chunki uning nutqi o'quvchilar uchun namuna hisoblanadi. Shuning uchun o'qituvchi o'z nutqini takomillashtirish ustida ishlashi kerak. Maktabda bolalar uchun eng avvalo faol ishlatiladigan so'zlarning miqdori oshadi. Yozma nutqni, o'qish va yozishni o'zlashtirish o'quvchi hayotida hosil qilingan malaka hisoblanadi. Kichik maktab yoshidagi bolalar tovushlarni bir-biriga qo'shish orqali so'z tuzish malakasini egallab olgach, ba'zida main mazmunini noto'g'ri tushunadilar. Unga o'quvchilarning so'z boyligining kamligi yoki asosiy fikrni ajrata bilmasligi sabab bo'ladi. Shu munosabat bilan o'qituvchi oldida bolalarda lug'at boyligini oshirish va ularni o'qigan narsalari yuzasidan mustaqil reja tuzishga barvaqtroq o'rgatish vazifasi turadi. Yozuv darslarida bola harf va so'zlarni yozishda katta qiyinchilikka duch keladi. Dastlab bola butun e'tiborini yozish texnikasiga va o'tirish qoidasiga rioya qilishga qaratadi. Avval bolaning yozma nutqi uning og'zaki nutqi orqali belgilanadi, ya'ni u so'zni qanday talaffuz etsa shunday yozadi. Bu davrda bola bilan ovoz chiqarib aytish bo'yicha muntazam mashqlar o'tkazish uning imlo qoidalarini muvaffaqiyatli o'zlashtirishida katta ahamiyatga ega. Yozma nutqda imo-ishora, ohangdan foydalanilmaydi. Shu bois bolalarning yozma nutqlari ularning og'zaki nutqiga qaraganda ancha bo'sh bo'ladi. Bolalar nutqi kattalar nutqi ta'sirida o'sadi. Shuning uchun pedagoglar bolalarga kichik maktab yoshidan boshlab og'zaki va yozma nutqni o'stirish bilan birga nutq madaniyatini ham o'rgatib borishlari zarur.
Naslimiz davomchilarini nafaqat jismonan baquvvat, balki ma'naviyboy, yangi davr talabiga javob beradigan, muloqot jarayonida erkin fikr yuritadigan qilib tarbiyalash hozirgi kunning dolzarb muam-molaridandir. «Ta'lim to'g'risida» gi Qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» da shaxsning erkinligi, mustaqil fikrlash qobiliyatini shakl­lantirish, muomala madaniyatini tarkib toptirishga birlamchi e'tibor qaratilgan. Shunday ekan, o'smir yoshlarni muloqot jarayonida mustaqil fikrini erkin ifodalash malakalarini va ularning tanqidiy fikrlashini shakllantirish psixolog-pedagoglar oldida turgan dolzarb masalalardan biridir. Zero, XXI asrda yashaydigan har bir insonning tanqidiy fikrlashi uchun avvalo muloqotga o'rgatish zarur. O'smirlarni muloqotga o'rgatish uchun ularga psixologik, pedagogik adabiyotlarni o'qishni tavsiya qilish, muloqot jarayonida yoshlar faoliyatini kuzatish, fikrlash doirasini aniqlash va shu jarayonda psixologik o'yinlar, mashqlar, treninglardan foydalanish muhimdir.
Maktabning o'rta va yuqori sinflarida yozma nutq mazmunli, ta'sirli bo'lib, grammatik jihatdan tobora to'g'ri, mukammal tuzilib boradi va natijada bunday nutq og'zaki nutqning o'sishiga ijobiy ta'sir ko'rsata boshlaydi. Bolalar nutqi bevosita kattalar nutqi ta'sirida o'sadi. Shuning uchun o'qituvchi nutqi o'quvchilar nutqini o'stirishda namuna bo'lib xizmat qilishi kerak.
