1-mavzu: O’zbekiston yagona vatan



Yüklə 0,61 Mb.
səhifə65/90
tarix14.12.2023
ölçüsü0,61 Mb.
#180510
1   ...   61   62   63   64   65   66   67   68   ...   90
Узбек тили

ABDULLA QAHHOR
(1907-1968)
Abdulla Qahhor XXasr o’zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan vaxalqning muhabbatini, hurmatini qozongan iste’dodli yozuvchilardan biridir.
Abdulla Qahhor 1907 yilning 17 sentyabr kuni hozirgi O’zbekistonning Qo’qon shahrida (ba’zi ma’lumotlarga qaraganda – Tojikistonning Asht tumanida) temirchi usta oilasida dunyoga kelgan. U oilada tug’ilgan o’n boladan tirik qolgan yagona farzand edi. Abdullaning bolalik yillari qashshoqlik va darbadarlikda o’tadi. Uning oilasi yaxshiroq hayot ilinjida Farg’ona vodiysi bo’ylab qishloqma-qishloq ko’chib yuradi. OqibatdaAbdulla “Ko’chmanchi”, “Kelgindi” singari haqoratli laqablar oladiki, bu uning xotirasida bir umrga muhrlanib qoladi. Avval Abdulla qishloqdagi diniy maktabda savodsiz Valixon so’fi degan domla qo’lida o’qiydi. Domlaning savodsizligidan g’azablangan otasi uni 1917 yil Okbyaridan keyin ochilgan Yangi maktabga o’qishga beradi. Bu maktabdaancha yaxshi bilim olgan Abdulla 20-yillar boshida o’qishni Qo’qondagi texnikumda davom ettiradi. Xuddi shu vaqtda, ya’ni 20-yillar boshidaAbdullaadabiyot sohasida ilk mashqlar qila boshlaydi va ularni Toshkentdagi gazeta, jurnallarga yuboradi. Ulardan biri, ya’ni “Oy kuyganda” she’ri “Mushtum” jurnalining 1924 yilgi 8-sonida bosilib chiqadi. Abdullaning matbuotda e’lon qilingan mana shu birinchi she’riyoq unda ijod qilishga qandaydir iste’dod borligidan, ya’ni adabiyot vositalari orqali muayyan g’oyani ifodalashga qodirligidan dalolat bergan edi. Unda ma’rifatparvarlik g’oyasi adabiyotning birinchi unsuri bo’lgan badiiy timsollar vositasida ifodalangan edi. Abdullada iste’dod kurtaklari nish urayotganligi shunda ko’rinardiki, she’rda “ma’rifat” so’zi biron marta ham ishlatilmagani holda, odamlar ilmli bo’lsalar, tabiat hodisalarining mohiyatini to’g’ri tushunishlari va ular oldida behudaga talvasaga tushmasliklari haqidagi g’oya ilgari surilgan edi. “Oy kuyganda” she’ri bilan Abdulla Qahhor ijodining birinchi bosqichi boshlanadi. Mazkur izlanishlar vamashqlar bosqichi qariyb o’n yil davom etadi. Bu davrdaAbdullaavvalo taxallus izlaydi va 20-yillarda yozgan ko’plab hikoyalarini, sakkizta she’rini, ellikta feletonini “Norin shilpiq”, “Mavlon kufir”, “Gulyor”, “Erkaboy” singari imzolar bilan e’lon qiladi. Ijodning ilk bosqichi, asosan, izlanishlardan iboratligi shu bilan belgilanar ediki, bu davrdaAbdulla yozgan “Ikki qonun”, “Yosh qizlar o’gay ota qo’lida” singari hikoyalar, feletonlar va she’rlar g’oyaviy-badiiy jihatdan juda nochor hamda zaif edi. Buni juda yaxshi fahmlagan Abdulla so’ngroq mazkur asarlarining ko’pchiligini keyingi ko’p jildlik kitoblariga kiritmagan edi. SHu bilan birga ijodning ilk bosqichidagi mashqlar muayyan ijobiy samaralar ham bergan edi. Ulardan biri Abdulla Qahhorning 1929 yilda e’lon qilingan “Boshsiz odam” hikoyasi bo’lib, mazkur asar muallifning inson xarakterini, ruhiy dunyosini teran tahlil qila bilish mahorati etilib borayotganligidan guvohlik beradi. Bu davrdaAbdulla Qahhor Toshkentdagi O’rta Osiyo Davlat universitetida o’qir edi.
Izlanish davrining samaralari sifatida uning 1932 yilda “Qishloq hukm ostida”, 1933 yilda “Olam yasharadir” va “Qotilning tug’ilishi” singari kitoblari bosilib chiqadi. Mazkur kitoblar mashqlar bosqichining o’zigaxos yakuni sifatida maydonga kelgan deb hisoblash mumkin, chunki 1934 yildan Abdulla Qahhor yuqoridagi to’plamlardagi izlanishlarning nochor samaralaridan keskin farq qiluvchi asarlar yarata boshlaydi. 1934 yili Abdulla Qahhor “Maston”, “Ko’r ko’zning ochilishi” singari asarlarini e’lon qilib, hikoyada hayotni realistik tasvirlash prinsiplari ijodida uzil-kesil qaror topganligini isbotlagan edi. SHunga ko’ra mazkur asarlar va “O’g’ri”, “Mayiz emagan xotin” kabi hikoyalari bilan Abdulla Qahhor ijodining ikkinchi bosqichi, ya’ni chinakam realistik asarlar yaratish pallasi boshlangan deb hisoblash mumkin. Bu hikoyalarning bir guruhida (“O’g’ri, “Dahshat”) Abdulla Qahhor o’tmishdagi mehnatkash xalq hayotining fojiaviy manzaralarini gavdalantirgan bo’lsa, ikkinchi guruhida (“Mayiz emagan xotin”, “Qanotsiz chittak”, “Bashorat”) 30-yillar turmushidagi ijtimoiy nobopliklarni, axloqiy tubanlik, ma’naviy qashshoqlik singari illatlarni hajv olovi bilan kuydirishga intilgan.
