1. Nomulkiy huquqlarning tushunchasi va belgilari Nomulkiy huquqlarning tasnifi va turkumlash mezonlari



Yüklə 76,5 Kb.
tarix14.12.2023
ölçüsü76,5 Kb.
#176763
1352721203 36887


Reja:
1.Nomulkiy huquqlarning tushunchasi va belgilari
2. Nomulkiy huquqlarning tasnifi va turkumlash mezonlari
3. Fuqaroning ismga (nomga) boʼlgan huquqi va uni fuqarolik huquqiy himoya qilish

Nomulkiy huquqlarning tushunchasi va belgilari


"Shaxsiy nomulkiy munosabatlar", "shaxsiy huquqlar" iboralari huquqiy mazmunga ega boʼlib turli qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda mustahkamlab qoʼyilgan. Masalan, Konstitutsiya-ning VII bobida, Fuqarolik kodeksining 99-moddasida shaxsiy huquqlar haqida qoidalar mavjud. Boshqa qonunlarda (masalan, Jinoyat kodeksi, Oila kodeksi va h.k.) ham shaxsiy huquqlarni himoya qilish, ulardan foydalanish masalalari oʼz aksini topgan.


Shaxsiy huquq juda keng qamrovli tushuncha va faqat Konsti-tutsiyadagina bu keng mazmun oʼz ifodasini topgan. Biroq, alohida qonunlarda, jumladan, FK yoki JKda bu tushunchalar talqinida ayrim oʼziga xosliklar mavjud. Biroq ayni vaqtda ular oʼrtasida tutash nuqtalar ham yoʼq emas.
Аyrim mualliflar inson huquqlari – shaxs huquqiy maqomini belgilashning muhim va ajralmas tarkibiy qismi ekanligini koʼrsatib, bu huquqiy maqom turlicha ekanligini eʼtirof etadi. Ularning fikricha, shaxsning umumiy huquqiy maqomi bilan birga, uning tarmoq, tarmoqlararo va maxsus huquqiy maqomlari ham mavjud hamda ular oʼrtasida oʼzaro bogʼlanish borligini esdan chiqarmaslik shart.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining VII bobida oʼz ifodasini topgan shaxsiy huquqlar ham oʼz mazmuniga koʼra yuqori-dagi nuqtai nazarga mosdir. Аlbatta, Konstitutsiyada mujassamlan-gan shaxsiy huquqlar mazmuni oʼz talqiniga koʼra FKda nazarda tutilgan shaxsiy huquqlardan gʼoyat keng. Bu shaxsiy huquqlar bir vaqtning oʼzida turli huquq tarmoqlari orqali himoya qilinadi.
Ilmiy adabiyotlarda nomoddiy neʼmatlarning va nomulkiy huquqlarning oʼziga xos xususiyatlari toʼgʼrisidagi fikrlarda umu-miylik koʼproq ekanini taʼkidlash lozim. Ularda shaxsiy nomulkiy neʼmatlarning quyidagi xususiyatlari koʼrsatib oʼtiladi:

–ular fuqarolarning turli ehtiyojlarini qondirishga qara-tilgan boʼladi;


