Qobiliyat turlari Qobiliyatlar umumiy va maxsus bo‘ladi. Umumiy qobiliyatlar mavjud bo‘lganda kishi faoliyatining turli xillari bilan muvaffaqiyatli shug‘ullana oladi. Umumiy qobiliyatga ega o‘quvchilar odatda barcha fanlardan yaxshi va qiynalmay o‘qiydilar. Maxsus qobiliyatlar kishiga qandaydir bir muayyan faoliyat bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanish imkonini beradi. Masalan matematik, texnikaviy, adabiy, musiqaviy, tasviriy va boshqa qobiliyatlar bo‘ladi. Har bir ongli inson qobiliyati va zehni ustida ilk yosh- ligidan boshlab, «yuragi chopgan» ish bilan shug‘ulansa va undan qoniqish olib qobiliyatini o‘stirishga imkoniyat topib, yutuqlarga erishsa, biz uni iqtidorli deymiz. Iqtidor insonning o‘z xatti-harakati, bilimlari, imkoniyatlari, malakalariga nisbatan subyektiv munosabatidir. Iqtidorli odam genial yoki talantli bo‘lmasligi mumkun, lekin u har qanday ishda mardlik, chidamlilik o‘z-o‘zini boshqara olish, tashabbuskorlik kabi fazilatlarga ega bo‘lib, ishni sidqidildan bajaradi. Ular ana shunday harakatlari bilan ba’zan o‘ta iste’dodli, lekin kam harakat kishilardan ko‘ra jamiyatga ko‘proq foyda keltiradilar. Iqtidorli insonda iste’dod sohibi bo‘lish imkoniyati bor. Iste’dod har tomonlama rivojlangan, nihoyatda kuchli va takrorlanmas qobiliyatdir. U tinimsiz mehnat, o‘z qobiliyatini takomillashtirib borish yo‘lida barcha qiyinchiliklarni yengish, irodasi va butun imkoniyatlarini safarbar qilish natijasida qo‘lga kiritiladi. Biror faoliyatning, ayniqsa muvaffaqiyatli, mustaqil va original tarzda bajarilishini taqozo qiladigan zo‘r qobiliyatlar birikmasi iste’dod deyiladi. Ijodiy faoliyatga qobiliyatli kishilarni talantli kishilar jumlasiga kiritish mumkin. Bunday kishilar ijtimoiy munosabatlar sohasida o‘z davrining progressiv g‘oyalarini juda muvaffaqiyatli ravishda amalga oshiradilar, adabiyot va san’at sohasida hozirgi zamonning ilg‘or tafakkuri darajasidagi mukammal asarlarni yaratadilar, fan va texnika sohasida ular murakkab nazariy va amaliy vazifalarni yaxshi hal etadilar. Talantlilikning yuqori bosqichi daholik deb ataladi. Ijti- moiy hayotda fan, adabiyot, san’at va shu kabi sohalarda prinsipial ravishda yangi biror narsa yaratgan kishilar daholar (geniy) deb hisoblanadilar. Genial kishilar ijodining mahsuli faoliyatning biror sohasini rivojlantirishda muhim bosqich hisoblanadi. Genial kishilar insoniyat taraqqiyotida yo‘l ko‘rsatuvchi bosqichlar bo‘lib xizmat qiladilar, tarixiy shaxsga aylanadilar. Iqtidorli bolalar va o‘quvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat ishlarisobitqadamlik bilan olib borilmoqda. Iste’dodli o‘smir va o‘spirin yoshlarni izlab topish, ularga ko‘maklashish, ularning qobiliyatini va iste’dodini o‘stirish bo‘yicha fondlar tashkil etildi. Qobiliyatli yoshlarni chet ellardagi yetakchi o‘quv yurtlari va ilmiy markazlarda o‘qitish va stajirovka o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bolalarning oilada tarbiyalashni tashkiliy psixologik-pedagogik uslubiy jihatdan ta’minlash, o‘quvchilarning imkoniyatlari va qiziqishlarini hisobga olgan holda ularning jadal intellektual rivojlanishi, sohalashtirish, tabaqalashtirish, kasbga yo‘naltirilgan ta’lim olishni ta’minlaydi.