1-modul. Alisher navoiy hayoti va ijodi 1-mavzular. Alisher Navoiy ijodining o‘rganilishi. Alisher Navoiyning hayoti va ijodiy faoliyati



Yüklə 376,94 Kb.
səhifə31/46
tarix22.09.2023
ölçüsü376,94 Kb.
#147221
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   46
1-modul. Alisher navoiy hayoti va ijodi 1-mavzular. Alisher Navo-fayllar.org

Navoiy foydalangan lirik janrlar

G‘aroyib us-sig‘ar” devonida


Navodir ush-shabob” devonida


Badoye’ ul-vasat” devonida


Favoyid ul-kibar” devonida




Jami to‘rt devonda

1

G‘azal

650 ta
(4975 bayt)


650 ta
(4998 bayt)


650 ta
(5001 bayt)


650 ta
(5029 ta)


2600 ta
(20003 bayt)


2

Mustazod

1 ta
(7 bayt)


1 ta
(7 bayt)


1 ta
(7 bayt)


1 ta
(7 bayt)


4 ta
(28 bayt)


3

Muxammas

3 ta
(57,5 bayt)


3 ta
(52,5 bayt)


2 ta
(30 bayt)


2 ta
(37,5 bayt)


10 ta
(177,5 bayt)


4

Musaddas

1 ta
(27 bayt)


1 ta
(27 bayt)


2 ta
(42 bayt)


1 ta
(21 bayt)


5 ta
(117 bayt)


5

Musamman







1 ta
(28 bayt)


1 ta
(28 bayt)


6

Tarji'band

1 ta
(100 bayt)


1 ta
(103 bayt)


1 ta
(56 bayt)


1 ta
(110 bayt)


4 ta
(369 bayt)


7

Tarkibband



1 ta
(56 bayt)






1 ta
(56 bayt)


8

Masnaviy

1 ta
(148 bayt)








1 ta
(148 bayt)


9

Qasida





1 ta
(91 bayt)




1 ta
(91 bayt)


10

Soqiynoma







1 ta
(458 bayt)


1 ta
(458 bayt)


11

Qit'a

50 ta
(138 bayt)


50 ta
(126 bayt)


60 ta
(127 bayt)


50 ta
(112 bayt)


210 ta
(503 bayt)


12

Ruboiy

133 ta
(266 bayt)








133 ta
(266 bayt)


13

Muammo



52 ta
(54 bayt)






52 ta
(54 bayt)


14

Lug‘z





10 ta
(40 bayt)




10 ta
(40 bayt)


15

Tuyuq





13 ta
(26 bayt)




13 ta
(26 bayt)


16

Fard







86 ta
(86 bayt)


86 ta
(86 bayt)




Jami


840 ta (5718,5 bayt)


759 ta (5423,5 bayt)


740 ta (5420 bayt)


793 ta (5888,5 bayt)


3132 ta (22450,5 bayt)

Aslida kulliyotdagi she'rlarning bunday taqsimlanishi nisbiy bo‘lib, Navoiy o‘z she'rlarini devonlarga taqsimlaganda ularning haqiqiy xronologiyasiga emas, balki har bir she'rning ruhi, uslubiga ko‘proq e'tibor qaratgan. Shuning uchun ham yoshlik davrida bitgan she'rlarining ba'zilari keyingi devonlarda, qarilik chog‘ida yozgan she'rlari avvalgi uch devonga kirib qolganligini kuzatish mumkin. SHoirning turli davrda yozgan g‘azallari soni bir-biridan farq qilgan bo‘lishi tabiiy. Navoiyning ilk lirikasini o‘rgangan olim Y.Is’hoqov “Ilk devon”dagi 434 ta she'r kulliyotdagi “G‘aroyib us-sig‘ar” (156 ta), “Badoye’ ul-vasat”(132 ta), “Favoyid ul-kibar” (146 ta) kabi uchta devoniga kiritilganligini aniqlagan bo‘lsa, Hamid Sulaymonov “Xazoyin ul-maoniy” devonlaridagi she'rlarning nisbiy xronologiyasini belgilab chiqqan.