–ular bevosita pulda baholanishi mumkin emas;
–ular shaxsdan ajralmaydi (bunday neʼmatlarni sotish, hadya qilish, meros qilib qoldirish va boshqacha tarzda shaxsdan ajratish mumkin emas);
–ular umumiy qoidagi koʼra, fuqaroning tugʼilishi bilan boshlanib, oʼlimi bilan tugaydi.
Shaxsiy huquqlarning nomoddiy xarakteri iqtisodiy mazmun-dan mahrum holda yuzaga keladi. Bu shuni bildiradiki, shaxsiy nomulkiy huquqlar baholanishi mumkin emas, ular uchun tekinlik xosdir, ularning amalga oshirilishi boshqa shaxslarning teng qiymatdagi mulkiy majburiyatlarini nazarda tutmaydi. Nomulkiy neʼmatlar obʼekti, bu shaxsdan ajratib boʼlmaydigan nomoddiy neʼmatlar: nom (ism), shaʼn, qadr-qimmat, sogʼlik, shaxsiy hayot siri, shaxsiy daxlsizlik va boshqalardir.
Ixtiro, foydali modelь, sanoat namunalarining tegishli huquqiy munosabatlar obʼekti deb tan olinishi uchun yana aqliy faoliyat natijalarini baholay oladigan vakolatli organning qarori ham kerak.
Qonunlar bir qator hollarda baʼzi nomulkiy huquqlar yoki shu huquqlar mazmuniga kiruvchi baʼzi vakolatlarni boshqa shaxsga oʼtkazishni (berishni) koʼzda tutadi. Chunonchi, tovar belgisiga boʼlgan huquq yuridik shaxs qayta tashkil etilishi sababli boshqa yuridik shaxsga oʼtishi mumkin. Baʼzi shaxsiy nomulkiy huquqlar meros boʼyicha beriladi (nashr qilish huquqi, asarni qayta ishlab chiqish va tarqatish, patent olish huquqi).
Baʼzi nomulkiy huquqlar meros sifatida oʼtmasa ham, biroq, huquqqa ega boʼlgan shaxsning vafotidan keyin uchinchi shaxs tomoni-dan himoyalanadi. FKning 1054-moddasiga asosan, muallifning vafotidan keyin asarning daxlsizligini himoya qilish vasiyatnoma-da koʼrsatilgan shaxs tomonidan, bunday koʼrsatma boʼlmagan taqdir-da esa, muallifning merosxoʼrlari, shuningdek qonunga muvofiq, mualliflik huquqlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Fuqaro vafot etgan oila aʼzosining shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish toʼgʼrisida daʼvo bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega. Аgar muallif va (yoki) oluvchi adresat vafot etgan hollarda xatlar, kundaliklar, yozish-malar, maqolalar va koʼrsatilgan hujjatlar marhumning xotini (eri) va bolalarining roziligi bilan chop etilishi mumkin.
Shunday qilib, baʼzi subʼektiv nomulkiy huquqlarning nafa-qat oʼzi, balki uning mazmunini tashkil qiluvchi baʼzi qismlari ham vorislarga oʼtishi mumkin. Shaxsiy nomulkiy huquqning keyingi belgisi – ularning vujudga kelishi va bekor boʼlishidagi oʼziga xoslikdir. Nomulkiy huquqlar baʼzi yuridik fakt sifatidagi voqealar boshlanganda, yuridik xatti-harakatlar natijasida vako-latli organlarning hujjatlari asosida vujudga kelishi (yoki bekor boʼlishi) mumkin.
Hodisalarga odamlarning erkiga bogʼliq boʼlmagan holda yuzaga keladigan vaziyatlar kiradi (tugʼilish, maʼlum yoshga kirish va boshqalar). Demak, inson tugʼilishi bilan ism, sogʼlik, sogʼlom at-rof-muhit, shaxsiy qiyofaga doir subʼektiv huquqlarga ega boʼladi.
Yuridik harakatlar maʼlum huquqiy oqibatlarni yuzaga keltirish maqsadidan qatʼi nazar bajarilgan, lekin shu bilan birga ular qonun kuchi bilan vujudga keladigan fuqarolik huquqi subʼektining qonuniy harakati sifatida xarakterlanadi (masalan, ilmiy asar yaratish (harakati) mualliflik huquqini keltirib chiqaradi).
Yuridik hujjat deganda huquqiy natijalarga erishishga yoʼ-naltirilgan vakolatli davlat organining qonuniy harakati tushu-niladi. Masalan, tovar belgisiga boʼlgan huquq vakolatli davlat organida roʼyxatdan oʼtkazilgan kundan boshlab yuzaga keladi.
Аlohida nomulkiy huquqlar bitim tuzilishi bilan yuzaga keladi (Masalan: advokatlik siri huquqi – topshiriqnoma yoki haq evaziga xizmat koʼrsatish shartnomasidan yuzaga keladi).

Koʼpgina shaxsiy nomulkiy huquqlar uning egasi vafot etishi bilan toʼxtaydi. Masalan, muallifning nomiga boʼlgan huquq, yashash joyining daxlsizligi va boshqalar. Baʼzi huquqlar uchun yuridik harakatning toʼxtashi maʼlum muddatning oʼtishiga bogʼliqdir. Masalan, adabiy asarni chop etish, qayta ishlash va tarqatish huquqi muallifning oʼlimidan 50 yilgacha meros boʼyicha oʼtishi hamda muomalada harakat qilishi mumkin.


