1-mavzu. Sosial psixologiya fanining predmeti va vazifalari reja (1)
4. Muloqotning psixologik tizimi. Hamkorlikdagi faoliyatda zaruriyat tufayli inson boshqa kishilar bilan birlashishi, ular bilan munosabatga kirishishi, aloqa o’rnatishi, o’zaro tushunishga erishishi va kerakli axborotni olishi, shunga mos javobni berishi kerak. Bunda muloqot faoliyatning bir tomoni, uning axborot aspekti - kommunikasiya sifatida namoyon bo’ladi. Biroq predmet yasash bilan birga inson o’zi yasagan predmetda o’zini “translyasiya” qiladi, ya’ni o’zini boshqalarda davom ettiradi. Hosil qilingan predmet (qurilgan bino, yozilgan qatorlar, o’tqazilgan daraxt) bir tomonidan faoliyat predmeti, ikkinchi tomondan inson o’zini ko’rsatadigan vositadir. Chunki bu boshqa kishilar uchun hosil qilingan. Shunday qilib, faoliyat muloqotning bir qismi, uning tomoni; muloqot faoliyatning bir qismi va tomonidir. Lekin muloqot va faoliyat barcha hollarda yaxlit (buzilmas) birlikni tashkil etadi.
Til muomala vositasidir. Til muomalaga kirishuvchilar o’rtasidagi kommunikasiyani ta’minlaydi, chunki uni axborot beruvchi ham, uni qabul qiluvchi ham birday tushunadi. Boshqa kishiga axborot beruvchi (kommunikator) va uni qabul qiluvchi (resipiyent) muloqot jarayonida bir xil tildan foydalanishi kerak, aks holda bir-birini to’g’ri tushunolmaydi. Axborot almashishda bola onasiga savollar beradi va ular unga javob beradilar, bu javoblardan bola o’z faoliyatida keyinchalik foydalanadigan umumiy bilimlarning faqat ozgina qismini oladi. Umumiy bilimlarning bu ozginagina qismini bola til shaklida, til yordamida so’z belgilari tizimida hosil qila oladi. Maktabda ham xuddi shunday bo’ladi, o’quvchi olam haqida barcha bilimlarni o’qituvchining tushuntirishidan yoki darslikdan, ya’ni til yordamida o’zlashtiradi. Bu yerda til o’zining muhim vazifalaridan birini bajaradigan, ya’ni yashash vositasi sotsial - tarixiy tajribani berish va o’zlashtirish vositasi tarzida namoyon bo’ladi.
Ikkinchidan, har bir alohida odamning ish-harakati va faoliyatini ko’pincha sotsial qiymatga ega bo’lmagan o’zga kishilarning bevosita tajribalari belgilaydi. Masalan, men oshxona tomon yo’l olaman. Yo’lda o’rtog’im uchrab menga: “oshxona yopilgan”, deydi. Shu paytda bu xabar mening faoliyatimni ma’lum bir tarzda boshqaradi: men qayrilib, boshqa oshxona tomon jo’nayman. Bu yerda til o’zining boshqa muhim vazifasi bilan, ya’ni vosita yoki kommunikasiya usuli yoki odamning xatti-harakatlarini boshqaruvchi bir vosita sifatida namoyon bo’ladi. Har qanday kommunikasiya, har qanday munosabat suhbatdoshiga ta’sir qilishdan iboratdir.
Uchinchidan, har bir alohida odamning ish-harakatlari va faoliyatlarini har bir ayrim kishilarning shaxsiy tajribasi belgilaydi. Odamning “shaxsiy” tajribasi, o’z individual tajribasi, boshqa kishilarning tajribalari va sotsial tajribaning o’ziga xos aralashmasidan iborat. Odam hayvondan farqli o’laroq, o’z harakatlarini rejalashtira oladi. Bunday rejalashtirishning va umumiy fikriy masalalarni hal qilishning asosiy quroli tildir. Bu yerda biz tilning uchinchi vazifasi aqliy faoliyatning (idrok, xotira tafakkur, hayol) quroli sifatidagi vazifasiga to’qnash keldik. So’z belgilar tizimi sifatida tildan nutq faoliyatida foydalaniladi. O’rtog’ining boshiga tushgan kulfatdan xabar topib, unga hamdardlik bildirayotgan suhbatdoshi nutqsiz kommunikasiya belgilarini ishlatadi: yuzlarini g’amgin tutadi, past ohangda, qo’llarini yuziga yo peshonasiga qo’ygan va boshini chayqagan holda chuqur xo’rsinib gapiradi va h.k.
Muloqot murakkab jarayon bo’lganligi uchun ham ayrim olingan muloqot shaklini tahlil qilganimizda, unda juda xilma-xil ko’rinishlar, jabhalar va qismlar borligini aniqlashimiz mumkin. G.M.Andreyeva muloqotning quyidagi tuzilishini taklif etadi:
1. Muloqotning kommunikativ tomoni (ya’ni, muloqotga kirishuvchilar o’rtasidagi ma’lumot va axborotlar almashinuvi jarayoni)
2. Muloqotning interaktiv tomoni (ya’ni, muloqotga kirishuvchi tomonlarning bir-birlarining sotsial xulq-atvoriga ta’sir ko’rsatish jarayoni)
3. Muloqotning persepsiv tomoni (ya’ni, muloqotga kirishuvchi tomonlarning bir-birlarini idrok etishlari va tushunishlari bilan bog’liq bo’lgan murakkab psixologik jarayon)