O'quvchilar tafakkurini rivojlantirmay, ularning nutqini o'stirib bo'lmaydi. Og'zaki gapirish, bayon yoki insho yozishda o'quvchilarning reja tuzib olishlariga e'tibor berish kerak. Yozma va og'zaki nutqni o'stirish uchun kitob ustida muntazam ishlash, o'qigan matnlarning tezisi (asosiy mazmuni)ni, konspekti(qiqacha matn bayoni)ni tuzish, ma'ruza, referatlar tayyorlash, adabiy kechalar, yozuvchilar bilan uchrashish muhim ahamiyatga ega. Nutq shartli reflekslar paydo bo'lishining umumiy qonunlari asosida o'sadi. Agar kishi biror bir tovushni noto'g'ri talaffuz qilishga o'rganib qolgan bo'lsa, unda bu kamchilikni tuzatish qiyin bo'ladi. Shuning uchun bolalarda yoshligidanoq ijobiy nutq odatlarini tarbiyalashga ahamiyat berish zarur.
Bizning yuksak ma'naviy ehtiyojlarimizdan biri — muloqotga bo'lgan ehtiyoj. Muloqotga bo'lgan ehtiyoj qondirilmasa, ong ham rivojlanmaydi. Shuning uchun biz doimo muloqotga bo'lgan ehtiyojimizni qondirishimiz lozim. Kimlar bilandir muloqotdan qoniqish, ba'zi hollarda esa qoniqmaslikni his qilamiz. Katta yoshdagi kishilar rasmiy va norasmiy munosabatlarga kirishadilar. Rasmiy munosabatlar ish, xizmat yuzasidan bo'ladi. Norasmiy muloqot esa ishdan boshqa paytlarda, uyda (oila), mahallada, ko'cha-ko'ylarda bo'ladi.
Kattalar muloqotida ko'pincha muloqot madaniyati amalga oshiriladi, ya'ni bir-birlarini hurmat qilish, ishonish, anglash kabilar. Ammo ba'zi paytlarda muloqot buzilishi ham mumkin. Chunki ular ham ayrim paytlarda bir-birlarini tushunmasdan xafa qilib qo'yishlari, ko'ngilga og'ir botadigan gaplar aytib yuborishlari, natijada nizolarni keltirib chiqarishlari mumkin. Agar muloqot madaniyati kishilarda yaxshi shakllangan bo'lsa, ular bir-birlarini tushunishlari oson kechadi. Muloqot madaniyati yoshlikdan oilada, ijtimoiy muhit ta'sirida, o'z-o'zini anglash, tarbiyalash jarayonida shakllanishi mumkin. Biz kattalar yoshlarga namuna, ibrat bo'lishimiz bir-birimizga bo'lgan muloqotimizdan kelib chiqadi. «01tin so'zlar» (azizim, aylanay, o'rgilay, juda ham ajoyibsiz, bugun boshqachasiz, ochilib ketibsiz, kiyimingiz juda yarashibdi kabi) dan kundalik hayotimizda ko'proq, ammo o'rni kelganda foydalanishimiz zarur. Kattalar muloqotiga yoshlarning taqlid qilishlari orqali ularda muomala san'ati, madaniyati shakllanib boradi. Ayniqsa, oilada biz bu holatlarga e'tibor berishimiz kerak. Chunki «qush uyasida ko'rganini qiladi», degan naql bejiz emas.
Kattalar bir-birlariga verbal (og'zaki), noverbal va paralingvistik ta'sir ko'rsatadilar. Biz vaqti kelganda imo-ishora, mimika, pauzalar orqali ham bir-birimizga ta'sir eta olamiz. Bir so'z bilan ham xursand, yoki xafa qila olamiz. Shuning uchun doimo kattalar bir-birlariga samimiy munosabatda bo'lishlari lozim.
Muloqot turli yoshlarda o'ziga xos bo'ladi. Masalan, kattalar ma'lumotlariga, yoshlariga, jinslariga, kasblariga qarab muloqotda bo'ladilar. Keksalar muloqoti o'ziga xosdir. Ular xuddi kichik bolalardek izzattalab, injiq, e'tibortalab bo'lib qoladilar. Keksalarga ehtiyotkor bo'lib muomalada bo'lish zarur, chunki ularning ko'ngillari nozik bo'ladi. Ularga ko'ngillarini ko'taradigan so'zlarni ko'proq qoilash zarur.
Demak, har bir yosh guruhiga kiradigan kishilar, shu jumladan, kattalar ham o'ziga xos muloqotga kirishadilar. Muloqot har bir davrga xos holda amalga oshiriladi.



Yüklə 236,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin