7-mavzu: Shaxsiy sug’urtaning mazmuni va turlari
REJA:
1. Shaxsiy sug’urtaning mohiyati va rivojlanish tarixi.
2. Shaxsiy sug’urtaning turlari.
3. Fuqarolarni baxtsiz hodisadan sug’urta qilish.
1.
Shaxsiy sug’urta – baxtsiz hodisalar yoxud tabiiy hodisalar ro’y berishi
oqibatida fuqarolarning hayoti va sog’ligiga shikast etkazilishi bilan bog’liq
ularning mulkiy manfaatlarini himoyalashga qaratilgan sug’urtaning mustaqil
tarmog’i. Shaxsiy sug’urta fuqarolar boshiga kulfat tushganda ularni moddiy
jihatdan qo’llab-quvvatlashning muhim vositasi hisoblanadi. Shu ma’noda, shaxsiy
sug’urta ijtimoiy himoyaning hayotiy tajribada sinalgan ishonchli shaklidir.
Shaxsiy sug’urtaning, xususan uning ajralmas bo’g’ini bo’lgan fuqarolarni
baxtsiz hodisalardan sug’urtasining joriy etilishi bir necha asrlik tarixga ega. 1541
yilda Evropada mavjud bo’lgan dengiz huquqi qoidalariga ko’ra, kema egalari shu
kema kapitanlarini baxtsiz hodisalardan sug’urtalashlari shart bo’lgan.
Shaxsiy sug’urtaning ba’zi belgilari qadimgi rimliklarga ham ma’lum bo’lgan.
O’sha paytda Diana va Antoni muxlislarining diniy jamiyati bo’lgan. Unga a’zo
bo’lib kirgan shaxslar a’zolik badalini to’lashgan. Jamiyat a’zolaridan vafot
etganda uni ko’mish bilan bog’liq xarajatlar jamiyat hisobidan amalga oshirilgan
va hatto, pul mablag’larining muayyan qismi vafot etgan shaxsning
merosxo’rlariga berilgan.
1699 yil Angliyada shaxsiy sug’urta bilan shug’ullanadigan dastlabki
sug’urta tashkiloti barpo etilgan va u avvalo beva ayollar hamda etim bolalarni
sug’urtasini amalga oshirgan. Bu jamiyatning nomi “Ekvatebl” deb atalgan. XVIII
asrda esa Germaniyada suyak sinishi holatlaridan himoyalash bo’yicha o’zaro
yordam uyushmalari tashkil etilgan. 1849 yili Angliyada temir yo’llarda baxtsiz
hodisalardan sug’urtalash bo’yicha dastlabki «Railway Death Rassengers
Company» nomli sug’urta kompaniyasi tuzildi.
Shaxsiy sug’urta bo’yicha sug’urtalanuvchi sifatida har qanday yuridik va
jismoniy shaxs bo’lishi mumkin.
Shaxsiy sug’urta – bu inson hayotiga, uning mehnat qobiliyati va
salomatligiga tahdid soladigan turli xavf-xatarlardan himoyalanishning muhim
shakli.
Hozirgi paytda shaxsiy sug’urta sug’urta faoliyatining yirik tarmog’i
sifatida jahon amaliyotida keng qo’llaniladi. Rivojlangan xorijiy davlatlarda
shaxsiy sug’urta turlari bo’yicha kelib tushgan sug’urta mukofotlari boshqa
sug’urta turlari bo’yicha kelib tushgan sug’urta mukofotlariga nisbatan yuqori
salmoqqa ega. Masalan, AQShda jami yig’ilgan sug’urta mukofotlari hajmida
shaxsiy sug’urtaning hissasi 50,0 foizdan yuqoridir.
O’tgan asrning boshlarida hozirgi O’zbekiston hududida Rossiya sug’urta
tashkilotlarining vakolatxonalari faoliyat ko’rsatgan va ular aholiga shaxsiy
sug’urta xizmatlarini ko’rsatishgan.
1917 yildan 1990 yilgacha mamlakatimizda shaxsiy sug’urtalash ishlari
davlat sug’urta organlari (Gosstrax) tomonidan amalga oshirilgan. Ana shu davrda
sug’urta shartlari, qoidalari va tariflari markazda-Moskvada ishlab chiqilar va
aksariyat hollarda mahalliy shart-sharoitlar va xususiyatlar hisobga olinmas edi.
