Insoniyat taraqqiyoti tarixi turli, ayni paytda, o‘ziga xos manfaatli munosabatlarga ega, shaklan mazmunan bir-birini takrorlamaydigan shaxs, guruh, qatlamlar hamda voqea-hodisalarga har xil yondashuvlarning namoyon bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Turfa madaniyat va yondashuvlar ijtimoiy hayotning rivojlanishining oqilona asoslari paydo bo‘lishiga, taraqqiyot qonuniyatining nazariy va amaliy mezonlari shakllanishiga xizmat qilishi bilan birga inson va jamiyat hayotida turli ijtimoiy xatarlar, tanazzullar, murosasizlikning, toqatsizlikning betakror shakllarining namoyon bo‘lishiga olib keladi. Shu bois konfliktlarning namoyon bo‘lish shakllari va turlarini o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda quyidagicha: konfliktlarning ob’ekti, maqsadi, oqibatlari hamda yo‘nalganligi, ularning namoyon bo‘lish sabab-oqibatlari, to‘satdan, kutulmaganda sodir bo‘lish vaqtiga, davomiyligi va keskinlik darajasiga, nizolar kelib chiqishi va uning ishtirokchilariga ko‘ra, ijtimoiy hayotning tashkil etilganlik darajasiga hamda vaziyatni sub’ektiv idrok etishni hisobga olgan holdagi va boshqa turlariga ajratish mumkin.
Konfliktlarning namoyon bo‘lish turiga ko‘ra ikkiga bo‘lish mumkin: agonistik (murosaga keladigan) va antagonistik (murosasiz).
Agonistik konfliktlar uchun quyidagilar xos:
1) konfrontatsiya(konflikt) – sotsial guruhlarning qarama-qarshi siyosiy, ekologik, sotsial manfaatlarga passiv qarshi turishi. Konfrontatsiya ochiq to‘qnashuv shaklini olmaydi, ammo farqli qarashlar mavjudligini ko‘zda tutib, raqobatga o‘sib ketishi mumkin;
2) raqiblik – alohida odam yoki biron-bir jamoat yutuqlari va imkoniyatlari e’tirof etilishi uchun kurash. Raqiblik maqsadi – yaxshiroq sotsial pozitsiyaga ega bo‘lish, e’tiborli yutuqlarga erishish. Raqiblik rivojlanib, raqobatga o‘tishi mumkin.
3) raqobat – konfliktning alohida toifasi bo‘lib, undan maqsad – biron-bir foyda, daromad ko‘rish yoki kamyob ne’matlarga erishish.
Antagonistik konfliktlarning quyidagi turlari mavjud:
1) norozilik – mavjud holatdan aniq ifodalanmagan holda norozilik bildirish. Avvaliga asabiylashuv paydo bo‘lib, u va nizoli vaziyatga o‘tib boradi. Noaniq maqsadlar nisbatan aniq ifodalangan talablarga aylanib, lekin norozilik tashkilotchilari ning istaklari hamisha ham tushunarli emas, ya’ni ularning irodasi aniq ifodalanmagan. Norozilik o‘sib, g‘alayon yoki qo‘zg‘olonga o‘tib ketishi mumkin;
2) g‘alayon – shaxs yoki jamoa agressiyasining jamoaviy norozilikni yuksak darajada uyushtirgan holda agressiv tarzda ifodalash;
3) qo‘zg‘olon – shaxs yoki jamoa agressiyasining jamoaviy norozilikni yuksak darajada uyushtirgan holda muayyan maqsadga qarata ifodalash;
4) inqilob – konfliktning oliy shakli, ko‘rinishi bo‘lib, norozilik ning eng so‘nggi shakli, mavjud tuzumni siyosiy ag‘darib tashlash yo‘li, sotsial-iqtisodiy tartibning sifat jihatidan o‘zgarishini anglatadi. Odatda, inqilob harakatning zo‘ravonlik ishlatgan holdagi harbiy usulini va keng ommaning jalb etilishini nazarda tutadi.