REJA: 1. O‘zbekiston tarixi fanining predmeti, tadqiqot ob’ekti nazariy-metodologik tamoyillari.
2. O‘zbekiston tarixi jahon xalqlari tarixi bilan uzviy bog‘liqligi. O‘zbekistontarixining dolzarb muammolari.
3. O‘zbekistontarixini o‘rganishda moddiy va yozma manbalarningo‘rni xamda ahamiyati.
4. Komil insonlarni tarbiyalashda O‘zbekistontarixi faniningo‘rni.
Nazorat uchun savollar:
1.O’zbekiston tarixiga oid manbalarni aytib o’ting.
2.Komil insonni tarbiyalashda tarixning roli.
3.Tarixni o’qitishda qanday uslublar asosiy rol o’ynaydi.
4.Tariximizni yoritishda oldimizda qanday vazifalar mavjud.
5.Tariximizdagi qora dog’lar xususida nimalar deya olasiz.
6.O’zbekiston tarixi jahon tarixida tutgan o’rni.
Karimov I.A. Tarixiy xotira va inson omili - buyuk kelajagimizning garovidir. T., “O’zbekiston”, 2012 y.
O’zbekiston tarixi konsepsiyasi. // O’zbekiston tarixi. 1999, 1 son.
G’ulomov G’., Tatiboyev A. O’rta Osiyo va jahon tarixi. T. Universitet, 1994.
Sulaymonova F. Sharq va G’arb.—Toshkent. Fan, 1997.
Jo’rayev N. Agar sen ogoh... Toshkent. O’zbekiston, 1998.
O’zbekiston yangi tarixi konseptual-metodologik muammolar. Konferensiya materiallari. Toshkent, 1998.
Asqarov A. O’zbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi. T., Sharq. 2007 y.
N.Jo’rayev, H.Sodiqov. O’zbekiston tarixi. 1-2-3 tom. T., 2012 y.
Eshov B. O’zbekiston tarixi. T., Sharq, 2013 y.
1. O’zbekiston tarixining predmeti va dolzarb muammolari. Manbalari. Tarix fani turli dunyo xalqlari qanday yashaganligi, ularning hayotida qanday voqealar sodir bo’lganligi, odamlar hayoti qanday va nima uchun o’zgarib, hozirgiday bo’lib qolganligini o’rgansa, O’zbekiston tarixi esa uning ajralmas qismi bo’lib, shu tarixiy-madaniy jarayonlarga mos holda Ona zaminimizda o’tmishda yashagan xalqlarning hayoti va ularning rivojlanishi davomida sodir bo’lgan o’zgarishlar, voqea-hodisalar, ularning turmush tarzi, iqtisodi, ijtimoiy munosabatlari, davlatchiligi, madaniyati va shu kabilarni to’laligicha o’rganadigan fandir.
Birinchi Prezidentimizning shu haqdagi fikrlari katta ahamiyatga egadir: “Hozir O’zbekiston deb ataluvchi hudud, ya’ni bizning Vatanimiz nafaqat Sharq, balki umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo’lganligini butun jahon tan olmoqda. Bu qadimiy va tabarruk tuproqdan allomalar, fozilu fuqarolar, olimu ulamolar, siyosatchilar, sarkardalar yetishib chiqqan. Diniy va dunyoviy ilmlarning asoslari ana shu zaminda yaratilgan, sayqal topgan. Eramizgacha va undan keyin qurilgan suv inshootlari, shu kungacha fayzini, mahobatini yo’qotmagan osori-atiqalarimiz qadim-qadimdan yurtimizda dehqonchilik, hunarmandchilik madaniyati, me’morchilik va shaharsozlik san’ati yuksak bo’lganidan dalolat beradi”.
O’zbekiston tarixi faqat turli bilimlar tarzidagi fan emas, balki bir necha asrlar davomida to’planib kelgan o’zaro ichki qonuniyatlar bilan chambarchas bog’langan bilimlar tizimi sifatidagi o’zining o’rganish ob’yekti va predmetiga ega bo’lgan mustaqil fandir.
