1-mavzu. O’zbekiston tarixi fanining predmeti, maqsad va vazifal
Jahon taraqqiyoti tarixida O’rta Osiyo sivilizatsiyasining o’rni. O’zbekiston hududlari eng qadimgi davrlardan boshlab jahon sivilizatsiyasining o’choqlaridan biri ekanligiga ilmiy jihatdan hech qanday shubha yo’q. O’zbekiston va O’rta Osiyo hududlarida olib borilayotgan keng miqyosdagi tadqiqot ishlarining natijalari ham Vatanimizning jahon sivilizatsiyasida tutgan o’rnini tasdiqlaydi.
Dunyoning turli burchaklarida yashaydigan xalqlarning turli davrlarda, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlarda erishgan yutuqlari hamda taraqqiyot bosqichiga ko’tarilishini sivilizatsiya tushunchasi o’zida aks ettiradi. Bu taraqqiyot bosqichi insoniyatning paydo bo’lishi va rivojlanishi, jamiyatning rivojlanish darajasi, moddiy va ma’naviy madaniyatning yuksalishi, qabilalar va xalqlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlar bilan izohlanadi.
O’rta Osiyo sivilizatsiyasi turli hududlarda turli davrlarda paydo bo’ldi va rivojlandi. Misol uchun, janubiy hududlarda yashagan qadimgi qabilalar miloddan avvalgi VI ming yillikdayoq dehqonchilikka o’tib, unumdor xo’jalikni rivojlantirgan bo’lsalar, bu davrda shimoliy hududlardagi qabilalar asosan ovchilik, baliqchilik va chorvachilikning ilk shakllari bilan shug’ullanganlar. Bu notekislik jarayonini tabiiy geografik sharoitlar va o’zaro munosabatlar bilan izohlash mumkin. Bu o’rinda O’rta Osiyoning cho’l va dasht hududlari hamda tog’oldi va daryo vohalari hududlarining rivojlanish darajasidagi madaniy notekislikni taqqoslab ko’rish (Kopetdog’, Hisor, Zarafshon tog’oldi hududlari hamda Qizilqum, Qoraqum, Qashqadaryo va Zarafshon vohasining dasht hududlari) muhimdir.