1991 yilda O’zbekistonning o’z siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini qo’lga
kiritishi hayotimizning barcha jabhalari qatorida sug’urta sohasini ham bozor
munosabatlari tamoyillariga mos ravishda rivojlanishi uchun sharoit yaratdi.
To’g’ri, mustaqillikning dastlabki yillarida iqtisodiyotda ro’y bergan keskin
o’zgarishlar qisqa muddat bo’lsada pulning qadrsizlanishiga, pirovardida, aholi
turmush darajasining pasayib ketishiga olib keldi. Shubhasiz, bu holat shaxsiy
sug’urtaning aholi o’rtasidagi ommaviyligiga putur etkazdi. Natijada, bu sug’urta
turlari bo’yicha sug’urta shartnomalari soni va sug’urta mukofotlari miqdori
kamaydi. Masalan, 1993 yilda shaxsiy sug’urtaning alohida turi bo’lgan hayot
sug’urtasi bo’yicha jami 1770356 dona shartnoma tuzilgan holda bu ko’rsatkich
1994 yilda 406864 donaga kamaygan.
Bunday salbiy vaziyatni oldini olish va aholining shaxsiy sug’urtaga bo’lgan
ishonchini tiklash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining
omonotlardagi va davlat sug’urtasi bo’yicha pul mablag’larini indeksatsiya qilish
to’g’risida” 1995 yilning 20 dekabrida PF № 1327-son Farmoni qabul qilindi.
Ushbu Farmonga muvofiq, 1996 yildan boshlab aholining 1992 yil 1
yanvargacha bo’lgan holatiga ko’ra va 1996 yil 1 yanvargacha amalda bo’lgan
Davlat sug’urta bosh boshqarmasi muassasalarida turgan hayotni, bolalarni
sug’urta qilish, nikoh kunida beriladigan uzoq muddatli sug’urta shartnomalari
to’lovlarini bosqichma-bosqich indeksatsiya qilish maqsadga muvofiq deb topildi.
Davlat sug’urta muasasalari tomonidan 1996 yilning 1 yanvaridan 1 iyuligacha
bo’lgan muddatda fuqarolarning 400,0 mingdan ziyod shartnomalari indeksatsiya
qilindi.
O’zbekiston Respublikasida shaxsiy sug’urtani amalga oshirishning huquqiy
asoslari Fuqarolik kodeksining 921-moddasida aks ettirilgan. Unga ko’ra, shaxsiy
sug’urta shartnomasi bo’yicha bir taraf (sug’urtalovchi) boshqa taraf (sug’urta
qildiruvchi) to’laydigan, shartnomada shartlashilgan haq (sug’urta mukofoti)
evaziga sug’urta qildiruvchining o’zining yoxud shartnomada ko’rsatilgan boshqa
fuqaro (sug’urtalangan shaxs)ning hayoti yoki sog’ligiga zarar etkazilgan, u
muayyan yoshga to’lgan yoki uning hayotida shartnomada nazarda tutilgan boshqa
voqea (sug’urta hodisasi) yuz bergan hollarda shartnomada shartlashilgan pulni
(sug’urta pulini) bir yo’la yoki vaqt-vaqti bilan to’lab turish majburiyatini oladi.
Shuningdek, kodeksda shaxsiy sug’urta shartnomasi kimning foydasini ko’zlab
tuzilgan bo’lsa, o’sha shaxs sug’urta pulini olish huquqiga ega bo’ladi, deb
ko’rsatilgan.
Shaxsiy sug’urta shartnomasi tuzishda sug’urta qildiruvchi bilan
sug’urtalovchi o’rtasida quyidagilar to’g’risida kelishuvga erishilishi lozim:
- sug’urtalangan shaxs to’g’risida;
- sug’urtalangan shaxs hayotida yuz berishi ehtimol tutilib sug’urta amalga
oshirilayotgan voqea (sug’urta hodisasi)ning xususiyati to’g’risida;
- sug’urta puli miqdori to’g’risida;
- sug’urta mukofotining miqdori va uni to’lash muddati (muddatlari)
to’g’risida;
- shartnomaning amal qilish muddati to’g’risida.
Taraflarning kelishuviga binoan shartnomaga boshqa shartlar ham
kiritilishi mumkin. Agar sug’urta shartnomasi sug’urta qildiruvchi, sug’urtalangan
shaxs yoki naf oluvchi hisoblangan fuqaroning ahvolini qonun hujjatlarida
belgilangan qoidalarga nisbatan yomonlashtiradigan shartlarni o’z ichiga olsa,
shartnomaning ana shu shartlari o’rniga qonun hujjatlarining tegishli qoidalari
qo’llaniladi.