SHoir kulliyot uchun maxsus debocha ham yozgan. Debocha “G‘aroyib us-sig‘ar” devonining boshlanish qismidan o‘rin olgan bo‘lib, unda an'anaviy hamd va na't qismlaridan so‘ng zamona hukmdori Husayn Boyqaro madh etiladi va uning ushbu kulliyotni tartib berish borasidagi rag‘bati va farmoni bayon qilinadi. Debochada kulliyotning yaratilish tarixi, tarkibidagi devonlar, ularning mazmun mohiyati, shoirning badiiy ijod bilan bog‘liq qarashlari hamda buyuk mutafakkirning muayyan tarzdagi hasbi holi o‘z ifodasini topgan. SHoir o‘z fikrlarini umumlashtirish, xulosalash paytida ruboiy janridan unumli foydalangan. Debochada jami 30 ta ruboiy keltirilgan bo‘lib, ularning barchasi taronai ruboiy shaklida.
Alisher Navoiy o‘zi ta'kidlab ko‘rsatgan devon tuzish mezonlariga rioya etgan holda kulliyotning har bir devonini Allohning hamdi ila ochadi. Kuzatishlar Shuni ko‘rsatadiki, devonlardagi dastlabki besh g‘azal hamd yo‘nalishida: ularning to‘rttasi tavhid mavzusida bo‘lsa, beshinchisi munojot mazmunidadir.
“G‘aroyib us-sig‘ar” devonidagi dastlabki g‘azal
Ashraqat min aksi shamsil ka'si anvor ul-hudo
Yor aksin mayda ko‘r deb jomdin chiqdi sado
matla'i bilan boshlanadi. Ushbu g‘azal Alibek Rustamov tomonidan fotiha (ochuvchi) g‘azal deb baholangan edi. Chunki g‘azalda aks etgan mazmun faqatgina “G‘aroyib us-sig‘ar” emas, balki butun kulliyotga xosdir. Yoki boshqacha aytganda, bu g‘azalni “Xazoyin ul-maoniy”ga kirish yo‘li deb atashimiz mumkin. G‘azalda ulug‘ shoir dunyoqarashining asosiy yo‘nalishi aks etgan va u keyingi she'rlarda ham davom ettirilgan. Shu ma'noda mazkur g‘azal Navoiy devonlaridagi boshqa g‘azallarni ham anglab yetishga yordam beradi va biz ushbu g‘azal orqali umuman Alisher Navoiy kulliyotining mazmuniy mundarijasini, g‘oyaviy yo‘nalishini, shoirning umumshe'riyatiga xos bo‘lgan konseptual ildizni topamiz.
G‘azalda insonning yaratilishi, uning hayotdagi vazifasi, borliq va yo‘qlikning hikmati, qisqacha aytganda, inson va Haq o‘rtasidagi abadiy muammo ko‘tarilgan. SHoir g‘azal orqali insonning Haqqa bog‘lanishi, Unga tobeligi, Haqning marhamati bilan bog‘liq masalalar xususida so‘z yuritgan.
“Navodir ush shabob” devonining ilk g‘azali
Zihi zuhuri jamoling quyosh kibi paydo,
Yuzung quyoshig‘a zarroti kavn o‘lub shaydo
tarzida boshlanib, unda ishq hodisasi maxsus talqin qilinadi va Haqning husni mazohiriga oshiq bo‘lishdek sirli va xos jarayonning bayoni beriladi.
“Badoye’ul vasat” devonidagi birinchi g‘azal esa mutlaq muhabbat mazharining “navbahori oraz”i tavsifi bilan boshlanib, unda shoir olamning go‘zalligi, tabiatdagi yaralish va ijod jarayonining asl ijodkoriga sano yo‘llashda eng nozik iboralar, eng chiroyli tashbihlarni qo‘llaydi:
Ey navbahori orazing subhiga jonparvar havo,
Andin gul-u bulbul topib yuz barg birla ming navo
“Favoyidul kibar” devoni
Ey yetti manzar tarhig‘a me'mori sun'ingdin bino
Masnu'lari foniy, vale maslub soni'dan fano
matla'li g‘azal bilan ochilgan.
