7. Parazitlarning hayvonot dunyosidagi sistematik holati. Bir hujayrali parazitlarning umumiy tavsifi va sistematikasi. Hozirgi vaqtda yer yuzida 1,5 mln. dan ortiq tur hayvonlar mavjud bo‘lsa, shularning 6 % ini parazitlar tashkil qiladi.
bir hujayrali hayvonlarning 6000 ta turi,
so‘rg‘ichlilar sinfining 5000 ta turi,
monogeneylar sinfining 2500 ta turi, tasmasimon chuvalchanglar sinfining 3000 turi,
bo‘g‘imoyoqlilar tipiga kiruvchi hayvonlarning bir qancha o‘n minglab turlari parazitlar hisoblanadi.
Shuningdek, hayvonot dunyosi sistematikasida parazitlar halqali chuvalchanglar, mollyuskalar va hatto umurtqali hayvonlardan-to‘garak og‘izlilar sinfi vakillari orasida ham uchraydi. Bir hujayrali hayvonlar orasida parazitizm keng tarqalgan. Bir hujayrali parazitlar xo‘jayinlarini turli organlarida (ichak, tana bo‘shlig‘i, qoni, jinsiy sistemasi va boshqa organlarida) tekinxo‘rlik qiladi va ularni zararlaydi. Ko‘pchiligi hujayra ichi parazitlari hisoblanadi. Bir hujayrali hayvonlar (Protozoa) kichik olamiga 40 mingtadan 70 mingtagacha tur kiradi. Ko‘pchilik turlari dengiz va okeanlarda, chuchuk suvlarda yashaydi. Ayrim turlari tuproqda hayot kechiradi.
Ularning orasida o‘simliklar, hayvonlar hamda odam organizmida parazitlik qilib yashaydigan turlari ham anchagina.
Bir hujayrali hayvonlar kenja olami 7 ta tipga bo‘linadi: 1. Sarkomastigoforalar (Sarcomastigophora) tipi.
2. Labirintulalar (Labrinthomorpha) tipi.
3. Apikomplekslar (Apicomplexa) tipi.
4. Mikrosporidiyalar (Microsporidia) tipi.
5. Astsetosporalilar (Ascetospora) tipi.
6. Miksosporidiyalar (Myxozoa yoki Cnidosporidia) tipi.
7. Infuzoriyalar yoki kipriklilar (Ciliophora) tipi.
Bulardan apikomplekslar, mikrosporidiyalar va miksosporidiyalar tiplariga kiruvchi barcha turlari parazitlik qilib hayot kechiradi. Sarkomastigoforalar va infuzoriyalar tiplariga kiruvchi bir hujayrali hayvonlar, asosan, erkin holda hayot kechiradi. Lekin ularning orasida ham mahsuldor hayvonlar va odamlarda parazitlik qilib, og‘ir kasalliklar, hatto, o‘limga olib keladigan turlari bor.