O’zbekiston tarixi fanining dolzarb muammolari, yechimini kutayotgan va aniqlik kiritilishi lozim bo’lgan masalalar talaygina. Xususan, Vatanimiz hududida eng qadimgi davrlardan boshlab yashayotgan aholi va ularning joylashuvi; bu aholining qo’shni qabilalar va elatlar bilan turli munosabatlari; Amudaryo va Sirdaryo oralig’ida yashagan qadimgi mahalliy aholini bizning ajdodlarimiz ekanligini ta’kidlash va tadqiq etish shular jumlasidandir.
Shuningdek, dastlabki o’zbek davlatchiligining paydo bo’lishi va rivojlanishi ham muhim masaladir. Ayniqsa, mahalliy qadimgi aholi yashaganligi dehqonchilik xo’jaligini rivojlantirganligi, dastlabki aholi manzilgohlarining paydo bo’lganligi; dastlabki manzilgohlar rivojlanib ilk shaharlarga aylanganligi; dastlabki shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’muriy markazlar sifatida rivojlanganligi va nihoyat, ushbu jarayonlarga asos bo’lgan omillar nihoyatda muhimdir.
Respublikamiz hududlaridagi dastlabki davlat uyushmalarining o’zaro va qo’shni davlatlar bilan turli aloqalari, ularning tarixiy-geografik hududi va chegaralari ham ancha munozarali mavzu hisoblanadi. Hozirgi kunga qadar o’lkamiz hududlari va bu yerdan chetda bitilgan o’rta asrlarga oid yozma manbalarni o’rganish bo’yicha talaygina ishlar amalga oshirilgan bo’lishiga qaramay, bu yo’nalishda yanada qadimgiroq davrlarga oid qilinadigan ishlar nihoyatda ko’p.
O’zbekiston tarixini o’rganishda manbalarning ahamiyati beqiyos bo’lib, bular moddiy va yozma manbalardir. Tariximizning eng qadimgi, ya’ni yozuvsiz zamonlarga oid davrini o’rganishda arxeologik, antropologik va etnografik manbalar yordamga keladi. Bu manbalar turli-tuman bo’lib, ularga — qadimgi manzilgohlar va shaharlar xarobalari, mozor-qo’rg’onlar qoldiqlari, turmush va xo’jalikda ishlatiladigan buyumlar, mehnat va jangovar qurollar, turli-tuman ashyolar kiradi. Yozma manbalar esa, eng qadimgi yozuvlar, bitiklar va kitoblardan iboratdir. Moddiy va yozma manbalar ma’lumotlarini solishtirib, qiyoslab tarixni talqin etish muhim ahamiyat kasb etadi.
2.O’zbekiston tarixini yoritishning nazariy-metodologik asoslari. Vatan tarixini yoritishda nazariy-metodologik asoslarni bilish katta ahamiyatga ega. Ilmiylik, xolislik, tarixiylik metodlari tarixni yoritishning asosiy kaliti hisoblanadi. Birinchidan, yaratilgan o’zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi konsepsiyasi asosida tarixni davrlarga bo’lish va ularni chuqur tahlil qilish lozim. Eng asosiy vazifalardan yana biri – mustaqillik davrida yaratilgan yangi tadqiqotlar asosida ob’yektiv tarixni o’rgatishni tashkil qilishdir.
Ilmiylik bilan bir qatorda xolislik turadi. Bunda tahlil qilinayotgan har bir tarixiy voqea-hodisalarni xolis, haqqoniy ravishda o’rganish yoki tarixnavisning xohish-irodasidan tashqarida, voqea-hodisalar qanday sodir bo’lgan bo’lsa, shundaligicha yoritish ko’zda tutiladi. Har bir tarix yozuvchi kishi shaxs sifatida o’zining fikri-mulohazalari, idroki va boshqa his-tuyg’ular orqali atrofni o’rab turuvchi muhit bilan uzviy ravishda bog’liq. Bu bog’liqlik unga o’z ta’sirini o’tkazadi.