Kulliyotdagi qolgan g‘azallar oshiqona, orifona, rindona kabi turlarga bo‘linsa-da, ular devonlar nomi va o‘rnidan kelib chiqib, muayyan ruh bilan sug‘orilgan. Xususan, dastlabki devonlardan yoshlikka xos jo‘shqinlik va shijoat ruhi yetakchi g‘azallar o‘rin olgan bo‘lsa, “Favoyid ul-kibar”da ijtimoiy ruh yetakchi bo‘lgan g‘azallar ko‘pchilikni tashkil etadi. Murakkab hayot yo‘lini bosib o‘tgan shoir o‘zining uzoq kuzatish va mushohadalar natijasida hosil bo‘lgan xulosalarini, davr ahli haqidagi achchiq mulohazalarini keksalik devonidagi g‘azallarida yuksak ehtiros bilan ifodalaydi:
Dahrda yo‘qtur karam, dahrning ahlida ham,
Qilmag‘asen, ey ko‘ngil, fikri muhol o‘zgacha (548-g‘azal).
Ko’ringanidek, Navoiy devonlaridagi g‘azallarning taqsimlanishi xronologik jihatdan nisbiy bo‘lsa-da, shoir ularning umumiy ruhiyatini devonlar tartibiga moslashtirishga harakat qilgan. Bu holat uning tabiat tasviri bilan bog‘liq g‘azallari tahlilida ham namoyon bo‘ladi. Navoiyning bu yo‘nalishdagi g‘azallarining deyarli barchasi bahor va bahordagi yomg‘irli tong payti tasviri bilan bog‘liq (Y.Is’hoqov). Ularda tabiat tasviri faqat estetik funksiyani bajaribgina qolmay, muhim ijtimoiy-axloqiy vazifani ham ado etadi. Har bir g‘azal o‘zining muayyan xarakterli belgilari bilan inson uchun ibrat sifatida xizmat qiladi. Agar yigitlik davri lirikasida bu yo‘nalishdagi g‘azallarda bahorga xos holat lirik qahramon kechinmalari va ruhiyati bilan qiyosan kontrast usuli vositasida tavsif etilsa (“Navbahor ayyomi bo‘lmish, men diyoru yorsiz”, “G‘aroyib us-sig‘ar”, 204-g‘azal), “Badoye’ ul-vasat” devonidan o‘rin olgan g‘azallarda bahor faslining muvaqqat va g‘animat ekanligi olam va odam umrining o‘tkinchiligiga bog‘liq holda falsafiy-ijtimoiy mohiyat kasb etadi (“Pili gavharkashdurur har yon sahobi pilrang” deb boshlanuvchi g‘azal).
NavoiyShunoslikda shoir g‘azallarini tasniflashda shoirning “Favoyid ul-kibar” devonidagi qit'asiga diqqat qaratiladi. Navoiy ushbu qit'ada:
G‘azalda uch kishi tavridur ul nav'
Kim, andin yaxshi yo‘q nazm ehtimoli –
deb yozar ekan, Xusrav Dehlaviyning oshiqona, Hofiz SHeroziyning rindona va Abdurahmon Jomiyning orifona g‘azallaridan ruhlanganini e'tirof etadi. Kulliyotdagi har bir devonning so‘nggi g‘azallarini o‘zaro qiyosan o‘rganish asnosida e'tiborli bir holat ko‘zga tashlanadi: “G‘aroyib us-sig‘ar”da Xusrav Dehlaviy, “Navodir ush-shabob”da Hofiz SHeroziy nomiga urg‘u qaratilgan bo‘lsa, “Badoye’ ul-vasat” Abdurahmon Jomiy yodi bilan intiho topadi. “Favoyid ul-kibar”da Navoiy “to‘rt daftar”, ya'ni devonlarni yakunlayotganiga ishora qilar ekan, o‘z so‘zini aynan Rasulluloh madhi bilan tugallamoqchi ekanligini alohida ta'kidlaydi:
Sening madoyihi na'tingda, yo Rasululloh,
Tamom bo‘ldi Navoiy takallumi poki.
Bu holat buyuk shoirning Rasululloh (s.a.v.)ga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati, Ul zotning shafoatiga muyassar bo‘lish istagini ifodalaydi.
“Xazoyin ul-maoniy”ga kiritilgan to‘rtta mustazod ham mavzu jihatdan rang-barang. SHoir devonlardagi janrlarni qo‘llashda muayyan tartibga rioya qilganidek, she'rlarni mazmun-mavzusi asosida taqdim etishda ham muayyan izchillikni saqlab qoladi. Shu bois birinchi devon “G‘aroyib us-sig‘ar”ga hamd mazmunidagi mustazod (Ey husnunga zarroti jahon ichra tajalliy, mazhar sanga ashyo// Sen lutf bila kavnu makon ichida mavliy, olam sanga mavlo), “Navodir ush-shabob”ga rindona (Din ofati bir mug‘bachai mohyuliqodur, mayxoravu bebok // Kim ishqidin oning vatanim dayri fanodur, sarmastu yaqom chok), “Badoye’ ul-vasat”ga oshiqona (Ne vo’smavu ne kesmadur ul zulfi sumansoy, ne g’amzai jodu|| Mashshota sanga zoli falakdur magar, ey oy, xurshid anga ko’zgu)
