1-mustaqil ta`lim Geografiyani o`qitish tamoyillari va qonuniyatlari.
Bilimlarni o’zlashtirishda muntazamlilik va izchillik tamoyili. O’qitishda muntazamlilik va izchillilik tamoyili o’qitishni shunday tashkil etishni talab etadiki, bunda o’quv fanlarini o’qitish qat‘iy mantiqiy tartibda olib boriladi. O’quvchilar bilim, ko’nikma va malakalarni izchillik bilan egallab boradilar va ayni zamonda amaliy vazifalarni hal qilish uchun ulardan foydalanishni o’rganadilar. Muntazamlilik va izchillik tamoyili o’quv jarayonining hamma bo’g’inlarida amalga oshiriladi. Uning talablari darslik va dasturlarni tuzishda o’z aksini topadi. O’quv dasturida nazariy va amaliy mashg’ulotlarning bir-biriga uzviy bog’lanishi saqlanishi kerak. Har bir darsda o’quv maqsadini aniq belgilash va belgilangan maqsadga muvofiq keluvchi mazmunini tarkib toptirish lozim.
Tabiat haqida juda ko’plab ma‘lumotlardan kichik yoshdagi maktab o’quvchilari uchun tabiatdagi mavsumiy o’zgarishlarni, Vatanimiz tabiatining xilma-xilligi, jonajon o’lka tabiatini va boshqalarni ochib beruvchi, ta‘lim-tarbiyaviy jihatdan ancha qimmatli o’quv materiali tanlanadi. .
O’quv materialini ilmiy va tushunarli bo’lish tamoyili.Ilmiylik tamoyili o’quvchilarga o’rganish uchun ilmiy jihatdan asoslangan, amalda sinab ko’rilgan ma‘lumotlar berilishini talab etadi. Ularni tanlab olishda fan va texnikaning eng yangi yutuqlari va kashfiyotlardan foydalanish kerak. O’quvchilar o’rganayotgan bilimlar nazariy jihatdan tasdiqlangan va malda sinalgan bo’lishi lozim.
Tushunarli bo’lish tamoyili o’rganilayotgan materialning mazmuni, hajmi va o’qitish metodlari o’quvchilarning yoshiga, tayyorgarlik darajasiga mos bo’lishini talab etadi. O’qitishni tushunarli qilish degani uni oson qilish lozimligini bildirmaydi. O’qitishning tushunarliligi o’quvchi imkoniyatlarining eng yuqori chegarasi va uni asta-sekin oshirib borish bilan belgilanadi.
O’qitishda nazariyani amaliyot bilan bog’lash tamoyili.Ilmiy bilimlar kishilarning ishlab chiqarish faoliyati ehtiyojlari asosida paydo bo’lib, ana shu faoliyatga xizmat qilganligi va hayot bilan bog’langanligi sababli, bu bilimlarni egallash uchun ularning mazmunini o’zlashtirib olishgina emas, balki bilimlarni amalda qo’llay bilish ham zarur.