1-MAVZU: “SERTIFIKATLASHTIRISH ASOSLARI VA SIFAT MENEJMENTI” FANIGA KIRISH
Reja 1.1. Fanning maqsad va vazifalari.
1.2. Sertifikatlashtirishning rivojlanish tarixi.
1.1. Fanning maqsad va vazifalari. Fanni o‘qitishdan maqsad – talabalarda mahsulot va xizmatlar, korxona sifat menejmenti tizimini hamda xodimlarni sertifikatlashtirish jarayonlarida qo‘llaniladigan turli sertifikatlashtirish sxemalari, sertifikatlashtirishning shakllari, sinov laboratoriyalarini tashkil qilish, sinov turlari, sertifikatlashtirish va sinov natijalarini rasmiylashtirish hamda muayyan sharoitlarga mos holda sertifikatlashtirishni tashkillashtirish bo‘yicha yo‘nalish xususiyatiga mos nazariy va amaliy bilim, ko‘nikma va malaka shakllantirishdir.
Fanning vazifasi – talabalarga mahsulotlar raqobatbardoshligini aniqlash va sifatini rasman tasdiqlash borasida ishlab chiqarishni, mahsulot va xizmatlarni, shuningdek, xodimlarni sertifikatlashtirishning bo‘yicha ishlarni o‘tkazish usullari va vositalarining nazariy jihatlari hamda ma’lum sanoat mahsulotlari va iqtisodiyotdagi ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun ularni me’yoriy hujjatlarda o‘rnatilgan talablar bo‘yicha sertifikatlashtirishga o‘rgatishdan iborat.
Ushbu fan talabalarga sertifikatlashtirish faoliyatiga asos bo‘luvchi me’yoriy hujjatlar, sinovlar hamda natijalarni rasmiylashtirish, sanoanti rivojlangan mamlakatlarning sertifikatlashtirish bo‘yicha milliy idoralari to‘g‘risida bilimlarni shakllantiradi.
Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatni boshqarish va sifatni ta’minlashda sertifikatlashtirish faoliyati ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sifatini kafolatlanishi, muvofiqligini xolisona baholash va raqobatbardoshligi ta’minlash, ishlab chiqarish texnologiyalarini rivojlanishi bilan mahsulotlarni sertifikatlashtirish muhim o‘rin tutadi.
Shuning uchun mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish jarayoniga alohida talablar va vazifalar qo‘yilgan. Ishlab chiqarish, mahsulot va xizmatlar hamda xodimlarni sertifikatlashtirish orqali iqtisodiy samaradorlikka erishish, sertifikatlashtirish ob’ektlarini eksport qilishga tayyorlash, ularning tannarxini va sarflanadigan xarajatlarni kamaytirishning tashkiliy masalalarini yoritib beradi. Shu sababli ushbu fan asosiy mutaxassis fani hisoblanib, ishlab chiqarish texnologik tizimining ajralmas bo‘g‘ini bo‘lib hisoblanadi.
Xalqaro miqyosda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar rivojlanib, ilmiy-texnik taraqqiyot natijasida hayot darajasi ko‘tarilib borayotgan hozirgi davrda iste’mol bozoridagi mahsulotlar va xizmatlarning sifati va xavfsizligi masalalarining dolzarbligi doimo oshib boradi. Bu jarayonda nafaqat bevosita iste’molga tayyor mahsulotlar va xizmatlarga e’tibor qaratish kerak, balki ular hayot siklining barcha bosqichlari — yaratish, ishlab chiqish, saqlash, tashish, sotish va yo‘q qilishda, sifati va xavfsizligining ta’minlanishi bo‘yicha nazoratni olib borish kerak. Xavfsizlik masalasi inson hayoti va sog‘ligini himoya qilish bilan birga, atrof-muxit himoyasini ham o‘z ichiga oladi. Xalqaro amaliyotda qabul qilingan atamaga ko‘ra, xavfsizlik — bu zarar yetkazish mumkinligi bilan bog‘liq, yo‘l qo‘yilmagan xavfning yo‘qligi, sifat esa — mavjud xarakteristikalar majmuasining talablarga muvofikligi darajasidir. Xavfsizlik va sifat talablari ko‘rilayotgan ob’ektga nisbatan ma’lum bir qoidalarni o‘rnatish, texnik ko‘rsatkichlarni me’yorlash orqali o‘rnatiladi. Qoidalar va me’yorlarni o‘rnatish standartlashtirish va texnik jixatdan tartibga solish faoliyatlari orqali amalga oshiriladi.