va so‘nggi devonga orifona mazmundagi (Bordim bu sahar dayri fano sori urub gom, maxmuri shabona, // Tortar edi har lahza sabuh ahli ichib jom, noqusi mug‘ona ) mustazodni kiritadi.
Kulliyotdan jami o‘nta muxammas o‘rin olgan bo‘lib, ular asosan taxmis yo‘nalishida: uchta taxmis “malik ul-kalom” Lutfiy g‘azallarini beshlantirish asosida vujudga kelgan bo‘lsa, qolgan yetti taxmis shoirning o‘z g‘azallariga bitilgandir. Musaddas janridagi she'rlari misolida Navoiy o‘z zamondoshlari Lutfiy va Husayniy she'rlarini qayta jonlantirdi: kulliyotdagi beshta musaddasdan ikkitasi Lutfiyga, bittasi Husayniy g‘azaliga bog‘langan. Qolgan ikki musaddasdan biri o‘z g‘azaliga tasdis, ikkinchisi – shoirning o‘z tab'ida yaratilgan musaddasidir. Navoiy o‘zigacha turkiy tilda faqat Yusuf Amiriy she'riyatida qo‘llanilgan janr – musammanga ham murojaat qildi. Har bir bandi sakkiz misradan iborat yetti bandlik, jami ellik olti misradan iborat bu musamman “Favoyid ul-kibar” devoniga kiritilgan. Devonlarning har biridan o‘rin olgan to‘rtta tarji'bandning dastlabki ikkitasi tasavvufiy-falsafiy, qolgan ikkitasi ishqiy mavzuda. “G‘aroyib us-sig‘ar”ga kiritilgan tarji'band “Ketur soqiy, ul mayki subhi alast” misrasi bilan boshlanib, hajman 10 band (har bandda 10 bayt), 100 baytni o‘z ichiga oladi. Kulliyotidan o‘rin olgan ikkinchi tarji'band “Jahon qasrig‘adur su uzra bunyod” misrasi bilan boshlanib, hajman 8 band (bandlar 11–12 baytli), 103 baytni o‘z ichiga oladi. “Badoye’ ul-vasat” devoniga kiritilgan tarji'band esa ishqiy mavzuda bo‘lib, “Ey kirpiki neShu ko‘zi xunxor” misrasi bilan boshlanadi. Hajman 7 band (har bir band 8 bayt), 56 baytdan iborat. Kulliyotdagi so‘nggi tarji'band “To xarobot aromen durdoshom” misrasi bilan boshlanadi. Hajman 10 band (har bandda 11 bayt), 110 baytdan iborat bo‘lib, “Favoyid ul-kibar” devoniga kiritilgan.
Kulliyotda yagona hisoblangan, “Navodir ush-shabob”dan o‘rin olgan tarkibband Sayyid Hasan Ardasher xotirasiga bag‘ishlangan bo‘lib, marsiya yo‘nalishida. Hajman 7 band, 56 baytdan iborat bu tarkibband quyidagicha boshlanadi:
Dahr bog‘iki jafo shoriidur har chamani,
Juz vafo ahlig‘a sonchilmadi aning tikani…
“Xazoyin ul-maoniy”dan o‘rin olgan bitta masnaviy ham Sayyid Hasan Ardasher nomi bilan bog‘liq. Masnaviy hajman 148 baytdan iborat bo‘lib, yosh shoirning safar oldidan ustozi va do‘stiga yozgan she'riy maktubini o‘z ichiga oladi. Ushbu masnaviy-maktub shoirning yoshlik lirikasi mahsuli bo‘lib, kulliyotning birinchi devoniga kiritilgan.
