Ijtimoiy tarbiya va uning bosqichlari. Insoniyatning yashash uchun kurashish va turli tabiiy ofatlardan himoyalanish yo‘lida olib borgan harakatlari tarbiya g‘oyalarining shakllanishiga asos bo‘lib xizmat qilgan. Ijtimoiy tarbiya g‘oyalari asrlar davomida shakllanib kelgan bo‘lib, kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyotining har bir bosqichida yangi mazmun bilan boyib borgan.
Ibtidoiy jamoa tuzumida odamlarning guruh-guruh bo‘lib hayot kechirishi sababli bolalarga tirikchilik o‘tkazish yo‘lidagi faoliyat (o‘simlik mevalari, ildizlarini terish, hayvonlarni ovlash)ni tashkil etish borasidagi tajribalarni o‘rgatish guruh a’zolari tomonidan birdek amalga oshirilgan. Bilimlar, aksariyat hollarda, mehnat va o‘yin jarayonlarida o‘zlashtirilgan. Mehnat faoliyatini tashkil etish jinsiy xarakterga ega bo‘lganligi bois o‘g‘il va qiz bolalarni tarbiyalashda o‘ziga xos jihatlar ko‘zga tashlangan.
Oila, xususiy mulk va davlatning paydo bo‘lishi ijtimoiy tarbiya mazmunida ham tub o‘zgarishlarning sodir etilishi, quldorlarning paydo bo‘lishi olib keldi. Aynan mana shu davrdan tarbiya jamiyatning ijtimoiy talab va ehtiyojlari asosida yo‘lga qo‘yila boshladi. Erkin fuqarolarni tarbiyaning maqsadi, vazifalari, mazmuni va vositalari borasidagi fikrlar Demokratik, Platon va Aristotellarning asarlarida muhim o‘rin egallagan. Mutafakkirlarning asarlarida ushbu fikrlar mustaqil pedagogik nazariya sifatida emas, balki falsafiy qarashlar yoki jamiyatni tashkil etish loyihasining muhim komponenti tarzida bayon etilgan. Ushbu davrda tabiiy-ijtimoiy fanlar tizimi shakllanishi uchun boshlang‘ich asoslar qo‘yildi.
Quldorlik tuzumida erkin bo‘lmagan kishilar (qullar)ning haq-huquqlari cheklanganligi bois tarbiya tizimi faqatgina quldorlar, ularning farzandlari uchun xizmat qilgan.
Feodal tuzumda pedagogik g‘oyalar feodallar manfaatini ifoda eta boshladi. Mazkur davr pedagogik jarayonni tashkil etishda diniy g‘oyalar etakchi o‘rin egallashi bilan tavsiflanadi. Ijtimoiy hayotda diniy muassasalar (G‘arbda cherkov, SHarqda esa machitlar)ning roli osha borib, bolalarni o‘qitish va tarbiyalash ishlari asosan shu maskanlarda tashkil etildi. Garchi dunyoviy g‘oyalarni ilgari surish, ilmiy nazariyalarni yaratish va targ‘ib etishning din peshvolari tomonidan qoralanishi kabi holatlar ham ko‘zga tashlangan bo‘lsa-da, ammo savdo-iqtisodiy aloqalar ko‘lamining kengayishi, tabiiy ofatlarga harshi keskin chora ko‘rish ehtiyoji ilmiy bilimlarning rivojlantirish hayotiy zaruriyat ekanligini isbotladi.
Savdo, hunarmandchilik va manufaktura negizida rivojlanib borayotgan ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish yo‘lidagi amaliy harakatlar bu boradagi muvaffaqiyat murakkab texnikani boshqara oladigan shaxsni shakllantirish evaziga hal etilishi tasdiqladi. Bu davrda ilg‘or, progressiv pedagogik g‘oyalar ilgari surildi.
Aynan shu davrda pedagogika fani asoslari muayyan tizimga solindi va ilmiy jihatdan asoslandi. SHaxsga ta’lim berish, uni tarbiyalashga oid qarashlar yanada boyitildi; ta’lim tizimiga ilm-fan, texnika yangiliklarini tadbiq etish, o‘qitishni yangi tizim (izchil, uzluksiz, asoslangan) asosida tashkil etish kabi g‘oyalar ilgari surildi.