Xo'sh pedagogik mahoratning o'zi nima? Unga hozirgi zamon fani nuqtai nazaridan quyidagicha ta'rif beriladi:
Pedagogik mahorat – o'qituvchilarning shaxsiy (bolajonligi, xayrixohligi, insonparvarligi, mehribonligi va h.k.) va kasbiy (bilimdonligi, zukkoligi, fidoyiligi, ijodkorligi, qobiliyati va hokazo.) fazilatlarini belgilovchi xususiyat bo'lib, o'qituvchilarning ta'lim-tarbiyaviy faoliyatida yuqori darajaga erishishini, kasbiy mahoratini doimiy takomillashtirib borish imkoniyatini ta'minlovchi faoliyatdir. U o'z fanini mukammal bilgan, pedagogik–psixologik va metodik tayyorgarlikka ega bo'lgan, o'quvchilarni o'qitish, tarbiyalash va rivojlantirishning optimal yo'llarini izlab topish uchun, amaliy faoliyat olib boradigan har bir o'qituvchining kasbiy faoliyatida namoyon bo'ladi.
Shunday qilib, pedagogik mahorat egasi bo'lish uchun o'qituvchi o'z o'quv predmetini davr talablari asosida bilishi, pedagogik va psixologik bilimlarga ega bo'lishi, hamda insoniylik, izlanuvchanlik va fidoyilikni o'zida tarkib toptirishi lozim. I.P. Rachenko pedagogik mahoratni pedagogik san'atning bir qismi sifatida ta'riflab, shunday yozadi: “pedagogik mahorat deganda o'qituvchining pedagogik–psixologik bilimlarni, kasbiy malaka va ko'nikmalarni mukammal egallashi, o'z kasbiga qiziqishi, rivojlangan pedagogik fikrlashi va intuitsiyaci, hayotga axloqiy–estetik munosabatda bo'lishi, o'z fikr mulohazasiga ishonchi va qat'iy irodasi tushuniladi”. Tadqiqotchilarning fikriga ko'ra, quyidagi to'rtta komponent
pedagogik mahoratning asosiy tashkil etuvchilari hisoblanadi:
• o'qituvchilik kasbiga sadoqat;
• o'z fanining o'qitish metodikasini mukammal bilishi;
• pedagogik qobiliyatlarini namoyish eta olishi;
• pedagogik texnikani o'z o'rnida qo'llay bilishi.
Shuni alohida qayd etib o'tish zarurki, o'qituvchilik kasbi murakkab va mas'uliyatli jarayondan iborat. Ushbu kasbning sharafliligi va murakkabligi shu bilan belgilanadiki, o'qituvchi doimo ongning yagona sohibi bo'lmish insonning ta'lim-tarbiyasi bilan shug'ullanib, u bilan muloqot olib boradi. Ongli va tirik jonzot esa aqliy, ruhiy, hamda jismoniy jihatdan doimo rivojlanishda bo'ladi. Shu sababli, bo'lajak o'qituvchilar tarbiyalanuvchi bilan doimiy muloqotda bo'lishi, unga ta'sir ko'rsatish uchun muntazam ravishda psixologiya va tarbiya nazariyasini mukammal o'rganib, o'z kasbiy faoliyatini muttasil rivojlantirib borishi kerak.
O'qituvchilarning shaxsiy fazilatlari sirasiga iymon–e'tiqodi, dunyoqarashining kengligi, faolligi, odob–axloqi, fuqarolik burchini his qilishi, ma'naviyati, dilkashligi, talabchanligi, qat'iyligi va o'z maqsadlariga intilishi, insonparvarligi, huquqiy bilimdonligi mamlakatimizning ijtimoiy–siyosiy talablariga o'z fikr mulohazasi bilan faol ishtirok etishi kiradi.
O'qituvchilarning kasbiy xususiyatlariga: o'z kasbini, bolalarni sevishi, ziyrakligi,
hozirjavobligi, vazminligi, pedagogik nazokati, tasavvuri, qobiliyati, tashkilotchiligi, notiqlik madaniyati, chuqur va keng ilmiy saviyasi, kasbiy layoqatliligi, ma'naviy ehtiyoji va qiziqishi, intellekti, yangilikni anglay va qo'llay olishi, kasbiy ma'lumotni muntazam oshirishga nisbatan intilishi va boshqa fazilatlari kiradi.