2.
Sug’urtalanuvchining hayoti, sog’lig’i, mehnat qobiliyati bilan bog’liq
mulkiy manfaatlari shaxsiy sug’urtaning ob’ekti hisoblanadi. Sug’urtalovchi va
sug’urtalanuvchilar hamda sug’urtalangan shaxslar shaxsiy sug’urta sub’ektlaridir.
Shaxsiy
sug’urta,
odatda,
fuqarolarni
quyidagi
xavf-xatarlardan
himoyalanishini nazarda tutadi:
sug’urtalanuvchining yoki sug’urtalangan shaxsning vafot etishi;
mehnat qobiliyatini vaqtinchalik yo’qotishi;
nafaqa yoshiga etishi bilan fuqaroning faol mehnat faoliyatini tugashi.
Yuqorida qayd etilgan hamma holatlarda sug’urta hodisasini ro’y berishi
sug’urtalanuvchining yoki sug’urtalangan shaxsning daromadini kamayishiga
sabab bo’ladi.
Ilmiy-iqtisodiy adabiyotlarda shaxsiy sug’urta turlicha tasniflanadi.
Mutaxassislar o’rtasida keng tarqalgan fikrlarga ko’ra, shaxsiy sug’urta 2 ta kichik
tarmoqqa bo’linadi:
hayot sug’urtasi;
sog’liqni sug’urtalash;
Sog’liqni sug’urtalash, o’z navbatida, 2 ta guruhga bo’linadi:
baxtsiz hodisalardan sug’urtalash;
tibbiy sug’urta.
Shaxsiy sug’urtani hayot sug’urtasiga va sog’liqni sug’urtasiga bo’linishiga
asosiy sabab sug’urta summalarini jamg’arilib borilishidir.Hayot sug’urtasi uzoq
muddatli bo’lib, unda shartnoma bo’yicha belgilangan sug’urta summasi har yili
jamg’arilib boradi.
Fuqarolarni baxtsiz hodisalardan sug’urtalashda sug’urta summalari
jamg’arilmaydi, muddati 1 yildan oshmaydi.
2002 yilning 28 mayidan e’tiboran “Sug’urta faoliyati to’g’risida”
qonunning qabul qilinishi bilan sug’urta 2 ta tarmoqqa bo’lindi:
hayot sug’urtasi;
umumiy sug’urta.
Qonunga asosan sug’urtalovchilarning faoliyati sug’urtaning qaysi tarmog’iga
ixtisoslashganligiga qarab alohida litsenziyalanadigan bo’ldi. Hayot sug’urtasini
amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo’lgan sug’urtalovchilar
umumiy sug’urta turlarini o’tkazishga haqli emas yoki aksincha.
Shaxsiy sug’urta ixtiyoriy va majburiy shakllarda amalga oshiriladi.
Ixtiyoriy shaxsiy sug’urta turlariga quyidagilar kiradi:
hayot sug’urtasi;
fuqarolarni baxtsiz hodisalardan sug’urtalash;
fuqarolarning sog’lig’ini va kasalliklardan sug’urtalash;
fuqaroni ma’lum yoshgacha etishish sug’urtasi;
vafot etish holatidan uzoq muddatli sug’urta;
tibbiy sug’urta;
chet elga ketuvchilarni kasalliklardan sug’urta;
maktab o’quvchilarini baxtsiz hodisalardan sug’urtalash.
Majburiy tarzda amalga oshiriladigan shaxsiy sug’urta turlariga quyidagilar
kiradi:
yo’lovchilarni baxtsiz hodisalardan majburiy sug’urtalash;
soliq organlari xodimlarini baxtsiz hodisalardan majburiy davlat sug’urtasi;
O’zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy
xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo’mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi
xodimlarini baxtsiz hodisalardan majburiy davlat sug’urtasi.
Majburiy davlat sug’urtasini 2003 yil 1 yanvardan boshlab “O’zbekinvest”
eksport-import milliy sug’urta kompaniyasi o’tkazib kelmoqda. Ushbu sug’urta
turlari bo’yicha sug’urta tarifi bir sug’urtalanuvchiga bir yilga eng kam oylik ish
haqining 20 foizi miqdorida belgilangan. 2005 yil 1 fevral holatiga bu summa 1306
so’mni tashkil etadi (2004 yil 1 avgustdan eng kam ish haqi 6530,0 so’m
miqdorida belgilangan). Sug’urta mukofotlari sug’urtalanuvchi uchun respublika
byudjeti mablag’lari hisobidan to’lanadi.
