1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang. 2-modda. Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) LexUZ sharhi Qarang: “Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi konvensiya (1979-yil 18-dekabr, Nyu-York), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi PQ-5116-sonli “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-oktabrdagi 625-sonli “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish borasidagi ishlarni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori. 3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
jinsiy zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan ularning roziligisiz shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish orqali jinsiy daxlsizlikka va jinsiy erkinlikka tajovuz qiladigan zo‘ravonlik shakli, shuningdek zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan tahdid qilish yoxud ayol jinsidagi voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan axloqsiz harakatlar sodir etish orqali uchinchi shaxs bilan jinsiy aloqa qilishga majburlash;