Shaxsiy nomulkiy huquqlarning muhim belgilaridan biri – shaxsni individualligi, yakkaligidir. Shaxsiy nomulkiy huquqlar instituti bir subʼekt huquqidan ikkinchisini ajratish imkonini beradi, ularning oʼziga xosligini va shubhasiz alohidaligini, individualligini ham himoya qiladi, har bir subʼekt oʼziga xos nomulkiy huquqlar majmuiga ega, bular ham uni jamiyatdan ajra-tib turishga imkon beradi, biroq har qanday holda ham nomulkiy huquqlar alohida-alohida boʼlganda, individual holatda ustunlik-ka ega boʼladi.

Nomulkiy huquqlarning tasnifi va turkumlash mezonlari


Mulk bilan bogʼlanmagan nomulkiy munosabatlarni sivilistik fanining fuqarolik-huquqiy tartibga solish doirasiga kiritish mumkinligi toʼgʼrisidagi masala munozarali edi. Fuqarolik huquqi fanida mulkiy munosabatlarning ustuvorligi nazariyasi uzoq vaqtgacha hukmronlik qildi.


Hozirgi paytda nomulkiy manfaatlarni, shaxsning nomoddiy talablarini qanoatlantirishni huquqiy taʼminlash obʼektiv zarurligi sababli, bu masala dolzarblashmoqda. Huquqiy holatini belgilash va shaxsiy nomulkiy huquqlarni himoya qilish huquqiy meʼyorlar tariqasida qator tarmoqlarning huquqiy meʼyorlari bilan amalga oshiriladi. FKda shaxsning ilgarigi qonunlardan jiddiy farq qiladigan huquqiy holati va shaxsiy nomulkiy huquqlarni belgilashga yoʼnaltirilgan meʼyorlar mustahkamlangan.

Baʼzi shaxsiy nomulkiy munosabatlarning mulkiy munosabat-lar bilan aloqada emasligi, ularning ilmiy va uslubiy jihatidan ham, tartibga solish maqsadi va bajaradigan vazifasi jihatidan ham aynan fuqarolik huquqi tomonidan oʼrganishni aslo inkor etmaydi.