O'qituvchilarning kasbiy pedagogik tayyorgarligi shartli ravishda quyidagi yo'nalishlarda olib boriladi:
1) O'qituvchining shaxsiy fazilatlar bo'yicha tayyorgarligi.
2) O'qituvchining ruhiy – psixologik tayyorgarligi.
3) O'qituvchining ijtimoiy – pedagogik va ilmiy – nazariy jihatdan tayyorgarligi.
4) O'qituvchining maxsus va ixtisoslikka oid uslubiy bilimlarni egallab borishi.
Yana ta'kidlash joizki, pedagogik mahorat o'qituvchilar hamda tarbiyachilar shaxsiy va kasbiy sifatlarining yig'indisi bo'lib, o'qituvchi mahoratini shakllantirishni ta'minlovchi omillarni, pedagogik–psixologik, metodik bilimlarni doimiy egallab borishi lozim. Yuksak pedagogik mahoratni shakllantirishni ta'minlovchi omillar quyidagilar:
a) ixtisoslik bo'yicha o'quv predmetini, zamon, ilm–fan, texnika taraqqiyoti darajasida mukammal bilishi, uning boshqa o'quv fanlari bilan o'zaro aloqadorligini ta'minlash malakasiga ega bo'lishi;
b) ta'lim oluvchilarning yosh, fiziologik, psixologik hamda shaxsiy xususiyatlarini hisobga olishi, ularning faoliyatini ob'ektiv nazorat qilishi va baholashi;
v) ta'lim jarayonini demokratlashtirish va insonparvarlashtirish asosida o'z faoliyatini tashkil etishi;
g) o'quv – tarbiyaviy jarayonni zamon talablari darajasida tashkil qilish uchun asosiy pedagogik– psixologik va metodik ma'lumotlarga ega bo'lishi;
d) fanlarni o'qitish jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanishni bilishi;
e) jamoani «ko'ra bilish», o'quvchilarning qiziqishlari, intilishlari, ularning hayot
faoliyatlarida uchraydigan qiyinchiliklarni tushunish va hamdard bo'la olish, o'z vaqtida ular fikrini anglay bilish, zukkolik bilan har bir bolaning xarakter xususiyati, qobiliyati, irodasini tushunish hamda ularga muvaffaqiyatli ta'sir ko'rsatishning shakl, usul, vositalaridan xabardor bo'lishi;
j) o'z shaxsiy sifatlari (nutqining ravonligi, tashkilotchilik qobiliyati, badiiy ehtiyoji, didi va hokazo) ni takomillashtirish malakasiga ega bo'lishi.
O'qituvchining pedagogik mahorati pedagogika oliy ta'lim muassasalarida shakllanib boradi. Yuksak saviyali pedagogik kadrlar tayyorlashga nisbatan talablar, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, o'z kasbi bilan uzluksiz taraqqiyotga moslasha oladigan o'qituvchining shakllanishi, bo'lajak o'qituvchi umummilliy mavqeining o'sib borishini ta'minlaydi.
Ta'lim va tarbiya tarixini o'rganar ekanmiz, uning rivojlanishi, yillar davomida shakllanib borishi ustoz va shogird faoliyatiga bog'liqligining guvohi bo'lamiz. Eng qadimgi davrlardayoq mudarrislar (o'qituvchilar) ta'lim va tarbiyaning samarali ta'sir usullarini qidirib topib, hayotga tatbiq eta boshlaganlar. Buning natijasida eramizdan oldingi davrlardayoq ta'lim-tarbiyaning samaradorligiga erishilishi uchun o'qituvchiga bo'lgan talablar kuchayib bordi.
O'qituvchi mahoratini takomillashtirish yuzasidan turli g'oyalar, nazariya va tavsiyalar paydo bo'la boshladi. Miloddan avvalgi VI–VII asrlarda O'rta Osiyoda ishlab chiqarish kuchlarining ortib borishi bilan ijtimoiy hayotda ham ijobiy o'zgarishlar ro'y berdi. Turk va fors tilida so'zlashuvchi xalqlar o'rtasida o'zaro madaniy aloqalar yuzaga keldi. Yosh avlodni mustaqil hayotga tayyorlashda asrlar davomida qo'llanib kelingan, yerli millatning o'ziga xos urf – odati va an'analariga mos
ravishda tatbiq etilgan ta'lim va tarbiyaning noyob usul va vositalari, tadbir va shakllari
vujudga kela boshladi. Hali maktab bo'lmagan, pedagogik fikr tarkib topmagan davrdayoq qabila insonparvarlik sifatlarini tarkib toptirish sohasida aql idrok bilan faoliyat olib borishgan. Ularning ta'lim-tarbiya usullari yillar davomida hayot tajribasi va sinovlaridan o'tib, sayqallanib o'sha davrning olijanob mevasi sifatida bizning davrimizgacha yetib keldi.VII asrlarga kelib O'rta Osiyoda ilm-fan va madaniyat sohasidagi rivojlanish bevosita ta'lim va tarbiya beruvchi mudarrislarning qizg'in faoliyati hamda ularga qo'yiladigan talablarning nihoyatda rang-barangligi va xilma-xilligi bilan diqqatga sazovordir. Ilk ibtidoiy jamoa va quldorlik davrlaridan boshlab, bolalarning ta'lim va tarbiyasiga javobgar ulamolar hamda mudarrislar nasihat, tushuntirish, rag'batlantirish, maqtash, namuna ko'rsatish, tanbeh berish, ta'qiqlash, majbur qilish, po'pisa qilish, qo'rqitish kabi usullardan foydalanganlar. Biroq mudarrislarning o'zi bolaga ta'lim-tarbiya berish uchun mukammal amaliy va nazariy bilimga ega bo'lishi kerak edi. Shu sababli mudarrislar savodli madrasa toliblari orasidan tanlangan va ma'lum muddat tayyorgarlikdan o'tishgan.
Markaziy Osiyoning Xorazm zaminida shakllangan eng qadimiy va “o'tmishdagi dinlarning eng kuchlilaridan bo'lgan” (YU.A.Rappoport) zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”da bolalar ta'lim-tarbiyasiga oid qiziqarli ma'lumotlar berilgan. “Avesto”da ta'kidlanadiki, bilim va tarbiya hayotning eng muhim tirgagi bo'lib hisoblanadi. Har bir yoshni shunday tarbiyalash zarurki, u avvalo yozishni o'rganish asosida bilim olishi kerak, so'ngra esa odob-axloqi bilan eng yuksak pog'onaga ko'tarilsin. Kohin muallimlari oqsoqollar Kengashi tomonidan tanlanib, qat'iy belgilangan qoidalar asosida yoshlarga ta'lim va tarbiya berishgan.
“Avesto”da bolalarni o'qitish va tarbiyalash qoidalari quyidagi tartibda tavsiya etilgan:
a) diniy va axloqiy tarbiya;
b) jismoniy tarbiya;
v) o'qish va yozishga o'rgatish.
Maxsus tayyorgarlikdan o'tgan muallimlar bolalarni yetti yoshidan boshlab, diniy tarbiyaga asoslangan maktablarga jalb qilishgan. Maktablarda “muqaddas yashil ko'ylak” kiydirish marosimi o'tkazilgach, kohin muallimlar bolalarni “Avesto”da keltirilgan madadkor kuchlarni ulug'lovchi ezgulik va yaxshilik ma'budasiga sig'intirishgan. Duolar quyidagi so'zlar bilan boshlangan: “Men zardushtiylik diniga sodiq qolishga va'da beraman, men yaxshi fikrlar, yaxshi so'zlar, yaxshi amallarga ishonaman...”. Marosimdan so'ng muallimlar bolalarga sovg'alar ulashishgan.
