24-modda. O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga nisbatan yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan himoya orderi O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organi ularning nomidan himoya orderini berish hamda uni uzaytirish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar himoya orderini olish to‘g‘risidagi ariza bilan shaxsan murojaat qilishga haqli.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning himoya orderini berish hamda uni uzaytirish to‘g‘risidagi arizasi ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili hozirligida ko‘rib chiqiladi.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga nisbatan yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan himoya orderi ularning qonuniy vakiliga yoki vasiylik va homiylik organiga beriladi.
Himoya orderi berilganligi va uzaytirilganligi to‘g‘risidagi axborot vasiylik va homiylik organiga, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga 24 soat ichida yuboriladi.
LexUZ sharhi Sharhlanayotgan ushbu moddada o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga nisbatan himoya orderini berish hamda uning amal qilish muddatini uzaytirish tartibi belgilangan. Xususan, uning mazmuniga ko‘ra mazkur toifadagi shaxslarga himoya orderini berish va muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza bilan ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organi murojaat qilishi mumkinligi, bundan tashqari o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar himoya orderini olish to‘g‘risidagi ariza bilan shaxsan murojaat qilishga haqli ekanliklari belgilangan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, himoya orderi yuqoridagi toifa vakillarining o‘ziga emas, balki ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organiga taqdim etiladi.