1-Mavzu: “Statistika” faniga kirish


-Mavzu: Statistika fanini predmeti va uslubi



Yüklə 0,87 Mb.
səhifə4/56
tarix07.01.2024
ölçüsü0,87 Mb.
#209092
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   56
маъруза статистика

2-Mavzu: Statistika fanini predmeti va uslubi


Reja:

  1. Statistika predmeti. Statistika uslubiyati.

  1. Statistikaning paydo bo’lish tarixi va rivojlanish bosqichlari.

  1. Statistika - ilm-fan tarmog’i, amaliy faoliyat sohasi, raqamlarda ifodalangan ma’lumot (axborot), bilim yo’nalishi.



2.1. Statistika predmeti. Statistika uslubiyati.
Predmet so’zi bir necha lug’aviy ma’noga ega. Bu:
-bizdan tashqarida va ongimizga bog’liq bo’lmagan mavjudot, moddiy buyum, narsa;
-o’rganiladigan hodisa, voqea, fakt;
-fikr yuritish ob’ekti, fikrlash mazmunini tashkil etuvchi biror narsa yoki qandaydir xarakat yo’nalgan narsa;
-fan mazmunini belgilovchi bilimlar doirasi;
-mavzu, sabab.
Statistika predmeti deganda statistika o’rganadigan ob’ekt, uning jihatlari va rivojlanish qonuniyatlari, statistik fikrlash, tushuntirish mazmunini tashkil etuvchi voqealar, ularning mohiyatidan kelib chiqadigan sabab-oqibat bog’lanishlar, statistika fanining mazmunini yoritib beradigan bilimlar doirasi nazarda tutiladi. Bu masalaga statistika qo’llanish sohalari ham aloqadordir.

Statistika o’rganish ob’ekti - bu ommaviy hodisa va jarayonlardir.
Statistika ommaviy hodisa va jarayonlarni o’rganadi. Ular biror narsalar to’plamida va o’zaro bog’langan to’plamlar orasida kechadi. Bu yerda hodisa so’zi jamiyat hayotida, turmushda, tabiatda, bir so’z bilan aytganda, moddiy dunyoda haqiqatda bo’lgan real voqeani bildiradi. Masalan, oilada bola tug’ilishi, paxta hosili, ishchilar soni, yog’ingarchilik (qor yoki yomg’ir yog’ishi), atrof-muxit bulg’anishi va hokazolar. Jarayon so’zi voqealar oqimini, ularning ma’lum makon va zamon sharoitida qanday tezlikda kechishini, yuzaga chiqish yoki chiqmasligining o’zgarishini, hodisalar rivojlanishini anglatadi.

Ommaviy hodisaning umumiy ta’rifi: biror ob’ektlar to’plamida yoki murakkab ob’ekt element-lari majmuasida yuzaga chiqqan voqea.
Demak, ommaviy hodisa - biror ob’ektlar to’plamida sodir bo’lgan voqea, harakat natijasi. Masalan, O’zbekiston barcha dehqon va shirkat xo’jaliklari tomonidan bir yilda yetishtirilgan paxta hosili, hamma oilalarda tug’ilgan bolalar soni, yoqqan qor va yomg’ir hajmi, hamma korxona va avtomobillar tomonidan atmosferaga chiqarilgan gazlar va hokazolar.

