M. Behbudiyning Padarkush yoxud tarbiyasiz bolaning taqdiri drammasini shakllantirish va namoyish etish
M. Behbudiyning “Padarkush yoxud tarbiyasiz bolaning taqdiri” drammasini shakllantirish va namoyish etish Reja:
Mahmudxo’ja Behbudiyning faoliyati.
“Padarkush” haqida tushunchalar.
Mahmudxoʻja Behbudiy XX asr boʻsagʻasidaga Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatchiligining eng yirik namoyandasi, yangi davr oʻzbek madaniyatining asoschisidir. Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, mustaqil jumhuriyat gʻoyasining yalovbardori, yangi maktab gʻoyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, oʻzbek dramaturgiyasini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrchi, noshir, jurnalist. U tariximizning gʻoyat ogʻir va murakkab bir davrida yashadi. XVI asrdan boshlangan inqiroz va turgʻunlik, oʻzaro janjal, mahalliy urugʻchilik nizolari millatni holdan toydirgan, imkondan foydalanib oʻlkani zabt etgan Rusiya zoʻr berib, uni turgʻun va tutqun saqlashga urinardi. Mana shunday bir sharoitda Vatanni butunlay yoʻq boʻlish xavfidan saqlab qolish, avlodlarni erk va ozodlik, mustaqillik ruhida tarbiyalash, maʼrifat va taraqqiyotta boshlash jadidlar nomi bilan tarixga kirgan Behbudiy boshliq fidoyilar zimmasiga tushdi.
Turkistonda “Usuli jadid”, “Usuli savtiya” nomlari bilan shuhrat topgan yangi maktabni shular tashkil qilib, shular birinchi boʻlib zamonaviy maktab gʻoyasini ilgari surdilar. Ular oʻz hisoblaridan maktablar ochib, yosh avlodni istiklolga tayyorladilar, sheʼr va maqolalar, sahna asarlari orqali milliy ongni shakllantirishga, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini singdirishga urindilar. Rusiya qonunlari imkon bergan darajada Turkiston musulmonlarining shaʼnu shavkatini himoya qildilar, inqilob yillarida esa mustaqillik bayrogʻini baland koʻtardilar.
Mahmudxoʻja Behbudiy mana shu Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi, boshlab beruvchisi edi. U 1875 yilning 19 yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida, ruhoniy oilasida dunyoga kelgan. Otasi Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli turkistonlik, Ahmad Yassaviyning avlodlaridan, ona tomonidan bobosi Niyozxoʻja urganchlik boʻlib, amir Shohmurod zamonida (1785–1800)Samarqandga kelib qolgan.1894 yilda otasi, imom-xatiblik bilan shugʻullanib kelgan Behbudxoʻja vafot etadi. Yosh Mahmudxoʻja togʻasi qozi Muhammad Siddiq tarbiyasi va qaramogʻida oʻsib voyaga yetadi. Arab sarfu nahvini kichik togʻasi Mulla Odildan oʻrganadi. 18 yoshida qozixonada mirzolik qila boshlaydi. Oʻz ustida qunt bilan ishlab, shariatning yuksak maqomlari – qozi, mufti darajasigacha koʻtariladi. Yosh Mahmudxoʻja dunyoqarashining shakllanishida Rusiya jadidchilik harakatining asoschisi Ismoilbek Gasprinskiyning xizmati katta boʻlgan. U 1892 yilda Turkistondagi maktablarni isloh kilish, “usuli savtiya”ni joriy etish taklifi bilan general gubernator N.O.Rozenbaxga murojaat etadi. Javob olmagach, 1893 yilda oʻzi Toshkentga keldi. Samarqand, Buxoroda boʻldi. Mahalliy xalq bilan gaplashib, dastlabki yangi usul maktablarni ochishga muvaffaq boʻldi. Behbudiy oʻz xotiralarida ustozi bilan uchrashuvlarini ixlos va muhabbat bilan tilga oladi.
Maʼrifat uchun birgina maktab kifoya qilmaydi. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq kerak. Millat va Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh boʻlmoq lozim. Millat uchun oyna kerak, toki undan oʻz qabohatini ham malohatini ham koʻra olsin. Mana shu ehtiyoj va zarurat Behbudiyni teatr va matbuotga boshladi. “Padarkush” dramasi shu tariqa maydonga keldi. Biroq uning dunyo koʻrishi oson kechmadi. “Padarkush” dramasi 1913 yildagina bosilib chiqadi. Kitob jildiga “Borodino jangi va Rossiyaning fransuzlar bosqinidan xalos boʻlishining yubiley sanasiga bagʻishlanadi” degan yozuv bilan Tiflis senzurasidan ruxsat olinadi. Bosilib chiqqandan keyin ham sahnaga qoʻyish uchun yaqin bir yil vaqt ketadi.
“Padarkush” – oʻzbek dramachiligining hamma yakdil eʼtirof etgan birinchi namunasidir. Mutaxassislar uni ham janr, ham mazmunga koʻra yangi oʻzbek adabiyotini boshlab bergan bir asar sifatida baholaydilar. Muallif “Milliy fojia” atagan 3 parda 4 manzarali bu drama hajman ixcham, mazmunan nihoyatda sodda va joʻn edi. Oʻqimagan bolaning buzuq yoʻllarga kirib oʻz otasining oʻldirgani,nodonlik va jaholat haqida edi. “Padarkush” dastlab Samarqandda 1914 yilning 15 yanvarida sahnaga qoʻyidsi. Spektakl oʻz maishatiga oʻralib, dunyoni unutgan millatdoshlarga chakmoqdek taʼsir etdi. U Toshkentda 1914 yilning 27 fevralida qoʻyildi.
Avloniyning “Turon” gruppasi Kolizey (Hozirgi savdo birjasi binosi)da oʻz faoliyatini mana shu “Padarkush” bilan boshlangan edi. Spektakl boshlanish oldidan Munavvarqori teatrning jamiyat hayotidagi oʻrni haqida nutq soʻzlaydi. Bosh rolni A. Avloniyning oʻzi ijro etadi. Mahalliy matbuot bu kunni “tarixiy kun” deb yozadi. “Turon” gruppasi 1914–1916 yillarda bu spektakl bilan butun Fargʻona vodiysini aylanib chikdi. Turkistonni junbushga keltirgan qirgʻinbarot inqilob yillarida ham sahnadan tushmadi. Bu bir tomondan millatni maʼrifat va taraqqiyot sari undashda katta ahamiyatga ega boʻlsa, ikkinchi tomondan professional oʻzbek teatri va dramachiligining maydonga kelishi hamda taraqqiyotida muhim xizmat qildi.
Bu asarning oʻz davrida adabiy harakatchilikka yetkazgan taʼsiri haqida qaydlar koʻp. Buning shohidi sifatida Abdulla Qodiriyning 1913 yillarda chiqqan “Padarkush” pʼyesasi taʼsirida “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib yuborganimni oʻzim ham payqamay qoldim, degan eʼtirofini eslash kifoya. 1916 yilda Toshkenga kelib Kolizeyda “Turon”ning qator spektakllarini koʻrgan A. N. Samaylovich yozadi: “Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu men uchun kutilgan hol edi… Yangi adabiyotning markazi – Samarqand… Yesh qalamkashlarning bosh ilhomchisi samarqandlik mufti Maxmudxoʻja Behbudiydir”.