Hozirgi paytda mamlakatimizda faoliyat ko’rsatayotgan sug’urta
tashkilotlari, asosan, quyidagi sug’urta turlarini amalga oshirishadi:
baxtsiz hodisalardan sug’urtalash;
ixtiyoriy tibbiy sug’urta va kasal bo’lish holatidan sug’urta;
chet elga ketayotgan shaxslarni sug’urtasi;
hayot sug’urtasi.
Yuqorida qayd etilgan sug’urta turlari ichida baxtsiz hodisalardan sug’urtalash
keng tarqalgan bo’lib, ular “O’zbekinvest” EIMSK, “O’zagrosug’urta” va
“Kafolat” davlat-aktsiyadorlik sug’urta kompaniyalari, “Madad” sug’urta agentligi
kabi bir qator sug’urta tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
20012 yil 1 iyun holatiga mamlakatimizda 37 ta sug’urta tashkiloti faoliyat
ko’rsatayotgan bo’lsa, ularning aksariyati baxtsiz hodisalardan sug’urtalash, va
faqat 2 tasi hayot sug’urtasi bo’yicha tegishli litsenziyalarga ega.
Sug’urta bozorida mijozlarni jalb etish bo’yicha raqobat bo’lganligi tufayli
ixtiyoriy shaxsiy sug’urta turlari bo’yicha tarif stavkalari turlichadir. Masalan,
“O’zbekinvest” kompaniyasida 20-25 yoshlardagi shaxslarni 100,0 ming so’mga
sug’urtalash uchun tarif stavkasi ana shu sug’urta summasiga nisbatan 1,125
foizni, yoshi 55-60 da bo’lgan fuqarolar uchun esa tarif stavkasi 1,575 foizni
tashkil etadi. “O’zagrosug’urta” sug’urta kompaniyasida maktab o’quvchilarini
baxtsiz hodisalardan ixtiyoriy sug’urtalash bo’yicha tarif stavkasi sug’urta
summasiga nisbatan 0,2 foiz miqdorida belgilangan.
“Kafolat” sug’urta kompaniyasida talabalarni baxtsiz hodisalardan ixtiyoriy
sug’urtasi bo’yicha tarif stavkasi sug’urta summasiga nisbatan
0,5 foizni tashkil etadi.
3.
Shaxsiy sug’urta turlari tarkibida fuqarolarni baxtsiz hodisalardan
ixtiyoriy sug’urtalash alohida o’ringa ega. Shu bois, biz ushbu sug’urta turi bilan
yaqindan tanishamiz. Fuqarolarni baxtsiz hodisalardan ixtiyoriy sug’urtalash
bo’yicha shartnoma qonunga ko’ra yuridik va jismoniy shaxslarni yozma arizasi
asosida tuziladi. Shartnoma tuzishdan oldin sug’urta tashkiloti o’z mijozlariga
sug’urta xizmatini taklif etadi. Yuridik va jismoniy shaxslar sug’urta shartnomasi
tuzishdan oldin albatta sug’urtalovchining moliyaviy holati, litsenziyasi mavjudligi
bilan qiziqishi lozim.
Sug’urta shartnomasi tuzishdan oldin sug’urta tashkiloti vakili
sug’urtalayotgan shaxslarni fuqarolarni baxtsiz hodisalardan sug’urtalash qoidalar
bilan tanishtirishi lozim. Mazkur sug’urta turi bo’yicha fuqarolarni baxtsiz hodisa
ro’y berish natijasida sog’lig’i va hayotini saqlash bilan bog’liq manfaat sug’urta
ob’ekti hisoblanadi. Sug’urtalovchi, odatda, asab va ruxiy kasallikka duchor
bo’lgan, falaj, ko’zi ojiz shaxslar, eshitish qobiliyati zaif bo’lgan va nogiron
shaxslar bilan sug’urta shartnomasini tuzmaydi.
Sug’urtalangan shaxsning hayotiga va sog’lig’iga quyidagi baxtsiz
hodisalarni ro’y berishi natijasida shikast etganda va tasdiqlanganda sug’urta
summalari berilishi mumkin:
- jarohat olganda;
- suyaklarni sinishi, chiqishi;
- ichki organlarni zararlanishi;
- kuyishi;
- teri qatlamlarini sovuq urishi;
- elekt toki ta’sirida jarohatlanishi;
- kimyoviy moddalar va zararli o’simlik ta’sirida zararlanishi;
- tish sinishi.
