iqtisodiy asos – shaxs va jamiyat manfaatlarining umumiyligiga asoslangan mulk shakllarining xilma-xilligi, iqtisodiy plyuralizm, koʻp ukladlilik, erkin bozor munosabatlari; jamiyatning har bir a’zosini oʻz mulkiga ega, u bu mulkni oʻz xohishi bilan tasarruf eta olish erkinligining mavjudligi, bu mulkdan foydalanish va uni sarflash huquqiga ega boʻlishi, xususiy mulk daxlsizligi, har bir shaxsning davlat tomonidan kafolatlangan tadbirkorlik, mexnat va iste’mol faoliyati erkinligi bilan ta’minlanganligi.
ijtimoiy-siyosiy asos – fuqarolik jamiyati qurilayotgan davlatning mustaqil va suveren ekanligi, iqtisodiy va siyosiy hokimiyatlarning bir biridan ajratilganligi; fuqarolarning oʻz maqsadlarini himoya qilish maqsadida ma’lum nodavlat tashkilotlarga birlashgan boʻlishi, hokimiyatni uchga boʻlinishi printsipi amalda oʻz aksni topganligi, hokimiyatlarni turli markazlar, guruhlar yoki shaxslar qoʻlida toʻplanib qolmasligi; siyosiy plyuralizmning mavjudligi; davlat hokimiyati vakolati funktsiyalarining asta-sekinlik bilan quyi vakillik organlari va oʻzini oʻzi boshqarish organlariga berib borilishi;
huquqiy asosi – jamiyatda insonning yashashi va rivojlanishi uchun muhim zarurat boʻlgan erkinlik, tenglik, adolat qadriyatlarining qaror topganligi, shaxslar va fuqarolar oʻrtasida oʻzaro tenglikning ta’minlanganligi, ularning huquq va erkinliklarini davlat tomonidan toʻliq ravishda e’tirof etilishi; adolat printsiplariga amal qilinishi; bir shaxsning erkinligi ikkinchi shaxsning erkinligiga daxl etsa, uning erkinligi shu yerda toʻxtalishi, davlat, jamiyat va shaxs manfaatlari oʻzaro mushtarakligining shakllanishi;
ma’naviy asos – insonlar oʻz qadr-qimmatini har qanday tajovuzlardan himoya qila olish qobiliyatining shakllanganligi, xalqning jamiyat qadriyatlari himoya qila olish salohiyatining mavjudligi, vijdon erkinligining amal qilishi, jamiyatda ahloqiy me’yorlarga amal qilish urf-odatlarining shakllanganligi, biron-bir mafkuraning yakka hokimlik qilishga urinishlarining cheklab qoʻyilganligi, fuqarolarning ma’naviy va ijtimoiy jarayonlarda bevosita va bilvosita ishtirok etishlari uchun barcha shart-sharoitlarning mavjudligi, har bir fuqaroning oʻz mustaqil fikrlashi va qarashiga ega ekanligini namoyon qilish uchun barcha sharoitlarning mavjud ekanligi, ma’naviy jarayonlarni faqat jamiyat va fuqarolar tomonidan amalga oshirilishi, har bir fuqaroning qanday dunyoqarash yoki dinga kirishi uning oʻzi tomonidan hal etilishi, diniy erkinlik, barcha dinlar va mafkuralarning oʻzaro hamkorlikda yashashlari uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlarning yaratilganligi.
Umuman olganda «fuqarolik jamiyati» atamasi turli xorijiy adabiyotlarda umumiy mohiyatga ega, shu bilan birga, har bir mamlakatning milliy an’anlarini ham uygʻunlashtiradigan tushuncha boʻlib, u hozirgi davrdagi talqinlarda jamiyatning muayyan shakli (holati va xususiyati)ni, uning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va huquqiy tabiatini, rivojlanish darajasini ifodalaydi. Fuqarolik jamiyatini shakllantirish masalalari doimo davlatni takomillashtirish, huquq va qonunning rolini yuksaltirish muammolari hal etish bilan chambarchas tarzda oʻzaro bogʻlikdir.
