10. Ommabop mikroprotsessorlar bilan tanishish.
1971 yilning noyabr oyida Intel korporatsiyasi o‘zining uch nafar muhandisi tomonidan ishlab chiqilgan va tijorat maqsadlarida tarqatish uchun mo‘ljallangan dunyoda eng birinchi 4004 rusumli mikroprotsessor yaratganini e’lon qildi. Bugungi standartlarga ko‘ra juda sodda sanaladigan ushbu mikroprotsessor tarkibida atigi 2300 ta tranzistor bo‘lib, soniyada bor-yo‘g‘i 60 000 ta hisoblash operatsiyalarini bajargan xolos.
Bugungi mikroprotsessorlar ommaviy ishlab chiqarilayotgan juda murakkab mahsulot bo‘lib, o‘z ichiga 5,5 milliondan ortiq tranzistorni mujassam etadi, soniyada yuzlab million operatsiyalar bajaradi. Bu borada olib borilayotgan tadqiqotlar esa tobora jadal kechmoqda. Intel firmasining asosiy yutuqlaridan biri Pentium rusumli protsessor yaratilishi bo‘ldi. Bu ish 1989 yil iyun oyida boshlandi. Pentium ni ishlab chiqish va sinab ko‘rish ishlarida shaxsiy kompyuterlarni ishlab chiqadigan va dasturiy ta’minot tuzadigan asosiy mutaxassislar faol ishtirok etishdi. Bu esa, o‘z navbatida, loyihaning umumiy muvaffaqiyatiga sezilarli omil bo‘ldi.
1991 yil intihosida protsessor maketi tayyor bo‘lib, unda muhandislar dasturiy ta’minotni ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldilar. Loyiha ishlari asosan 1992 yilning fevral oyida nihoyasiga yetkazilib, protsessorlarning tajriba uchun yaratilgan partiyasi keng qamrovli sinovdan o‘tkazila boshlandi. Pentium sanoatini o‘zlashtirish yuzasidan qaror 1992 yilning aprel oyida qabul qilinib, 1993 yil 22 mart kuni Pentium protsessorining keng qamrovli taqdimoti o‘tkazildi.
Dostları ilə paylaş: |