Kulliyotga kiritilgan yana bir yirik janr qasida bo‘lib, hajman 91 baytdan iborat. Qasida 1469-yilning 14-aprelida ramazon hayiti kuni yozib tugallangan va Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda shohga taqdim etilgan. Qasida Navoiyning yoshlik lirikasi mahsuli bo‘lsa-da, shoir kulliyotning shakliy jihatlarini hisobga olib, uni uchinchi devoni “Badoye’ ul-vasat”ga kiritadi. Qasida shoirning avvalgi rasmiy devonlariga kiritilmaganligidan uni Navoiy keyinchalik qayta ishlagan va hozirgi tugal holatga keltirgan bo‘lsa kerak degan taxmin kelib chiqadi. Qasidaning “Hiloliya” deb atalishiga sabab, shoir Husayn Boyqaroning taxtga o‘tirishini yangi chiqqan oy – hilolga qiyos qiladi.
Turkiy adabiyotga soqiynoma janri ham Navoiy ijodi bilan birga kirib keldi. “Favoyid ul-kibar” devonidagi kichik dostonga qiyoslash mumkin bo‘lgan soqiynoma hajman 458 baytdan iborat bo‘lib, Navoiy yashagan davrdagi tarixiy shaxslar, davr muammolari, eng avvalo, Navoiy shaxsi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni o‘zida aks ettirganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Kulliyotdan 210 ta qit'a ham o‘rin olgan bo‘lib, “Badoye’ ul-vasat”ga 60 ta, qolgan devonlarga 50 tadan qit'alar joylashtirilgan. Kulliyot devonlaridagi qit'alar ham an'anaviy hamd va na't mavzusi bilan boshlanib, ijtimoiy hayot masalalari, muayyan davr voqea-hodisalari hamda u yoki bu guruh vakillari faoliyati haqidagi mazmun bilan davom etadi.
“Xazoyin ul-maoniy” kulliyotidagi barcha devonlar muayyan kichik lirik janrlar bilan ziynatlangan. “G‘aroyib us-sig‘ar”da bu holat ruboiy janri vositasida namoyon qilingan bo‘lsa, “Navodir ush-shabob” muammo, “Badoye’ ul-vasat” lug‘z va tuyuq janrlari joylashtirilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi, “Favoyid ul-kibar” esa xulosalovchi janr hisoblanmish fard bilan yakunlangan. Bu holat faqat shakliy xususiyat kasb etmay, devonlarning nomlanishi va mohiyati bilan ham aloqador. Kichik lirik janrga mansub she'rlar o‘zaro boshqa devonlarda uchramaydi, ya'ni ruboiylar “Navodir ush-shabobda”, fardlar esa “G‘aroyib us-sig‘ar”da yo‘q. Alisher Navoiy bu janrlarni devonlarga taqsimlar ekan, mantiqiylikka ham rioya qilgan. Masalan, ruboiyda fikr va tuyg‘uni lo‘nda tarzda ifodalash imkoni mavjud va aksar ruboiylarda asosan ishq mavzusi yetakchilik qilgan. Bu esa aynan insonning ulg‘ayish jarayonidagi holatlarini o‘zida aks ettirayotgandek. Muammo esa kishidan zehn, diqqat va aqliy mehnat talab qiladi. Yigitlikda insonning aqli charxlanib boradi. Shu bois, “Navodir ush-shabob”da muammolarning kelishi ayni Shu holatning ifodasi deyish mumkin. Qolaversa, “Xazoyin ul-maoniy”ga qadar yaratilgan “Badoye’ ul-bidoya” devoniga kiritilgan muammolarning barchasi “Navodir ush-shabob”ga ko‘chib o‘tgan. Demak, shoir turkiy tildagi barcha muammolarini qirq yoshiga qadar yozib bo‘lgan.
“Badoye’ ul-vasat”da kelgan lug‘z janriga oid she'rlar topqirlikni, tuyuqlar esa hassoslikni, sezgirlikni talab qiladi. O‘rta yoshlarda inson, odatda, hayot haqiqatlarini to‘la bir shaklda tuShunadi, qalbidan o‘tkazadi. Bu janrga mansub she'rlar esa ayni Shu holatga mos keladi. Alisher Navoiy devonni tariblashda bu holatga ham diqqat qaratgan, nazarimizda. Fard, asosan, pandnoma ruhida yoziladi. Unda hayotiy xulosalar quyma misralarda aks ettiriladi. Keksalik – donishmandlik va mutafakkirlik maqomidir. Bu maqomdan turib hayotiy tajribalarni o‘zida mujassam qilgan chuqur mazmunli fardlarni yaratish