Kredit pullar. Xo'jalik yuritish amaliyotida tovar munosabatlari umumiy tus olgan sharoitda tijorat va bank krediti qo'llanilishining kengayishi shunga olib keldiki, o'z funktsiyalari, muomala sohasi (chegaralari), kafolatlari va shu kabilarga ko'ra oddiy pullardan farq qiladigan va mutlaqo boshqacha qoidalar bilan boshqariladigan kredit pullar umumiy tovar bo'lib qoladi. Kredit pullar ijtimoiy-iqtisodiy jarayonning birmuncha rivojlangan, oliy sohasiga xosdir. Ular kapital ishlab chiqarishni to'liq egallagan va unga oldingisidan boshqacha, o'zgartirilgan va o'ziga xos shaklni berganida vujudga keladi.
Tovar-pul muomalasining rivojlanishiga qarab to'lovning pul shakli tobora o'tkinchi bo'lib boraveradi. Ayni bir vaqtda tovarlarning hammasi tobora ko'proq nafaqat pullar orqali, balki bevosita ishlab chiqarish jarayonida ijtimoiy e'tirofga sazovor bo'ladi. Shu munosabat bilan kredit pullar kapitalistik formatsiyagacha bo'lgan davrdagi kabi tovar-pul shaklida muomaladan emas, balki ishlab chiqarishdan, kapitalning aylanishidan o'sib chiqadi. Pul kapital, binobarin, kredit pullar shaklida ish yuritadi.
Kredit pullari evolyutsiyasi: veksel', banknota, elektron pullar, kredit kartochkalari.
Veksel' - qarzdorning yozma majburiyati (oddiy veksel') yoki kreditorning qarzdorga vekselda yozilgan summani muayyan muddatdan keyin to'lash to'g'risidagi buyrug'i (o'tkazma veksel' – tratta). Oddiy va o'tkazma veksellar – bular tijorat vekseli, ya'ni savdo bitimi asosida vujudga keladigan qarz majburiyatining turlaridir. Shuningdek, moliyaviy veksellar, ya'ni muayyan summadagi pullarni qarzga berishda kelib chiqadigan qarz majburiyatlari ham amal qiladi. G'azna veksellari ularning bir turidir. Bunday veksel' hukumatning qisqa muddatli qog'ozi bo'lib, uning amal qilish muddati bir yildan oshmaydi (odatda 3-6 oy bo'ladi). Bu yerda davlat qarzdor rolini bajaradi. Do'stona veksellar – pulsiz, real tijorat bitimi bilan bog'liq bo'lmagan, kontragentlar tomonidan bunday veksellarni banklarda hisobga olish yo'li bilan pullarni olish maqsadida bir-biriga yozib beradigan veksellardir.
Vekselning o'ziga xos xususiyatlari quyidagilardir:
a) abstraktlik (vekselda bitimning aniq turi ko'rsatilmagan);
b) munozarasizlik (notariusning norozilik haqidagi dalolatnomani tuzganidan keyin to majburlovchi choralarni qo'llashgacha qarzning majburiy ravishda to'lanishi);
v) aylanishlik (vekselning to'lov vositasi sifatida uning orqa tomonida berish haqidagi yozuvni yozib (jiro yoki indossament) boshqa shaxslarga berilishi. Bu veksel majburiyatlarining o'zaro hisobga olinish imkoniyatini yaratadi).