Ommaviy jarayon umu-miy ta’rifi: ob’ektlar to’plamida yoki murakkab ob’ektda sodir bo’lgan voqealar oqimi, ularning rivojlanishi.
Ommaviy jarayon - bu ob’ektlar to’plamida sodir bo’lgan voqealar oqimi va uning xarakteri, ularning rivojlanish darajalari, to’plama hodisalar kechishidagi (harakatidagi) o’zgarishlar. Masalan, O’zbekistonda tug’ilgan bolalar sonining ko’payishi, tug’ilish darajasining o’zgarishi, umumiy ekin maydonida paxta salmog’ining kamayishi va don ekinlari ulushining ortishi, Toshkent shahrida korxona va avtomashinalar tomonidan atmosferaga chiqarilgan gazlar ortishi, Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridan yangi yerlarni o’zlashtirish uchun foydalanish natijasida Orol dengizi qurib borishi, yer osti boyliklari zahirasining o’zgarishlari va hokazolar. Ommaviy hodisa va jarayon bir qator muhim belgilari bilan ajralib turadi.
Ommaviy hodisa va jarayonlar har xil sohalarda kuzatiladi va turli tumandir, ularning kechish sharoitlari ham, tuzilishi ham turlichadir. Demak, bunday hodisa va jarayonlar ko’pdan ko’p shakllarga va turlarga ega. Ayniqsa, ijtimoiy hayotdagi hodisa va jarayonlar o’zining murakkabligi va ko’p o’zaro bog’lanishlarga egaligi bilan ajralib turadi. SHu sababli statistik qonuniyatlar ham ularda har xil ko’rinishlarda namoyon bo’ladi va turli jihatlarini ta’riflaydi. O’z-o’zidan ravshanki, ularni qandaydir yagona bir usul yordamida o’rganib bo’lmaydi. Buning uchun maxsus usullar, yo’llar majmuasi, bilim vositalari zarur.
Umuman olganda, uslubiyat so’zi quyidagi lug’aviy ma’nolarga ega: 1) bilimning ilmiy metodlari haqidagi ta’limot; 2) biror narsani nazariy tekshirish va amaliy bajarish usuli, vositasi; 3) ayrim fan tarmoqlarida qo’llanadigan usullar, metodlar, yo’llar, vositalar majmuasi; 4) ishlash va boshqarishdagi o’ziga xos uslub, ya’ni maxsus yo’llar, usullar majmuasi.

Statistika uslubiyati - bu ommaviy hodisa va jarayonlarni o’rganishda, unda namoyon bo’ladigan qonuniyatlarni oydinlashtirishda ishlatiladigan o’ziga xos uslub, ya’ni statistika fani va amaliyotida qo’llanadigan yo’llar, usullar, vositalar majmuasi.
Statistika uslubiyati deganda ommaviy hodisa va jarayonni ilmiy tekshirishda va boshqarishda, unda namoyon bo’ladigan qonuniyatlarni o’rganish va ulardan amaliy foydalanish jarayonida qo’llanadigan o’ziga xos uslub, ya’ni usullar, metodlar, yo’llar, vositalar majmuasi tushuniladi. Ommaviy hodisa va jarayonlarning miqdoriy nisbatlarini aniqlash, ularda namoyon bo’ladigan qonuniyatlarni oydinlashtirish maqsadida amalga oshiriladigan statistik tadqiqotlar bir necha bosqichlarga, ular esa fazalarga bo’linadi. Bosqich va fazalar o’zining maqsadi, vazifalari va xususiyatlari bilan bir biridan ajralib turadi. SHuning uchun har bir faza va bosqichda o’ziga xos tekshirish usullari, yo’llari, vositalari qo’llanadi. SHu bilan birga o’rganilayotgan soha va masalaning xarakteriga qarab, unga mos keladigan u yoki bu usul (yoki usullar to’dasi) aniq tekshirishda, uning muayyan fazasi va bosqichida asosiy, yetakchi qurol sifatida ishlatiladi.

Statistik tadqiqot ikkita bosqich va bir necha fazalardan tashkil topadi va ularda o’ziga xos usullar qo’llanadi.
Keng va to’la ma’noda statistik tadqiqot ikkita bosqichdan tashkil topadi:

