1-mavzu. Psixologiya fanining dolzarb vazifalari, predmeti. Yang-fayllar.org
1.1IRODA TO’G’RISIDA UMUMIY TUSHUNCHA Psixologik ma’lumotlar talqiniga qaraganda, iroda o’zaro uzviy bog’liq ikkita vazifalarning – undovchi va tormoz qiluvchi funktsiyalarning bajarilishini ta’minlaydi va ularning vujudga kelishida o’zini namoyon qiladi.
Iroda – arabcha xohish, istak, maqsad degan ma’noni bildiradi. U shaxsning ma’lum maqsadni amalga oshirish yo’lidagi o’z xatti-harakatlarini (faoliyatda, muomalada, xulq-atvorda) ongli ravishda yo’naltirib turish, shu yo’ldagi qat’iyatliligi, mavjud to’siqlarni yenga olishga qodir bo’lgan psixologik qobiliyatidir. Iroda inson faoliyati, muomalasi va xulq-atvorining muhim xususiyati, uning turmush mazmunini belgilab beruvchi muhim omil hisoblanadi. Irodasi mustahkam, kuchli odamda maqsad bilan faoliyat, xulq-atvor izchilligi kuzatiladi. SHaxs oldiga qo’yilgan maqsadga erishishga nisbatan ishonch tuyg’usi irodaning kuch-quvvati va bosh mezonidir. Zero, qat’iy ishonch maqsadga erishish yo’lidagi qiyinchiliklarni yengishga ham jismonan, ham ruhan asos yaratadi. Falsafa va psixologiya fanlarida turlicha ta’limotlar mavjudligi sababli irodani Ollohga va shaxsga taalluqli deb ham talqin qiladilar. Xuddi shu bois, Olloh irodasi va bandaning irodasi degan so’z birikmalari, tushunchalar vujudga kelgan. Ayrim ta’limotlarda Olloh irodasi tabiat va jamiyat taraqqiyoti qonunlarining o’ziga xos me’yori va muvozanatini belgilovchi kuch sifatida tavsiflanadi. Ammo har bir jamiyat taraqqiyoti, uning ilg’or g’oyalarini turmushda amalga oshirish ko’p jihatdan mazkur jamiyat a’zolarining irodasiga bog’liq holda ro’yobga chiqadi. Ilmiy falsafiy va psixologik nuqtai nazardan, xalq va millat irodasini shakllantirishga ajdodlarimiz qadimdan muhim e’tibor qaratganlar. Hamisha iroda bilan e’tiqod uyg’unlikda tavsif qilingan. CHunki bu ikki tushuncha muayyan qarashlar, ta’limotlar e’tiqodlarning g’oyaviy-ma’naviy asosi hisoblanadi. Ma’lumki, e’tiqodning zaif yoki mustahkamligi, umuminsoniy va milliy manfaatlarga mos kelishi (mutanosibligi) yoki mos kelmasligi (nomutanosibligi) ham irodaning mustahkam, puxta, kuchli shakllanishida muhim rolь o’ynaydi.
Falsafa va psixologiya fanlarida aksariyat hollarda “iroda erkinligi” tushunchasi qo’llaniladi. Iroda erkinligi – insonning biror ishni, faoliyatni bajarishga qaratilgan, yo’naltirilgan ongli intilishi hisoblanadi. Falsafa va psixologiyada ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot davomida iroda erkinligi definitsasi atrofida, dunyoviy va diniy ta’limotlar o’rtasida ana shu asosda bahs-munozara hukm surib kelmoqda. Masalan, fatalizm namoyandalari shaxsning barcha xatti-harakatlarini faqat tashqi kuchlar belgilaydi, deb ta’kidlasalar, volyuntarizm ta’limotining vakillari esa odam xatti-harakatlarida mutlaq erkin, bunday erkinlik esa tashqi kuchlarga hech qanday bog’liq emas, degan xulosaviy qarashni olg’a suradilar. Diniy ta’limotlarda esa, umuman erkni, shu jumladan, iroda erkini Xudo belgilaydi, odamning qismati, taqdiri Yaratuvchining irodasiga bog’liq, u oldindan belgilab qo’yilgan, deyiladi. SHuningdek, ayrim diniy ta’limotlarda boshqacharoq talqin ham mavjud bo’lib, ularda inson iroda erkinligiga egadir, u o’z gunohlari uchun javobgardir, degan g’oya ilgari suriladi.
Iroda -sub’ektning ichki sharoitlari (ehtiyojlari, qiziqishlari, xohishlari, istaklari, mayllari, bilimlari va boshqalar) orqali aks ettirilgan ob’ektiv olam uning turli maqsadlarni o’z oldiga qo’yish, qaror qabul qilish, erkin harakatni amalga oshirish imkoniyatlarini yaratadi. Bu borada fikr yuritilganda, odamning istaklariga binoan tanlab olinadigan iroda emas, balki ob’ektiv zaruriyatga muvofiq adekvat tarzda saralangan irodagina erkindir.