Ba’zi olimlarning fikricha, demokratik jamiyat – bu «Eng avvalo, fuqarolik jamiyatidir. Chinakam demokratiyaning oliy mazmuni – shaxslararo, millatlararo, davlat va ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni uygʻunlantirishdan iborat. Bunda inson va jamiyat, jamiyat va davlat hokimiyati tinch-totuv yashaydi». Fuqarolarning davlat hayotida ishtirok etishi jarayoni ancha kuchayib bormoqda va siyosiy partiyalar, nohukumat tashkilotlar faoliyatida, hayotning barcha jabhalari, shu jumladan inson huquqlari sohasida ham organlar va mansabdor shaxslar faoliyatining ijtimoiy nazoratini hamkorlikda amalga oshirishga qaratilgan ommaviy axborot vositalarining faollashuvida oʻz aksini topmoqda.
Fuqarolik jamiyati – bu, ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal etishda faol qatnashadigan, davlatning aralashuviga yoʻl qoʻymaydigan huquq hukmron boʻlgan, fuqarolar va davlat hamkorlik asosida ishlaydigan ongli individlar jamiyatidir. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida fuqarolik jamiyatiga ta’rif berilmagan boʻlsa-da, unda fuqarolik institutlarini tashkil etish va ular faoliyatining huquqiy asoslari e’tirof etilgan, ularning davlat bilan oʻzaro hamkorligi printsiplari belgilangan.
Fuqaroviylik bir davlatga mansublikni anglash, davlatga sodiqlik hamda vatanparvarlik hissi sifatida talqin etilishi mumkin. Bunda davlatni, konstitutsiyani, davlat ramzlarini hurmat qilish, davlat tuzumini va qonun ustuvorligini himoya qilishga tayyorlik nazarda tutiladi. Fuqaroviylikni insonga huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy va siyosiy jihatdan layoqatli ekanligini his etishni ta’minlovchi tushuncha sifatida ham talqin etish mumkin. V.I. Dalьning qayd etishiga qaraganda, – «fuqaroviylik fuqarolik jamiyatini tuzish uchun jamiyatning ongi va bilimi darajasini ifoda etgan holatdir».
Fuqaroviylik bir tarafdan jamiyatda shaxsning oliy darajada mustaqilligini, ikkinchi tarafdan esa kishilarning jamiyat hayotidagi ishtirokida namoyon boʻladigan yuqori darajadagi birdamlikni nazarda tutuvchi qarashlar majmuini ifoda etadi. Quyidagilar fuqaroviylikni ifoda etuvchi muhim jihatlar qatoriga kiradi:
– fuqaroning oʻz haqhuquqlarini tushunishi va uni amaliyotda qoʻllash koʻnikmasi;
– boshqa fuqarolarning haq-huquqlarini hurmat qilish;
– fuqaroning oʻz xatti harakati uchun shaxsiy javobgarligi;
– davlat va jamiyat oldida oʻzining huquqiy va axloqiy mas’uliyatini anglash;
– fuqarolarning tengligi;
– yuksak ma’naviy-axloqiy mezonlarga asoslangan holda ijtimoiy voqelikka nisbatan ob’yektiv va tanqidiy yondashuv;
– hokimiyat bilan, boshqa fuqarolar va jamoat birlashmalari bilan ijobiy muloqot yuritish qobiliyati;
– bir mamlakat, jamiyat va davlatga, shuningdek unga tegishli huquqiy, madaniy va til makoniga mansublikda ifodalangan fuqaroviy oʻzlikni anglash va hokazolar.
Fuqaroviylikning tugal yoki toʻkis ekanligini quyidagi mezonlar vositasida talqin qilish mumkin:
1. Agar fuqaroviy pozitsiya hali shakllanmagan, fuqaroviy xususiyatlar, oʻz haq-huquqlari uchun kurashish istagi toʻliq namoyon boʻlmasa fuqaroviylikning eng quyi darajasi namoyon boʻladi.
2. Fuqaro oʻz haq-huquqlari uchun kurashishga moyil boʻlsa, u haqda oʻz bilim va qobiliyatini namoyon qilishga tayyor boʻlsa, bunda fuqaroviylikning oʻrta darajasi namoyon boʻladi.