  1. Tasviriy statistika bosqichi

  2. Analitik statistika bosqichi.

Birinchi bosqichda quyidagi asosiy maqsad va vazifalar ko’zlanadi: o’rganilayotgan ob’ektlarni spetsifikatsiyalash, ular haqida ma’lumotlar to’plash va qayta ishlash, ommaviy hodisa va jarayonlarning miqdoriy me’yorlarini tavsiflovchi ko’rsatkichlarni hisoblash, ularni ko’rkam va ixcham shaklda va zarur xollarda so’z bilan tavsiflash. Ikkinchi bosqichda esa ko’rsatkichlarni statistik taxlil qilish, ular orasidagi sabab-oqibat bog’lanishlarni aniqlash va baholash, o’rganilayotgan ob’ektlar taqsimotlaridagi qonuniyatlarni oydinlashtirish, ilmiy gipotezalarni ishonchlilik jihatdan baholash va statistik xulosalarni chiqarish va hokazolar asosiy maqsad va vazifalar hisoblanadi.
Har bir bosqichni, o’z navbatida, fazalarga bo’lish mumkin. Masalan, tasviriy statistika bosqichida quyidagi fazalar ajralib turadi: o’rganilayotgan ob’ektlar to’plamini, ommaviy hodisa va jarayonni spetsifikatsiyalash; ular ustida statistik kuzatish o’tkazish; to’plangan boshlang’ich ma’lumotlarni ma’lum tartibga solish, umumlashtiruvchi ko’rsatkichlarni hisoblash, ularni ko’rkam va ixcham shakllarda tasvirlash. Analitik statistika bosqichida esa quyidagi fazalar odatda ko’zga tashlanadi: o’rganilayotgan ob’ektlarning turli belgilari asosida taqsimotlarini tuzib, ulardagi qonuniyatlarni o’rganish, hodisalar o’rtasidagi bog’lanishlarni miqdoriy ifodalash, ularni zamonda rivojlanish tendentsiyalarini o’rganish, ilmiy gipotezalarni baholash va statistik xulosalar yasash, murakkab jarayon tomonlari orasidagi o’zaro bog’lanishlarni integral tizim shaklida bir butunlikda taxlil qilish.
U yoki bu bosqichning har bir fazasida ommaviy hodisa va jarayonlarni tekshirishning turli usullari, vositalari,yo’llari qo’llanadi. Masalan, ob’ektlarni spetsifikatsiyalash fazasida ularni oddiy yoki murakkab tasniflash, elementar yoki ierarxik birlashmalarini tuzib guruhlashlar, ikkilamchi (qayta) guruhlashning turli yo’llari, klaster taxlil yo’llari va hokazolar ishlatiladi. Statistik kuzatish jarayonida ishlab chiqarish yoki laboratoriya sharoitida tajriba sinovlar o’tkazish, hisobot yoki maxsus tekshirishlar va ro’yxatlar amalga oshirish, anketa yoki tanlama usullarda kuzatish va boshqalar qo’llaniladi. Hodisalar orasidagi o’zaro bog’lanishlarni o’rganishda analitik guruhlash, parallel qatorlarni tuzish, ularning egri chiziqlarini diagrammalarda tasvirlash, balans usuli, korrelyatsion va regression taxlil usullari, dispersion taxlil usullari, ko’p o’lchovli taxlil usullari (omilli taxlil, bosh komponent usuli va h.k.) va boshqa usullardan foydalaniladi. Bundan buyon so’z asosiy usullar ustida boradi.
Statistika nazariyasi statistik tadqiqotning ikkala bosqichi va ularning barcha fazalariga tegishli umumiy nazariyadir. U mazkur tekshirishning umumiy qoidalarini, uslubiyatini, ya’ni unda qo’llanadigan usullarni o’rganayotgan ommaviy hodisalarning mohiyati bilan bir butunlikda yoritadi.

Ommaviy hodisalarni o’rga-nishda matematika usullari ham ishlatiladi.

