25-modda. Himoya orderining mazmuni Himoya orderida quyidagilar ko‘rsatiladi:
u rasmiylashtirilgan sana va joy;
uni rasmiylashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, kasbi hamda yashash joyi;
ushbu Qonunning 26-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarning ro‘yxati.
Himoya orderida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining sudga murojaat qilish huquqi to‘g‘risidagi, tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarligi haqidagi ma’lumot ko‘rsatiladi.
26-modda. Himoya orderida nazarda tutilgan cheklovlar Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:
tazyiq o‘tkazishni va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlash;
tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar bilan aloqasini taqiqlash (ish joylarida va ta’lim muassasalarida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxs bilan bilvosita aloqasiga yo‘l qo‘yiladi);
tazyiq o‘tkazilgan va zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning bir xonada birga bo‘lishini taqiqlash;
tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchini davolash, unga maslahat berish, uni tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazga joylashtirish uchun xarajatlarning, yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash, shuningdek ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyatini yuklatish;
tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning qurolni (bundan xizmat quroli mustasno) saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi yoki unda ko‘rsatilgan muddat davrida cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.
Himoya orderining amal qilish muddati uzaytirilgan taqdirda ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan talablardan tashqari, unga tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturidan o‘tishi to‘g‘risidagi shart majburiy tartibda kiritiladi.
Agar himoya orderini berish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat belgilari aniqlansa, himoya orderini berish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish bilan bir vaqtda ish materiallari jinoiy javobgarlikka tortish masalasini hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboriladi.