Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy (973 - 1048) Sharq Uyg'onish davrining qomusiy olimlaridan biri, tarbiyashunos olim, umumjahon tabiiy-ilmiy va ijtimoiy fanlar rivojiga ulkan ta'sir ko'rsatgan buyuk aql zakovat sohibidir. Alloma asarlarida ta'lim-tarbiya birligi va axloq masalalariga yetuk tarbiyashunos olim sifatida yondashgan, chunonchi, “Minerologiya”, “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston” kabi asarlarida pedagogika va psixologiyaga oid noyob fikr mulohazalarini va ma'rifiy-didaktik qarashlarini bayon etdi.
Bolalarni maktabda o'qitish va tarbiyalash jarayonida dunyoviy fanlarni bir-biri bilan bog'lab turli mavzularda mulohazalar yuritishni ta'kidlab: “Bizning maqsadimiz o'quvchilarni toliqtirib qo'ymaslikdir, bir mavzuni qayta-qayta takrorlab o'qib berish o'quvchini zeriktiradi, xotirasini susaytiradi. Agar o'quvchi bir mavzudan boshqa bir yangi mavzuga o'tib tursa, u xuddi turli-tuman bog'larda sayr qilgandek bo'ladi, bir bog'dan o'tar-o'tmas, boshqa bir bog' boshlanadi. Bola ularning hammasini ko'rgisi va tomosha qilgisi keladi. Har bir yangi narsa bolaga rohat bag'ishlaydi, deb behuda aytilmagan” ,– deydi.
Beruniy mamlakatning obodonligi ilm–fanning ravnaqi tufayli deb aytadi, yoshlarning baxt–saodati va kamoloti esa ularga bilim va ma'rifat beruvchi mudarrislarga bog'liq deb ta'kidlaydi. Ilm va ma'rifat sari intiluvchi tolib va mudarrislarga deydiki: “Ilm dargohiga kirar ekansan, qalbing kishini ozdiruvchi illatlardan, odamni ko'r qilib qo'yadigan nafs va turli buzg'unchi holatlardan, qotib qolgan turli eski urf–odatlardan, hirsdan, raqobatdan, ochko'zlikni quli bo'lishdan ozod bo'lmog'i darkor”
Abu Ali ibn Sino (980-1037) o'z asarlarida inson kamolotida uch narsa – irsiyat, muhit, tarbiya muhim rol o'ynashini ta'kidlab, bunda mudarrislar bolalarga ta'lim berishdek mas'uliyatli burchni bajarib, shu uch holatga javobgarlik hissi bilan yondashishini uqtiradi va mudarrislarga faoliyatda muvaffaqiyatga erishish garovi bo'lgan quyidagi tavsiyalarni beradi:
1) Bolalar bilan muomalada bosiq va jiddiy bo'lish.
2) Berilayotgan bilimning o'quvchilar tomonidan o'zlashtirilishiga e'tiborni qaratish.
3) Ta'limda turli shakl va metodlardan foydalanish.
4) O'quvchining xotirasi, bilimlarni egallash qobiliyati, shaxsiy xususiyatlarini nazorat qilish.
5) Bolalarni fanga qiziqtira olish.
6) Berilayotgan bilimlarning eng muhimini ajratib bera olish.
7) Bilimlarni o'quvchilarning yoshi, aqliy darajasiga mos ravishda tushunarli olib borish.
8) Har bir so'zning bolalar hissiyotini uyg'otish darajasida bo'lishiga erishish.