Muallimlar mashg'ulotlar jarayonida bolalarga nisbatan jismoniy jazodan ko'ra ko'proq o'z diniga ishonch va e'tiqodni, dunyodagi barcha yaxshilik va ezguliklarning bunyodkori, ilohiy Axuramazdaga sig'inishni, odamlar boshiga yovuzlik va yomonliklarni yog'diruvchi Axrimandan esa nafratlanish hissini tarbiyalar edilar. Bolalarning sog'lom va baquvvat bo'lib o'sishi bilan birga o'z dinining barcha rasm-rusumlarini to'liq bajarishiga, o'rganilayotgan fanlarni puxta bilishiga, axloqiy pokligiga, mehnatsevarlik, rostgo'ylik, saxovatlilik kabi fazilatlarni egallashiga kohin muallimlari javobgar edilar. “Avesto”da yer, suv va havo muqaddas deb e'lon qilinib, muhitni iflos qilgan va uni asrash qoidalarini buzgan kishi 400 qamchi urish bilan jazolanardi. Tabiatni asrash, uni obod qilish yoshlik davrlaridanoq ular ongiga singdirilgan. Zardushtiylik dini ta'limotida ilgari surilgan umuminsoniy qadriyatlar
majmuasi ezgulik va yaxshilik, jaholat va yomonlik, ta'lim va tarbiya haqidagi g'oyalari bilan ulkan pedagogik ta'sir kuchiga ega bo'lgan. Bunda tarbiyachi muallimlarning o'z kasbiga sadoqatini alohida ta'kidlab o'tish lozim. Zardushtiylik dinida iymon uchta tayanchga asoslanadi: fikrning sofligi, so'zning sobitligi, amallarning insoniyligi. Muallimlar ta'lim va tarbiyada yoshlar ongiga “bergan so'zning uddasidan chiqish, unga sodiq qolish, savdo–sotiq va shartnomalarga qat'iy amal qilish, qarzni o'z vaqtida to'lash, aldamchilik va xiyonatdan xoli bo'lish, halol mehnat, yaratuvchilik, yovuzlikni qalbdan chiqarib tashlash, iymon–e'tiqodli bo'lish, miskinlarga yordam berish, yaxshi niyat, yaxshi so'z va yaxshi amallarga qo'l urish” kabi insoniy tuyg'ularni singdirish uchun qizg'in mehnat qilganlar. Xullas, “Avesto” dunyodagi eng qadimgi din – zardushtiylik ta'limotining axloqiy falsafasi sifatida e'tirof etiladi.
Buyuk allomalarimiz o'z asarlarida mudarrislar kasbining nozikligini, mas'uliyatli ekanligini va murakkabligini, shu bilan birga sharafli ekanligini, yoritib, muallimning mahorati, ularga qo'yilgan talablar, fazilatlariga oid qarashlar, shogirdlar bilan munosabatga kirishish mahorati, muomalasi to'g'risida o'z mulohazalarini bildirganlar. Uyg'onish davrining yetuk namoyondalari Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Unsurul Maoliy Kaykovus, Abul-Qosim Umar Az-Zamaxshariy, Shayx Sa'diy Sheroziy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Jaloliddin Davoniy, Husayn Voiz al-Koshifiy kabilarning ijodiy merosi pedagogik tafakkurni shakllantirishda bo'lajak murabbiylarga muhim manba bo'lib hisoblanadi. Ular avlodlardan avlodlarga o'tib, o'z qimmatini yo'qotmagan mudarrislarni, tarbiyachilarni tayyorlash tajribalarini umumlashtirib, boyitib borishgan. Zero, insoniyat kelajagi va kurrai zaminning gullab yashnashi faqat ta'lim va tarbiyaga bog'liq ekanligini buyuk mutafakkirlar chuqur his qilishgan. Shuning uchun muallimlar kuchi va g'ayrati bilan barkamol avlodni tarbiyalash ularning eng yorqin orzusi bo'lib kelgan. O'zbekiston deb atalmish muazzam zaminimizda yashab o'tgan allomalarning bu borada o'z o'rni va hurmati bor. Barkamol avlodni tarbiyalash, bunda muallimning o'rni to'g'risida allomalarimiz ijodiy merosidan juda ko'p misollar keltirishimiz mumkin.