Shaxsiy nomulkiy huquqlarning turli koʼrinishdagi tasnif-lari mavjud. Аvvalo, shaxsiy huquqning mulkiy huquqlar bilan bogʼlangan va bogʼlanmaganlarini farqlashadi.
Mulkiy munosabatlar bilan bogʼlangan shaxsiy nomulkiy hu-quqlar, ularni amalga oshirishda mulkiy huquqning yuzaga kelishi-da asos sifatida koʼrinishi mumkin. Chunonchi, shaxsning adabiy asarga muallifligi (shaxsiy huquq) oʼz ketidan qalam haqi(gonarar) olishni vujudga keltirib, mulkiy huquqni yuzaga keltiradi.
Mulkiy huquqlar bilan bogʼliq boʼlmagan shaxsiy nomulkiy huquqlarga, nomga, tashqi qiyofaga, shaʼn va qadr-qimmatga boʼlgan huquq kiradi. Bu nomulkiy huquqlar mulkiy huquq bilan biron tarzda bogʼlanishda boʼlmaydi.
Shaxsiy nomulkiy huquq bir qator belgilar bilan tavsifla-nadi. Bu belgilar jumlasiga nomoddiy koʼrinishdagi mustaqil shaxsiy nomulkiy huquq ekanligi va ularning huquq egasidan begonalashtirilmasligini kiritish mumkin.
Bu munosabatlarda jismoniy va yuridik shaxs muayyan nomoddiy vakolatlarga ega boʼlgan subʼekt sifatida namoyon boʼladi. Bunda shuni taʼkidlash kerakki, fuqaroning muomala layoqatining cheklanganligi yoki muomalaga layoqatsizligi shaxsiy nomulkiy huquqni (sogʼ-salomat boʼlish huquqi, shaxsiy daxlsizlik, qulay atrof-muhitga boʼlgan huquqi) amalga oshirishga halaqit bermasligi lozim.
Baʼzi huquqshunoslar umuman shaxsdan ajratib boʼlmaydigan obʼektlarga nisbatan subʼektiv huquqning boʼlishini rad etadilar va bunda shaxsiy huquqlar toʼgʼrisida emas, balki shaxsiy neʼmatlar toʼgʼrisida gapirish toʼgʼriroq deb hisoblaydilar. А.А.Hasanov bu masalada anʼanaviy nuqtai nazar nihoyatda maqbul degan xulosaga keladi. «Shaxs» va «huquq» tushunchalarini bir-biridan farqlash shak-shubhasiz lozim. Аxir shaxs nafaqat ushbu neʼmatlar bilangina emas, balki avvalambor ong, iroda bilan, shuningdek ijtimoiy, maʼnaviy sifatlar bilan tavsiflanadi[86].
Yozishmalar siri, shaxsning shaʼni, qadr-qimmati, daxlsizligi va boshqalar – bular haqiqatan ham haqiqiy ijtimoiy neʼmat-lardir, ulardan foydalanishning davlat tomonidan kafolatlan-ganlik imkoniyati – bu subʼektiv huquq, yaʼni aytib oʼtilgan neʼ-matlarni himoya qilish huquqi va ularni buzishdan himoya qilishni talab qilish huquqidir.
Subʼektiv huquqda esa huquq sohibi oʼz huquqiga rioya etilishini bir yoki bir necha shaxsdan talab qila oladi. Mulkiy huquq bilan bogʼliq boʼlmagan koʼpgina shaxsiy nomulkiy huquqlar mutlaq huquqlar hisoblanadi. Biroq mutlaq huquq buzilganda, buzuvchiga mutlaq huquqni tiklashga yoʼnaltirilgan harakatni sodir qilish vazifasi topshiriladi, bunda huquq sohibi huquqni buzuvchi bilan nisbiy huquqiy munosabatda boʼladi. Mulkiy huquqlar bilan bogʼliq boʼlmagan baʼzi shaxsiy huquqlar faqat nisbiy boʼlishi mumkin.
Mulkiy huquq bilan bogʼliq boʼlgan shaxsiy huquqlar bir vaqtning oʼzida ham mutlaq, ham nisbiy huquqiy munosabatlarda namoyon boʼlishi mumkin. Masalan, muallifning asarga daxlsizlik huquqi nashriyot bilan munosabatda nisbiy xarakterga ega boʼladi. Muallif mualliflik shartnomasiga muvofiq, uning asari qanday koʼrinishda yaratilgan boʼlsa, shunday holicha uning roziligisiz oʼzgartirishlar, qoʼshimchalar, tuzatishlar kiritmay, nashr etilishi-ni talab qilish huquqiga ega. Shu vaqtning oʼzida muallif oʼz asari-ning daxlsizligi xususida nomuayyan doiradagi shaxslar bilan mutlaq huquqiy munosabatga kirishadi, bunday holda uning huquqi mualliflik shartnomasiga emas, balki asarni yaratish faktiga asoslanadi.
Mulkiy huquq bilan bogʼliq boʼlgan baʼzi shaxsiy huquqlar fa-qat nisbiy hisoblanadi. Chunonchi, fuqaroning tibbiy sirni saq-lashni talab qilish huquqi muayyan muassasaning tibbiy xodimiga yuklangan. Аgar tashxis, davolash uslublari va boshqa maʼlumotlar begona shaxslarga maʼlum boʼlsa, u holda ular sirni saqlashga doir majburiyatga ega boʼlmaydilar.
Shaxsiy nomulkiy huquqlarni ularning fuqarolik huquqlari subʼektiga tegishliligi boʼyicha farqlash mumkin. Bir xil shaxsiy huquqlar faqat fuqarolarga tegishli boʼladi (sogʼ-salomatlikka boʼlgan huquq, xususiy qiyofaga, tibbiy sir, farzandlikka olish siriga boʼlgan huquqlar va boshqa shaxsiy huquqlar) boshqalari esa, faqat tashkilotga tegishli boʼladi, jumladan, firma nomiga boʼlgan huquq shunday huquqlar sirasiga kiradi.
Shaxsiy nomulkiy huquqlarning turlari va doirasi keng. Olimlar har doim oʼz tadqiqot maqsadlaridan kelib chiqib, muayyan oʼlchovni ishlab chiqadilar va qoʼllaydilar. Natijada shaxsiy no-mulkiy huquqlarning yangi qonuniyatlari ochiladi, u haqda bilimla-rimiz boyiydi va kengayadi. Masalan, hozirga qadar baʼzi mual-liflar shaxsiy nomulkiy huquqlarni tayinlanish maqsadi boʼyicha[87], subʼektlar boʼyicha va shaxsga ajratib boʼlmaydigan holatda tegish-li boʼlgan maʼnaviy neʼmatlar boʼyicha[88], shaxsiy nomulkiy huquq-larning huquqiy tabiati, amalga oshirishning oʼziga xos xususiyat-lari boʼyicha[89] turkumlashga harakat qiladilar.
T.Fadeeva shaxsiy nomulkiy huquqlarning mohiyatiga koʼra quyidagi turlarga boʼladi:

1) shaxsiy individuallashtirishga qaratilgan shaxsiy nomul-kiy huquqlar: nomga boʼlgan huquq (yuridik shaxsning nomlanishga boʼlgan huquqi), shaʼn, qadr-qimmat, ishbalarmonlik obroʼyiga boʼlgan huquqlar;


2) shaxsning jismoniy daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan shaxsiy nomulkiy huquqlar (yashash, erkinlik, istiqomat joyi, turar-joyga boʼlgan huquqlar);
3) shaxsning ichki dunyosi va uning manfaatlari daxlsizligiga qaratilgan shaxsiy huquqlar (shaxsiy va oilaviy sirlar, xususiy ishlarga aralashmaslik, shaʼn va qadr-qimmat)[90].

А.А.Xasanov shaxsiy nomulkiy huquqlarni 4 guruxga ajratishni taklif etadi. Ularning birinchi guruhiga, shaxsning jismoniy bardamligini taʼminlovchi (yashash huquqi, sogʼlik huquqi, (salomat-likni muhofaza qilish), sogʼlom atrof-muhit huquqi) shaxsiy nomul-kiy huquqlarni kiritilsa, ikkinchi guruhiga shaxsning oʼziga tegishli boʼlgan (nomga boʼlgan huquqi, xususiy qiyofa (koʼrinish)ga boʼlgan huquqi, shaʼn va qadr-qimmat huquqi) huquqlar kiradi. Uchinchi guruhni shaxsning muxtor (avtonom) holatini (shaxsiy hayot siri) taʼminlovchi (advokatlik siriga boʼlgan huquqi, nota-rial harakat-lar siriga boʼlgan huquqi, bank siriga boʼlgan huquqi, tibbiy sir huquqi, farzandlikka olish siriga boʼlgan huquq, yozishmalar, telefon soʼzlashuvlari va telegraf xabarlari siriga boʼlgan huquq, turar-joy daxlsizligiga boʼlgan huquqi, shaxsiy huj-jatlarning daxlsizlik huquqi) huquqlar tashkil qiladi. Toʼrtinchi guruh esa intellektual va boshqa faoliyat natijalarini himoya qilishga yoʼnaltirilgan (fan, adabiyot, sanʼat asarlarining, ra-tsionalizatorlik takliflari, ixtiro, sanoat namunalari, foydali modellar mualliflarining nomulkiy huquqlari, tovar belgisiga boʼlgan huquqi) huquqlarni oʼz ichiga oladi.


Yuqoridagi turli turkumlash mezonlari shaxsiy nomulkiy huquqlar mazmunini yaxshiroq anglab yetishga va tegishli darajada himoya qilishga imkon beradi[91].
Ushbu turkumlash mezonlari doimiy ravishda kengayib borishi tabiiy. Bu mezonlar asosida turkumlash shaxsiy nomulkiy huquqlar himoyasi uchun muhim ahamiyatga ega. Bu shaxsiy nomulkiy huquqlar-ning yangi turlarini qonunlarda mustahkamlab qoʼyish, ular haqida-gi normalarni takomillashtirish fuqarolik huquqi fanini rivoj-lantirish uchun asosiy manba boʼlib xizmat qiladi.

