Hayvonlar - urug‘ va meva tarqatuvchilar Hayvonlarning urug‘, mevalar va vegetativ tanalarini olib ketishdagi ishtiroklari ham kam emas. Bu usulda tarqalishni zooxoriya deyiladi. Bizning floramiz sharoitida urug‘larni chumolilar tomonidan tashilib ketilishini (mirmekoxoriya) ko‘p ko‘rganmiz. Ular urug‘larni uzoq masofaga olib ketmaydi. Ko‘p xollarda 100 m gacha masofaga tashiydi. Bu uncha katta masofa bo‘lmasa ham ahamiyati katta.
O‘simliklarni hayvonlar tomonidan meva va urug‘larning g‘amlashi tufayli tarqalishi. Chumolilarga o‘xshab qushlarning ko‘pchiligi, kemiruvchilar va boshqa hayvonlar o‘zlariga oziq sifatida g‘amlash uchun tashib ketadilar. Biroq ko‘p xollarda bu g‘amlanganlar haqida “esidan chiqib qolishi” yoki aynib yomon bo‘lib qolganligidan qarashmaydi. Urug‘ va mevalarni olib qochgan qarg‘a, xakka kabi qushlarni ko‘p ko‘rganmiz. Yong‘oqlar og‘irligi tufayli va boshqa usullar bilan tabiiy tarzda tarqalishi kam ro‘y beradi.
Endozooxoriya. O‘txo‘r hayvonlar ozig‘ini undagi urug‘lari bilan iste’mol qilganida hazm yo‘lidan o‘tib, unib chiqishga tayyorlanishiga endozooxoriya deyiladi. O‘txo‘r hayvonlarning hazm kanalidan o‘tgan urug‘larning unib chiqish samaradorligi bundaymaslardan ancha yuqori. Tog‘li hududlar, arktika va xatto tropiklardagi o‘simliklarning tarqalishida ham shunday xolatlar ro‘y beradi. Bu hududlardagi hayvonlar serharakat va ular katta maydonlarda harakatlanib urug‘larni tarqatishadi.
Ko‘plab o‘simliklarning urug‘lari etdor, mazali to‘qima bilan o‘ralgan. Bu hayvonlarni o‘ziga jalb qiladi. Endozooxoriya asosan va deyarli barcha xolatlarda qushlar bilan bog‘liq. Ko‘chib yuruvchi qushlar urug‘larni uzoq masofalarga olib ketishadi.
Epizooxoriya. Urug‘ va mevalar hayvonlarning ustiga yopishish bilan oson tarqaladi. Bunday epizooxoriya urug‘larni tarqalishida chaynaganda ezilishdan, hazmlanishidan saqlaydi, hayvonda bo‘lish muddatini cheklamaydi. O‘simliklarda hayvon tanasining yuzasida saqlanib turishi uchun turlicha moslamalarni (ilashish, yopishish kabi) hosil qilgan. Asosiy tarqatuvchilar bo‘lib sutemizuvchilar hisoblanadi, qushlar bu borada ikkinchi o‘ringa tushgan. Areallari katta bo‘lgan ko‘plab o‘simliklar hamda ayrim kosmopolitlar qit’alar xatto butun dunyo bo‘ylab shunday tarzda tarqalgan. Epizooxoriya xolatini yozda dala, adirda, tog‘da yurganimizda oyog‘imizga urug‘larni yopishib, ilashib qolganligini uni tozalash ham qiyinligini ko‘rganmiz. O‘tlab kelgan qo‘y tanasi qo‘ytikan bilan qoplanganligini hammamiz bilamiz.
Botqoq yoki suv o‘simliklarni urug‘lari ham qushlarni tanasi, tumshug‘i, oyoqlariga yopishib tarqaladi. Bu xolatda ular katta maydonlar, masofalarga ketadi.
Ko‘chib yuradigan qushlar ayrim o‘simliklarning urug‘larini uzoq masofalarga olib ketishlari natijasida dizyunktiv areallarni hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.