Xolislik talab qiladigan qoidalar shundan iboratki, ushbu yo’nalishda tarixiy-madaniy taraqqiyotni (tarixning turli davrlarida) o’rganish jarayonida bo’lib o’tgan yoki shu taraqqiyot bilan bog’liq bo’lgan jamiki voqea-hodisalarni hech bir o’zgarishlarsiz, qanday bo’lib o’tgan bo’lsa, o’sha holatda talqin va tahlil etish, tekshirish va xulosalar chiqarib yaxlit holga keltirish o’ta muhimdir. Bu holatda aniq manbaviy asoslarga tayanish, tarixiy jarayonlarning o’zaro chambarchas bog’liqligini asoslash lozim bo’ladi. Bu jarayonda hududlar o’rtasidagi rivojlanish jarayonlarini o’zaro solishtirish, qiyoslash va taqqoslash faqat ijobiy natijalar berishi tabiiy holdir.
O’zbekiston tarixini o’rganishning uslubiy asoslaridan yana biri — bu voqea va hodisalarni dialektik tarzda o’rganishdir. Dialektika olam yagona va yaxlit, unda sodir bo’ladigan hodisalar, voqealar umumiy va o’zaro bog’lanishda, uzluksiz harakatda, ziddiyatli taraqqiyotda bo’ladi, deb ta’lim beradi. Bu uslub O’zbekiston tarixini o’zlashtirishda uni to’laligicha, voqea-hodisalarni bir-biri bilan bog’liqlikda, ayrim tarixiy voqelikni o’rgatuvchi fanlarni ham bir butunlikda, uning bo’laklarini ajratib olmaslik va voqea-hodisalarni doimo o’zgarishda, rivojlanishda o’rganishni taqozo qiladi. Biror bir davr haqida fikr-mulohaza yuritilayotgan bo’lsa, ana shu davrning o’ziga xos xususiyatlarini anglab olib, uni ko’rsatishni talab qiladi. Dialektik uslubga asoslanib, tarixiy jarayonni umumiylik va alohidalik qoidalardan kelib chiqqan holda tushunish lozim.
Dialektik uslub O’zbekiston tarixini avvalo O’rta Osiyo, qolaversa, jahon xalqlari tarixi bilan bog’liq holda o’rganishni taqozo etadi. Chunki mavjud bo’lgan har bir xalq, millat yoki elat tarixi faqat o’ziga xos xususiyatlari bilan ajralib tursa-da, butun insoniyat taraqqiyoti tarixi bilan umumiy bog’lanishdadir. Haqiqatdan ham, o’zbek xalqining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishi jahon tarixi taraqqiyotining ajralmas qismidir. Eng qadimgi davrlardan boshlab yaqin o’tmishga qadar O’rta Osiyo, Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Eron, Afg’oniston, Shimoliy Hindiston kabi hududlar o’rtasida yagona iqtisodiy va madaniy makon mavjud edi. O’zbekiston tarixini o’rganishda tarixiylik uslubi ham alohida o’rin egallaydi. Bu uslub tarix jarayonida sodir bo’lgan voqea-hodisalarni o’rganishda ketma-ketlikni talab qiladi. Bir voqea-hodisa bilan boshqasini sabab-oqibatli bog’lanishi ham ko’rsatiladi. Tarixiylik voqea-hodisalarni qay tarzda sodir bo’lganligini, jamiyat rivojlanishida ayrim shaxslar va ularning roli to’g’risida to’g’ri, haqqoniy fikr yuritishga o’rgatadi.
Tarixiylik uslubi xalqning o’tmishiga, hozirgi zamoni va kelajagiga yagona tarixiy jarayon sifatida o’tmish hozirgi zamonni tayyorlaydi, hozirgi zamon kelajakni yaratadi, degan taraqqiyot qonuni asosida qarashni talab qiladi. Bo’lib o’tgan tarixiy-madaniy jarayonlarni, ajdodlarimiz qoldirgan ulkan merosni qanchalik chuqur va har tomonlama o’rgansak, anglab yetsak hamda keng targ’ib etsak, hozirgi zamonni shunchalik mukammal tushunib, kelajakni yorqin tasavvur etamiz.