3. Agar fuqaroda fuqaroviy xususiyatlar hamda faol fuqarolik pozitsiyasi toʻliq shakllangan, oʻz haq-huquqlari uchun amaliy harakatga kirish ishtiyoqi yaqqol namoyon boʻladigan boʻlsa uni yuqori darajadagi fuqaroviylik sifatida talqin etish mumkin.
Fuqarolik ongi demokratik qadriyatlar, ideallar, huquq va erkinliklar nuqtai nazaridan shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarni anglashdan iborat. Albatta har bir davlat va jamiyatda demokratik qadriyatlar oʻziga xos tamoyillir va me’yorlar asosida qabul qilinadi. Fuqarolik ongi jamiyat taraqqiyotining shunday bosqichidagi ruhiy holatini anglatadiki, bu davrda demokratik me’yorlar va qadriyatlar hayotning asosiga aylanadi. Fuqarolik ongi iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ma’naviy sohalarda me’yoriy, shakllantiruvchi, yoʻnaltiruvchi, muloqotga yetaklovchi singari rang-barang vazifalarni bajaradi.
Fuqarolik ongi jamiyat hayotida turli shakllarida namoyon boʻladi. Kishilar shaxsiy va ijtimoiy qadriyatlar borasida oʻz qarashlari, tasavvurlari, qadriyatlari, intilishlari, me’yorlarini turli koʻrinishlarida namoyon etishadi. Jamiyat, guruhlar, shaxsning ijtimoiy manfaatlari namoyon boʻladigan fuqaroviy manfaatlar tizim holiga keladi. Aynan tizim holida boʻlganligi tufayli fuqaroviy manfaatlar har bir shaxsning qadriyatlarini hayotga tatbiq etadi, uning jamiyatga, davlatga, boshqa fuqarolarga nisbatan munosabatini shakllantiradi. Fuqaroning mas’uliyati, maqsadlari, vazifalarini belgilashga, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan xususiyatlarini shakllantirishga koʻmaklashadi.
Aynan fuqaroviy faollikning oʻzi bir necha jihatlar bilan ajralib turadi:
– faol fuqaro guruhiga mansub kishilar asosan siyosiy va iqtisodiy tizim toʻgʻrisida bilim olishga tayyor boʻlgan kishilardan iborat;
– faol fuqarolarda oʻz haq-huquqlarini faol amalga oshirish uchun bilim va qobiliyat mavjud;
– faol fuqarolarda ana shu bilimlarni joriy qilish uchun koʻnikmalar mavjud boʻladi.
Mamlakatni muvaffaqiyatli idora etishining 12 qoidasi (Men-TSzi):
1 qoida: Ezgulik va oliyjanoblikka tayanish;
2 qoida: Fuqarolarni doimiy mulk bilan ta’minlash;
3 qoida: Donishmandlarni hurmatlash va qobiliyat egalaridan foydalana bilish;
4 qoida: Soliq va oʻlponlarni kamaytirish;
5 qoida: Fuqarodan foydalanish, ammo uni bajarayotgan ishidan chalgʻitmaslik;
6 qoida: Fuqaroning koʻnglini olmoqlik;
7 qoida: Xalqni qadrlay bilish;
8 qoida: Hurmatli kishilarga e’tibor koʻrsatish;
9 qoida: Inson tabiatidagi e’zgulikni yoʻqolishiga yoʻl qoʻymaslik;
10 qoida: Fuqaroni ezgulikka yoʻllash;
11 qoida: Boy berilgan narsalarni idrok orqali izlash;
12 qoida: Adolatni yodda tutmoqlik.
Xulosa oʻrnida shuni ta’kidlash lozimki, «fuqarolik jamiyati» kategoriyasi qachonki shaxs va jamiyat tafakkurida ijtimoiy qadriyatga aylangandagina, tom ma’nodagi kuchli fuqarolik jamiyati qurilishiga asos boʻlishi mumkin.
Bir soʻz bilan aytganda, fuqarolik jamiyati uchun fuqaroviylik, fuqaroviy ong va fuqaroviy faollik juda muhim ahamiyatga egadir. Taraqqiyotni maqsad qilgan har qanday jamiyat uchun inson salohiyatidan foydalanish, insonning oʻzligida, uning qalbida mavjud boʻlgan birdamlik, saxiylik, bagʻrikenglik kabi fazilatlarga murojaat etishning oʻzi kifoyadir.