16-modda. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik hollarining statistik hisobi va hisoboti Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar, shuningdek zo‘ravonlik sodir etgan yoki zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar vakolatli organlar va tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritiladi.
17-modda. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchini xabardor qilish Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchini ijtimoiy hamda huquqiy himoya qilish mexanizmlari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganga ko‘rsatiladigan yordam turlari va xizmatlar to‘g‘risidagi axborot bilan tanishtiradi.
Zarur bo‘lgan taqdirda vakolatli organlar va tashkilotlar sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlik fakti munosabati bilan ariza berishda amaliy yordam ko‘rsatadi.
Jazoni ijro etish muassasalari tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganga unga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxs jazoni ijro etish joyidan ozod etilganligi, ozodlikdan mahrum qilish joyidan tashqariga qisqa muddatga chiqarilganligi yoki qochib ketganligi haqida zudlik bilan xabar beradi.
18-modda. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar uchun ishonch telefoni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi yordam ko‘rsatish, maslahat berish mexanizmi hamda chora-tadbirlari, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish to‘g‘risida axborot olishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining butun hududida tunu kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmog‘i (ishonch telefoni) ishlab turishini ta’minlaydi.
Oldingi tahrirga qarang. Telefon liniyasi tarmog‘i maxfiylikka rioya etgan holda faoliyat ko‘rsatadi. Ishonch telefoni orqali olingan axborotni oshkor etishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.
(18-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) LexUZ sharhi O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi yordam ko‘rsatish, maslahat berish mexanizmi hamda chora-tadbirlari, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish to‘g‘risida axborot olishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining butun hududida tunu kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmog‘i: 1146 ishlab turishini ta’minlaydi. Telefon liniyasi tarmog‘i maxfiylikka rioya etgan holda faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, og‘ir ahvolga tushib qolgan ayollar uchun Respublika reabilitatsiya va moslashtirish markazi telefon raqami: 1169 ham doimiy ravishda ishlab turadi.