tabiiy. Shuning uchun Alisher Navoiyning fardlari “Favoyid ul-kibar” devonidan o‘rin olishi zamirida ushbu o‘ziga xoslikni payqash mumkin. Qolaversa, yoshligida do‘stlari va yaqinlari ko‘p bo‘lgan inson keksayganda, o‘zi istasa-istamasa fardlikka – yolg‘izlikka yuz tutishi kuzatiladi. Ehtimol, fardlarning faqat “Favoyid ul-kibar”da keltirilishi ushbu haqiqatning tasdig‘i ham bo‘lishi mumkin. Bu holatlar Alisher Navoiy she'rlarni o‘z kulliyotiga joylashtirar ekan, janrlarning nafaqat shakli, balki mohiyatiga ham diqqat qaratganini asoslaydi.
Olim H.Sulaymonovning izlanishlari Shuni ko‘rsatadiki, Navoiy “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotini tuzish ustida bir necha yil tinimsiz mehnat qilgan va 1498- yildagina uni hozirgi holatda tugal tarzda yakunlagan. Navoiy kulliyot devonlarini o‘zaro ichki mustahkam bog‘liq holda va qat'iy mutanosiblikda tuzadiki, ularga keyinchalik birorta g‘azal kiritish yoki devonlar tarkibidan tushirib qoldirish va hatto ichki o‘rnini almashtirish ham mumkin bo‘lmagan.
“Xazoyin ul-maoniy” kulliyotining ichki tuzilishi jahatidan nihoyatda mustahkam tarzda tartib berilganligini Shundan tasavvur qilish mumkinki, Alisher Navoiy undagi to‘rt devonning har biriga teng miqdorda 650 tadan g‘azal joylashtirgangina emas, balki Shu bilan birga, ushbu g‘azallarning qofiyalanishiga ko‘ra ham har bir devonda o‘zaro teng va qat'iy mutanosib bo‘lishiga jiddiy ahamiyat bergan. Ya'ni, “alif” harfi bilan tugallanuvchi qofiya va radifli g‘azallar to‘rtala devonda ham 39 tadan, “be” harfi bilan tugallanuvchi qofiya va radifli g‘azallar 27 tadan va h.k. teng tarzda uchraydi.
Yoki yana bir misol. “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotida hammasi bo‘lib “Ango” radifli 12 g‘azal mavjud. Bu g‘azallar to‘rtala devonga uchtadan teng tarzda taqsimlangan. Shuningdek, ular har bir devonda bir o‘rinda, ya'ni 8-9-10 o‘rinlarda joylashtirilgan. Bularning barchasi kulliyotning nihoyatda mustahkam tartibda o‘zaro mutanosib holatda tuzilganligini ko‘rsatadi.
Alisher Navoiy “Xazoyin ul-maoniy” kulliyoti takmilini 1498-yilda tugatgandan so‘ng bu sanadan keyingi yillarda ham yuksak ijodiy sur'at bilan ishlashda davom etgan. SHoirning o‘zi kulliyot debochasida guvohlik berishicha, bir kunda bir-ikki, ba'zan uch-to‘rt g‘azal yozgan paytlari ham bo‘lgan:
Kun bor ediki bir g‘azal-u ikki g‘azal,
Bal uch g‘azal-u to‘rt g‘azal ba'zi mahal...
NavoiyShunos A.Abdug‘afurovning yozishicha, Navoiy hayotining so‘nggi yillarida ham ana Shunday katta ilhom va jiddiy sur'at bilan barakali qalam tebratgan va keyingi ikki yildan ortiq vaqt davomida ko‘plab g‘azal, qit'a, ruboiy, muxammas va boshqa lirik janrlarda asarlar yaratgan6. Olim bu lirik she'rlar o‘rin olgan bir necha manbalarni keltiradi:
  1. “Muhokamat ul-lug‘atayn”da shoir o‘zbek adabiyoti va jonli so‘zlaShuv tilining boyligini ko‘rsatish maqsadida ko‘plab so‘z va iboralarning yozma adabiyotda ishlatilishiga misol tariqasida o‘z she'riyatidan baytlar keltiradi. Keltirilgan baytlarning aksariyati taxallus bilan yakunlanuvchi maqta' ekanligi hazrat Navoiyning mazkur g‘azali tugal holda mavjud bo‘lganligini ko‘rsatadi.


  2. Ba'zi tazkiralar, xususan, Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” tazkirasida keltirilgan maqta' bayt Navoiy devonlarining hech birida uchramaydi.


  3. Zahiriddin Muhammad Boburning “Risolai aruz” asarida Navoiy ijodidan ramal bahri uchun misol tariqasida keltirilgan qirq olti g‘azal matla'larining bittasi kulliyot tarkibiga kirmaganligining guvohi bo‘lamiz.


  4. Alisher Navoiy asarlariga XV-XVIII asrlarda tuzilgan lug‘atlar, xususan, “Badoye’ ul-lug‘at”, “Abushqa”, “Sangloh” lug‘atlarida ko‘plab so‘zlarning izohi uchun keltirilgan ayrim misol baytlar ham “Xazoyin ul-maoniy”da uchramaydi.


  5. Alisher Navoiy g‘azallariga bitilgan ko‘plab taxmislar tarkibidagi shoir qalamiga mansub baytlar ajratib olinganda ularning ba'zilari “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotida mavjud emasligi ma'lum bo‘ladi7.


Bularning barchasi Alisher Navoiy umrining so‘nggi yillarida ham ijod qilishdan bir lahza to‘xtamaganligini ko‘rsatadi.


Alisher Navoiy forsiy tilda bitgan she'rlarini ham yig‘ib, "Devoni Foniy" nomli to‘plam tuzdi. Bizgacha devonning bir necha qo‘lyozma nusxalari yetib kelgan. Bulardan 2 tasi Parij (inv. № 285, 1345), 2 tasi Turkiya (inv. № 3850, 1952), va bir nusxa Tehron (inv. № 15002) kutubxonalarida saqlanadi. Bu nusxalar orasida Parijdagi 285-raqamli qo‘lyozma nisbatan to‘liqroq hisoblanadi8. Akademik B.Valixo‘jaev “Devoni Foniy” nusxalarini o‘rganib chiqib, ulardagi she'riy janrlar miqdorini quyidagicha deb ko‘rsatadi: 10 qasida, 554 g‘azal, 1 musaddas, 1 marsiya, 72 qit'a, 73 ruboiy, 16 ta'rix, 373 muammo, 9 lug‘z. Olim ularning miqdorini 1109 ta deb belgilab, umumiy hajmi 6179 bayt ekanligini ta'kidlaydi.
Mukammal asarlar to‘plamining 18-, 19- va 20-jildlari “Devoni Foniy”ni o‘z ichiga oladi. Mazkur nashrda 552 g‘azal, 1 musaddas, 1 tarkibband – marsiya, 64 qit'a, 72 ruboiy, 16 ta'rix, 266 muammo, 10 qasida, 9 lug‘z kabi janrlardan tashkil topgan 991 she'r mavjud bo‘lib, nusxalardagi har xilliklar ushbu devonning mukammal nusxasi hali topilmaganligini ko‘rsatadi.
Ko‘ringanidek, Alisher Navoiyning barcha she'riy merosi 9 devonda jamlangan bo‘lib, ularning ikkitasi muxlislari tomonidan tuzilganligi Navoiy she'rlariga hamma davrlarda, xususan, o‘z davrida ham yuqori darajada ehtiyoj bo‘lganligidan darak beradi.

Yüklə 376,94 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   46




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin