3. Parazitlarni xo‘jayinlari bilan bog‘lanish shakllari. Ba’zi erkin yashovchi organizmlar turli tasodiflarga ko‘ra boshqa organizmlarga tushib qolib, yashab ketish hodisasiga fakultativ parazitizm deyiladi. Fakultativ parazitizm parazitlarni kelib chiqishini o‘rganishda muhimdir. K.I.Skryabin tajribalarida shaxtyorlarni kaproanaliz qilish natijasida, ulardan erkin yashovchi nematodalar (Rhabditis) ni topgan. Nematodalarning rhabditis avlodida ana shu xususiyatlar mavjud.
Natijada, shu xususiyati ularni erkin formalarini (Rhabditis) odam parazitiga aylanish imkonini beradi. Demak, parazitlar fakultativ yo‘l bilan ham paydo bo‘ladi.
Kamdan-kam hollarda soxta parazitizm ham uchrab turadi. Bunda ayrim organizmlar evolyutsion taraqqiyot davrida moslashmagan ikkinchi organizm tanasiga tasodifan tushib qoladi.
Lekin bu organizm tanasida yashay olmaydi (masalan, yomg‘ir chuvalchangi umurtqali hayvonlarning ichagidan chiqishi mumkin), turli pashsha, chivinlarning lichinka yoki tuxumlari oziqa orqali odam organizmiga tushib qolsa, turli kasallik belgilarini keltirib chiqaradi (ich ketishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish va hokazo).
Chuchuk suvda yashaydigan zuluklar mayda suv hayvonlari uchun yirtqich, lekin sutemizuvchilar uchun parazit hisoblanadi.
Parazitlar xo‘jayin organizmida yashash muddatlariga qarab
vaqtinchalik
statsionar (doimiy) parazitlarga bo‘linadi.
Vaqtinchalik parazitizmda parazit xo‘jayin organizmida vaqtinchalik yashaydi, normal oziqlanadi, lekin rivojlanib ko‘paymaydi. Bunda parazit va xo‘jayin o‘rtasida garmonik bog‘lanishlar bo‘lmaydi. Parazit faqat oziqlanish vaqtida xo‘jayinga tashlanadi.
Statsionar parazitizm ikkiga bo‘lib o‘rganiladi.
davriy
doimiy.
Davriy parazitizmda-organizmlarning rivojlanish sikllarida parazitizm gallanadi. Ayrim organizmlar lichinkalik davrida parazit (larval parazitizm, masalan: mermitidalar). Ayrimlari esa voyaga yetgan davrida parazitlik qiladi.
Masalan: nematodalardan-Strongilidalar.
Doimiy parazitizmda parazit tashqi muhitga chiqmaydi. Rivojlanishning hamma bosqichlarini xo‘jayin tanasida o‘tkazadi. (bitlar, junxo‘rlar, parxo‘rlar, qichima kanalari va boshqalar). Shuningdek, obligat hamda fakultativ xo‘jayinlar ham uchraydi. Rivojlanishi uchun qulay sharoit bo‘lgan organizm parazitning obligat yoki haqiqiy xo‘jayini hisoblanadi.
Jigar qurtining haqiqiy xo‘jayini qo‘y, aksincha parazitning rivojlanishi uchun qulay sharoit yetarli bo‘lmagan organizm fakultativ xo‘jayin deyiladi. (o‘rdaklarda drepanidoteniylar).
Ayrim hollarda giperparazitizm (o‘ta parazitlik) uchraydi. Bunda bir parazit ikkinchi parazitning tanasida yashaydi.
Masalan, ayrim bir hujayrali hayvonlar apikomplekslar (sporalilar) dan nozemalar toksakara degan nematodaning jinsiy organlarida yoki tasmasimon chuvalchanglardan-moniyeziylarning tanasida parazitlik qiladi. Parazitning jinsiy voyaga yetgan davri yashab, uning jinsiy yo‘l bilan ko‘payadigan davri kechadigan hayvon organizmi asosiy xo‘jayin hisoblanadi. Masalan, exinokokkning asosiy xo‘jayinlari-itlar, bo‘rilar, tulkilar, mushuklar va boshqa go‘shtxo‘rlar, ya’ni yirtqich hayvonlardir, qoramol va cho‘chqa tasmasimon chuvalchanglarining asosiy xo‘jayini odam, toksoplazmaning asosiy xo‘jayini mushuklar hisoblanadi. Oraliq xo‘jayinlarda parazitlarning tuxum va lichinkalik davrlari rivojlanadi. Parazitlar oraliq xo‘jayinlarida partenogenetik (jinssiz) yo‘l bilan ko‘payishi ham mumkin. Masalan, Jigar qurtining lichinkalari. Qo‘shimcha xo‘jayinlar, aslida parazitlarning ikkinchi oraliq xo‘jayinlari ham deyiladi. Ularda parazit lichinkalarining ma’lum bir rivojlanish davrlari o‘tadi.
Masalan, keng tasmasimon chuvalchangda birinchi oraliq xo‘jayinlari sikloplar, ikkinchi oraliq xo‘jayinlari esa baliqlar hisoblanadi.
Rezervuar xo‘jayin deb esa boshqa hayvonlarga yuqtirish mumkin bo‘lgan kasal qo‘zg‘atuvchilarini o‘zida tutgan hayvonlarga aytiladi.
Rezervuar xo‘jayinlar parazitning rivojlanishida doimo ishtirok etishi shart emas. Lekin rezervuar xo‘jayinlar parazitning ma’lum bir rivojlanish davrlarning tarqalishini tezlashtiradi.
Masalan, serbar tasmasimon chuvalchang ning rivojlanish davrida (asosiy, oxirgi) xo‘jayinlar-odam, mushuk, it, bo‘ri, tulki, ayiq va boshqa yirtqichlar, birinchi oraliq xo‘jayini mayda qisqichbaqasimonlardan-sikloplar, ikkinchi oraliq xo‘jayinlari, ya’ni qo‘shimcha xo‘jayinlari yuvosh baliqlar, rezervuar xo‘jayinlari esa yirtqich baliqlar (rezervuar xo‘jayinlari ishtirok etishi ham etmasligi ham mumkin) hisoblanadi.
Evolyutsion taraqqiyot jarayonida parazitlar har xil xo‘jayinlarda yashashga moslashgan. Shunga ko‘ra ular keltirib chiqaradigan kasalliklar nomlari ham turlicha bo‘ladi.