1. Sotsial psixologiyaning eksperimental fan sifatida rivojlanishi XX asr shu bilan xarakterli ediki, u turli fanlar oldiga konkret topshiriqlar qo’ya boshladi. Bundan tashqari, juda ko’p fanlarda ob’yektiv eksperimental usul bilan ilmiy faktlar to’plash yo’lga qo’yildi. Psixologiya fani ham bundan istisno emas edi. Sof psixologlar individ psixologiyasini eksperimental o’rganar ekanlar, ularning boshqa individlar ta’sirida bo`lishi faktini inkor qila olmas edilar.
Sotsial psixologiya taraqqiyotining eksperimental davri 1945 yildan so’ng boshlandi. Hisob rasman V.Mede (Yevropa) va F.Olport (AQSh) tomonidan yaratilgan dasturdan boshlangan. Dasturda sotsial psixologiyani eksperimental fanga aylantirishga bo’lgan asosiy talablar o’z aksini topgan. Bu vaqtda AQShda iqtisodning kapitalistik shakli barq urib rivojlanishi, amaliy tadqiqotlarning faol rivojlanishi kuzatilayotgan edi. Mazkur tadqiqotlarning ahamiyati sodir bo’lgan iqtisodiy krizislar fonida yanada orta bordi. Eski tavsifiy sotsial psixologiya yuzaga kelgan yangi vazifalarni hal qilishga ojizlik qila boshladi. Natijada 1930 yilda AQShda «Ijtimoiy muammolarni psixologik tadqiq etish jamiyati» tashkil topdi.
Ko’pchilik amaliy tadqiqotlar birinchi marotaba funksionalizm doirasida paydo bo’ldi. Funksionalizm tarafdorlari (D.Dyui, D.Endjell, G.Kerr va b.) odamlar va ular mansub bo’lgan guruhlarni sotsial adaptasiya nuqtai nazaridan turib o’rganishardi. Tadqiqotchilar psixik jarayonlarning ichki jihatiga emas, balki sotsial funksiyalariga o’z diqqatlarini qaratishdi. Ilmiy tadqiqotning asosiy ob’yekti qilib kichik guruh tanlandi. Bunga hamma joylarda faqatgina kichik guruhlarda qo’llash mumkin bo’lgan eksperimental metodikalarning yoyilishi sabab bo’ldi. Bu hol avvalo AQShda sotsial psixologiyaning bir yoqlama rivojlanishiga olib keldi, chunki sotsial psixologiyaning nazariy muammolarini o’rganishga bo’lgan qiziqish yo’qola boshlagan edi. Nazariyadan bunday «begonalashuv» shunga olib keldiki, sotsial psixologiya o’zining eksperimental davrida nihoyatda qarama-qarshiliklar asosida rivojlana bordi.
Bu davrda ijobiy deb hisoblash mumkin bo’lgan hol, bu kichik guruhlar sohasida ko’p sonli izlanishlarning olib borilishi, klassik darajadagi metodikalarning ishlab chiqilganligi, amaliy tadqiqotlar sohasida katta tajribaning to’planganligi edi. Salbiy tomon – ommaviy jarayonlarning psixologik jihatlarini tahlil etishni rad etish edi. Mazkur jarayonlarni juda sodda tahlil etishni tanqid ostiga olishdan so’ng, ulardan butunlay voz kechib qo’ya qolishdi. Natijada laboratoriya eksperimentlarida olingan natijalar jamiyatdagi real muammolar haqidagi bilimlar o’rnini egallay boshladi.
1950 yildan boshlab nazariy bilimlarga bo’lgan qiziqish qayta tug’ila boshladi.
Tadqiqotchilar (G.M. Andreyeva, N.N. Bogomolova, L.A. Petrovskaya, P.N. Shixerev) 1960 yillarda mavjud bo’lgan to’rtta asosiy nazariy maktablarni ajratib ko’rsatishadi. Bular: bixeviorizm, psixoanaliz, kognitivizm, interaksionizm. Bularning birinchi uchtasi psixologik fikrlashning sotsial-psixologik variantlarini, to’rtinchisi – interaksionizm esa – sotsiologik tomonini o’zida aks ettiradi.