Statistika nazariyasi va matematik statistika yagona fandir.
Ommaviy hodisa va jarayonlarni miqdoriy jihatdan statistika o’rganayotganda matematika usullaridan ham foydalanadi. Jumladan bir qator statistika metodlari algebra va sonlar nazariyasiga - to’plamlar nazariyasi, algebraik sistemalar, chiziqli tenglamalar va tengsizliklar sistemalari hamda matritsalar, vektor va Yevklid fazolari, determinantlar va hokazolarga tayanadi.3 Odatda statistika nazariyasi va matematik statistika ikkita mustaqil fan sohalari sifatida qaraladi. Bunday zid qo’yish ularning matematik apparatidagi farqlarga asoslanadi. Statistika nazariyasi elementar, matematik statistika esa murakkabroq matematik yo’llardan foydalanadi.
Ammo mazakur xususiyat ularni alohida fanlar sifatida qarash uchun asos bo’la olmaydi, chunki stististika nazariyasi va matematik statistika yagona fandir. Birinchidan statistikada sodda usullar o’rniga murakkab, takomillashgan matematika vositalarini qo’llanilishi umuman ilm-fan taraqqiyotidan kelib chiqadi va uning oqibati hisoblanadi. Bu jarayon nafaqat statistika taraqqiyotini, balki matematika taraqqiyotini ham aks ettiradi.
Ikkinchidan, statistikada qo’llaniladigan barcha matematik vositalar, ular qanday ko’rinishda bo’lmasin, ya’ni arifmetik, algebraik yoki biror oliy matematik analiz bo’lishidan qat’iy nazar, o’z mazmunini matematikaning tarkibiy qismi bo’lmish ehtimollar nazariyasidan oladi va u tomonidan ochiladigan qonuniyatlarga asoslanadi.

Ommaviy hodisa va jarayonning birinchi muhim belgisi - unda bir qancha ob’ektlar ishtirok etib, ular o’xshashlik alomatiga ega ekanligidan iborat.
Uning muhim belgilaridan biri - ommaviy hodisa va jarayonda bir qancha yakka ob’ektlar (to’plam birliklari) ishtirok etadi. Bu xususiyat murakkab ob’ektlarni ommaviy hodisa deb qaralganda ham namoyon bo’ladi, chunki bunday ob’ekt bir to’da yakka elementlardan tuziladi. To’plam ob’ektlari, huddi shuningdek murakkab ob’ekt elementlari o’rganilayotgan hodisa jarayon uchun muhim bo’lgan munosobatlar jihatdan bir biriga o’xshaydilar.
Ayrim ob’ektlar yoki elementlar uchun xos bo’lgan o’xshashlik alomati ular ichki izchil tub bog’lanishlarga ega ekanligidan kelib chiqadi. Bu esa o’rganilayotgan ob’ektlar, elementlar to’plami ichki qiyofa jihatidan umumiy asosga, sifatga, mohiyatga egaligini va shu nuqtai nazardan bir jinsliligini anglatadi.
Demak, statistikada o’rganiladigan ommaviy hodisa va jarayon mohiyati va sifati jihatidan bir jinsli to’plamda namoyon bo’ladi. SHu bilan birga u miqdoriy jihatdan turlicha ifodalanishi mumkin.

Ommaviy hodisa va jarayonning ikkinchi xossasi - ayrim to’plam ob’ektlari, elementlari o’ziga xoslik alomatiga ega bo’lib, mustaqil, erkli tarzda amal qilishidan iborat.

Ommaviy hodisa va jarayonning uchinchi xossasi - to’plam biror ob’ekti haqidagi tafsillarni uning barcha boshqa ob’ektlarining tafsilla-ridan aniqlab bo’lmasligi
Bu esa ommaviy hodisa va jarayonning yana bir muhim xususiyati hisoblanadi. U o’rganilayotggan to’plamning ayrim ob’ektlari, elementlari bir biriga o’xshashligi bilan bir qatorda o’ziga xoslik alomatiga egaligidan kelib chiqadi. Har bir to’plam ob’ekti, elementi o’xshashlik va o’ziga xoslik jihatlarining yagona birligida hayotda harakat qiladi, ma’lum hodisa va jarayonning soxibi sifatida gavdalanadi. Ana shunday ayrim voqealar, jarayonlar umumlashishidan esa ommaviy hodisa va jarayon shakllanadi va u statistikani o’rganish ob’ekti hisoblanadi.
Ommaviy hodisa va jarayonning boshqa yana bir xossasi - uni yuzaga chiqishida ishtirok etuvchi to’plam ob’ektlari, elementlaridan biri haqidagi haqiqiy tafsilotlarni (ko’rsatkichlarni) qolgan boshqa ob’ektlar tafsilotlaridan to’la holda yoki umuman aniqlab bo’lmaydi.