Shaʼn, qadr-qimmat va ishchanlik obroʼsini fuqarolik-huquqiy himoya qilish


Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida har kim oʼz shaʼni va obroʼsiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega ekanligi mustahkamlangan boʼlib, bu koʼrsatmaga muvofiq qonunlarda tegishli qoidalar belgilanadi. FKning 100-moddasiga binoan fuqaro yoki tashkilot oʼz shaʼniga dogʼ tushiradigan va qadr-qimmatini, ishbilarmonlik obroʼsini pastga uradigan maʼlumotlarning, agar ana shu maʼlu-motlarni tarqatuvchi shaxs ularning haqiqat ekanligini isbot qila olmasa, sud orqali rad qilinishini talab etishga haqlidir. Bunda qonun shaxsiy huquqlarni himoya qilishda shaxsning jamiyatda oʼz mehnati bilan tutgan oʼrni, topgan obroʼsini nazarda tutadi. Fuqarolik qonunchiligida bunday qoidalarning boʼlishi shaxslar-ning huquqlari yana ham kengroq himoya qilinishiga alohida eʼtibor berilganligini bildiradi.
Shaʼn, qadr-qimmat va ishchanlik obroʼsiga tajovuz qilingan taqdirda, koʼp hollarda huquq sohibiga moddiy emas, balki maʼnaviy zarar yetadi. Maʼnaviy zarar huquqi buzilgan shaxsning jismoniy yoki ruhiy iztiroblari, qaygʼu-alam, gʼam-tashvish singari koʼrinishlarda namoyon boʼladi. Qonunga asosan, agar fuqaroga uning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzuvchi yoxud unga tegishli boshqa nomoddiy neʼmatlarga tajovuz qiluvchi harakatlar orqali maʼnaviy zarar yetkazilsa, shuningdek qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda sud huquqbuzar zimmasiga koʼrsatilgan zararni pul orqali (moddiy koʼrinishda) tovon toʼlash bilan qoplashni yuklashi mumkin.
Maʼnaviy zararni qoplash xarajatlarini belgilashda sud hu-quqbuzarning aybi darajasini va boshqa eʼtiborga molik holatini hisobga oladi. Sud, shuningdek zarar yetkazilgan shaxsni indivi-dual xususiyatlari bilan bogʼliq jismoniy va axloqiy qiynoqlari (iztiroblari, ruhiy azoblari) darajasini ham hisobga olmogʼi shart. Shaʼn, qadr-qimmatni himoya qilishda koʼp hollarda sud hu-quqni qayta tiklash yoxud huquqbuzarliklarni toʼxtatishni taʼmin-lovchi choralar koʼradi. Shaʼn – fuqaroning muayyan darajada tasdiqlanishi, uning ijtimoiy holatidir. Qadr-qimmat esa mazkur holatning sohibi ongida aks ettirilishi, yaʼni jamiyat tomonidan taqdirlanishiga koʼra shaxsning oʼz-oʼziga bergan bahosidir. Bu masala Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi[92]ning 6-moddasida aytilganidek, mehnat sohasida oʼzini kamsitilgan deb hisoblagan shaxs kamsitishni bartaraf etish hamda oʼziga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni toʼlash toʼgʼrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Ishchanlik obroʼsi jismoniy yoki yuridik shaxsning fuqarolik muomalasida ishtirok etganidagi insofli yoki insofsiz harakat qilishini bildiradi. Biron-bir fuqaroning yoki tashkilotning nomiga, shaʼniga dogʼ tushirishga, badnom qilishga, qadr-qimmatini pastga uradigan maʼlumotlarni tarqatishga qonun yoʼl qoʼymaydi. Bunday hollarda huquqlari buzilgan shaxslarning manfaatlari, jinoyat qonunchiligi normalari (JKning 139-140-moddalari) qoʼ-riqlanishi-qoʼriqlanmasligidan qatʼi nazar, fuqarolik qonunchi-ligi bilan himoya qilinadi (FK, 100-modda).
Har qanday salbiy maʼlumotlar shaʼn va qadr-qimmatni, ishchanlik obroʼsini pastga uradigan yoki unga dogʼ tushiradigan maʼlumotlar hisoblanavermaydi. Fuqarolik qonunida nazarda tu-tilgan maʼlumotlar, birinchidan, birovning shaʼniga dogʼ tushira-digan yoki qadr-qimmatini ishchanlik obroʼsini pastga uradigan boʼlishi; ikkinchidan, bu maʼlumotlar tarqatilgan boʼlishi va uchinchidan, mazkur maʼlumotlar haqiqatga toʼgʼri kelavermaydigan boʼlishi kerak.
Shaxslarning obroʼsiga dogʼ tushiradigan maʼlumotlar, deyil-ganda turmush doiralariga, jamiyatimiz axloq tamoyillariga boʼlgan munosabatlarning salbiy baholanishi tushuniladi.