Bundan tashqari yuqorida qayd etilgan holatlar natijasida o’lim xolati yuz
berganda xam sug’urta summasi to’lanadi.
Quyidagi hodisalarni ro’y berishi oqibatida sug’urtalangan shaxsning hayoti
va sog’lig’iga shikast etkazilsa yoxud o’limga olib kelsa sug’urta summasi
to’lanmaydi:
- yadro portlashi;
- radiatsiya va nurlanish;
- sug’urtalangan shaxsning atayin hatti-harakati natijasida baxtsiz hodisalar
yuz berganda, o’z joniga qasd qilganda va jinoiy harakatlar natijasida ro’y berishi.
Sug’urta mukofoti sug’urta tashkilotining hisob-kitob raqamiga kelib
tushgandan so’ng u shartnomada ko’rsatilgan muddat ichida fuqarolarga sug’urta
polisini berishi shart. Agar sug’urta polisi yo’qotilgan taqdirda sug’urta tashkiloti
sug’urtalagan shaxsga uning dublikatini beradi.
Sug’urtalanuvchilarning huquqlari:
- sug’urta shartnomasi amalda bo’lgan davrda sug’urtalangan shaxs sug’urta
tashkilotidan sug’urta masalalari bo’yicha maslahatlar olishi;
-sug’urta polisi yo’qotilganda uning dublikatini olish.
Fuqarolarni baxtsiz hodisalardan sug’urtalashda sug’urtalangan shaxslar yana
quyidagi huquqlarga ega bo’lishi mumkin:
- sug’urta summasini olishda nizolar paydo bo’lganda mustaqil ekspertni jalb
etish;
- sug’urtalanuvchi bilan kelishilgan holda amaldagi sug’urta shartnomasiga
qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritish;
- sug’urtalovchi bilan kelishgan holda sug’urta shartnomasini muddatdan
oldin bekor qilish.
Sug’urtalanuvchi majburiyatlari:
- sug’urta shartnomasida ko’rsatilgan muddat va shartlarda sug’urta
mukofotlarini to’lash;
- sug’urtalangan shaxslarga sug’urta shartnomasi shartlari to’g’risida
ma’lumotlar berish.
Sug’urtalovchining huquqlari:
-sug’urta hodisalari sug’urtalovchi tomonidan tan olinmaganda sug’urta
summalarini to’lamaslik;
- sug’urta shartnomasida ko’rsatilgan muddatda sug’urta mukofoti
to’lanmasa sug’urta shartnomasini bekor qilish.
Sug’urtalovchining majburiyatlari:
- fuqarolarni baxtsiz hodisalardan ixtiyoriy sug’urtalash qoidalari va sug’urta
shartnomasi shartlari bilan sug’urtalanuvchini tanishtirish;
- sug’urta shartnomasida ko’rsatilgan muddatda sug’urta polisini berish;
- sug’urta hodisasi ro’y berganda sug’urta summasini to’lash;
- sug’urta summasini to’lashdan voz kechilganda, u holda 10 kun muddatda
sug’urtalanuvchiga yozma ravishda xabar berish.
Sug’urta hodisasi ro’y berganda bu haqida sug’urtalangan shaxslar qisqa
muddatda sug’urtalovchiga xabar berishi lozim. Baxtsiz hodisa ro’y berganda
sug’urtalangan shaxslar sug’urtalovchiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:
- sug’urta polisi;
- davolash profilaktika muassasidan baxtsiz hodisa natijasida sug’urtalangan
shaxsning davolanganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma.
Zaruriyat bo’lganda sug’urtalovchi sug’urta summasini to’lash masalasini hal
etish uchun zarur bo’lgan boshqa hujjatlarni so’rashga ham haqli.
Baxtsiz hodisalar ro’y berish natijasida o’lim hodisasi ro’y berganda
quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- sug’urta polisi;
- FXDYo bo’limidan o’lim holati ro’y bergani to’g’risida ma’lumotnoma;
- merosxurlik huquqini tasdiqlovchi hujjat;
agar o’lim hodisasi yo’l-transporti natijasida ro’y bergan bo’lsa, yo’l harakati
xavfsizligi organidan olingan ma’lumotnoma
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat.
Dostları ilə paylaş: |