Nihoyat, ommaviy hodisa va jarayonning to’rtinchi eng muhim belgisi - unda ma’lum qonuniyat yuzaga chiqishi, ammo u yakka hodisada namoyon bo’lmas-ligidan iborat.
Va nihoyat, ommaviy hodisa va jarayonning yana bir muhim xossasi - unda ma’lum qonuniyat yuzaga chiqib, ammo ayrim elementlarda, ya’ni yakka holda qaralgan hodisada u namoyon bo’lmasligidan iboratdir. Bu qonuniyat ommaviy hodisa va jarayonnning mohiyatidan kelib chiqadi, uning tabiatidan ajralmas jihat hisoblanadi. Bunday qonuniyat statistik qonuniyat deb ataladi. Ammo ularni statistika uchun xos, uning xususiy qonuniyatlari deb qarab bo’lmaydi, chunki bu holda ular muallaq holatdagi, ya’ni biror predmetga tayanmay, havoda turib qolgan narsaga o’xshash tushuncha bo’lib qolar edi. Ommaviy hodisa va jarayonlarda namoyon bo’ladigan qonuniyatlarni ochish va o’rganish statistikaning asosiy vazifasi, statistik tekshirishda ko’zlangan va haqiqatda erishilgan pirovard maqsad hisoblanadi. Har doim ular ayrim hodisa va jarayonlar haqidagi ma’lumotlarni to’plash va qayta ishlash jarayonida olinadigan hamda butun to’plam bo’yicha miqdoriy nisbatlarni ta’riflaydigan umumlashtiruvchi ko’rsatkichlar shaklida namoyon bo’ladi. SHu bilan bir qatorda statistik qonunyatlar ommaviy hodisa va jarayon tabiatining turli tomonlariga tegishli izchil bog’lanishlarni, tartib qoidalarni ifodalaydi. SHu jihatdan ularni ma’lum darajada shart bilan ikki turga ajratish mumkin:
Birinchidan, o’rganilayotgan hodisalar to’plamining tuzilishidagi bog’lanishlarni ifodalovchi qonuniyatlar, ularni taqsimot qonuniyatlari deb ataladi;
Ikkinchidan, ommaviy hodisa va jarayonning dinamizmini ifodalovchi qonuniyatlar, ularni rivojlanish (taraqqiyot) qonuniyatlari deb ham atash mumkin.

Ommaviy hodisaning aniq ta’rifi - bu har qanday hodisalar yig’in-disi bo’lmasdan, ularning shunday to’plamiki, unda statistik qonuniyatlar namoyon bo’ladi, ammo yakka hodisada ular yuzaga chiq-maydi.
Ommaviy hodisaning aniq ta’rifi shundan iboratki, u har qanday hodisalar yig’indisi bo’lmasdan, balki shundaylarining to’plamiki, unda ichki izchil bog’lanishlar va ularni ifodalovchi qonuniyatlar mavjud, ammo ular odatda ayrim yakka hodisada yuzaga chiqmaydi.
Statistika fani barcha ommaviy hodisa va jarayonlarni, qaysi sohalarga ular tegishliligidan qat’iy nazar, o’rganadi. Bunda uning universal, umumiylik jihati namoyon bo’ladi.
Ommaviy hodisa va jarayonni o’rganayotib, statistika uni miqdoran ya’ni sonlar yordamida ta’riflaydi. Bu esa uning bayon etilgan predmeti ta’rifidan kelib chiqadi.
SHunday qilib, statistika fanining predmeti ommaviy hodisa va jarayonlarning miqdoriy-sifat aniqligini o’rganish, ularda aniq makon va zamon sharoitida namoyon bo’ladigan qonuniyatlarni miqdoriy nisbatlar orqali ifodalashdan iborat.



Yüklə 0,87 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   56




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin