Geografiyani o’qitishda o’quvchilarning ongliligi va ijodiy faolligi tamoyili. O’qitishda onglilikni namoyon bo’lishining oliy shakli o’quvchilarning ijodiy faolligidir, u gerbariy, maket, model, mulyaj tayyorlash, o’tkazilgan kuzatishlarni
ta‘riflash va o’qituvchi taklif qilgan mavzu bo’yicha bajarilgan ishlar asosida kichik axborot tayyorlash bilan bog’liq bo’ladi.
Bu tamoyil o’qitishni shunday tashkil etishni nazarda tutadiki, bunda o’quvchilar ilmiy bilimlarni hamda ularni amalda qo’llash metodlarini ongli va faol egallab oladigan, ularda ijodiy tashabbuskorlik va o’quv faoliyatida mustaqillik, tafakkur, nutq rivojlanadi. O’qitishda onglilik tamoyili o’quvchilarning o’z o’quv ishlarining aniq maqsadlarini aniq tushunishlarini, o’rganilayotgan narsa, hodisa, jarayonlar va ular o’rtasidagi bog’lanishni tushungan holda o’zlashtirib olishlarini, olingan bilimlarni amaliy faoliyatda qo’llay olishlarini bildiradi.
O'qitishning ko'rgazmalilik tamoyili.Ko'rgazmalilik tamoyilidan foydalanishning asosiy vazifasi o'quvchilarning bilish faoliyatlarini faollashtirishdir. Bu tamoyil atrof olamni bevosita qabul qilib olish asosidagi o'qitishni nazarda tutadi.
Ko'rgazmalilik tamoyiliga rioya qilish tabiatni o'rganishning dastlabki bosqichlarida juda muhimdir, chunki kichik yoshdagi maktab o'quvchilari ko'rganlarida hosil qilgan xususiy taassurotlari asosida to'g'ri tushuncha va xulosalar hosil bo'lishiga yordam beruvchi bilimlar olishlari kerak.
Bilimlarni puxta o'zlashtirish tamoyili.Bu tamoyil olingan bilimlarni, shakllantirilgan o'quv hamda ko'nikmalarni o'quvchilar xotirasida uzoq saqlanishini nazarda tutadi. O'quvchilar bilimining puxta bo'lishi o'qituvchining ko'rsatib o'tilgan tamoyillardan o'quvchilarning taraqqiyot saviyasi hamda qiziqishiga qanchalik muvofiq tarzda foydalanishiga bog'liq
O'qitishning individuallashtirish tamoyili. O'rta ta'lim tizimini isloh qilish sharoitida bolalarning individual xususiyatlarini o'rganish tobora katta ahamiyat kasb etib bormoqda. Har bir maktab o'quvchisi muayyan axborot va individual xususiyatlarga ega, bu xususiyatlar ularning bilimlarni o'zlashtirish jarayonlariga ta'sir ko'rsatadi. Biroq o'qitish jarayonida bolalar guruhida bilimlarni o'zlashtirish darajasi bir xil bo'lishi mumkin. Binobarin, bolalar taraqqiyotiga to'g'ri keladigan umumiylikni aniqlash mumkin.