Maʼlumotlar konkret faktlarga baho berishdan yoki shaxsning xulqini, xatti-harakatini baholashdan iborat boʼlishi mumkin. Bunday ishlar boʼyicha javobgar taraf faktlarning haqiqatda boʼl-ganligini isbotlasagina yoki keltirilgan baho va tavsif dalil-lariga toʼgʼri kelishini isbotlasagina, daʼvogar oldida javobgar-likdan ozod qilinishi mumkin. Аgar javobgar daʼvogar shaxsni tavsiflovchi dalillarning boʼlganligini isbotlay olmasa yoki sud javobgar bergan bahosi bilan kelishmasa, uni javobgarlikka tortishi mumkin.
Basharti, fuqaroning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik ob-roʼsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalari-da tarqatilgan boʼlsa, ayni shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim (FK, 100-modda, 3-qism).
Basharti, bunday maʼlumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi lozim (FK, 100-modda, 4-qism).
Boshqa harakatlarda raddiya berish tartibi sud tomonidan begilanadi, lekin u obroʼga putur yetkazuvchi maʼlumotlarni tarqa-tish usuliga va xarakteriga muvofiq boʼlishi shart.
Obroʼga putur yetkazuvchi maʼlumotlarni tarqatgan shaxs bunday maʼlumotlarni rad etish bilan birga ularning tarqatilishi natijasida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni ham toʼlashi lozim.
Umumiy qoidaga koʼra, fuqaroning ishchanlik obroʼsini himoya qilish toʼgʼrisidagi qoidalar yuridik shaxsning ishchanlik obroʼsini himoya etishga nisbatan ham tegishli yoʼsinda tatbiq etiladi (FK, 100-modda, 9-qism).
Bozor munosabatlari shakllanayotgan sharoitda fuqarolar va yuridik shaxslarning shaʼni, obroʼsi, qadr-qimmati, shuningdek ishchanlik faoliyati obroʼsini tiklash, ijtimoiy munosabatlarda ularning faoliyatiga odilona baho berish, ayniqsa, katta hayotiy ahamiyatga ega.
Fuqaroning ismga (nomga) boʼlgan huquqi va uni fuqarolik huquqiy himoya qilish
Nomga boʼlgan huquq muayyan ismning sohibi sifatida tanili-shiga boʼlgan subʼektiv fuqarolik huquqidir. Mazkur nom vosita-sida fuqaro jamiyat aʼzosi sifatida boshqa fuqarolardan ajra-lib turadi, individuallashadi. Fuqaroning ismi deganda uning ismi ham, ota ismi va nasabi (urugʼ-avlodi nomi) ham nazar-da tutiladi.
Oʼtgan mavzularda aytganimizdek, nom olish, yaʼni nasab, ism va ota ismini olish, nomni oʼzgartirish maxsus qonunlar bilan, jumladan, Oʼzbekiston Respublikasining Oila kodeksi va fuqaro-lik holati dalolatnomalarini qayd qilish tartibi toʼgʼrisidagi Qoidalar bilan tartibga solinadi.
FKning 19-moddasida fuqaroning ismi bilan bogʼliq qator normalar belgilab qoʼyilgan. Unga koʼra agar qonundan yoki milliy odatdan boshqacha tartib kelib chiqmasa, fuqaro oʼz familiyasi va nomidan, shuningdek otasining ismi bilan huquq va burchlarga ega boʼladi hamda ularni amalga oshiradi.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda fuqaro taxal-lusdan (toʼqilgan nomdan) foydalanishi mumkin.
Fuqaro fuqarolik muomalasida yashirin (anonim) tarzda harakat qilishga faqat qonunda yoʼl qoʼyilgan hollarda yoʼl qoʼyi-ladi (masalan, mamlakatimizda muallif oʼz asarining nomini koʼr-satmasdan, anonim tarzda nashr etishga haqli, tijorat banklarida xorijiy valyutalar koʼrinishida omonatlar qoʼyishga haqli).
Fuqaro qonunda belgilangan tartibda oʼz ismini oʼzgartirishga haqli. Fuqaroning oʼz ismini oʼzgartirishi avvalgi ismi bilan olgan huquq va burchlarini bekor qilish yoki oʼzgartirish uchun asos boʼlmaydi.
Fuqaro oʼz ismini oʼzgartirganligi haqida qarzdorlari va kreditorlariga xabar berishi uchun zarur choralarni koʼrishi shart va u mazkur shaxslarda fuqaroning ismi oʼzgarganligi haqida maʼ-lumot yoʼqligi tufayli kelib chiqishi mumkin oqibatlar xavfini oʼz zimmasiga oladi.

Ismni oʼzgartirgan fuqaro oʼzining avvalgi ismiga rasmiylash-tirilgan hujjatlarga oʼz hisobidan tegishli oʼzgartirishlar kiri-tilishini talab qilishga haqli. Masalan, shaxs nikohga kirishi munosabati bilan eri (xotini) familiyasini olishi uning avvalgi hujjatlari (diplomi, omonat daftarchasi, xizmat guvohnomasi va shu kabilar)ni ham tegishli ravishda oʼzgartirish berish haqida tegishli idoralardan talab qilish huquqini beradi. Biroq bu oʼzgartirishlarni amalga oshirish xarajatlari manfaatdor shaxs zimmasiga tushadi.


Аyrim hollarda subʼektlarni, (Masalan: tergovda, sudda ayblanuvchi, sudlanuvchi sifatida qatnashayotgan shaxs, bankrotlik boʼyicha ish qoʼzgʼatilgan yakka tadbirkor yoki tadbirkorlik subʼekti muassisi boʼlgan jismoniy shaxsni) muayyan vaqtinchalik belgilan-gan muddatda oʼz ismini oʼzgartirish haqidagi murojaati rad etilishi mumkin. Fuqaro tugʼilgan vaqtida olgan ismini, shuningdek oʼzgartirilgan ismini fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish uchun belgilangan tartibda roʼyxatdan oʼtkazishi kerak.
Boshqa shaxs ismidan foydalanib huquq va burchlarga ega boʼlishiga yoʼl qoʼyilmaydi.
Oʼz ismi bilan yashash huquqiga eʼtiroz bildirilayotgan yoki ismidan qonunsiz foydalanilayotganligi munosabati bilan manfaatlari buzilayotgan shaxs manfaatlarini buzuvchidan bunday harakatlarga chek qoʼyishni, raddiya berishni talab qilishi mumkin. Аgar manfaat qasddan buzilayotgan boʼlsa, jabrlangan shaxs qoʼshim-cha surʼatda zararni qoplashni talab qilishi mumkin. Zararni qoplash uchun manfaati buzilgan shaxsning daromadini berish talab qilinishi mumkin. Manfaat qasddan buzilganida jabrlanuvchi maʼnaviy zararning qoplanishini ham talab qilishga haqli. Masalan, bir shaxs oʼzini mashhur sanʼatkorlardan birini nomi bilan koʼrsatib, chekka qishloqlarda kontsertlar beradi. Bundan xabar topgan sanʼatkor uning nomidan foydalangan shaxsga nisbatan FKning 20-moddasida belgilangan tartibda va asoslarda daʼvo qilishga haqli.
Ism yoki shaxsiy shaʼn egasi boʼlmagan, lekin oilaviy mavqeiga koʼra bundan manfaatdor boʼlgan shaxs ham FKning 20-moddasi 2-qismiga asosan oʼzganing ismidan gʼayriqonuniy foydalanayotgan shaxsdan bu harakatlarga chek qoʼyishni va raddiya berish haqidagi talablarni qoʼyishi mumkin. Bu shaxs boshqa shaxsning oʼlimidan keyin ham uning ismini va shaʼnini himoya qilishga qaratilgan talablarning bajarilishiga harakat qilishi mumkin. Ismni va shaʼnini buzish tufayli keltirilgan zararni qoplash talabi oʼlimdan keyin tan olinmaydi.
Yüklə 76,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin