Hamma ezguliklar bilim nafi tufaylidur,
Bilim tufayli, goʻyo koʻkka yoʻl topiladi.
Ushbu fikrlarni ifoda etganda alloma naqadar haq edi, oradan toʻqqiz-oʻn asr vaqt oʻtgach, inson nafaqat osmonga ucha oldi, balki koinotni ham zabt etishga muvaffaq boʻldi.
Bahovuddin Naqshbandiy tariqatida avliyolik kuch-quvvatini ezgulikka, ilm-ma’rifatni rivojlantirishga yoʻnaltirish etakchi oʻrin tutadi. Binobarin, ilm-ma’rifat zulm va bid’atdan forigʻ boʻlish yoʻlidir. Alloma tomonidan ilgari surilgan “Xilvat dar anjuman”, “Safar dar vatan” gʻoyalari mavjud bilimlarni suhbat hamda amaliyot yordamida oʻzlashtirish maqsadga muvofiqligiga ishoradir. Bahs-munozaralarda, doimiy izlanishlarda hosil boʻlgan ilm puxta va mustahkam boʻladi.
Alisher Navoiy bilimlarni izchil, uzluksiz oʻzlashtirish zarurligini uqtiradi. Shuningdek, ilm oʻrganish mashaqqatli yumush boʻlib, uni oʻrganishda ayrim qiyinchiliklarni yengib oʻtishga toʻgʻri kelishi, bu yoʻlda chidamli, qanoatli, bardoshli boʻlish orqaligina mukammal bilimga ega boʻlish mumkinligini ta’kidlaydi.
Abdulla Avloniy ilmni afzalligini quyidagicha bayon etadi: “Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidir. Ilm inson uchun gʻoyat muqaddas bir fazilatdur, zeroki, ilm bizga oʻz ahvolimizni, harakatimizni oyna kabi koʻrsatur, zehnimizni, fikrimizni qilich kabi oʻtkir qilur, ilmsiz odam mevasiz daraxt kabidur”. Alloma bilim insonni jaholatdan qutqarishning samarali vositasi ekanligiga ham urgʻu beradi: “Ilm bizni jaholat qorongʻusidan qutqarur, madaniyat, ma’rifat dunyosiga chiqarur, yomon fe’llardan, buzuq ishlardan qaytarur, yaxshi xulq, odob sohibi qilur. Bugun hayotimiz, salomatligimiz, saodatimiz, sarvatimiz, maishatimiz, himmatimiz, gʻayratimiz, dunyo va oxiratimiz ilmga bogʻliqdur”.
Oʻquvchi dunyoqarashini shakllantirishning bir necha maqbul shakl, metod va vositalari boʻlib, ular sirasida ma’naviy-axloqiy, ijtimoiy-gʻoyaviy, iqtisodiy, huquqiy, estetik va ekologik mavzularda tashkil etiluvchi suhbatlar, bahs-munozaralar, ma’ruzalar, muammoli vaziyatlarni yaratish asosida oʻquvchilarni fikrlashga undovchi amaliy treninglar, debatlar, mustaqil ishlar, shuningdek, ishchanlik oʻyinlari samarali sanaladi.
Ta’lim-tarbiya jarayonida fanlararo aloqadorlik, ijtimoiy va tabiiy omillarning oʻzaro muvofiq kelishiga erishish omillari, atrof-muhit hamda ijtimoiy munosabatlar ta’sirida shaxs kamolotini ta’minlashga erishish imkoniyatidan unumli foydalanishga intilish maqsadga muvofiq.
Dostları ilə paylaş: |