30-yillarning o’rtalaridan Abdulla Qahhor ijodida Yangi bosqich boshlanganligi yana shu bilan belgilanar ediki, bu davrda u o’zbek nasrida yozuvchi Abdulla Qodiriyning “O’tgan kunlar” asaridan keyin ikkinchi cho’qqi hisoblanuvchi “Sarob” romanini e’lon qiladi. RomandaAbdulla Qahhorning inson ruhiyatini chuqur tahlil qila bilish mahorati nihoyatda ortganligi yaqqol sezilib turardi. Insoniy xarakterlarning teran psixologik tahlili vositasidaAbdulla Qahhor o’sha davrda bizning mamlakatimizda millat taqdiri, ravnaqi, baxti uchun kurashganlar dahshatli fojiaga uchraganligini ochib bergan edi. SHu yo’l bilan romanda millatparvarlik g’oyasi tasdiq etilgan edi. Faqat adabiy tanqidchilik roman mag’ziga yashiringan bu haqiqatni endi-endi anglab etmoqda.
Urushdan keyin Abdulla Qahhor bizning adabiyotimizda keng quloch yozgan konfliktsizlik “nazariya”si ta’siriga berilib, “Kartina”, “Hamqishloqlar” singari hikoyalar va “Qo’shchinor chiroqlari” romanini yozib, ularda o’sha davrdagi xarob o’zbek qishlog’i manzaralarini sun’iy ravishdaancha yaltiratib, go’zallashtirib aks ettiradi. Xuddi shunday tasvirning tamg’asi yozuvchining O’zbekistondan uzoq-uzoqlarga mashhur bo’lgan “SHohi so’zana” (1951) komediyasida ham o’z muhrini qoldirgan edi. Endi o’zlashtirilayotgan Mirzacho’l erlari gulistondek qilib ko’rsatilgan bo’lsa-da, bu asar juda kulgili, qiziqarli sahnalarga boyligi, esda qoladigan insoniy xarakterlarga egaligi bilan yozuvchining komediyanavislik sohasida dadil qadam qo’yganligidan guvohlik berar edi. Balki shu kabi fazilatlari tufayli bu asar jahonning ko’plab sahnalarida qo’yilgan va sobiq ittifoqning Davlat mukofotiga sazovor bo’lgandir.
Dramaturgiya sohasidagi ilk muvaffaqiyatdan ruhlangan Abdulla Qahhor 1954 yilda “Og’riq tishlar” nomli navbatdagi komediyasini e’lon qiladi. Bu asar yozuvchi ijodida uchinchi davr, ya’ni etuklik pallasi boshlanganligidan dalolat berar edi, chunki unda balki o’zbek adabiyotida ilk bor sosializmning illatlari, ya’ni rahbarlikning nomukammalligi, axloqiy qashshoqlik, ma’naviy tubanlik, iqtisodiy notenglik singari nuqsonlar haqida hajviyot vositalari orqali ayon ko’rinib turgan haqiqat ifodalangan edi. Abdulla Qahhorning “Tobutdan tovush” (1962), “Ayajonlarim” (1967) kabi komediyalarida ham sosializmning yuqoridagi singari illatlariga nisbatan mahorat bilan hajv o’ti yo’naltirilgan bo’lib, bu hol uning o’sha davr adabiyotida hukmron sosialistik realizm metodining temir qoliplarini sekin-sekin yorib chiqishga intila boshlaganligidan guvohlik beradi.
Faoliyatining etuklik bosqichidaadib nasr sohasida ham unumli ijod qilib, “Ming bir jon”, “Mahalla” kabi hikoyalar, “Sinchalak”, “O’tmishdan ertaklar”, “Muhabbat” singari qissalar va ko’plab adabiy-tanqidiy maqolalar yaratdiki, ularning ayrimlari adabiyotimizda sezilarli hodisa bo’lib qoldi. Xususan, “O’tmishdan ertaklar” qissasi yozuvchining bolaligi o’tgan davr hayoti manzaralarini shafqatsiz realistik bo’yoqlarda gavdalantirganligi sababli kitobxonlar e’tiborini qozondi va respublikaning Hamza nomidagi mukofoti bilan taqdirlandi.
Ayon bo’ladiki, O’zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor o’zidan yuzlab hikoyalar, beshta qissa, ikki roman va to’rtta komediya qoldirdi hamda ularning ayrimlarida yuksak iste’dod sohibi ekanligini namoyon qildi. Uning eng yaxshi asarlari o’zbek realistik nasri va dramaturgiyasi taraqqiyotiga qo’shilgan o’zigaxos hissa bo’lib qoldi.



Yüklə 0,61 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   61   62   63   64   65   66   67   68   ...   90




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin