Navro‘z (forscha – yangi kun) – shamsiy (quyosh) yil hisobi bo‘yicha yangi yilning birinchi kuni. O‘rta Osiyo va Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlarning qadimiy an'anaviy bayrami. Bahorgi teng kunlikka (21 yoki 22 mart), ya'ni Quyoshning Hamal burjiga kirishiga to‘g‘ri keladi. Navro‘z dehqonchilik ishlarini boshlash bayrami hisoblanadi. Bayramda ommaviy xalq sayillari uyushtirilib, yangi ungan ko‘katlardan tansiq taomlar pishiriladi, bahorgi ekinlarni ekish boshlanadi.
Nikoh to‘yi – yangi oila yaratish maqsadida tashkil etiladigan marosimlar turkumi.
«Nikoh» arabcha so‘z bo‘lib, er-xotinlikni shariat yo‘li bilan qonuniy rasmiylashtirishdir. Nikoh to‘yi «ijob to‘yi», «uy tushirar to‘yi», «katta yaloq qizartirar to‘yi» deb ham nomlanadi. Nikoh uch qismga – to‘ydan oldingi, bvosita to‘y va to‘ydan keyingi qismlarga bo‘linadi.
Ramazon hijriy yil hisobining to‘qqizinchi oyi hisoblanadi. Islom dinida ramazon oyida Olloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad(s.a.v.)ga Qur'onni vahiy qila boshlagan, deb talqin etiladi. Shu sababli ramazon muqaddas oy hisoblanadi. Bu oy davomida musulmonlarga ro‘za tutish buyuriladi. Islomdan avval Ramazon – arablarning 4 muqaddas oyidan biri sanalib, islom dini joriy etilishi arafasida Makkada ramazon oyida yaxshi amallar qilish (tahannus) an'ana bo‘lgan.
Sumalak sayli – bahor faslining ilk kunlarida ommaviy tarzda o‘tkaziladigan marosim. Asosiy taom “sumalak” bilan bog‘liq bir qancha odatlardan tashkil topadi. Ba'zi ma'lumotga ko‘ra, sumalakning tarixi 3000 yildan oshiqroqdir.Tuz solinmasdan pishiriladigan yagona taom ham sumalak hisoblanadi. Sumalak tayyorlash uchun faqat undirilgan bug‘doy suvi, un, o‘simlik yog‘i va suv kerak bo‘ladi. U eng uzoq pishiriladigan taom hisoblanib, u kamida 22-24 soat davomida tagiga olmasligi uchun kavlab turiladi va unga tosh, yong‘oq tashlanadi.
Sunnat to‘yi – o‘g‘il farzand uchun o‘tkaziladigan to‘y marosimi. Marosim bola 3-5-9 yosh, ayrim hollarda undan kattaroq yoshda o‘tkaziladi. O‘zbekistonning turli xududlarida bu marosim “sunnat to‘yi”, “chipron” “chukron”, “xatna to‘yi”, “qo‘lni halollash (poklash)” kabi nomlar bilan yuritiladi.
Sunnat to‘yining tarixi ibtidoiy jamiyatda balog‘at yoshini nishonlash, bolalarni o‘smirlikka o‘tish marosimiga borib taqaladi. O‘sha davrlardayoq bolani sunnat (xatna) qilish odati paydo bo‘lib, u bir tomondan, issiq iqlimda gigiena (ozodagarchilik)ga rioya qilish vositasi bo‘lgan, ikkinchidan, mardlik va jasurlik hisoblangan.